Nega bizda “Nemo” yoki “Simba” yo‘q?
Bola tarbiyasida multfilmlar o‘rni qanchalik muhim deb o‘ylaysiz? Dunyodagi barcha narsalarni anglashga urinayotgan, anglamagan, bilmagan narsalarini tezroq o‘rganishni xohlovchi bolalarga ko‘pincha sevib tomosha qiladigan multfilmlari ta’sir o‘tkazadi va yordamchi bo‘ladi. Aksar hollarda bolalarga “Qaysi multfilmni sevib ko‘rgansiz? Undagi bosh qahramonning ismini ayting” desak, “Simba”, “Nemo” yoki “Yuli” (“Uch bahodir” multfilmidagi otning ismi. Multfilm rejissyor Konstantin Bronzit tomonidan sahnalashtirilgan. Bu Alyosha Popovich haqidagi dostonning Rossiyadagi birinchi filmga moslashuvidir) deyishi tabiiy. O‘zbek multfilmlaridan faqat “Zumrad va Qimmat”ni eslaydi, xolos. Nega? Bizda Nemo yoki Simba yo‘qmi? Sabab nimada?
O‘zbek animatsiya san’ati tarixiga nazar solsak, 1965-yili “O‘zbekfilm” studiyasida rejissyor Damir Salimov “6x6 kvadratda” degan multfilmni suratga olgan. Uning qahramonlari kim? Bu multfilmni kimlar ko‘rgan? “Nemoni izlab” (inglizcha: Finding Nemo) − 2003-yili Amerikaning Walt Disney Pictures kinostudiyasi tomonidan ishlangan kompyuter-animatsion sarguzasht film. Film voqealariga koʻra, masxaraboz baliq Marlin va koʻk rangli baliq Dori Nemoni topish ilinjida Sidneyga boradi. Film g‘oyasi – jasorat, ota mehri haqida bo‘lib, bolasiga bo‘lgan muhabbatdan kuch olib odimlagan ota bolalarga insoniylikni uqtiradi. Tarbiya usuliga qoyil qolish kerak, bizda-chi? Bizda sarguzashtga boy shunday murakkab multfilm bormi? Siz esladingizmi?
“Qirol sher” (inglizcha: The Lion King) – 1994-yili Walt Disney Feature Animation studiyasi tomonidan ishlangan va Walt Disney Pictures tomonidan tarqatilgan musiqali animatsion film. Bundagi voqealarga e’tibor bersangiz, Simba otasi o‘limida o‘zini ayblab qavm-qarindoshlarini, tug‘ilgan makonini, saltanatini tark etadi. Vijdon azobida yashaydi, haqiqatni bilgach ham amakisini o‘ldirmaydi, chin mardlik bor unda! Amakisi Skar shoqollar bilan do‘stlashib, oxiri ular tomonidan jazolanadi. Bolalarga mardlikni o‘rgatuvchi bunday multfilmlarimiz bormi? Nega bizning multfilmlarimiz ommalashmaydi? Butun dunyo bolalari tarbiyasiga ta’sir o‘tkazadigan film yaratish maqsadi, harakati bormi?
“Sohibjamol va maxluq” multfilmida maxluq, ya’ni sehrlangan shahzodaning kutubxonasiga nazar solsangiz, maxluq bu kitoblarni o‘qigani va ularni asrab qo‘ygani sahibjamol fikrini butunlay yaxshi tomonga o‘zgartirib yuboradi, bolalarga qalb go‘zalligi muhimligini o‘rgatadi, tomoshabinga maxluq Gaston yaxshiligini ochib beradi. Gaston kuchli, kelishgan yigit, lekin tarbiyasiz, maxluq esa qo‘pol ko‘rinsa-da, qalbi go‘zal, kitobxon. Kitobxonlikka targ‘ib qiluvchi bu multfilmning bolalar tarbiyasida o‘rni katta. Chunki hech qanday ta’kidlarsiz kitobxonlikka da’vat qiladi.
Bizga birinchi galda zamonaviy, lekin milliylikni yo‘qotmagan, kitobxon qahramon kerak. Multfilm aslida ota-onalarga yordamchi bo‘lishi lozim. U so‘zlar bilan tushuntirish qiyin bo‘lgan tushunchalarni tasvirlar va misollar bilan, qiziqarli voqealar orqali ko‘rsata olishi zarur. Shuning uchun saviyali multfilmlarni saralab, so‘ngra bolalarga ko‘rsatish tavsiya etiladi. Biz ham o‘zimizning milliy multqahramonimizni yaratib, dunyoni zabt eta oladigan multfilmlar yaratish ustida bosh qotirishimiz lozim.
Roza QURBONOVA,
ToshDO‘TAU talabasi
Shu kecha va kunduzda
KARIM BAHRIYEV: MATBUOTNING ULUG‘ XIZMATI ROSTINI YOZISHIDIR ASSALOMU ALAYKUM, MAHORAT BILAN BIRGA JASORATNI O‘RGANAYOTGAN JURNALIST DO‘STIM!
“Xalqaro bolalar kitobi kuni”
O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasi ishlab chiqildi
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank