Oliy ta’lim vazirligi: “Superkontrakt” to‘liq bekor qilindi degan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”

Jarayon Oliy ta’lim vazirligi: “Superkontrakt” to‘liq bekor qilindi degan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”
71


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “O‘zbekistonda superkontrakt to‘liq bekor qilindi” mazmunidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.


Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori bilan 2017-yil 20-iyunda qabul qilingan 393-sonli qaror o‘z kuchini yo‘qotgan.


393-sonli qarorga asosan, kirish imtihonlarida 56,7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlarga birinchi o‘quv yiliga amaldagi oshirilgan to‘lov-kontraktning ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori miqdoridan 2 barobariga teng to‘lovni amalga oshirish sharti bilan o‘qishga kirish imkoni berilar edi. Hozirgi kunda aynan shu tartib bekor qilingan.


Endilikda to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:


– 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;


– 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;


– 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;


– 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari miqdorida.



Ta’kidlanishicha, qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy to‘lov-kontraktning 3,0 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish