OTA-ONA MAKTAB BILAN HAMKOR BOʻLSA...

Oʻqituvchi minbari OTA-ONA MAKTAB BILAN HAMKOR BOʻLSA...
45



Bolaning har tomonlama rivojlanishida ota-ona va maktab oʻrtasidagi yaqin hamkorlik juda ham zarur. 

Mutafakkir bobomiz Abu Nasr Forobiy “Inson kamolotga ta'lim va tarbiya orqali yetadi. Bu esa faqat oila va maktabning birgalikdagi harakati tufayli amalga oshadi”  deya takidlab oʻtgan. Jan-Jak Russo esa “Bola dunyoga kelgach uni ota-ona, tabiat va jamiyat tarbiyalaydi” deydi. Mamlakatimizning  birinchi rahbari Islom Karimov oʻzining “Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch” asarida “Farzand tarbiyasi avvalo oiladan boshlanadi. Maktab esa bu jarayonni davom ettiradi” deya masala qanchalik dolzar ekanligiga urgʻu berib oʻtgan. 


Darhaqiqat, oila bola uchun eng birinchi va muhim tarbiya oʻchogʻidir. U ilk soʻzlarini uyda oʻrganadi,  ilk odobni ota-onasidan oladi. Shuning uchun ham ota-ona farzandining tarbiyasida birinchi ustozi sanaladi. Ota-ona oʻz farzandiga nisbatan mas'uliyatli boʻlmogʻi, uning oʻqishiga, axloqiga, atrofidagi doʻstlarining kim ekanligi va vaqtini qanday oʻtkazishiga e'tibor bermogʻi lozim. 


Maktab  ilm dargohi. Bu maskan bolaga nafaqat bilim beradi, balki uni jamiyat a'zosi sifatida shakllantiradi. Ustozlar bolaga oʻqishni, yozishni, mantiqiy fikrlashni, jamoada ishlashni oʻrgatadi. Maktabda bilim oladi, kasbga yoʻnaltiriladi, iste'dodi yuzaga chiqadi. Ammo maktabda oʻqituvchi qanchalik harakat qilmasin, agar ota-ona uyda befarq boʻlsa, bolaning rivojlanishi sekinlashadi. Shu sababli ham oʻqituvchi va ota-ona birgalikda harakat qilishi zarur.


Milloddan avvalgi 551 – 479-yillarda yashab oʻtgan buyuk faylasuf Konfutsiy “Oilangizni tarbiyalang  jamiyat oʻzi tarbiyalanadi” deganda ham oiladagi tarbiyani jamiyat taraqqiyotining asosi deb bilgan. Uningcha, maktab tarbiyasi oiladagi qadriyatlar bilan uygʻun boʻlmogʻi darkor. 

Maktab bilan ota-ona hamkorligi quyidagi koʻrinishlarda boʻlishi mumkin:

  •           Birinchidan: ota-onalar yigʻilishlarida oʻqituvchilar ota-onalarga farzandining ta'lim olishidagi yutuq va kamchiliklari haqida ma'lumot beradilar. Ular bilan muammolarni bartaraf etish yoʻllarini muhokama qiladilar, fikr almashadilar. 
  •           Ikkinchidan: ota-onasi bola bilan birgalikda dars tayyorlash. Bunda farzandining qiynalayotgan jihatlarini biladilar. Koʻproq vaqt ajratish kerakligini anglab yetadilar. Bolalarda esa mas'uliyat tuygʻusi rivojlanadi. 
  •       Uchinchidan: ochiq darslarda ota-onalarning ishtiroki. Eng samarali usullardan biridir. Chunki darsda farzandining qanday qatnashayotganini, sinf jamoasidagi faoliyatini kuzatadi. Bundan tashqari turli sport musobaqalari, kitobxonlik kechalari, tozalik aksiyalari singari tadbirlar ota-onalar bilan maktabni yanada yaqinlashtiradi. 


Bugungi kunda ota-onalar farzandining faoliyatini texnologiyalar yordamida ham kuzatib borishi mumkin. Elektron kundalik, telefon aloqasi orqali farzandining faoliyati haqida axborotga ega boʻla oladi. Ammo oʻqituvchi bilan yuzma-yuz suhbat samaraliroqdir. Natijada avvalo bola oʻzini e'tiborda ekanligini his qiladi va oʻqishga qiziqishi ortadi. Tarbiya izchilligi yoʻlga qoʻyiladi, muammolar tezda aniqlanadi, bartaraf etiladi. Bu ijtimoiy sogʻlom muhitni shakllantiradi. Bundan tashqari ota-onalar uchun seminar-treninglar oʻtkazish ham maqsadlidir. Psixolog va pedagoglar ishtirokida “Farzand tarbiyasida ota-onaning oʻrni”, “Yoshlar va internet xavfsizligi” kabi mavzularda mashgʻulotlar oʻtkazish yaxshi samara beradi. 


Afsuski, ba'zida ayrim ota-onalar farzandining maktabdagi hayotiga befarq qaraydilar. Ayrim hollarda esa ota-onalar va oʻqituvchi oʻrtasida tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Shuningdek, zamonaviy hayotning shiddati tufayli  ota-onaning bandligi, chet elga tirikchilik sabab ketishi, uyda boʻlganlarining ham telefon va internetga haddan ziyod berilib ketishi hamkorlikni susaytiradi.


Maktab va ota-onaning hamkorligi koʻplab mamlakatlarda davlat siyosatining muhim qismiga aylangan. Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarda ota-ona va maktab birligi haqida maxsus qonunlar,  qarorlar, dasturlar mavjud. 

Oʻzbekiston Respublikasining “Ta'lim toʻgʻrisidagi” qonuni va bir qator Davlat dasturlari bu hamkorlikni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab va oila birligiga katta e'tibor qaratib, quyidagicha takidlagan: “Maktab bu  kelajagimiz poydevori. Ota-onalar, mahalla, jamiyat barchasi bolalar tarbiyasiga birdek mas'ulmiz”.  Bu fikr siyosiy darajada ota-ona va maktabning hamjihatligini mustahkamlashga davatdir. 


Xulosa oʻrnida shuni takidlash joizki, ota-onalar maktab hayotida faol ishtirok etmasa, ustozning qilgan mehnatlari toʻliq samara bermaydi. Zero, ta'lim va tarbiyaning mukammalligi maktab va oila oʻrtasidagi uygʻunlikka bogʻliq. 


 Nilufar SAIDOVA,

Beshariq tumanidagi 11- maktabning oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchisi 

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Maktab

Ulashish