“O‘ZBEK-OZAR RISHTALARI ABADIYAT SOHILIDA BOG‘LANMISHDIR...”

Xalqaro hayot “O‘ZBEK-OZAR RISHTALARI  ABADIYAT SOHILIDA BOG‘LANMISHDIR...”
55

Ozarlarda “Mix taqani asraydi, taqa – otni, ot – mardni, mard – Vatanni” degan maqol bor. Zero, hayotimizdagi har bir voqelik va mezonlar zamirida bir-biriga bog‘liq rishtalar va munosabatlar zanjiri mavjud.


Dunyoda shunday odamlar borki, ular hayot deb atalgan moʻjizani shunchaki tirikchilik uchun yoki nimagadir erishish yo‘lida sarflamaydilar. Ular Olloh in’om etgan umrning har bir lahzasini qadrlaydi, uni behuda yelga sovurmaydilar. Hayot mazmunini ezgulikda, mehrda, insoniy fazilatlarda ko‘radilar. Yuragining har bir urishi – ezgu ishlar uchun bir turtki, bir ilhom bo‘lib xizmat qiladi.


Bu insonlar har tongni pok niyatlar bilan kutib oladi. Ko‘zlarini ochgan zahoti qalblarida yana kimningdir qalbiga yorug‘lik olib kirish, yana kimningdir og‘irini yengil qilish istagi uyg‘onadi. Va tun – ular uchun shunchaki yakun emas, balki ertangi ezgulikka yo‘g‘rilgan rejalar boshlanishidir. Ular hayotni chin ma’noda yashab o‘tadilar. 


“Fuzuliy, ishq zavqin zavqi ishqi vor o‘landan so‘r...”. Xizmat safari bilan bir guruh farg‘onalik pedagoglar Ozarboyjonga, xususan Guba tumaniga bordik. Ushbu hududda bizni katta shodiyona bilan kutib olgan insonlar bir tomon-u, Boku pedagogika universiteti Guba filiali direktori Yusuf Aliyevning bizga ko‘rsatgan iltifoti bir tomon bo‘ldi. Bu inson bizni uzoq yillik do‘stiday, yaqin insonlaridek samimiy qarshi oldi. Uning mehmondo‘stligi va o‘zbeklarga bo‘lgan cheksiz hurmati yura­gimizda bir umrlik o‘chmas iz qoldirdi, desak adashmaymiz. Yusuf Aliyev bizni Fuzuliy hazratlarining “Fuzuliy, ishq zav­qin zavqi ishqi vor o‘landan so‘r...” degan misralarini aytib kutib olar ekan, “Men sizlarga  Gubaning jamiki go‘zalliklarini ko‘rsataman” dedi jilmayib. 


Har bir joy, har bir uchrashuvda nutq so‘zlar ekan, uning yurtimizga bo‘lgan ehtiromi va muhabbatini ko‘rib, shirin so‘zlarini tinglab boshimiz ko‘kka yetdi. 


– Otam menga bolaligimdan Ozarboyjonga, ya’ni Vatanga, yurtga yuksak muhabbat tuyg‘ularini singdirgan, – deydi Yusuf Aliyev.  – Shu bois kichik yoshimdan Ozarboyjonga o‘zgacha muhabbat bilan ulg‘ayganman. Men uchun eng muhim tarixiy shaxslar turkiy dunyoning buyuk davlat asoschilari, shaxslari, ulug‘ sar­kardalari bo‘lgan. Ozarboyjonga bo‘lgan muhabbatim bilan birga, turkiylar, turk dunyosi, Turon, Turkiston muhabbati bilan yashadim. O‘qib, o‘rganib va izlanganim sayin Amir Temur buyuk shaxs, tengi yo‘q jahongir ekaniga amin bo‘ldim. U tuzgan davlatga, yaratgan poytaxtiga, qo‘shiniga, qudrati va sohibqironligiga bo‘lgan qizi­qishim ortib bordi.


Bu so‘zlarni tinglar ekanmiz, qardoshimizning Temuriylar saltanati, o‘zbek milliy g‘ururi, turkiy ildizlarga bo‘lgan sadoqatidan hayratlandik. Bu insonning yuragida O‘zbekiston uchun alohida joy borligini ko‘rish, buni shunchaki so‘zlarda emas, samimiy ohanglarda, e’tiroflarda his qilganimiz qalbimizni faxr va g‘ururga to‘ldirdi. Safar davomida Yusuf Aliyev bilan ko‘proq suhbatlashishga, uning tariximiz, yurtimizning bugungi kuni borasidagi mulohazalarini yanada ko‘proq tinglashga harakat qildik.


– Bugun O‘zbekistonning jahonga mashhur allomalari, Turkistonda yashab o‘tgan buyuk shaxslar Buxoro maktabi, Xorazm maktabi vakillari ekanini ko‘ra­miz. Shuningdek, men uchun eng buyuk, sevgan shaharlar ichida eng katta xazina, ruhimning tantanasi, ruhimning nidosi Samarqanddir, – deydi suhbatdoshimiz. – 2022-yil iyun oyida Toshkent shahriga xalqaro konferensiyaga borgan chog‘imizda Samarqandga borishni ixtiyor qildim. Bu oldindan rejalashtirilgan sayohat emas edi, lekin O‘zbekistonga ketayotganimda, albatta, o‘sha muqaddas shaharni ziyo­rat qilishim kerak, deb o‘yladim. Shuning uchun do‘stlarim “Bu yerdan temiryo‘lga, vagonlarga chipta olamiz”, deyishdi. Lekin men bunga qarshi chiqdim va Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘lni avtomashinada bosib o‘taman, dedim. Har lahza mashinadan tushib, bu tabarruk zamindagi har bir tekislik, tog‘, tepalik, tosh, suvga qarab, Amir Temurning qadamlarini, uning qo‘shinlarining salobatini va ahvolini tasavvur, his qilishga, o‘rganishga, kuzatishga, so‘ngra O‘zbekistonni ko‘z o‘ngim, vujudimga singdirib, Ozarboyjonga, o‘z vatanimga qaytishim kerak edi. Nihoyat, Samarqandga yetib keldim. Dast­lab Registon ansambliga bordim. Mirzo  Ulug‘bek yaratgan observatoriyani ziyo­rat qildim. O‘sha onlarda “Qaniydi ushbu observatoriya hozir ham xalqaro ilmiy markaz sifatida izchillik bilan faoliyat ko‘rsatsa” deya orzu qildim. Ishonamanki, bu kabi orzularimiz tez kunlarda ro‘yobga chiqadi. Kunora bu maskanda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy konferensiyalar ana shu jarayon shakllana boshlaganidan darak bermoqda. 


Tarix sahrosida yurgandek bo‘ldim...


Navbatdagi ijodiy uchrashuv o‘tkazila­digan maskanga yo‘l olar ekanmiz, Yusufbeyni yana gapga soldik. Zero, O‘zbekis­tonimiz haqidagi yoqimli taassurotlarni eshitish biz uchun nihoyatda zavqli edi. 

– Yusufbey, siz o‘z ma’ruzangizda tarix sahrosi haqida gapirdingiz...


–  Ha, men bu sahroni bejiz tilga olmadim. Otam rahmatli, agar biz turkiy­lar o‘z tariximizni chuqur o‘rganmas ekanmiz, tarix sahrosida diydirab, to‘g‘ri yo‘lni topa olmay yuraveramiz, derdi. Bugun esa O‘zbekiston Prezidenti turkiy xalqarni birlashtirish yo‘lidagi ezgu ishlari va tashabbuslari bilan bizni hayratga solmoqda. Samarqanddan chiqib kelayotganimizda yuragim entikib mashinani to‘xtatdim. Men birinchi marta o‘zbek cho‘llarini ko‘rayotgan edim. “Bismillahir rohmaniyr rohiym” deya qutlug‘ tuproqqa oyoq qo‘yib, tiz cho‘kdim. Ko‘hna tarix shabbodasini his qilib, qulog‘imni yerga qo‘yganimda Amir Temurning ovozi qulog‘imga eshitilgandek bo‘ldi. Keyin yana mashinaga o‘tirib yo‘limizda davom etdik. Sirdaryodan o‘tayotib, daryoga tushdim. Uning loyqa suvini hovuchimga to‘ldirib, huzurlanib ichdim. Pomir tog‘larining er­i­gan muzliklaridan, Turkiston cho‘llaridan o‘tib kelayotgan bu suv, uning har bir tomchisini tomir-tomirimda his etdim. Bu yurtning to‘kin tuprog‘i, barcha ne’matlari, O‘zbekiston va Turkiston cho‘llarining bir bo‘lagi ko‘nglimga, jonimga, jismimga singsin deb ichdim. Agar men bu go‘zal tog‘lar, vodiylar, cho‘l va tekisliklardan oqib chiqadigan Sirdaryoning suvidan ichmaganimda, Amudaryo bilan Sirdaryo oralig‘ida yashagan turkiy xalqlar madaniyati, ruhini o‘z ruhimda his etmagan bo‘lardim.


Ona Vatanimiz haqidagi bu go‘zal hikoya bizning ruhimizni allalar, shu paytgacha o‘zimiz ham anglab ulgurmagan moʻjiza qalbimizni nurga to‘ldirardi. Darhaqiqat, O‘zbekiston deb atalmish bu muqaddas zamin, nafaqat daholari bilan, ayni paytda o‘zining serhosil tuprog‘i va barakali mevalari, gullari, daraxtlari bilan ham butun dunyoga mashhur. Qardoshimizning mehrli so‘zlari qalbimizga zilol suvdek oqib kirar ekan, Sirdar­yoning osmonrang to‘lqinlari xayolimiz ko‘zgusida mavjlandi.


Ikki el bog‘ida yashnar nihollar...


– Sizga balki erish tuyular... Biroq men... sidqidildan O‘zbekiston diyoriga qadam qo‘yganimda qalbimda shovillab turgan ko‘hna bir dunyoni kashf etdim, – deydi Yusuf Aliyev. – Bu dunyoning eng yorug‘ bog‘chalari, kengliklari, qirlari-yu mangulikka mag‘rur qad kergan cho‘qqilarini ko‘ra boshladim. Hayron bo‘lmang, rosti bobolarim orzu qilgan bu dunyo qal­bimning quvonchi, qalbim dengizi, uning to‘lqinlari, talotumidir. O‘zbekistonni sevish uchun o‘zbek bo‘lish shart emas. Ozarboyjonni sevish uchun ham ozar bo‘lish shart emas. Turk ekanligimiz kifoya qiladi. Ozarboyjonlik turk sifatida O‘zbekistonni Ozarboyjonni sevgandek sevaman. Men uchun O‘zbekiston turkiy­larning poydevori, muhim maskani va markazidir. Bizning tariximiz bir, tilimiz va ildizlarimiz bir, axir. Shu bois ta’lim borasidagi hamkorlik rishtalari ham kutilmagan natijalarni berishi, shubhasizdir!


Yusuf Aliyevning Boku davlat universitetining Guba filiali va Farg‘ona viloyati pedagogik mahorat markazi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanayotgan chog‘i ta’kidlagan bu so‘zlari yig‘ilganlarni ruhlantirib yubordi. Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad shuki, har ikki muassasa pedagoglari va talabalari­ning ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qiziqishini rag‘batlantirishdir. Kelgusida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda professor-o‘qituvchilar, talaba va xodimlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

 

– Ayni kelishuv bizga farg‘onalik professor-o‘qituvchilar va  xodimlarni dars berish yoki tadqiqot ishlarida ishtirok etishga taklif qilish imkonini berayotganidan juda xursandmiz, – deydi universitetning katta o‘qituvchisi Dunya Akbarova. – Shuningdek, hamkor muassasaning bakalavriat, magistratura va doktorantura talabalari uchun o‘qish va (yoki) tadqiqot o‘tash mumkin bo‘ladi.  Talabalarni qabul qilish mezonlari mezbon muassasa ixtiyo­rida bo‘lib, safar va yashash xarajatlari mehmon talabaga yuklatiladi. Ilmiy mavzularda simpozium, konferensiya, qisqa kurs va uchrashuvlar tashkil etiladi. 


Memorandumdan so‘ng qardoshlari­mizning ilmiy faoliyati bilan chuqurroq tanishar ekanmiz, qo‘shma tadqiqot va uzluksiz ta’lim dasturlarini amalga oshirish, innovatsion ta’lim va boshqaruv amaliyotlari bo‘yicha axborot almashish borasida qizg‘in muhokamalar ham olib borildi. Qolaversa, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar o‘tkazish, ilmiy-uslubiy nashrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida ham o‘zaro kelishib oldik.


Ovozimiz yangrasin sayyoralarda...


Ozarboyjonga bo‘lgan safarimiz davomida eng ko‘p munozara va muhokamalar tarjima san’ati mavzusi atrofida kechdi. Ayni paytda tarjimonlar ko‘paygani quvonarli hol, lekin amalga oshirilayotgan ko‘plab o‘girmalar talabga javob bermaydi. Axir bu tarjimalarni kimlar o‘qib tahrir qilmoqda? Adabiy mezonlarga javob

berishiga kimlar kafolat bermoqda?

–  Yaqinda bir yosh tadqiqotchi O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning she’rlarini ozar tiliga o‘giribdi, – deydi Yusufbek Aliyev. – Men bu ulug‘ o‘zbek shoirining asl muxlisi bo‘lganim bois o‘girmalardan qanoatlanmadim. Erkin Vohidov nafaqat barcha turkiy xalqlar ardoqlagan, balki  nomi dunyoga tanilgan o‘zbek shoiridir. Shu bois uning asarlarini, she’rlarini tarjima qilganda nihoyatda hushyorlik, yuksak nafosat va teran bilim bilan yondashmog‘imiz zarur. Kelgusida shoirning dostonlarini tarjima qilish niyatidaman. Tarjima haqida gap ketganida o‘zbekning yana bir ulug‘ shoiri Abdulla Orifning “Bu shundoq asrdir, qoqquncha kiprik, Ovozing yangragay sayyoralarda” degan misralari yodimga tushadi. Turkiy ellar ovozi dunyoda yanada balandroq yangrashini, barcha tillarga ko‘proq tarjima bo‘lishini istayman.

Darhaqiqat, ayni paytda yosh tarjimonlar maktablari va bu sohaning asl jonkuyarlari kuchini, sa’y-harakatini birlash­tirish zarur. Avvalo, shu sohaga oid darslik va qo‘llanmalarni yangilash muhim vazifamizdir. Ijodiy safarimiz xotimasida ushbu jarayon bilan bog‘liq rejalarimiz va  takliflarimizni o‘rtaga tashladik.   

Aeroportda go‘zal Ozarboyjon eli bilan xayrlashar ekanmiz, ozar elidan topgan do‘stlarimiz, qardoshlarimiz bizni mana bu so‘zlar bilan kuzatib qo‘yishdi: “O‘zbek-ozar rishtalari abadiyat sohilida bog‘lanmishdir!”.

Muqaddam EHSONOVA,

Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi, 

filologiya fanlari nomzodi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #E'tirof

Ulashish