QIZILKARVON TAOMLARI

Bilasizmi? QIZILKARVON TAOMLARI
403


Ispaniyalik mashhur elchi va sayyoh Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406-yillar) asarida shunday lavha bor:

“Issiq va sovuqqa, ochlik va tashnalikka jahondagi boshqa ellardan sabotliroq va chidamliroq xalq. Borida go‘shtni haddan ortiq iste’mol qilishadi, yo‘g‘ida suvga qatiq qo‘shib qaynatib ichish bilan kifoyalanadilar. Bu ovqatni ular shu yo‘sinda tayyorlashadi: ulkan doshqozonni suvga to‘ldirishadi, suv obdan qaynagach, pishloqqa o‘xshab ketadigan, qatiqni sizdirib tayyorlangan suzmani tog‘orada ilimiliq suvga chovushtirishadi va doshqozonga ag‘darishadi. Bu suzma shu qadar nordonki, ta’mi sirkaga o‘xshaydi. Shundan keyin xamirni tola-tola qilib kesishib, uni ham doshqozonga tashlashadi. Xamir kesimlari qozonda biroz qaynatilgach, olovni o‘chirishadi. So‘ng bu go‘shtsiz ovqatni tog‘oralarga suzishib, nonsiz maza qilib ichishadi. Bu ularning har kuni sevib, eng ko‘p iste’mol qiladigan ovqatlaridir” (R.G. de Klavixo, “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406 yillar), T., O‘zbekiston, 2010. 136-bet).

Ha, topdingiz. Bu o‘zimizning o‘sha keskanosh!

Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Qizilkarvon qishlog‘ida keskanosh ajdodlarimizdan meros eng sevimli taomlardan biri. Hazmi yengilligi va tayyorlash osonligi, eng muhimi, xushxo‘rligi bois qishloq xonadonlarida hamon eng ko‘p tayyorlanadigan taomlardan biri. Masalan, ramazon oyida iftorlik dasturxoniga issiq ovqatlardan eng avval keskanosh tortiladi. Endi Qizilkarvon qishlog‘i dasturxoniga xos ba’zi taom, non mahsulotlari va boshqa yeguliklar haqida ma’lumot beramiz.


Keskanosh

Masalliqlar: un, suv, qayla uchun go‘sht, piyoz va chakki.

Tayyorlanishi: bir zuvala xamir qoriladi. O‘qlovda tekislanib, yupqa holga kelgach, taram-taram qilib kesiladi. So‘ng qozonga suv to‘ldirilib, kesilgan xamir

solinib qaynatiladi. Qaynayotganda ta’bga ko‘ra tuz va ikki dona piyoz to‘g‘rab solinadi. Xamir pishgach, tog‘oraga suzib olinib, biroz sovutiladi. Keyin bir kosa suyultirilgan chakki solinib, chovushtiriladi. Bir kosa keskanoshga go‘sht va piyoz qovurilib tayyorlangan qayladan bir qoshiq solinib, dasturxonga tortiladi.


Piyova

Masalliqlar: 200 gr go‘sht, 1 dona piyoz, yarim cho‘mich yog‘, 2 dona kartoshka.

Tayyorlanishi: qozonga yog‘ solinib qizdirilgach, go‘sht va piyoz solib qovuriladi. Go‘sht qizargach, to‘g‘ralgan kartoshka va bir qoshiq tomat qo‘shib, qovurishda davom etiladi. Yana biroz qovrilgach, ta’bga ko‘ra tuz va 1 litr suv quyilib, qozon usti yopilib, olovi past qilib qo‘yiladi. Ta’mga enguncha qaynatiladi. Past olovda qancha uzoq qaynasa, piyova shuncha xush­xo‘r bo‘ladi. Agar yuqorida keltirilgan masalliqlarga qo‘shimcha yana nimadir qo‘shilsa, ushbu mazali taom shunga mos nom oladi: guruch piyova, makaron piyova, xamirli piyova, barak piyova, mosh piyova, loviyali piyova, karamli piyova.


Choydishpiyova

Masalliqlar: non, piyoz, saryog‘ yoki dumba yog‘i, qaynagan suv.

Tayyorlanishi: tovoq yoki kosaga non to‘g‘rab solinadi. Ustiga parrak qilib to‘g‘ralgan piyoz, bir choy qoshiq saryog‘ yoki dumba yog‘i quyilgach, ta’bga ko‘ra tuz solinib, ustidan qaynagan suv quyiladi. So‘ng masalliqlar obdan aralashtirilgach taom tayyor bo‘ladi.

Tig‘iz payti tez tayyorlanadigan bu qiziq ovqatning ta’mi ham o‘zgacha bo‘ladi.


Shilpildoq

Masalliqlar: un, suv, tuz, yog‘, go‘sht, piyoz.

Tayyorlanishi: unni elab, tuz solinadi. Iliq suv bilan xamir qoriladi. Xamir yupqa qilib yoyiladi. Kvadrat qilib kesib olingan xamir qaynab turgan suvda yoki ilik sho‘rvasida pishiriladi.

Bir qator pishgan xamir, ustidan bir qator go‘sht bilan yoki go‘shtsiz qovurilgan piyoz, uning ustidan yana xamir taxlanib, dasturxonga tortiladi.


Ko‘pkannon

Masalliqlar: un, suv, tuz, xamirturush.

Tayyorlanishi: xamirturush iliq suvda eritiladi. Yumshoq xamir qoriladi. Xamir 1-1,5 soat dam oldiriladi. Xamir ko‘pchigach dumaloq holatida yoyilib kattartiriladi. Tandirga yopilib, qizarayotgan payti suv sepiladi. Oltinrang bo‘lib qizarib pishadi.


Patir

Masalliqlar: un, suv, tuz, saryog‘, qaymoq.

Tayyorlanishi: un, suv, tuz solib, o‘rtacha qattiqlikda xamir qoriladi. Xamir yoyilib saryog‘, qaymoq suyuq holatda suriladi. Xamir o‘ralib, ozroq tindiriladi. Xamir turgan holatidan dumaloq shaklga kattartiriladi(2 cm qalinlikda bo‘lishi kerak). Nonpar bilan bezak beriladi. Tandirda yopiladi.


Pichak

Masalliqlar: un, suv, tuz, yog‘, piyoz, qovoq yoki o‘t(ismaloq, pidana).

Tayyorlanishi: un, suv, tuzdan xamir qori-

ladi(ba’zan yog‘ ham solinadi). Tayyor xamir zuvalalarga bo‘linadi va dam oldiriladi. Dumaloq shakl berib yoyiladi.

Qovoq(qirg‘ichdan chiqarish ham mumkin) yoki ismaloq, piyozni mayda to‘g‘rab, yog‘ va tuz solib ara­lashtiriladi. Xamir yoyilib, tayyor aralashma solinadi va kvadrat shaklida tugiladi. Tandir yoki pechda pishiriladi. Pishirib olingach, yuzasiga qaymoq yoki sorimoy surilib, laganda 10–15 minut biqtirib qo‘yiladi.


Toshpatir

Masalliqlar: un, suv, tuz.

Tayyorlanishi: oddiy xamir qoriladi. Xamir duma­loq shaklda yasaladi. Nonpar urilib, tandirda yopiladi. Qizarib pishayotganda suv sepiladi.


Qallama

Masalliqlar: un, suv, yog‘, qaymoq.

Tayyorlanishi: qallama deyarli oddiy patirdek tayyorlanadi. Un, suv, tuz solib o‘rtacha qattiqlikda xamir qoriladi. Xamir yoyilib, yog‘, qaymoq suriladi. Xamir o‘raladi. Ozroq tindiriladi. Tingan xamirga qo‘l harakati bilan chimdib bezak beriladi. Yog‘da qizartirib pishirib olgach, issiqligida ustiga shakar sepiladi.


G‘ilmindi

Masalliqlar: un, suv, tuz, sut.

Tayyorlanishi: suv, tuz, un solib xamir qilinadi. Xamir bo‘laklarga bo‘linib, har biri yupqa qilib yoyiladi. Tovada ikki tomoni aylantirib pishirib olinadi.

Atalasi uchun sut qaynatiladi. Biroz iliq bo‘lgach, un va tuz qo‘shiladi(o‘rtacha quyuqlikdagi massa hosil bo‘lishi kerak). Pishirib olingan xamirlar ichiga atala suriladi. Yarim oy shaklida bukiladi(tugiladi). Saryog‘ yoki o‘simlik yog‘ida qizartirib olinadi.


Janchmish(yanchmish)

Masalliqlar: bir dona issiq non, 4 osh qoshiq saryog‘.

Tayyorlanishi: tovoqqa tandirdan endi uzilgan issiq nonni mayda to‘g‘rab ustidan sorimoy(saryog‘) quyiladi. So‘ng g‘ijimlab, changallab qoriladi.

Toshkent  davlat sharqshunoslik universiteti talabasi

Nilufar MAHMARAYIMOVA tayyorladi.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish