STRESS ASRIDA O‘SIB KELAYOTGAN AVLOD: bolalar, axborot va mental bosim

Axborot to‘foni – inson miyasiga yuklama
Bundan biroz oldin Samarqandda ayanchli voqea yuz berib, ijtimoiy tarmoqlarda bu turli gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Maktab o‘quvchisi, voyaga yetmagan qizaloq istirohat bog‘idagi charxpalakning yuqorisidan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan va qiz shu zahotiyoq vafot etgan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, qizaloq ziyoli, o‘qimishli oilaning farzandi, yaxshi oilaviy muhitda, katta orzu-havaslar bilan ulg‘ayayotgan – hech qanday muammosi ham, kasali ham bo‘lmagan...
Buyog‘i tergov, sud, majlislar. Bunday voqealar, ya’ni turli usullarda o‘z joniga qasd qilish holatlari kundan kun ko‘payib borayotgani ijtimoiy tarmoqlar sababli hech kimga sir bo‘lmay qoldi.
Muammoning asl ildizi qayerda?
Asrimizni “Axborot texnologiyalari asri” deb atab olganmiz. Lekin dunyo psixologlarining ta’kidlashicha, STRESSlar davrida yashayotgan ekanmiz. Axborotlar haddan tashqari ko‘p. Uni tinmay qabul qilish va qayta ishlash natijasida bu ma’lumotlar ruhiyatimizga bosim qilishi mumkin. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy ravishda kelayotgan axborot oqimi nafaqat bolalar, yoshlar, balki kattalarda ham tinchlanish, fikrlash, tahlil qilish, saralash imkonini kamaytirdi. Bunga o‘zini moslashtirolmagan kishilarda ichki bezovtalik, uyqusizlik, xavotir paydo bo‘ladi. Bu esa oddiy stressdan tortib, ruhiy va jismoniy kasalliklargacha olib borishi mumkin ekan.
Psixosomatika: bolalar nima uchun kasal bo‘lyapti? Stres davrida eng ko‘p kasallanayotgan bolalar
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda bolalarda psixosomatik kasalliklar, ya’ni ruhiy bosim tufayli paydo bo‘ladigan jismoniy alomatlar ko‘paygan. Bunday holatlarda bolalar injiq bo‘lib qoladi, lekin tibbiy tekshiruvlarda aniq sabab topilmaydi. Bosh og‘rig‘i, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, tez-tez kasal bo‘lish holatlari ko‘plab bolalarda kuzatilmoqda. Bu holatlarning ko‘pi o‘qishdagi bosim, uydagi tortishuvlar, jazo, e’tibor yetishmasligi va ishonchsiz muhit bilan bog‘liq ekan.
Kasalliklar ko‘rinishidagi ko‘p holatlar aslida bola ichki holatining signalidir. Psixoterapevt Yulduz Ahmedova bu haqda shunday deydi:
‒ Bizga ko‘p hollarda bosh og‘rig‘i, qorin og‘rig‘i bilan keladigan bolalarga aniq tashxis yo‘q. Suhbat davomida aniqlanadiki, bola o‘ziga nisbatan yuqori talablar, tanqidlar, e’tibor yetishmasligidan qiynalyapti. Bu holatni “psixosomatik og‘riqlar” deymiz. Bu og‘riqlar bora-bora bolani agressiv, janjalkash yoki aksincha, yopiq, zimdan ish bitiradigan pismiq qilib qo‘yadi. Bolalikdan jamiyat, atrofdagilarga nisbatan norozilik kayfiyati paydo bo‘ladi. Bola hamma narsada yomonlikni ko‘ra boshlaydi. Bu yaxshi holat emas.
Psixolog va psixiatr – ikki xil mutaxassis
– Ko‘pchilik psixolog va psixiatr tushunchalarini aralashib yuboradi. Psixolog – bu insonning hissiy holati, muammolari, munosabatlari bilan ishlaydigan mutaxassis. U kasallikka tashxis qo‘ymaydi, balki suhbat va metodlar orqali insonga yordam beradi. Psixiatr esa tibbiy ta’lim olgan shifokor bo‘lib, ruhiy kasalliklarni aniqlaydi va davolaydi. Bola o‘zi haqida suhbatlashish, tinglanishni istaydi – bunga psixolog yordam berishi mumkin. Lekin jamiyatimizda psixologlarga murojaat qilish madaniyati Yevropadagidek shakllanmagan, – deydi psixolog Gulbahor Mahmudova. ‒ Dunyo miqyosida bu soha juda rivojlangan. Har bir kishining o‘z psixologi bor. Bolalar psixologi, ayollar psixologi, oila psixologi, ularning turlari juda ko‘p. Afsuski, bizda bu ikkisi(psixolog va psixiatr)ni bir mutaxassis deb adashtirishadi. Psixolog sog‘lom odamlarninggina ruhiyati bilan ishlaydi. Bolalar yoki o‘smirlar uchun psixolog – do‘st, suhbatdosh, qo‘llov manbayi bo‘lishi mumkin. Jamiyatda oila ustuni bo‘lgan erkaklar, ayollar psixologik jihatdan sog‘lom bo‘lishi kerak. Bu psixologik sog‘lomlik – jamiyatning eng katta yutug‘i hisoblanadi.
Kecha: “Bizni kaltaklashgan – odam bo‘ldik!
Bugun: “Zo‘ravonlik me’yor emas!”
Katta yoshli insonlar orasida “bizni urishgan, odam bo‘ldik” degan ibora ko‘p gapiriladi. Afsuski, bu fikr bolaga nisbatan qo‘llangan zo‘ravonlikni oqlashga xizmat qilmoqda. O‘tmishda farzand tarbiyasida urish, jazo usullari ishlatilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu doim to‘g‘ri natija bergani yo‘q. Hozirgi bolalar axborotga boy, hassos va tez qabul qiluvchan. Ularni urish emas, tushunish, eshitish va qo‘llab-quvvatlash tarbiyada samara beradi. Chunki zo‘ravonlik bolani itoat qildirishi mumkin, ammo uning ichki dunyosida jarohat qoldirishi aniq.
Siyosatshunos Asliddin Vafoyev bu borada jamiyatdagi ba’zi qarashlar va stereotiplarga e’tibor qaratadi:
– Kattalar bolaga nisbatan qo‘llaydigan qattiqqo‘lligini “tarbiya” deb atashadi. Bu – zo‘ravonlikni oqlashdir. Taqiq, kaltak, tanbeh va undan keladigan stresslar ostida o‘sgan bola tarbiyalangan emas, balki qo‘rquv bilan yashashga moslashgan bo‘ladi. Bu esa kelajakda unda hayotga ishonchsizlik uyg‘otadi. Misol uchun, ko‘pqavatli uyda yashaymiz. Qo‘shnilarimiz, asosan, yosh oilalar, bolalari bog‘cha yoshida. Ba’zan qo‘shnilarnikidan baland ovozda bolalarni urishayotgan gap-so‘zlar eshitilib qoladi. Bolalarga katta odamdek tanbeh berishadi. Ular nimani tushunishardi? Balkim ilgarilari kaltaklash biror natija bergandir, ammo hozir buni zamon ko‘tarmaydi. Kaltaklangan bolaning ruhiyati, shaxsiyati sinadi. Otam ham biror marta bizni kaltaklamagan, kattiq gapirmagan. Ko‘z qarashining o‘zi kifoya edi, biz uchun. Hozir 2 nafar farzand tarbiyalayapmiz, biror marta ularga qo‘l ko‘tarmaganman, rafiqamgayam ruxsat bermayman. “Ursang eti, so‘ksang beti qotadi”, degan gap rost. Bolani kaltaklash mumkin emas!
Stress rak kabi og‘ir kasalliklargacha olib borishi mumkin
Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, uzoq davom etuvchi stress insonning immun tizimini zaiflashtiradi, gormonal muvozanatni buzadi, va shuningdek, rak kabi og‘ir kasalliklarning rivojlanishiga sharoit yaratadi. Bolalikda boshdan kechirilgan ruhiy bosim va jarohatlar yillar o‘tib, katta yoshda turli somatik kasalliklar sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bolalarda stress omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish juda muhim.
To‘yib bo‘lmas axborot oqimi nafaqat kattalar, balki bolalarning ham ruhiyatini izdan chiqaryapti. Bolalar, ayniqsa, maktab yoshidagi farzandlar har bir eshitgan, ko‘rgan axborotini o‘z ongida saqlab qo‘yadi. Ularda filtrlash qobiliyati, qabul qilinayotgan axborotga nisbatan “immunitet” yo‘q ‒ yaxshi-yomon, rost va yolg‘onni ajratolmaydi.
Bola tarbiyasi bugungi kunda nafaqat oila, balki jamiyatning ham umumiy mas’uliyatidir. Psixologik savodxonlikni oshirish, bolalarni tinglash, ularning ehtiyojlarini tushunish va ularga bosimsiz muhit yaratish kelajakda sog‘lom, baquvvat va e’tiborli avlodni shakllantirishga yordam beradi. Zero, har bir bola – yashiringan iqtidor va ehtiyoj. Uni ko‘rish, qo‘llash va qo‘llab-quvvatlash biz kattalarning vazifamiz.
Bolalarni internetdan cheklash kerakmi?
Ayrim qo‘shni davlatlarda bolalarni internetdan himoya qilish bo‘yicha qat’iy qadamlar tashlanmoqda. Masalan, Qozog‘istonda 18 yoshga to‘lmaganlarga TikTok, YouTube va o‘yin platformalaridan foydalanish vaqtini cheklash rejalashtirilgan. Tojikistonda esa bolalarning smartfon va internetdan foydalanishiga belgilangan soatlarda ruxsat berilishi mo‘ljallanmoqda. Bu cheklovlar nimani anglatadi? Bir tomondan, bolalarni virtual tahdidlardan – zo‘ravonlik, yolg‘on axborot, psixologik bosimdan himoya qilish. Ikkinchi tomondan, ularning erkinligi va rivojlanish imkoniyatlari chegaralanishi mumkin. Bizda-chi? Bolalar ijtimoiy tarmoqlardan qanday foydalanyapti? Undan naf ko‘proqmi, zarar? Bu savolga har bir ota-ona, maktab va jamiyat javob bera olishi kerak.
Internet cheklansa, yaxshi bo‘ladimi? Yoki undan foydalanish madaniyatini shakllantirishimiz kerakmi? Savollar juda ko‘p, javoblar esa yetarli emas... Nima dedingiz?
Gulchehra BERDIYOROVA,
AOKA Navoiy viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi,
jurnalist
Shu kecha va kunduzda
STRESS ASRIDA O‘SIB KELAYOTGAN AVLOD: bolalar, axborot va mental bosim
“Prezident sovg‘alari” karvoni
XATARLI GIRDOB
Ilgʻor pedagoglar hamda iqtidorli oʻquvchilarga dam olish maskanlariga bepul yoʻllanma beriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank