Ta’lim sifati o‘qituvchi sifatidan yuqori emas

Dolzarb mavzu Ta’lim sifati o‘qituvchi  sifatidan yuqori emas
37

Keyingi paytlari maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-ona o‘rtasida kelib chiqayotgan mojarolar haqida xabarlar ko‘paymoqda. Lekin bu muammolarning sabablari haqida OAVda pedagogik-psixologik xulosalarga tayanilgan material topish qiyin. Borlarida ham yo o‘qituvchi, yo ota-ona fikrlaridan nariga o‘tilmayotir. Aslida bunday mojarolarning nega yuz berishi haqidagi pedagogik-psixologik xulosalar bundan juda ko‘p yillar oldin mashhur pedagoglar tomonidan aytib o‘tilgan. Biroq ular deyarli unutib yuborildi. Ta’limni boshqarish esa ko‘p hollarda pedagogika va psixologiya fanlari xulosalaridan yiroq, ularni deyarli o‘qimaydigan yoki o‘qisa ham uqmaydigan kishilar qo‘liga topshirib qo‘yilganligi uchun muammo tobora taranglashib ketdi. Bunday holatning vujudga kelishida OTMlarning “hissa”si katta. Holbuki, bu jarayon ularni mutlaqo tashvishlantirmayapti.


Ayting-chi, umumta’lim maktablari uchun pedagog kadrlar tayyorlayotgan hozirgi OTM­lar rahbarlaridan nechtasi jadid bobolari­mizning pedagogik merosi, butun ongli hayotini bir umr maktabga bag‘ishlagan akademik V.Suxomlinskiyning “Tarbiya haqida” va “Bolalarga jonim fido” yoki mashhur o‘zbek pedagogi Rahimjon Usmonovning “Hayot – ustoz, xalq – muallim”, “Saodatnoma” asarlarini o‘qigan?


O‘qiganlarida edi, V.Suxomlinskiyning barcha pedagoglar uchun yozib qoldirgan quyidagi hikmatidan tegishli xulosa chiqargan va kadrlar tayyorlashda shu hikmatni yo‘lchi yulduz qilib olgan bo‘lardi: “Men shunga astoydil ishonamanki, ko‘pincha maktablarda katta-katta janjal bilan tugaydigan, tez-tez sodir bo‘lib turadigan mojarolar – o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan gap­lashishni bilmasliklari oqibatidir”.


Mutlaqo haq gap. Xo‘sh, nega ahvol shunday? Negaki, OTMlarni tamomlagan pedagog kadrlar psixologiya, xususan, bolalar psixo­logiyasi fanidan deyarli bilimga ega emas. Buning sababi pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTMlarda psixologiya va pedagogika fanlari 1 yil (u ham bo‘lsa 1-kursda) o‘qitadi. Bo‘lajak pedagog 4-kursni bitirguncha bu bilimlari ham esdan chiqib ketadi. Tabiiyki, endi savol tug‘iladi, nega pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTMlarda pedagogika va psixologiya fani 4 yil davomida o‘qitilmaydi? Ehtimol, mutasaddilar bu fanlarning ahamiyatini anglab yetmagandir. Ehtimol, ular bugungi umumiy o‘rta ta’lim maktablari haqida yetarli bilimga ega emasdir.


O‘rni kelganda bugungi kunda respublikadagi barcha maktab o‘qituvchilari uchun “Maktabda psixologiya” jurnalini ta’sis etish dolzarb masalaga aylanganligini ta’kid­lamoqchimiz. Umid qilamizki, mutasaddilar bu muam­moni ijobiy hal etadi.


Aynan yurt oydini bo‘lgan mutasaddilar­ning aybi bilan o‘tgan 34 yil davomida jamiyat feminizatsiyalashuvining oldini olish borasida biror-bir jo‘yali ish qilinmadi. Oqibatda ayanchli holat ‒ feminizatsiya, ya’ni o‘g‘il bolalarning ayollashuvi yuz berdi. Bunga yurt oydinlari­ning umumta’lim maktablarida ishlayotgan o‘qituvchilarning umumiy sonida ayol o‘qituv­chilar ulushining keskin oshib ketishi qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hatto xayollariga ham keltirmaganliklari sabab bo‘ldi. Aksincha, ular mazkur ulush 65–70 foizni tashkil etganda ham, bu holatni hukumatning ayollar borasidagi siyosatining yutug‘i sifatida talqin etdi. Oqibatda, bir tomondan ayollar fe’l-atvoriga xos xusu­siyatlarning o‘g‘il bolalarga o‘tishi va ular xarakterida ayollarga xos belgi-xususiyatlar qat’iylashuvi, ikkinchi tomondan esa, o‘g‘il bolalar o‘rtasida ayol o‘qituvchilarni mensimaslik holatlari yuzaga keldi. Bu holat kech bo‘lsa-da, oxir-oqibat tan olindi. O‘z vaqtida shunday hodisa yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirganlarga nisbatan esa “Nima, yurt oydinlarining xotin-qiz­lar borasidagi siyosatiga qarshimisiz?”, degan javob ham berilgandi.

 

Achchiq haqiqat esa shuki, bugun maktab­larda ta’lim-tarbiya ishlari asosan ayollarga qoldi. Ayol baribir ayol, u bolajon, rahmdil. Bugun maktablar erkak o‘qituvchilarga muhtoj. Bu muammo jahonda turlicha hal etilgan va etilmoqda. Masalan, Shvetsiya maktablarida ishlayotgan o‘qituvchilar tarkibida ayollar ulushi 17 foizdan 19 foizga ko‘tarilganida mamlakat Parlamenti bu holatni jamiyatning kelajagi uchun jiddiy tahdid deb bong urgan. Buning yechimi sifatida o‘qituvchilarning ish haqini oshirish hisobiga erkak o‘qituvchilar ulushi pasayishining oldi olingan. Finlandiyada esa o‘qituvchining oylik ish haqi mamlakatda beshinchi o‘ringa ko‘tarib qo‘yilgan. Ishongingiz kelmaydi, lekin bu haqiqat. Finlandiyada o‘qituvchi tayyorlaydigan OTMlarga qabul ham bizdagidan keskin farq qiladi. Eng hayratlanarlisi, bu davlatda pedagogika OTMlariga kira olmagan abituriyentlarga yo huquqshunoslik, yo tibbiyot yo‘nalishidagi OTM talabasi bo‘lish imkoniyati beriladi. 


Fin abituriyentining maktabda olgan baho­lari o‘rtacha hisoblab chiqilgach, saralashning ikkinchi bosqichi boshlanadi. Bu bosqichda  abituriyent o‘qituvchilikka qanchalik qobiliyati borligini namoyish etadi va baholanadi. Maktabda dars bera olish qobiliyati yuqori bo‘lgan talabgorgina OTMga qabul qilinadi. Endi nega bizning ta’lim mutasaddilarimiz bu haqida o‘ylab ko‘rishmaydi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sababi – biz hali beri o‘qituv­chining ish haqini ilg‘or davlatlar darajasida ko‘tara olmaymiz, bunga budjet taqchilligi imkon bermaydi.


Ikkinchidan, Finlandiyada barcha maktablar bir xil maqomga ega. Ularda imtiyozli (Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan yoki xususiy) maktablar yo‘q. Finlar tanlab olinadigan o‘quvchigina muvaffaqiyatga erisha oladi, degan fikrdan yiroq. Ular har bir o‘quvchining yuqori natijaga erisha olishiga qat’iy ishonadi va buni amalda isbotlab ham kelmoqda. Bunday natijaga o‘zlashtirishda orqada qolayotgan o‘quvchilar bilan yakka holda yoki kichik guruhlarda ishlash orqali erishmoqda. Fin maktab o‘qituvchilari barcha o‘quvchilar bilimli bo‘lishini amalda isbotlagani uchun ota-onalar va butun jamiyatning ishonchiga sazovor bo‘lgan.


V.Suxomlinskiy asarlaridan iqtibos kel­tirishni davom ettiramiz: “O‘qituvchining so‘zi ‒ tarbiyalanuvchining qalbiga ta’sir o‘tkazadigan yagona so‘z. Tarbiyachilik san’ati – avvalo, gapirish, inson yuragiga murojaat qila olish san’atidir”. Bu o‘rinda V.Suxomlinskiy o‘qituvchi­ning jonli (aktyorona) so‘zini nazarda tutmoq­da. Ehtimol, ayrimlar bugun AKT vositalari kuchli bo‘lgan davrda jonli so‘zga balo bormi, deyishlari mumkin. Biroq haqiqat shuki, hech bir AKT vositasi o‘qituvchining jonli so‘zi o‘rnini bosa olmaydi. Xo‘sh, o‘qituvchining jonli so‘zi nima? 


Jonli so‘z – bu o‘qituvchining o‘quvchisi qalbida hayajon uyg‘otadigan, to‘lqinlantira oladigan his-hayajonli so‘zidir. Shunday ekan, OTMlar bo‘lajak muallimni bu yo‘na­lishda tayyorlash borasida olib borayotgan ishlari bilan maqtana oladimi? Rektorlarimiz bu savolni o‘zlariga berib ko‘rishlari lozim deb hisoblaymiz.


Pedagogik OTMlarda “Nutq madaniyati” fani o‘qitiladimi, o‘qitilsa, qancha muddat o‘qitilmoqda? O‘qitilmayotgan bo‘lsa, bu fanni ham 4 yil o‘qitishni yo‘lga qo‘yish lozim. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik pala­tasining birinchi majlisida “Milliy tikla­nish” partiyasining muhim bir tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va bu haqida shunday dedi: “Milliy tiklanish” partiyasining maktab­larda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish haqida taklifiga qo‘shilaman”.


Albatta, yaqin kelajakda shunday bo‘lishi ham kerak. Bizningcha, ana shu bo‘lajak tanlovni o‘tkazish mezonlarida albatta tanlanayotgan o‘qituvchining psixologiya va jonli so‘zi(aktyorlik mahorati)ga qo‘yiladigan talablar ham o‘z ifodasini topmog‘i zarur.


Pedagogikaning oltin qoidasiga ko‘ra, ta’lim sifati o‘qituvchining sifatidan yuqori bo‘la olmaydi. Ta’lim sifatini o‘qituvchining mahorati ta’minlaydi. Mahoratli o‘qituvchi, ya’ni o‘z fani va uni o‘qitish metodikasini puxta biladigan, o‘z so‘ziga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni kim tayyorlashi lozim? Albatta, o‘qituvchilar tayyorlovchi OTMlar! Bu o‘rinda hurmatli rektorlarimizga mashhur pedagog olim Rahimjon Usmonovning  quyidagi hikmatlarini eslatishni joiz deb bilaman: “O‘z fanini chuqur bilmay, shogirdlarining oltin onlarini behuda o‘tkazayotgan o‘qituvchi tutab yotgan chiroq­ni eslatadi”,“O‘qituvchining bilimi tumanli bo‘lsa, o‘quvchining bilimi qorong‘ilikdan iborat bo‘ladi”.


Pedagogik mahorat nima?
Pedagogik mahorat – kasbiy ko‘nikmalarning ustomonlik darajasi, o‘qituvchi layoqatining san’at darajasiga ko‘tarilgan bosqichi, kasbning mukammallik darajasidir. Finlandiya maktab o‘qituvchilari bu tushunchani yanada konkretlashtirilgan holda quyi­dagicha tushunishadi:
1) Darsda eng muhimini o‘qitish;
2) Manbalardan foydalana bilish;
3) AKTdan foydalana olish;
4) Musiqa qo‘yib, uni bolalar bilan birga ting­lay olish;
5) Aktyor obraziga kira olish.
Ular bu malakalarni puxta o‘zlashtirib olishni  vijdon ishi deb biladi(Agar biz mana shu 5 talab bo‘yicha o‘qituvchilarimizni sinov­dan o‘tkazsak, 50‒60 foiz o‘qituvchi bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi).


To‘g‘ri, o‘qituvchi o‘z-o‘zidan mahoratli bo‘lib qolmaydi. O‘qituvchining mahoratli bo‘lishida faqat nazariy bilimning o‘zi kamlik qiladi. U ayni paytda o‘z fanini o‘qitish metodikasini ham chuqur egallagan bo‘lishi lozim. Shu sabab umumta’lim maktablarining har bir sinfi o‘quvchilari uchun yaratilayotgan darsliklar bilan bir qatorda “O‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma” kitobi ham chop etiladi. Biroq bu masalada hamon oqsoqlik davom etmoqda. 


Bu o‘rinda yana bir muammo – pedagogik amaliyotni tashkil etish va uni o‘tkazish masalasi bilan bog‘liq muammodir. Boshqa tumanlarni bilmayman-u, lekin Bo‘ka tumanining maktablarida Nizomiy nomidagi TDPU va Chirchiq DPU talablari pedagogik amaliyot o‘taydi. Bu ikki OTM rahbariyati amaliyotga chiqqan talabasining qo‘liga faqat 1 varaq qog‘oz – yo‘llanma tutqazib yuboradi. Varaqning eng pastida familiyasi ko‘rsatilmagan OTM rektorining imzosi qo‘yilgan va OTMning muhri bosilgan bo‘ladi, xolos. 


Varaqda talabaning na familiyasi, na ismi, na fakulteti va na nechanchi kursda o‘qiyotganligi, na pedamaliyotning maqsadi yozilgan. Hatto qaysi tumanning qaysi maktabiga yuborgani ham noma’lum. 


Bunisi ham mayli. Eng achinarlisi, talaba kelgan maktabida o‘tayotgan bir oylik amaliyoti davrida uning orqasidan OTMdan amaliyot uchun mas’ul biror xodim kelmaydi. Axir talabalarning amaliyoti uchun ham OTM rahbariyati qaysidir pedagogni rahbar qilib tayinlaydi va unga haq ham to‘laydi-ku. Qani endi, amaliyot uchun biriktirilgan domla maktablarga kelib(hech bo‘lmaganida bir marta) talabasining u yoki bu sinfda o‘tayotgan darsini kuzatsa, talabasi amaliyot o‘tayotgan maktab, aytaylik boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan o‘qitishdagi yangiliklar, darsda qo‘llanilganda yaxshi samara beradigan texnologiyalar haqida suhbat o‘tkazsa, fikr almashilsa, maktabning birorta o‘qituvchisi darsida bo‘lib, uni tahlil qilib bersa… 


Shu o‘rinda ta’lim mutasaddilariga: “Maktab o‘qituvchilari bugungi holatidan mamnunmi?” degan savolni bermoqchi edim. Savolga qanday javob berilishi ularning vijdoniga havola. Ammo qishloq maktablarida bugungi real ahvol quyidagicha:


Agar shu vaqtgacha o‘qituvchi davlatning qo‘liga qaram bo‘lib kelgan bo‘lsa, bugun bu qaramlik subyekti qatoriga fermer xo‘jaliklari­ga qaramlik ham qo‘shildi. Bu hodisa qanday yuz berdi? Ma’lumki, o‘qituvchi ham el qatori to‘y qiladi, uy-joy quradi. Oylik maoshi esa o‘qituvchilarimizga fin o‘qituv­chilari kabi kun bo‘yi maktabda bo‘lish imkonini bermaydi. Shuning uchun o‘qituvchi 3-4 bosh chorva moli  boqishga majbur. Biroq ularni arqonlab qo‘yadi­gan yaylov yo‘q. Chunki ijroiya hokimiyat budjetni to‘ldirish maqsadida shu vaqtgacha qishloq jamoalarining chorva moli boqilib kelingan yaylovlarni ham kimoshdi savdosiga qo‘ydirib yubordi. Oqibatda o‘qituvchi ham oilasining kuniga yarab turgan chorva mollarini saqlab qolish uchun fermer xo‘jaligi rahbaridan yaylov so‘rashga majbur bo‘ldi. Fermer esa o‘qituvchi oldiga ham 1-2 ga g‘o‘zani chopiq qilish, yagana qilish, o‘t-o‘landan tozalash shart­larini qo‘ydi. O‘qituvchi noiloj shartga ko‘ndi. Agar o‘qituvchining ish haqi normal bo‘lganida u fermerga yalinib yurmas edi.


O‘qituvchi moddiy jihatdan yetarli darajada ta’minlanmas ekan, hech qachon pedagogika va psixologiyaga oid adabiyotlar, ilg‘or tajriba­lar, o‘z fani bo‘yicha qo‘shimcha ada­biyotlarni o‘rganmaydi. Oqibatda, aksariyat o‘qituvchilar, Rahimjon Usmonov aytganidek, nursiz tutab yotgan chiroqligicha qolaveradi. Shu­ning uchun ham ota-ona va jamiyat hurmatiga sazovor bo‘lmaydi. Bugungi hayot esa nursiz tutab yotgan chiroqni eslatadigan o‘qituvchiga emas, o‘z fanini chuqur egallagan o‘qituvchiga muhtoj. Bu muhtojlik barham topishi uchun esa yurt oydinlarimiz umumta’lim maktablariga ham e’tibor qaratishi lozim. 

Usmon JO‘RAYEV, 

Bo‘ka tumanidagi

8-maktab o‘qituvchisi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan

xalq ta’limi xodimi,

“Sog‘lom avlod uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi

Maqola muallifi

Usmon JO‘RAYEV

Usmon JO‘RAYEV

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi

Teglar

  • #Yoshlar

Ulashish