Xurshid Do‘stmuhammad: “Dunyoda hali bunday kitob chiqqani yo‘q!”

Jarayon Xurshid Do‘stmuhammad: “Dunyoda hali bunday kitob chiqqani yo‘q!”
71



Bugun jurnalist talabalar uchun mahorat manbayi bo‘lib xizmat qiladigan yana bir kitob ishlari nihoyasiga yetib, taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan nashr etilgan ushbu kitobda publitsistika, ocherk, badia(esse), jurnalistik surishtiruv, felyeton, pamflet, suhbat, lavha, fotojurnalistikaning eng sara namunalari o‘rin olgan. Kitob “Oltin qalamli jurnalistlar” deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi (v.b) Xolmurod Salimov jarayon haqida shunday deydi: “Bu hali boshlanishi, kitobning keyingi sonlarini ham rejalashtirganmiz. Shu yilning may oyidan jarayonni boshlaymiz.


Kitobdan Qoraqalpog‘iston respublikasi hamda viloyatlarimizda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning materiallari o‘rin olgan. O‘quvchi talaba kitobni o‘qirkan, diqqatli bo‘lishi, jurnalistik janrlarning o‘ziga xosliklarini teran nigoh bilan o‘rganishi lozim”.  Ustoz Xurshid Do‘stmuhammad esa, bir jumla bilan ushbu kitob qiymatini ochib berdi: “Dunyoda hali bunday kitob chiqqani yo‘q!”.




Kitobxon “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobini mutolaa qilarkan, jurnalist, yoshlar murabbiysi (v.b) Abdusaid Ko‘chimovning “Sobir O‘narni eslasam...” badiasini o‘qib beixtiyor yig‘laydi: “Davralarda qirday bo‘lib o‘tirgan odamning to‘satdan tuman qoplagan chinor kabi ko‘rinmay qolganiga ishonmayman, hech-hech ishongim kelmaydi. U goʻyoki “Ishxonamga bir kirib chiqay, hozir qaytaman”, deb Yozuvchilar uyushmasi binosiga kirib ketgan-u, men uning qaytib kelishini kutib turgan odamdek tevarakka jovdirayman, qidiraman, ko‘zlarim tolib ketadi”…
 



Ahmadjon Meliboyevning ushbu kitobda o‘rin olgan ocherkidan jurnalistika kasbining chinakam mashaqqatlarini his qiladi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi kerakligini anglaydi. Halim Saidovning “Tanazzul” maqolasini o‘qib esa, nafaqat jurnalistik surishtiruv janri haqida bilimlari boyiydi, balki bu jarnrning hayotimizdagi ahamiyatini o‘zgacha rakursdan o‘ylay boshlaydi.


Umuman olganda, o‘quvchi kitobxon kitobdagi har bir materialdan yana bir kitoblik ijod yuqtirishi aniq. 


Shahnoza Yangiboyeva,

“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Ustoz

Ulashish