AGAR USMON NOSIR YANA ELLIK YIL YASHASA, NIMA BO‘LARDI?

Fikr AGAR USMON NOSIR YANA ELLIK YIL YASHASA, NIMA BO‘LARDI?
78


“…Daryo chayqaladi sabodan,

 Oyning nuri chil-chil sinadi.

 Dengiz kabi moviy havoda,

 Yulduzlarning sayri tinadi…”


Bilaman, ushbu misralarni o‘qiboq o‘zingizni ko‘m-ko‘k osmon bag‘rida, yulduzlar qanotida tasavvur etdingiz. Bunday toza misralar muallifi esa, yuragi katta shoir Usmon Nosir edi. Ha, u oyning chil-chil bo‘lishini isbotlagan. Uni xayoldan chiqarish imkonsiz, sevmaslikning iloji yo‘q! 


Yaqinda shoirning “Tanlangan asarlar”nomli kitobi qo‘limga tushib qoldi. Ochig‘i, ilk sahifadan imloviy, uslubiy xatoliklar bilan boshlangan kitobni o ‘qishni butkul to‘xtatmoqchi edim. Keyin o‘ylab qoldim, bu Usmon Nosirning aybi emas-ku! Aksincha, asarni o‘z o‘lchovlari bilan tahrir qilgan “begona”ning xatosi. Kitobning she’rlar qismiga o‘tdim. O‘n besh yoshli bolaning she’rlarini o‘qib nogoh o‘zimning yoshlik davrlarim, pach yoziqlarim yodimga tushib ketdi. Yillar o‘tgan sayin tasavvur misralari kuchayib miyamni qiynab qo‘yishni boshladi. Vanihoyat, Usmon Nosirning yorqin 28–35 yoshdagi she’rlariga kelganda lirika nima ekanligini juda kichkina nuqta kabi anglab yetdim. Unga shu qadar yaqinlashdim-ki, hatto misralarni shoir emas, xuddi o‘zim bitgandek o‘qidim. Har o‘qiganimda tasavvurim to‘lib borardi. Ayniqsa, “Oqila”ni sevmaslikning iloji yo‘q.


“…Qora rangni asli sevmasdim,

 Endi tun ham kunduz bilan teng.

 Bilmoq edi bu sirni qasdim,

 Bilsam qora ekan ko‘zlaring!” 


“Naxshon” dostonida notanish qizga qon shafaq ostida gul tutasiz, uning ulkan dardlariga sherik bo‘lasiz. “Atlas” dramasida esa sevgi sinalishi, ammo o‘lmasligini yaqqol his etasan kishi. Nihoyat, yetuk tarjimonning “yurak qoni bilan” qilgan tarjimalaridan lazzatlanasiz. Lermontovning “Demoni” asar talqini ham shu qadar mukammalki, dostondagi iblisam hayratda qolsa kerak. Bo‘rttirish deb o‘ylamang, zabardast shoirning haqiqiy mo‘jizasini o‘qiganlargina uni his qila oladi. Gyotening “Egmont”ini shoir qisqagina tarjima qilgan, lekin zamon zayli bilan olovrang shoirimiz “millatchi” deb ayblangandan so‘ng unga qo‘l tekkizishga hech kimda jur’at bo‘lmagan. Eng oxirgi tajimasini o‘qib, ochig‘i, yoqa ushladim. Qulog‘im ostida “Mening qamoqxonada boshimni jallod bildirmay kessa edi. Uyqu sen ham xiyonat qilding, og‘ir damda hamroh bo‘lmading-a menga?!” degan so‘zlari jaranglayapti. E’tibor qiling, o‘z hayoti qanday tugashini go‘yoki bilgan ijodkor umri oxirida ushbu tragediyaning aynan shu qismini, shu misralarni tarjima qilishga ulgura oladi xolos. Meni bir savol qiynayapti: Usmon Nosir yana ellik yil yashasa, nima bo‘lardi? 


          Javlonbek ABDUMALIKOV, 

Sevinch AHMADJONOVA, 

O‘zDJTU talabalari

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish