YANA ATTESTATSIYA HAQIDA – 3 yoxud taʼlimga tutilgan ko‘zgu...

Dolzarb mavzu YANA ATTESTATSIYA HAQIDA – 3 yoxud taʼlimga tutilgan ko‘zgu...
112



Cho‘zilib ketgan ta’til

“Maʼrifat” gazetasi sahifalarida so‘nggi maqolam chop etilganiga ham salkam bir yil bo‘libdi. Qishki taʼtil kunlarining birida gazeta bosh muharriri Husan Nishonov “Taʼtil cho‘zilib ketmadimi? Taʼtildan qay­tadigan vaqt bo‘ldi-yov...” deya hazillashganida taʼlimning og‘riqli nuqtalari haqidagi maqolalar bilan qaytishga vaʼda bergandim. Lekin bu vaʼda bajarilmadi. Yolg‘onchi bo‘lganimga ancha vaqt xijolat bo‘lib, bahorgi ta’tilda dolzarb, taʼlimning o‘tkir muammolariga bag‘ishlangan bir-ikkita maqola yozaman deya o‘zimni ovuntirib yurdim. Ammo bahorgi taʼtil ham g‘izil­lagancha o‘tib ketdi. Cho‘zilib ketgan taʼtil anchagina dangasalashib, yozishdan chiqib ketishimga, jamiyatda yuz berayotgan jarayonlarga befarq bo‘lib qolishimga olib kelgandi. Mazkur tanaffusga sabab esa, o‘zimni pensiyaga tayyorlash haqidagi fikr bo‘lgandi. Ishni to‘garakdagi (maktabimizda haftada olti kun barcha fanlardan o‘quvchilarni OTM imtihoniga tayyorlovchi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan) shogirdlarimni matematika o‘qituvchimizning to‘garagiga o‘tkazishdan boshladim. Sal o‘tib maqola yozishni to‘xtatdim. Xullas, o‘zimni nafaqaga tayyorlay boshladim.


Attestatsiyada 86 balldan yuqori ball olgan o‘qituv­chilarga 70 foizlik ustama berilishi, 80 balldan yuqori ball to‘plaganlar esa vazir ustamasiga nomzod bo‘lishi haqidagi xabarlar navbatdan tashqari attestatsiyaga qat­nashish uchun qiziqish uyg‘otdi. To‘g‘ri, milliy sertifikatga 50 foizlik ustama to‘lanishi sababli yangi yildan ming dollarlik ish haqi chegarasidan o‘tgandim. O‘ylab qarasam, attestatsiyada 86 balldan ko‘proq to‘plasam, ikki ming dollarlik chegaradan ham o‘tar ekanman. O‘z imkoniyatlarimni yaxshi bilaman. Har qanday holatda ham 90 balldan ko‘proq ball ola olaman. Yaxshilab tayyorlansam, balki maksimal natija qayd etarman, degan niyatda navbatdan tashqari attestatsiya uchun hujjat topshirib, tayyorgarlikni boshladim. Afsuski, insonning barcha orzusi, rejasi xohlaganidek, o‘ylaganidek bo‘lavermas ekan. Dastlab ommaviy axborot vositalarida, vazirlikning rasmiy saytida, 70 foizlik ustama kelajakda attestatsiya jarayoni xalqaro baholashdan o‘tkazilgach, amaliyotga joriy etilishi haqidagi xabarlar hafsalani pir qilgan bo‘lsa, keyinchalik shaxsiy muammolar girdobiga tushib qoldim. Ukam og‘ir xasta bo‘lib qoldi. O‘zimning sog‘lig‘imda ham muammolar paydo bo‘ldi. O‘g‘limning har bahor gilos mavsumida bir haftacha muddat bezovta qiladigan allergik kasalligi ham og‘irroq formada o‘tdi. Xullas, attestatsiya masalasi men uchun uchinchi-to‘rtinchi darajali masalaga aylandi. 


Biroq aynan attestatsiya masalasi, uning atrofida avj olgan tortishuv va bahslar, uzoq muddatli taʼtilimning tugashiga, yana attestatsiya haqida mushtariylar bilan fikrlarimni o‘rtoqlashishimga sabab bo‘ldi.


Qorbobodan kutilgan sovg‘a...

Ko‘pchillik o‘qituvchilar vazir ustamasi tizimining shaffoflashuvi va 70 foizlik ustama haqidagi hukumat qarorini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Go‘yoki attestatsiya o‘tadi-yu, har ikkala ustama naqd bo‘ladi... Yosh bolalar Qorboboni qanday intiq kutishsa, aksariyat o‘qituvchilar navbatdagi attestatsiyani shunaqangi intiqlik bilan kuta boshlashdi.  


Bu ustamalar o‘qituvchilarning bilim, mahorati va mehnati bilan loyiq bo‘lsa to‘lanishi kerak bo‘ladigan haq sifatida emas, balki Qorboboning sovg‘asi sifatida kutila boshlandi. Attestatsiya natijalari esa ko‘pchilik­ning umidini chilparchin qildi. Chunki oldingi attestatsiyalarda 80 va undan yuqoriroq ballik natijani qayd etganlarning nazdida bu safar ham shu, balki undan-da yuqoriroq natija naqd edi. Ammo attestatsiya sinovlarining xalqaro standartlar darajasida bo‘lishi, yaʼni anchagina murakkablashuvi, bundan tashqari, ijobiy natijalarning ko‘p qayd etilishi amaldagi budjet uchun oshiqcha yuklamalarni vujudga keltirishi, va eng muhimi, o‘qituvchilar o‘z ustida ko‘proq ishlash uchun intilishi, motivatsiyasining pasayib ketishi mumkinligi haqida hech kim o‘ylashni xohlamadi.


Mana shunday kutilgan attestatsiya sinovlari boshlandi. Natijada attestatsiyadan yuqori ball to‘play olmagan o‘qituvchilar orasida turli norozilik va mish-mishlar avj oldi. Test matnlarining haddan tashqari uzunligi, murakkabligi, qiyinligi – buning sababi esa, hech kim yaxshi natijaga erisha olmasligi uchun ataylab qilinganligi haqidagi gap-so‘zlar o‘qituvchilar suhbatining asosiy mavzusiga aylandi. Xullas, qorbobo haqidagi shirin orzular sarob bo‘lib chiqdi...


Testlarning darajasi...

Garchand attestatsiya sinovlariga qatnashmaslik niyatida bo‘lsam-da, “O‘qituvchilar xonasi”dagi suhbatlar, sinovlardan yaxshi natija qayd eta olmay qaytgan hamkasblarimning kuyib-pishib tushuntirishlari, eʼtirozlari menda ham attestatsiya sinovlarining ataylab o‘qituvchilar o‘ta olmaydigan darajada tashkil etilganligi haqida shubha uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan bo‘lsam-da, attestatsiya sinovida qatnashib ko‘rishga qaror qildim.


Bu qarorga kelishimga maktabimiz o‘qituvchilari qayd etayotgan salbiy natijalar ham sabab bo‘ldi. Chunki maktabimizda yuqori bilim darajasiga ega o‘qituv­chilar jamoasi jamlangan, lekin natijalar o‘qituvchilar darajasiga mos bo‘lmayotgandi. Xalqaro sertifikat sohibi, oldingi attestatsiyada 88 ball to‘plagan, izlanuv­chan va bilimdon matematika o‘qituvchisi 60 ball to‘pladi, yosh va intiluvchan ona tili fani o‘qituvchisi esa 64 ball. Boshqalar esa hatto shu darajaga ham yaqinlasha olmadi. Bundan tashqari, attestatsiya sinovida qatnashadigan kunim Termizga borishimga boshqa sabablar ham chiqdi. Xullas, attestatsiyada ishtirok etdim. Belgilangan natijaga erishishga ko‘zim yetmasa-da, testlar­ning saviyasini ko‘rib, attestatsiyada ishtirok etmaganim uchun maktab rahbarlariga gap olib bermaslik maqsadida qatnashishga qaror qildim. Attestatsiya boʻlayotgan manzilga belgilangan vaqtdan bir soatcha oldin borgandim, odam kamroq ekan, kiritib yuborishdi. Testlar vahima qilishayotganidek juda qiyin yoki murakkab emas. Milliy sertifikat imtihonidagi testlar bilan solishtirganda biroz yengil va osonroq. Dastlabki 9-10 ta testni ishtiyoqsiz ishladim, baʼzi maʼlumotlarni xato joylashtirdim. Masalan, xaritali testda Rossiya va Qozog‘istonni adashtirib belgilab yubordim, matn­li bir testda Qozog‘iston va Qirg‘iziston iqtisodiyoti haqidagi maʼlumotlarni chalkashtirib yubordim. Bu xatolarni darhol eslasam-da, ammo testni iziga qaytarib to‘g‘rilab qo‘yishga erindim. Lekin 11-testdan so‘ng jarayonga kirishib ketdim. Test anchagina maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan, murakkab tuzilgandi. Mazkur testni ishlashda o‘tgan yili yozganim “Matematik tenglik” usuli deb ataluvchi metoddan foydalandim. Ushbu usulda (Bu haqida “Maʼrifat” gazetasida maqolam ham chop etilgan) testni xato ishlash deyarli imkonsiz. 33-testda to‘g‘ri javoblar ikkita berilgan ekan (yoki mening tahlilimda shunday chiqdi), nazoratchilardan “Eʼtiroz qilsam bo‘ladimi?” deb so‘ragandim, “O‘n kun davomida apellyatsiya bersangiz bo‘ladi” deya javob berishdi.


Qolgan testlarni ham tez ishlab yakunlash tugmasini bosganimda 82 ball qayd etganimni bildim. Shunda lop etib boshida xato ishlagan testlarim yodimga tushdi. 36 daqiqa vaqtim bor ekan. Agar o‘sha ikki testni qayta tahrir qilganimdami? Ammo endi kech edi...

Ta’limimiz darajasi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 3-v bandida malaka toifalarini berish tizimini vakolatli xorijiy tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tkazish orqali pedagog kadrlarga xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilangan edi. Bunda xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanishi nazarda tutilgan. Keyinroq Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fev­raldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, kasbiy sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.


Mazkur farmon va qarorlar asosida oʻtkazilgan attestatsiya jarayonining dastlabki natijalari aniq boʻlib, gʻalvir suvdan koʻtarildi. Natijalar tahliliga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda malaka test sinovlarida 5095 nafar peda­gog 86 va undan yuqori natija qayd etgani aytilib, ushbu pedagoglar ichidan oliy hamda birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan 4163 nafar pedagogga Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi qarori asosida 70 foizlik ustamalar tayinlanishi ma’lum qilindi.


Bu natijalar ‒ dastlabki natijalar, hali ayrim oʻzga­rishlar boʻlishi mumkin. Chunki apellyatsiya jarayonlari ayrim oʻzgarishlarga olib kelishi aniq.


Xoʻsh, natijalar qanday? Yaxshimi yoki yomon? Nazarimda, natijalar yomon emas. Toʻgʻri, ustama olish huquqiga ega boʻlgan oʻqituvchilar bir qarashda kamroq­dek. Ammo kam emas... 70 foizlik ustamaga erishgan oʻqituvchilar deyarli har ikki maktabga bittadan toʻgʻri keladi. Ular deyarli ikki ming dollar  maosh oladi. Oʻzbekiston sharoitida bu hazilakam natija emas. Oʻqituv­chilik faoliyatimga qirq ikki yil boʻlibdi. Ammo taʼlim sohasida oʻqituvchilarni astoydil izlanish, bilimini oshirishga undaydigan yangilik boʻldi desam, mubolagʻa boʻlmasa kerak.


Kelajakka umid

Shu oʻrinda mushtariylar eʼtiborini yuqorida kel­tirilgan raqamlardagi umidbaxsh bir jihatga qaratmoqchiman. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova bergan maʼlumotga koʻra, 86 balldan yuqori ball toʻplagan oʻqituvchilar soni 5095 nafar, ustama olish huquqiga ega boʻlgan oʻqituvchilar soni esa 4163 nafar. Xoʻsh, nega ustama olish huquqiga ega oʻqituvchilar soni yetarlicha ball toʻplagan oʻqituvchilar sonidan 932 nafar kam? Menimcha, bu tafovutning sababini deyarli barcha mushtariylar toʻgʻri topishdi. Yaʼni 932 nafar ikkinchi toifali oʻqituvchi 86 balldan yuqori ball toʻplagan! Bu esa keyingi attestatsiyalar uchun yetarlicha zaxiralar mavjudligini koʻrsatadi. Bundan tashqari, yana qanchadan qancha oʻqituvchilar oʻz ustida ishlab, bilim va malakasini oshirishga erishishadi. Xullas, taʼlimimiz kelajagiga umid qilsak boʻladi...

Umuman aytganda, bu safargi attestatsiya jara­yonlari, menimcha, taʼlimimiz kelajagi rivojiga xizmat qiladigan saviyaga koʻtarildi.


Normamat ESHONQULOV,

Oltinsoy tumanidagi

63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Normamat ESHONQULOV

Normamat ESHONQULOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish