“Ma’rifat” nega bepul bo‘lolmaydi?

Ta’kid “Ma’rifat” nega bepul bo‘lolmaydi?
27


Raqamli texnologiyalar rivojlangan bugungi davrda bosma nashrlarning elektron shaklda ommaga taqdim etilishi tabiiy ehtiyojga aylanmoqda. Shu bois “Maʼrifat” gazetasining Telegram guruhida ham gazetaning elektron nusxasi nega ochiq e’lon qilinmayotgani, nima uchun uni faqat obuna yoki maxsus platformalar orqali o‘qish mumkinligi yuzasidan e’tiroz bildirishmoqda.


Jumladan, mushtariylardan biri shunday yozadi:

“Gazetani yopiq muhitda qoldirish, unga faqat anons berilishi va o‘zining to‘liq taqdim etilmasligi bugungi kun talabiga to‘g‘ri kelmaydi. Uning o‘quv­chilari yo‘qolib ketadi. Bugungi ochiq internet zamonida qandaydir ilova yoki murakkab sxema orqali kirib o‘qilishi bu aslida gazeta o‘zi uchun eshiklarni yopishini anglatadi. Hech bo‘lmasa chop etilgach bir hafta vaqt o‘tib uning to‘liq elektron PDF varianti jamoatchilikka taqdim etilishi kerak. Saytda gazetalar nihoyatda yillar o‘tib joylanmoqda. Bunday holat mutlaqo tushunarsiz”.


O‘rni kelganda mavzuni izohlab ketishni bir o‘quv­chi o‘laroq o‘z zimmamga oldim. Avvalo, gazetamizga nisbatan ko‘rsatgan eʼtiboringiz uchun katta rahmat. Men ham uni xuddi boshqa ayrim gazetalar singari hamma bepul o‘qishi tarafdoriman. Ammo buning ham iqtisodiy, ham tashkiliy tomoni bor.


Tasavvur qiling: aholiga non tekin tarqatila boshlansa nima bo‘ladi? Non ishlab chiqarish tizimidagi barcha – fermerdan tortib novvoy va do‘kon sotuv­chisigacha bankrot bo‘lib qoladi. Gazeta ham xuddi shunday. U bepul bo‘lishi uchun muharrirdan tortib musahhihgacha, muxbirdan tortib dizaynergacha hamma tekin ishlashi, qog‘oz, bo‘yoq va bosmaxona xizmatlari ham bepul bo‘lishi kerak.


Masalan, men “Maʼrifat” gazetasining jamoatchi muxbiriman. Aslida gazetani bepul olishga to‘liq haqqim bordek. Biroq sevimli gazetamni muntazam o‘qish uchun har yili unga obuna bo‘laman. Demak, ish haqimning maʼlum qismini obuna uchun sarflayman. Chunki gazetaning yashashi ham, rivojlanishi ham avvalo uning o‘quvchilariga bog‘liq.


Shu bois sizga ham tavsiyam oddiy: “Maʼrifat” gazetasiga obuna bo‘ling.


Agar respublikamizdagi barcha ziyolilar o‘z gazetalariga obuna bo‘lganlarida edi, bugun “Maʼrifat”ning tiraji million nusxadan oshib, balki Ginnes rekordlar kitobidan ham joy olgan bo‘lardi. Afsuski, bugun ziyolilar gazetasi hatto ziyo maskanlarining o‘ziga ham to‘liq kirib bora olmayapti. Taʼlim tizimi­dagi har bir maktab “Maʼrifat”ga obuna bo‘lganida ham gazeta­ning adadi kamida o‘n ming nusxadan oshgan bo‘lardi. Holbuki, bugungi kunda u arang 5-6 ming nusxada chop etilmoqda. Yana shuncha maktabga gazeta umuman yetib bormayapti. Vaholanki, mamlakatimizda yigirma mingdan ortiq taʼlim muassasasi, millionlab ustozlar va talabalar bor. Bu ko‘rsatkich shunday salohiyatga ega soha uchun juda kam. Shu maʼnoda beixtiyor bir savol tug‘iladi: “Maʼrifat”­siz maʼrifat maskanlari bir kun kelib o‘z nuri va ruhini yo‘qotib qo‘ymasmikan?


Yaqinda xizmat yuzasidan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Urgut shahri filialida bo‘ldim. Kutubxonasiga kirib, “Maʼrifat” gazetasi bormi?” deb so‘radim. Maʼlum bo‘lishicha, obuna bo‘lishmagan ekan. Sababini aniqlab, menga qo‘ng‘iroq qilishlarini iltimos qilib telefon raqamimni qoldirdim. Ammo haligacha hech kim bog‘langani yo‘q. Keyinroq eshitishimcha, universitet filiali tugatilib, Samarqand davlat pedagogika instituti tasarrufiga o‘tkazilibdi. Endi o‘sha savolning javobini kimdan olishni bilmayman.


Albatta, shu o‘rinda yana bir savol tug‘ilishi tabiiy: nega boshqa gazetalarni internetda bepul o‘qish mumkin? Buning javobi oddiy. Ularning har biri ortida muassis yoki homiy bor. Kimnidir hokimliklar, kimnidir siyosiy partiyalar, kimnidir korxona, yana boshqalarini vazirlik yoki jamoat tashkilotlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. “Maʼrifat” gazetasining esa eng katta muassisi ham, homiysi ham aslida biz – ziyolilarning o‘zimiz. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi zimmasida ham bugunning o‘zida juda katta moliyaviy yuk bor. Shu sabab gazeta qo‘shimcha homiyliksiz faoliyat yuritmoqda.


Hozirgi sharoitda “Maʼrifat”ni muntazam o‘qib borishning eng to‘g‘ri yo‘li – unga obuna bo‘lish yoki elektron nusxasini sotib olishdir. Gazetaning kelajagi ham, uning ovozi ham, eng avvalo, o‘quvchilarining qo‘lida.


Xudoyberdi KOMILOV,

faxriy o‘qituvchi

Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish