Savod chiqdi. Endi nima bo‘ladi?

Yana bir odatiy tong. Soat sakkizda maktabga, soat ikkida uyga. Darsxona, daftar, yo‘qotilgan orzular... Bolalarning qadam tovushlari eshitiladi. Ammo bu qadamlar – maqsad sari emas, majburiyat sari atalgandek.
Boshlang‘ichda savod chiqdi. Keyin-chi?
Bugun maktabda o‘qitilayotgan darsliklar, dars berayotgan ustozlar, dars olayotgan bolalar... Barchasi bor, lekin ruh bormi? Ilm bormi? Maqsad bormi?
O‘quvchi to‘rtinchi sinfni bitiradi – o‘qiy oladi, yozadi, hatto matematikaning boshlang‘ich elementlarini ham biladi. Ammo undan keyin nima bo‘ladi? Kimdir shu yutug‘ini ko‘tarib yuraveradi, kimdir qiziqmagan fanni o‘rganishga majburlanadi. Aynan shu yerdan boshlab, orzular yo‘qoladi.
Yosh bola 5-sinfdan boshlab o‘zining nima istashini tushuna boshlaydi. Kimdir tabiatni sevadi, kimdadir texnikaga havas uyg‘onadi, kimdir rasm chizadi. Ammo bu qiziqishlar ko‘rilmaydi, sinovdan o‘tkazilmaydi, yo‘naltirilmaydi. U maktabga boraveradi, har kuni bir xil dars, bir xil daftar, bir xil sinfxona. Yillar o‘tadi, bola faqat maktabga qatnab, "savodli, lekin beqaror" avlodga aylanadi.
Ota-onaning iloji – repetitor
8-sinf bo‘ldimi, tamom! Ota-ona bolaning orzusi, qiziqishi haqida emas, faqat imtihon haqida o‘ylaydi. Matematikami? Fizikami? Ingliz tili? – repetitor! Chunki bilishadi: maktabda buni hal qilib bo‘lmaydi. Ustozlarning vaqti yo‘q, bilimini chuqurlashtirishga imkon yo‘q. O‘quvchi esa o‘zi yoqtirmagan fanga majburan yo‘naltiriladi. Natija? Raqamlar bor, lekin qiziqish, ishtiyoq, yondashuv yo‘q.
Yechim: ixtisoslashgan yo‘nalishlar
Shunday ekan, nega biz 5-sinfdan boshlab bolani qiziqishi, iqtidori va intellekti asosida yo‘naltirmaymiz?
Masalan:
Kim texnikaga qiziqsa – muhandislik asoslari,
Kim adabiyotga oshno bo‘lsa – ijodiy sinflarda,
Kim pazandalik, dizayn, IT, qurilish yoki boshqa hunarga qiziqsa – shunga mos ixtisoslashgan fanlarda o‘qisin.
Bu oddiy g‘oya emas. Finlandiya, Janubiy Koreya, Germaniya, hatto yaqin qo‘shnilarimizdan biri — Qozog‘istonda ham bu uslub allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Ular bolani 4-sinfdan so‘ng baholab, sinovdan o‘tkazib, qiziqishiga qarab yo‘naltiradi. Shunday qilgan taqdirda, bola ertaga kim bo‘lishini o‘zi bilib ulg‘ayadi. "Biror hunarim bor", deydi.
Bizda-chi?
Afsuski, bizda hali ham e’tibor ko‘proq “maktab formasini qanday kiydiramiz”, “tadbirlarda kim qatnashadi”, “fan haftaligini qanday o‘tkazamiz” degan savollarga qaratiladi. Raqamlar go‘zal, ko‘rsatkichlar baland, lekin bola darsni nimaga o‘qiyotganini tushunmaydi.
Bizga tashqi chiroy emas, ichki mazmun kerak. Shunchaki borib kelish emas, maqsad bilan o‘qish kerak. Shundagina ta’lim — hayotga yo‘naltiruvchi bo‘ladi, vaqt o‘tkazuvchi emas.
Xulosa qilib aytganda agar biz farzandlarimizdan faqat darslikni yod olishini emas, hayotda o‘z yo‘lini topishini istasak – ularga tanlash imkonini berishimiz kerak. Boshlang‘ich savod – bu boshlanish, xolos. Undan keyin esa har bir bola o‘zining qiziqishi, iste’dodi va salohiyatiga qarab rivojlanishi kerak.
Ixtisoslashgan yo‘nalishlar – bu hayotga yaqinroq qadam, kelajakni ongli qurish yo‘li. Har bir bola biror sohaga qiziqib, uni chuqur o‘rgansa, u faqat diplom emas, hunar bilan ham bitiradi. Bu esa, kelajakda o‘ziga ishonchli, jamiyatga foydali insonlar sonini ko‘paytiradi.
Shunchaki maktabga borib kelish bilan cheklanmaylik. Ta’lim – bu yo‘l, va bu yo‘l har bir bolaga moslab chizilishi kerak.
Sevinch Normo‘minova,
O‘zDJTU talabasi
Shu kecha va kunduzda
YANA ATTESTATSIYA HAQIDA – 3 yoxud taʼlimga tutilgan ko‘zgu...
Bayram kuni Toshkent metrosi vaqtincha bepul xizmat ko‘rsatadi
AGAR USMON NOSIR YANA ELLIK YIL YASHASA, NIMA BO‘LARDI?
Qaysi oliygohda o‘qishni xohlaysiz?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank