Suhrob ZIYO: Daryo

Suhrob ZIYO
140

Kim sezib kim sezmadi, bilmadim, shu kecha kunduzda Oʻzbek adabiyoti yangi javohirlar bilan boyidi. 


Akademnashr tomonidan chop etilgan Izlam ruknining yangi mavsumida faqat nazmimiz va nasrimiz emas, adabiyotshunoslik va publitsistikada ham 15 nomdagi yangi kitoblar chop etilibd

Ochiq aytaman, kitoblari chop etilgan barcha ijodkorlarni ham tanimayman. Eʼtiborimni tortgani, ular orasida necha yillik doʻstim Suhrob Ziyoning “Daryo” toʻplami ham chop etilibdi.

Ziyo men bilgan shoirlar, ayniqsa, yangi davr ijodkorlari ichida haqiqatda daryo kabi yoyilib, eshilib, toʻlib, toshib ijod qilayotganlardan.


Bu shaharning devorlari moʻl,

Bu dunyoning yoʻllari dovli.

Uch tomonga boshlab ketar yoʻl

Men, Suhrob va koʻngil uchchovni.


degan satrlaridan ham uning koʻngil amridan boshqasini tan olmasligi, tinglamasligi koʻrinadi. Sheʼrlarida har safar ummon sokinligi aks etadi. 

Yuzadan qaraganda bir maromda dolgʻalanayotgan soʻzlar, tub maʼnoda kishi yuragini ostin-ustun qiladi. 


Uning:


... Haqqim bormi “Yo Haq” degan

nido desam,

Yo Haq desam, yo haqqa jon

fido desam,

“Sevsang, faqat oʻzing sevgin, Xudo” desam,

Dargohingga uchib-qoʻnib

boryapman-o,

Dilgohimga uchib-qoʻnib

boryapman-o...


kabi satrlari oʻquvchining yuqoridagi tasavvurlarini yana bir bor tasdiqlab, uning botiniga berkingan darveshlik ruhini ham namoyon qiladi. 

Ha, Suhrob – chegaralarni xushlamaydigan, meʼyorlar, maromlarni tan olmaydigan sokin shoir, dali darvesh. 

U bir qarasa, 


... Vujud — zindon,

jon — tutqun,

yurak — oʻpqon,

qon — tutqun,

bir ruhi nolon tutqun,

tan — suyakustun — yolgʻon.


deb turib, yana boshqa she’rida:


Men samodan topgan soʻzni

siz tuproqqa koʻmgaysiz. 

Balki, menga ayon sirlar

sizga biroz oʻngʻaysiz.

Menga Xudo bergan ishqqa

shunga koʻzni yumgaysiz.

Men dunyoni sharh etsam ham 

baribir tushunmaysiz...


deya, soʻzda chimchilab ham oladi.