Ayblashdan oldin eshiting!

Dolzarb mavzu Ayblashdan oldin eshiting!
76



˗˗ O‘gay onam bir imlasa dadam kelib meni uradi. Ayamaydi. Qayerimga urayotganiga qarab ham o‘tirmaydi… Ayniqsa, boshimga ko‘p musht tushgan. Bu yerga qochib keldim, uyga qaytishni istamayman, ˗˗ deydi markaz tarbiyalanuvchilaridan biri Abdurahmon. ˗˗ Bilasizmi, men nega kaltak yeyishim sababini hech tushunmayman. Opam ham shunday edi, Xudoga shukur, turmushga chiqib bu g‘urbatlardan qutildi.

 Yoshim 10 da, bitta singlim bor. O‘gay bo‘lsa ham uni yaxshi ko‘raman. Lekin ular meni nega yomon ko‘rishadi bilmayman. Dadamni yomonlamayman. U meni dadam… Balki uning ham o‘z haqiqatlari bordir. Ular uyda, men bu yerda baxtliman. Qochib ketganimdan so‘ng meni qidiruvga berib topib kelishdi, ammo ular bilan ketishni istamadim. Kelajakda kiberpsixolog bo‘lmoqchiman. Yaxshi o‘qisamgina yorug‘likka chiqishimni ich-ichimdan his qilaman.


Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazini o‘z uyidek qabul qilgan Abdurahmonga o‘xshagan o‘g‘il-qizlar ko‘p. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-avgustdagi “Toshkent shahrida voyaga yetmaganlar qarovsizligi va ular orasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish ishlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq shu yilning 24-oktabridan faoliyat yuritib kelmoqda. Bu yerga qarovsiz, adashgan, bedarak yo‘qolgan, ijtimoiy va boshqa xavf ostida qolgan, odam savdosi qurboni bo‘lgan, o‘z uyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib, nazoratsiz yurgan va yordamga muhtoj voyaga yetmaganlar qabul qilinadi. Markazga qabul qilingan bolalarning shaxsi aniqlangandan so‘ng, ularga ijtimoiy-huquqiy, pedagogik, psixologik, maishiy va tibbiy yordam ko‘rsatilib kelinadi.




 

̶  Tun-u kun bolalar bilan birga ishlaymiz va yashaymiz. Ularning issiq-sovug‘i, yurish-turishi, ta’lim olishi va o‘zini tutishiga ham javobgarmiz,  ̶  deydi markaz kichik inspektori Abror Adilov.  ̶  Markaz 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘jallangan. Bilasiz, kichik yoshdagi bolalar ruhiyati juda nozik. Ular cho‘chimasligi hamda qo‘rquvni his qilmasliklari uchun formada yurmaslikka harakat qilamiz. Markazimizga har kuni har xil bolalar keladi. Taqdirlari har xil. Bu yerda o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida xonalar ajratilgan. Ularga biriktirilgan xodim tunda ham bolalar bilan birga qoladi, ertasi kuni soat to‘qqizda boshqa bir xodim bilan o‘rin almashadi. Turli sport va dars mashg‘ulotlar o‘tiladi, duradgorlik, bichish-tikish kabi ko‘nikmalar ham singdirib boriladi. 


Sardor: Meni ota-onam tashlab ketishgan. Uy ularni rosa sog‘inaman… Agar menga ketish imkoniyati berilsa, buvimning oldilariga borgan bo‘lardim. Chunki ota-onam mendan yana voz kechishidan qo‘rqaman…  


̶  18 yildan beri psixolog sifatida faoliyat yuritaman. Dastlab faqat ayollar, bolalar va o‘smirlar bilan ishlardim. Hozir esa turli yosh va qatlamdagi insonlar qabulimga kelishadi. Ammo shuncha yillik tajribam davomida bir narsa o‘zgarmaydi: xulqi og‘ir, yo‘ldan adashgan yoki jinoyat yo‘liga kirgan, bolalarning deyarli barchasida yoshligidan qolgan chuqur travmalar  bo‘lar  ̶  deydi munosabatlar bo‘yicha ayollar va bolalar psixologi Kamila Sultonova.  ̶  Konsultatsiyamga giyohvand moddalar o‘rganib qolgan, maktabdan haydalgan yoki bezorilikda ayblanayotgan bolalarni olib kelishadi. Tashqi ko‘rinishidan tarbiyasi yomon, irodasiz yoki tartibsizdek tuyuladigan bu bolalar olamidan og‘riq, rad etilganlik hissi, “meni ko‘rishsin”, “eshitishsin” degan ichki ovozlarni eshitaman.


Ko‘p hollarda ular “meni ko‘ring”, “men ham borman” degan hayqiriqni o‘zining noto‘g‘ri xatti-harakati bilan ifodalashga urinishadi. Ular mehr emas, jazo bilan tarbiya qilingan, oilaviy muhitda bolani mensimaslik yoki befarqlik ustun bo‘lgan. Bolalarning ayrimlari o‘zidagi og‘riqni kuchga aylantiradi. O‘z travmalaridan saboq olib, irodasini mustahkamlab yaxshilashga kirishadi. Ammo ayrim emotsional kuchsiz, e’tibordan chetda qolganlari esa o‘zlarini boshqa yo‘llar bilan isbotlashga urinadi. Masalan, bir mijozimning onasi kichikligida tashlab ketgani yetmaganday, otasi ham unga mutlaqo befarq bo‘lgan. Natijada onggida “men kerakli emasman” degan ishonch ildiz otadi. Voyaga yetgach, u shu og‘riqni sigaret, ichimlik, g‘azab va boshqa illatlar bilan yopa boshlaydi. 


Men ota-onalarga doim “Xulqi yomon bola yo‘q, og‘riqli bola bor” deb ko‘p ta’kidlayman. Har bir bolaning nojo‘ya xatti-harakati bu yordam so‘rovi, signal hisoblanadi. Uni vaqtida eshitgan ota-onagina farzandini kutilishi mumkin xavflardan qutqara oladi.


UNICEFning yangi ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yiliga  400 millionga yaqini uyda muntazam ravishda psixologik, ulardan 330 million nafari jismoniy jazodan aziyat chekadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab bolalar nafaqat zo‘ravonlik, balki ota-ona bilan o‘yin o‘ynash, e’tibor va mehrdan ham mahrum.


UNICEF rahbari Ketrin Rassel o‘z nutqlarining birida “Agar bolalar uyda haqorat yoki jismoniy jazoga uchrasa yoki yaqinlarining mehridan, e’tiboridan bebahra bo‘lsa  ̶  bu ularning o‘zini qadrlash hissi va rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazadi. Mehr va hamjihatlik qurshovida voyaga yetayotgan bolalar esa o‘zini xavfsiz his qilishi, hayotga moslashishi oson kechadi”, deya ta’kidlaydi. 

Hozir dunyoda 66 ta davlatda bolalarga jismoniy jazo berish qonunan taqiqlangan. Lekin so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, har to‘rtta onaning biri bolani to‘g‘ri tarbiyalash uchun jismoniy jazo kerak deb hisoblar ekan. Raqamlarga qarasak, 2–4 yoshdagi bolalarning 4 dan 1 qismi ota-onasi bilan suhbat, kitob o‘qish, rasm chizish yoki qo‘shiq aytish kabi mashg‘ulotlardan mahrum. Har 10 boladan 1 tasining uyida o‘yinchoqlari yo‘q. 


Bir qarashda oddiy ko‘ringan holatlar ertaga bolada emotsional beparvolik va keyinchalik o‘ziga ishonchsizlik, tajovuzkorlik bilan bog‘liq muammolar keltirib chiqaradi. 


Safina: Ikki yoshimda onam meni mehribonlik uyiga tashlab ketgan. 8 yoshimgacha u yerda katta bo‘ldim. So‘ng mendan kattaroq bir qiz va yana 2 bolani bir oila farzand qilib olishdi. Boshida hammasi yaxshi edi. Keyinchalik oilamizda turli urush-janjallar chiqa boshladi. Boqib olgan onam bilan ko‘p tortishib qoladigan bo‘ldik. Bir kuni hammasi jonimga tegdi va uydan qochib ketdim. So‘ng dadam bilan buvimni yonlariga bordim, lekin dadamning har kuni ichishi buvim ikkimizni ham qiynab yubordi. O‘zimni u yerda ham ortiqcha his qildim. Yana qochdim. Bizni boqib olgan oila bilan opam ham chiqisholmabdi. Va u meni vasiy qilib o‘zi bilan olib ketdi. Lekin u bilan ham gapimiz gapimizga to‘g‘ri kelmadi. Va yana qochdim… yaqinda 18 ga kiraman. Bu yerdan ketaman. Qayerga boraman, nima qilaman, kim bo‘laman, bilmayman… Onam meni tashlab ketgani uchun, umrim qochish bilan o‘tyaptimikan deb o‘ylab qolaman.   


Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi bolalarning kelgusi taqdirlarini ijobiy hal etishda prokuratura idoralari, vasiylik va homiylik organlari, idoralararo voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar va boshqa tegishli organlar bilan hamkorlikda yashash joylari, mehribonlik uylari va boshqa davlat ta’lim-tarbiya muassasalariga topshirish ishlarini amalga oshirib keladi.




̶ Bola xulqidagi har bir salbiy holat shunchaki tarbiyasizlik emas, balki biror sababning natijasidir. Shuning uchun bunday bolalar bilan ishlashda eng avvalo sabr, tushunish va izchillik kerak,  ̶  deydi katta leytenant, inspektor, markaz ijtimoiy xodimi Zikrilla Ibrohimov.  ̶  Markaz 110 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda voyaga yetmaganlar tun-u kun qabul qilinib, jinsi va yoshiga qarab ajratiladi. Bolalar issiq ovqat (zaruratga qarab kiyim-kechak) bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ularning oldingi hayot tarzi va ijtimoiy holati, markazga kelib tushish sabablari hamda huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyillik darajasi yoki bolaning o‘zi huquqbuzarlik va jinoyat jabrlanuvchisi bo‘lgani sabablari aniqlanadi. Voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni aniqlanguncha markazda qolishadi. Bolalar o‘zlarini erkin va oila davrasidadek his qilishlari uchun “Milliylikka asoslangan burchak”(choyxona), hayvonot burchagi, yozgi suv havzasi, yozgi kinoteatr, bolalar sport maydonchasi kabikabilar tashkil etilgan. 


Yomon bola yo‘q  ̶  faqat e’tibor, tushunish va yo‘l-yo‘riqqa muhtoj bola bor. Har bir bola to‘g‘ri yondashuv, sabr va mehr bilan o‘z yo‘lini topa oladi. Bu borada maktab va o‘qituvchilarning ham o‘rni bo‘lak. 



Zarafshon shahridagi 13-IDUMning fizika fani o‘qituvchisi Erkinjon Yarashev:


 ̶ Ayrim yuqori sinf o‘quvchilari xulqining buzilishi, muntazam dars qoldirishi va maktab ichki nazoratiga olinishi bor gap. Shaxsiy tajribamdan aytishim mumkinki, bunday o‘quvchilar bilan ishlashda, eng avvalo do‘stona, rasmiyatchiliklarsiz(qog‘oz-qalamlarsiz, rasmga olishlar va hisobotlarsiz) hech qanday “o‘qituvchi-o‘quvchi” degan ko‘priklarsiz, samimiy suhbatlashaman. O‘zimni uning tengdoshidek tutaman. O‘quvchimning pozitsiyasida turib fikrlayman. Masalan, o‘quvchim “Barselona” jamoasi ishqibozi. Men esa, deylik, “Real”chiman. Ammo bu yerda qarshi tomonda bo‘lib, u muxlislik qiladigan jamoani yoqlayman. Suhbatimizni asosan u olib boradi. Bunday suhbat ba’zan uyga ketishda, maktabga borishda, ko‘chada, tabiat qo‘ynida, stadionda, xullas, tabiiy olib borilishi kerak. Uyim yoki sinfga biror jihoz olmoqchi bo‘lsam o‘sha o‘quvchidan maslahat so‘rayman. U bilan maslahatlashaman. Tabiiyki, unda o‘ziga ishonch paydo bo‘la boshlaydi. Menga nisbatan hurmati oshadi. 


O‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi ishonch  ̶  pedagogikada eng samarali vosita. Faqat bu ishlar muntazam bo‘lishi kerak. Balki buning uchun bir yoki ikki yil kerakdir. Ammo bu butun bir shaxs hayotini to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish oldida hech narsamas.



Yashnobod tumanidagi 149-maktab o‘qituvchisi Shoira Turdibekova:

  ̶ Men oʻtgan yili ikkita sinf chiqardim. 9- va 11-sinf. Oʻquvchilarim yomonmas. Lekin oilaviy muhitda gap koʻp. Ayniqsa, rus sinflarida noqobil, toʻliqsiz oila farzandlari ham bor.  Ko‘pincha ularning tarbiyasi bilan o‘zim shug‘ullanaman. Chunki ular oiladan ko‘rmagan tarbiyani biz berishimiz kerak. Vazifamiz faqat ta’lim emas, tarbiyadan ham iborat. Shunday o‘quvchilarim bor, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilganim ijobiy natija bergan. Yana 2 nafar oʻquvchim har kuni ertalab telefon qilib uyg‘otishimni iltimos qilishardi. Nazarimda, bunday bolalarga mehr, ishonch yetishmaydi. 


Bekobod tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi Munojat Parpiyeva:

̶ Yuqori sinf o‘quvchilari bolalik bilan xayrlashib, o‘smirlikka qadam qo‘ygan davr qahramonlaridir. Qattiqqo‘llik qilish, tartibli bo‘lishga undash, ko‘p narsaga chek qo‘yish yoki ayblash bolalarni yanada salbiy xislatlarini namoyish qilishga olib keladi. Shunday ekan, uning fikrini eshitishni bilish, tarbiyasizlik qilishga nima majbur qilganini do‘stona so‘rash, ichidan o‘tayotgan kechinmalarni bir-biri bilan o‘rtoqlashish yaxshi natija beradi. Tajribali pedagog 30 ta o‘quvchiga bir xil dars o‘tsa-da, ularning har biriga 30 xil muomala qilishi kerak. Masalan “Sen menga keraksan”, “Bilmay qolding-a?”, “Qanday ajoyib bolasan!”, “Supersan!”, “Olqishlaymiz!”, “Bir gap aytaymi?”, “Faqat sening qulog‘ingga aytaman”, “Sendan kelajakda zo‘r mutaxassis chiqadi”, “Menga ishonasanmi?” kabi oltin so‘zlar mening qurolimga aylanib ulgurgan. 


Boqing! Farzandlaringiz ko‘zlariga boqing! Gapirmoqchimi, gapirsin! Axir tinglash, qiyin ish emas. Jahlingizni chiqardimi, urishga shoshilib uyingizdan, o‘zingizdan, qalbingizdan uzoqlashtirmang… 


 Ota-onasi janjallashganda qo‘rqib stol tagiga yashirinib olgan va quloqlarini jajji qo‘llari bilan berkitib yig‘layotgan bola bu kabi ma’nosiz urushlar, janjallardan qochib, o‘z qalbiga berkinib oladi. Afsuski, bu berkinmachoqda g‘olib bo‘lmaydi. 


Keling, ana shunday qalbiga berkingan bolalarni ayblashdan oldin eshitaylik!

Fayoza AVLAYEVA, 

“Ma’rifat” muxbiri


(Maqolani yozishda Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi yaqindan yordam berdi. Shuningdek, maqolada ko‘rsatilgan bolalarning ismlari o‘zgartirib ko‘rsatildi).

Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish