“Bog‘chamen” Maktabgacha ta’lim vazirligi diqqatiga!

Shapaloq “Bog‘chamen” Maktabgacha ta’lim vazirligi diqqatiga!
219

Yurtimizning qay go‘shasiga bormang, odamlarning yuzida baxtiyorlik, xursandlik ko‘rib, dilingiz yashnaydi. Qamchiq dovonidan o‘tar ekanman, qir-adirlar, yam-yashil vodiy bor go‘zalligi bilan ko‘zga tashlanadi. Zamonaviy turarjoylar, maktablar va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bu o‘lkada qanday insonlar yashayotganidan dalolat berayotganday. Pungon shaharchasidan Pop shahri tomon yurar ekansiz Qirchin, Tepaqo‘rg‘on qishloqlarida bunyod etilgan sport va sog‘lomlashtirish binolari qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shganini ko‘rib, yayrab yo‘lda davom etayotganimda mungli ovoz e'tiborimni tortdi:


Bir boqing ahvolima,

yillararo xor bog‘chamen,

Kelmadi bir mehribon, yo‘llariga zor bog‘chamen.

O‘tdi necha bahorlar, nechayoz-u qancha kuz,

Ming bor bosdi boshimni beayov qor, bog‘chamen.

Chordevormas, Choldevor nomin olib qishloqaro,

Qayga ketsam bosh olib bu joy menga tor bog‘chamen.

Keldi hokim, ketdi hokim bir qiyo ham boqmadi,

Barcha ishga chora bor-ku,

men-chi nochor bog‘chamen.

Ohki bo‘lsam qani,

jujuqlarim maskani,

Har qadamga intizor, kulgiga zor bog‘chamen.

Ko‘rmadi boshim shifer,

“randa”ga tushdim voh-voh,

Bo‘lsam ham xarob hanuz, hisob ichra bor bog‘chamen.


Mashinadan tushib Tepaqo‘rg‘on qishlog‘i markazidan chap tomonga yigirma metrlar yurganimda ko‘z oldimda “faryod egasi” namoyon bo‘ldi. Bir paytlar o‘z zamonasining oldi binolaridan bo‘lgani salobatidan ko‘rinib turgan inshoot qanday qilib bunday xarob holga tushib qoldiykin, degan savol xayolimdan o‘tib ulgurmay yana nido kela boshladi:


— Eh, aka, xush kelibsiz. Men 1989-yili 100 nafar bolajonni quchog‘ida tarbiyalashga moslashtirilgan, zamonaviy, ikki qavatli bino edim. Atigi o‘n yildan nari-beri bag‘rim to‘lib mehnat qildim. Bolalarning pollarimni qisirlatib yugurganini eslasam, hali-hanuz ko‘zlarimga yosh keladi. Faoliyatim ayrim kaltabin rahbarlar tufayli to‘xtatilgach, yillar davomida eshiklarim, pollarim, oynalarim — deyarli barcha jihozlarim ayrim notavonlar tomonidan talon-toroj qilindi. To‘rt yil avval bir yigit kelgandi. Unga: “Hoy uka, meni talashyapti, bir ilojini qilib saqlab qolinglar”, degandim. “Men viloyat tender komissiyasidanman. Seni butunlay boshqatdan ta’mirlaymiz, g‘am yema”, degandi u. Shundan so‘ng qorovullarim ham uylariga ravona bo‘lishdi. To‘g‘ri-da, qo‘riqlanadigan narsam bo‘lmasa, ular bu yerda qand yeyisharmidi? Shunga ham to‘rt yil bo‘libdi. Bunday va’dalarni eshitaverib, chizilgan gramplastinkani eshitganday o‘rganib qolarkansan. Endi esa bu gaplar xomxayol shekilli, degan o‘yga borib ashkim shashqator bo‘lib, xarobalar ichra nochor bo‘lib turibman. Eshitishimcha, biz kabi g‘ariblarni qo‘llab-quvvatlaydigan vazirlik tuzilganmish. Zora mening ham faryodim o‘sha yerdagi kattalarning qulog‘iga yetsa, ularning sa’y-harakati bilan bag‘rim to‘lib, tumanimizning ilg‘or bog‘chalari safiga qo‘shilsam.


Binoning so‘zlarini tinglab, mening ham ko‘nglimda “Yurtboshimiz sog‘lom ona — sog‘lom bola, sog‘lom avlod — kelajak poyde vori, har bir qishloqda bog‘chalar ishlashi kerak”, — deya jon kuydirayotgan bir paytda tuman mutasaddilari nima ish bilan band ekanlar”, — degan haqli savol o‘tdi.

Binoning nolasini oqqa ko‘chiruvchi

Karimjon ERGASHEV

Maqola muallifi

Karimjon ERGASHEV

Karimjon ERGASHEV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Sport

Ulashish