BUXORIY VA ALISHER NAVOIY

Manbalarda qayd etilishicha, Temuriylar davri haqiqatan ham ilm-fan, madaniyat va maorifning behad ravnaq topishini ta’minlagan Sharq Uyg‘onish davri edi. Tadqiqotchilar tomonidan bu davr tabiiy va ijtimoiy fanlar, tasviriy san’atning gurkirab rivojlanganligi bilan alohida tavsiflanadi. Qulay shart-sharoit va keng imkoniyatlar mavjudligi sababli tarix, mantiq, falsafa, fiqh, tafsir, hikmat, adabiyotshunoslik, tilshunoslik fanlari sohasida o‘z davrining buyuk mutafakkirlari kamol topdi. Alisher Navoiy ham o‘z davrining, o‘sha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy zamin va munosabatlarning mahsulidir. Bu o‘rinda akademik M.Xayrullayevning “Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy bu madaniy ko‘tarinkilik cho‘qqilaridir”, degan e’tirofini eslash maqsadga muvofiq.
Alisher Navoiy milliy ma’naviyatimiz dahosi sifatida “Nasoyim ul-muhabbat”, “Majolis un-nafois” kabi tazkiralarida, “Xamsa”, “Lison ut-tayr” dostonlari sujetida hamda “Mahbub ul-qulub”ning “Tanbeh” (jami 125 ta) qismida ilk Uyg‘onish davri madaniyati va temuriylar Renessansi mutafakkirlarining nomlarini alohida fiqra, zikr, bob, fasllarda yuksak hurmat, faxr bilan tilga olgan, qimmatli tarixiy ma’lumotlar bergan, poetik lavhalar, chizgilar ijod qilgan, ularning asarlaridan ilmiy, nazariy va ijodiy maqsadlarda bahra olganligini ehtirom bilan qayd etgan. Mazkur qimmatli ma’lumot va qaydlar Uchinchi Renessans poydevoriga asos bo‘la oladigan muhim manba hisoblanadi. Ulug‘ shoir tomonidan cheksiz hurmat bilan zikr etilgan temuriylar Renessansi asoschisi Amir Temur va shu Renessans davri mutafakkiri, tarixchi olim, shayx Sharafiddin Ali Yazdiylar haqidagi barcha tarixiy, ilmiy, badiiy lavhalar maqola muallifi tomonidan o‘rganilgan. Ilk Uyg‘onish davri madaniyati mutafakkirlaridan biri, “Sahih” yo‘nalishining asoschisi, islom olamidagi eng yetuk va mashhur muhaddis, faqih, ulug‘ vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy(810–870)dir. Imom Buxoriy nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun musulmon olamining ham faxri hisoblangan. Ilk Uyg‘onish davrida hadis ilmida buyuk yuksalish bo‘lgan. “Kutubi sitta” – olti eng mashhur kitobi bo‘lgan imomlar, ya’ni olti eng ulug‘ muhaddis ana shu oltin davrda yashab kamol topdilar. Imom Buxoriy o‘z davri ilmlarini, ayniqsa, diniy ilmlarni har tomonlama o‘rgangan. Imom Buxoriy o‘n yoshgacha Qur’oni karimni yod olib, minglab hadislarni barcha dalili bilan xotiralarida saqlab yurgan. Ilmlarini chuqurlashtirish niyatida yurtma-yurt kezgan. Hijozi sharifda qirq yildan oshiq yashab, Shosh, Basra, Ko‘fa, Bag‘dod, Hirot, Nishopur, Mashhad, Ray, Jibolu, Xuroson, Qohira, Farabr, Makka va Madina kabi bir qancha shaharlarda bo‘lib, u yerdagi alloma shayxlardan, olimlardan, taniqli muhaddislardan hadis yozib olgan, “Al-jome’ as-sahih” va “Al-adab al-mufrad” kabi mashhur hadis kitoblarini yozib tamomlagan. Bu haqda o‘zlari: “Men bir ming sakson nafar ulamodan hadis eshitdim. Ularning hammalari “Imon – so‘z va amaldan iboratdir”, degan e’tiqoddagi kishilar edilar”, deb yozadi. Quvvayi hofiza va xotirasining aql bovar qilmas darajada kuchliligi jihatidan u kishiga o‘z davrida hech kim teng kelolmagan. 600 ming hadisni yoddan bilgan. Ana shu jihatdan Imom Buxoriyni, Ollohning yerdagi moʻjizalaridan biri, deb ataganlar. Ayni zamonda o‘zlari ham ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. “Sunan” yo‘nalishining asoschisi, mashhur muhaddis Imom Termiziyning ham ustozidir. Imom Buxoriy “Amir ul- mo‘minin” (Hadis ilmida mo‘minlarning amiri), “Shayx ul-islom (Musulmonlar ustozi), “Imom ud-dunyo” (Dunyodagi barcha mo‘min va musulmonlar imomi) degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan allomadir. Eng buyuk sayyoh deya e’tirof etilgan arab sayyohi Ibn Battuta o‘zining mashhur “Sayohatnoma” asarining ikki o‘rnida Imom Buxoriy va “Sahihi Buxoriy” kitobi haqida g‘oyat qimmatli tarixiy ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Ya’ni, birinchi ma’lumot Buxoro shahri to‘g‘risidagi “...Buxoro shahriga yetib keldik. Buxoro – muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vatanidir”, degan
qisqa xabaridir.
Ikkinchi ma’lumot birinchi ma’lumotga nisbatan to‘liqroq bo‘lsa ham, Samarqand shahri o‘rniga Buxoro shahri deb shahar nomlari Ibn Battuta tomonidan xato berilgan, ammo muhimi bu emas, muhim jihati buyuk sayyohning “Buxoroda “As-sahih”ni tuzgan alloma imom, musulmonlar shayxi Abu Abdulloh al-Buxoriy qabrini ziyorat qildim. Alloh uni rahmat qilsin. Al-Buxoriy qabriga quyidagi yozuv bitilgan: “Bu falon-falon kitoblarning muallifi Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning qabridir”, deb yozgan tarixiy bitigidir.
Ko‘plab ishonchli manba va lug‘atlarda hadis va muhaddis atamalariga quyidagicha ta’rif beriladi: “Hadis – so‘zlashuv va xabar berish ma’nosida kelgan naql(bayon va ifoda)ning nomidir. Keyin esa payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning so‘zlari yoki fe’llari yoxud biror masaladagi to‘xtamlari hadis deyilgan. Hadislar ikki qismdan – sanad va matndan tashkil topadi. Hadis ilmi bilan shug‘ullangan zotlar muhaddis nomi bilan atalganlar. Muhaddis – hadislarning sanadlarini, illatlarini, roviylarning ahvolini bilgan, imkoni boricha hadis yodlagan, “Kutubi sitta” (olti mashhur hadis kitobi)ni, Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”ini, Bayhaqiyning “Sunan”ini, Tabaroniyning “Moʻjam”ini tinglagan (saboq olgan) va bularga hadis juz’laridan ming juz’gacha qo‘sha olgan kishidir”. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Shayx Abu Bakr b. Yazdanyor Urmaviy (q.s.) tilidan muhaddislarning butun xayrli faoliyatini ochib beruvchi “Muhaddislar – sunnat qo‘riqchilaridir” degan hikmatni keltirsa, “Arba’in”ning “Sababi ta’lifi manzuma” faslida bu dunyoda kim hadislarga itoat etib, bo‘ysunib, amal qilib yashasa, ertangi kun, ya’ni u dunyoda unga muhaddislar vositachi, himoyachi bo‘ladi, degan purhikmat fikrlarni shunday
badiiy talqin qilgan:
Bu kun o‘lsa hadislarga mute’,
Tongla bo‘lg‘ay muhaddis
anga shafe’.
Alisher Navoiy Imom Buxoriyning sharafli ismi va shoh asari “Sahihi Buxoriy” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Al-jome’ as-sahih” kitobining nomini “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida berilgan Abulvalid Ahmad b. Abi Rajo (Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” nomli hadislar to‘plamidagi ma’lumotlar, lug‘at muallifi va mas’ul muharrir Asror Samad kitob izohida Imom Buxoriy yodga olgan 200 nafardan ortiq muhaddislarning nomini manbasi bilan ko‘rsatar ekan, ammo bu fiqradan bexabar olim muhaddis Abi Rojo izohida esa manba yo‘q deb yozgan. Ko‘rinadiki, muhaddis Abi Rajo to‘g‘risidagi ishonchli manba bu – Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasidagi fiqradir. Ishonchlisi shundaki, Alisher Navoiy bu muhaddisni Imom Buxoriy “Sahihi Buxoriy”da tilga olganini qayd etgani) va Abu Ali Shabbuyi Marvaziy haqidagi fiqralarda ilova xarakterida tilga olgan. Chunonchi Abu Rajo borasidagi fiqrani o‘qiymiz: “Ozodon qaryasidindurki, Hirotga muttasildur. Ulumi zohiriy va botiniy bila olim erdi.
Imom Ahmad Hanbal r.a. shogirdidur. Va Buxoriy o‘z “Sahih”ida andin hadis rivoyat qilibdur. Avoilda ko‘p moli bor emish. Barchasin hadis talabida va haj va g‘azoda sarf qilibdur...” Alisher Navoiyning tazkirada Imom Buxoriy to‘g‘risidagi qisqa va aniq ma’lumoti bu – “Va Buxoriy o‘z “Sahih”ida andin hadis rivoyat qilibdur”, degan moʻtabar sharhidir.
Ikkinchi ma’lumot Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” hadislar to‘plamini yoddan bilgan Pir Shabbuyi xususidadir. Ya’ni Abu Ali Shabbuyi Marvaziy (tug‘ilgan yili va vafoti noma’lum, uning Marvaziy laqabi esa Marv nohiyasidanligidan dalolat beradi) – Navoiy “Nasoyim ul muhabbat” tazkirasida “Abu Ali Shabbuyi Marvaziy” sarlavhasi bilan alohida fiqrada tilga olgan 770 nafar shayxlardan biri, muhaddis, donishmand olim. Navoiyning tazkirada yozishicha, uning asl ismi Muhammad b. Muhammad b. Umar Shabbuyi bo‘lib, Marv nohiyasining eng donishmandi va benazir kishisi bo‘lgan. Va xalq orasida uning pir Shabbuyi nomi bilan ham tilga olingani yoki “Ayuxash-shayx” deb murojaat qilinganini aytgan. Pir Shabbuyi Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” hadislar to‘plamini yoddan bilgan. Navoiy fiqrada Abu Ali Shabbuyi Marvaziy bilan bog‘liq ma’lumotlarni ochiqlashda Shayx Abulabbos Sayyoriy, Shayx Abu Said Abulxayr, ustod Abu Ali Daqqoqlarning nomini ham zikr qilgan. Navoiy yana kitobda pir Shabbuyining “Xudovand taolog‘a hech yo‘l niyozdin yaqinroq yo‘qdur”, “Agar chora toshqa tushsa, ondin chashmalig‘ suv ochar”, “Har kimki, oshiq ermas onga bo‘lmagin qarin (yaqin)” kabi hikmatlarini keltirgan.
Ko‘rinadiki, tazkirada Imom Buxoriy haqida alohida fiqra berilmagan. Ammo bu izohlar ham bizga, birinchidan, o‘z davri ilmlarini, xususan, fiqhni, islom huquqining Qur’on va hadis kabi asoslarini har tomonlama o‘rgangan Alisher Navoiyning ulug‘ muhaddisning hayoti va faoliyatini, yigirmadan ortiq asarlaridan iborat nihoyatda boy va qimmatli ilmiy merosini yaxshi bilganidan, ikkinchidan esa Abulvalid Ahmad b. Abi Rajoning hadis ilmi talabida qo‘lidagi davlatining yarmini sarf qilganidan va Abu Ali Shabbuyi Marvaziyning Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” hadislar to‘plamini yoddan bilganidan o‘quvchini xabardor qiladi.
Alisher Navoiyning bu ma’lumotlariga hamohang qisqa va aniq ma’lumotni Bobur “Boburnoma” asarining Samarqand tasvirida yozgan: “Yana sohibi “Sahihi Buxoriy” Xoja Ismoil Xartanak ham Movarounnahrdindur...”. Ammo Bobur “Sahihi Buxoriy”ga nisbatan “Hidoya”ni yaxshi bilgan, o‘zlashtirgan shekilli, qiyosiy xarakterda fiqh fanida moʻtabar kitob deb “Hidoya”ni ta’kidlab ko‘rsatadi: “...yana sohibi “Hidoya”kim, Imom Abu Hanifa mazhabida “Hidoya”din moʻtabarroq kitobi fiqh kam bo‘lg‘ay, Farg‘onaning Marg‘inon otliq viloyatidindur, ul ham doxili Movarounnahrdur”. Bobur mazkur ma’lumotida o‘ziga xos tarzda Imom Baxoriy vafot etgan va dafn etilgan Samarqand shahri yaqinidagi Xartanak qishlog‘ining nomini ham ko‘rsatgan. Ko‘rinadiki, Alisher Navoiy va Bobur Imom Buxoriyning “Al-jomi’ as-sahih” shoh asarini ilmiy uslubda, ilmiy tilda emas, balki xalq o‘rtasida “Sahih”, “Sahihi Buxoriy” nomi bilan mashhur bo‘lgan xalqona nomda yodga olgan.
Ma’lumki, Qur’on va hadis fiqhning asosiy asoslaridir va shar’iy dalil, ya’ni ramziy ma’noda ikki ishonchli guvoh hamdir. Chunonchi, “Nasoyim ul-muhabbat”ning shayx Abu Sulaymon Doroniy (q. s.) zikrida shayx tilida xuddi shunday ramziy guvoh ma’nosida qo‘llangan: “Va ham Abu Sulaymon debdurki, ko‘pincha haqiqat (kashfu asror) qalbimda qirq kunlab uloqib yuradi. Ularni faqat ikki guvoh: oyat va hadis asosidagina qalbimdan joy olishga ruxsat beraman”.
Hadisdagi amaliy hukmlardan bo‘lmish muomalaga taalluqli hukm, ya’ni insonning boshqalar bilan bo‘ladigan oldi-sotdisi haqidagi kuzatishlarimiz Alisher Navoiy Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobida berilgan “Olloh bay’ni halol qilgan” degan hadis mazmunini o‘z g‘azallaridan birida dalil sifatida ifodalagani, o‘zi ham katta sarmoyador sifatida tijorat ishlarida mazkur hadisga amal qilib ish yuritganini ko‘rsatadi. Fikrimizning isboti uchun shoir g‘azallaridan birida mahorat bilan qo‘llagan ahli bay’ – ahl (ega, sohib, tegishli) va bay’ (savdo, sotish, oldi-sotdi, savdolashish) so‘zlaridan yasalgan va dallol ma’nosini bildirgan izofali birikmaga e’tibor qilsak. Mazkur hadis xalq hayotiga nihoyatda chuqur singib ketgan va odat tusiga kirgan. Xalq orasida qadimdan hozirgacha mavjud bo‘lgan odatlardan biri bo‘lmish – oldi-sotdi jarayonida ahli bay’ – dallol tomonidan sotuvchi bilan xaridor qo‘lini bir-biriga tutqazib, uch marta “bor baraka” deb, savdodagi o‘zaro og‘zaki shartnomani amalga oshirish va savdo ustida oldindan berilgan tangai bay’ona yoki bay’boshi, bay’ pulini ham olishdir. “Sahihi Buxoriy”da jamlangan hadislarni hamda xalqning bunday urf-odatlarini yaxshi bilgan Alisher Navoiy yuqorida zikr qilgan hadis mazmunini va mazkur odatni “Chun ilik bermaski, o‘psam ul sitamkor ilgini” deb boshlanuvchi 7 baytli “ilgini” radifli g‘azalida mahorat bilan qo‘llagan va lirik kechinmalariga ishonchli, hayotiy dalil sifatida keltirgan. Bu dalillashni navoiyshunos Y.Ishoqov nazm va nasrda o‘z matlabining isboti uchun latofat bilan dalil keltirishdan iborat bo‘lgan mazhabi kalomiy nomli, kitob muallifi esa tamsil kabi ma’naviy san’at doirasida ham tahlil qilgan. Chunonchi:
Jon sotarmen xoki poyingga,
nedinkim, ahli bay’
Tuttururlar sotquchi birla
xaridor ilgini.
Alisher Navoiy o‘zining “Qirq so‘z borcha shubhadin solim” deb yaratgan “Arba’in” asarida ham Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, “Al-adab al-mufrad” kabi hadis kitoblaridan ta’sirlanganini, hadislardan mahorat bilan foydalangan nuqtalarini bilishimiz mumkin. Hatto mazkur asarida hadis, sahih hadisga she’riy usulda ilmiy ta’rif ham bergan:
Hamd angakim, kalomi xayrmaol,
Qildi elga Rasulidin irsol.
Ul Rasuleki, ham kalomi fasih,
Elga tegurdi, ham hadisi sahih.
Alisher Navoiy tazkirada jahondagi olti nafar eng mashhur muhaddislardan “Sahih” yo‘nalishi asoschisi Imom Buxoriydan tashqari yana ko‘plab muhaddislarni va ularning hadis ilmiga qo‘shgan xizmatlarini u yoki bu darajada yodga olgan. Masalan, Dorimiy Samarqandiyni shayx Muhammad b. Mansur Tusiy (q.s.) zikrida tilga olgan: “Ul Bag‘dodda ermish, so‘fiy va muhaddis Usmon b. Sayid Dorimiyning... ustodi ermish” yoki “Ali binni Bundor b. Husayn So‘fiy Sayrafiy (q.s.) beshinchi tabaqadindur. Kuniyati Abulhusayn. Nishopurning mutaaxxir mashoyixidindur... va hadisda siqa (ishonchli – B.R.) ermish”. “Abulabbos Sayyoriy (q.s.) beshinchi tabaqadindur. Oti Qosim Ibn Qosim Mahdiydur. Marv ahlidindur. Shayx Abu Bakr Vositiyning shogirdidur. Olim va faqih va muhaddis ermish”. “Abu Bakr Zaqqoqi Sag‘ir (q.s.) shayx ul-islom debdurki, ul bag‘dodlig‘dur, Zaqqoqi Kabirning shogirdidur. Ul hadisqa mashhur erdi, so‘ngra bu toifa tariqig‘a kirdi”. Shayx Abu Bakr Kattoniy (q.s.) zikrida ham “Yamanda Safo masjidida xalq Abdurazzoq qoshida hadis o‘qurlar erdi” kabi ma’lumotlar talaygina. Hakim Termiziyni alohida fiqrada yodga olgan.
Kuzatishlardan ma’lum bo‘ladiki, birinchidan, Alisher Navoiy hadis ilmi va mashhur muhaddislar tartib bergan hadis to‘plamlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan, o‘zining badiiy maqsadi ifodasi va fikrlari tasdig‘i uchun asarlarida hadislardan ko‘p foydalangan. Bu borada u hadislarni goh to‘liq bersa, goh bir qismini keltiradi, goh esa mazmuniga ishora qilib ketadi. Binobarin, shoirning o‘z ijodida hadislarga murojaat qilish usullari ham alohida tadqiqot mavzusi bo‘la oladi.
Ikkinchidan, Birinchi Renessansning buyuk vakili muhaddis Imom Buxoriy va Ikkinchi Renessansning ulug‘ mutafakkiri Navoiyning boy ijodiy merosi Uchinchi Renessans uchun asos bo‘la oladigan noyob manbalardan sanaladi.
Burobiya RAJABOVA,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi
Shu kecha va kunduzda
“Biz buni bolalarga koʻrsatilgan ehtirom sifatida qabul qildik!”
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi navbatdagi bitiruvchilarini kuzatdi
Matbuot tarixi suratlarda: Toshkentda noyob fotoko‘rgazma ochildi
Matbuot – jamiyat ko‘zgusi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
952.webp)
TA’LIM VA ENERGETIKA: ikki sohaning uzviy bog‘liqligi nimada?
144.webp)
SO‘ZDAGI SEHR VA DILDAGI MEHR (Nobel mukofoti laureati pokistonlik Janna D’ark – Malala Yusufzayning mashhur nutqi haqida mulohazalar)

TA’MIRTALAB YOZUVLAR KIMDAN BUYRUQ KELISHINI KUTMOQDA?
