ChatGPT – AI haqida talabalar fikri: ChatGPT Giyohvand moddami?

Xalqaro hayot ChatGPT – AI haqida talabalar fikri: ChatGPT Giyohvand moddami?
97

ChatGPT haqida qanday metaforalardan foydalanishimiz bu yangi texnologiyaga  bo‘lgan munosabatimizni yaqqol aks ettiradi.

“ChatGPTdan foydalanish baland poshnali tufli kiyishga oʻxshaydi”, deydi  xitoylik magistratura talabasi: Garchi u mening yozganlarimni nafis ko‘rsatsa-da,  ba’zida ilmiy olamda qiyinchilik tugʻdiradi ham.”


Olib borilgan tadqiqotda Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan bir qator magistratura talabalaridan ChatGPT kabi generativ sun’iy intellekt vositalarining yozuv jarayonidagi o‘rnini metafora orqali ifodalab berishni so‘ralgan. Talabalar tomonidan berilgan javoblar juda rang-barang va ijodiy bo‘lgan. Sun’iy intellekt – “kosmik kema”, “oyna”, “samaradorlikni oshiruvchi dori”, “o‘zini boshqaruvchi mashina”, “bo‘yanish vositasi”, “ko‘prik” yoki “fastfood”ga qiyoslangan. Ikki kishi uni “O‘rgimchak odam” bilan, yana biri esa  Garri Potterdagi “sehrli xarita”ga oʻxshatgan.


“Sun’iy intellekt ta’limni keskin o‘zgartirib yubordi”, deydi tadqiqotning yetakchi muallifi, Gonkong universitetining ta’lim texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotchisi Chin-Hsi Lin. “Biz talabalarning bu texnologiyadan qanday foydalanayotgani va unga bo‘lgan munosabatlarini erkin ifoda etishlarini istaymiz”, – deya qo‘shimcha qiladi u. 


Lin rahbarligida olib borilgan tadqiqotda Xitoy, Pokiston, Fransiya, Nigeriya va AQSH kabi 14 mamlakat vakili bo‘lgan talabalar ishtirok etgan. Ishtirokchilarning barchasi o‘sha vaqtda faqat pulli obunachilar ishlatishi mumkin bo‘lgan ChatGPT-4 dan foydalangan. Tadqiqot davomida talabalardan 277 ta metafora to‘plangan va chuqur tahlil uchun 24 nafar talaba bilan intervyu o‘tkazilib, ularning ChatGPT bilan yozishmalari ham so‘ralgan.


Tadqiqotchilar olingan javoblarni tahlil qilib, talabalar AIdan qanday foydalanayotgani va unga bo‘lgan munosabatlarini to‘rt toifaga ajratgan:


Birinchi toifa, asosan, AI(sun’iy intellekt)ni texnik yordam olish uchun foydalangan talabalar guruhi boʻlgan. Sodda koʻrinishdagi bu foydalanish ingliz tilidagi grammatikani tekshirish yoki adabiyotlar ro‘yxatini tartiblash kabi vazifalarni o‘z ichiga olgan. Bu holatda AI bo‘yanish(make-up), poshnali tufli, tahrirchi, til o‘qituvchisi yoki o‘lchov lentasiga oʻxshatilgan.


Ikkinchi  toifadagilar sun’iy intellektdan matnni yanada yaxshi shaklga  keltirish uchun foydalanishgan. Ayrim talabalar fikr doirasidan chiqmaslik va matn izchilligiga yordam berganligi uchun AIni Tesla avtomobilining avtopilot tizimiga o‘xshatgan bo‘lsa, boshqalar AIdan adabiyot sharhi yozishda foydalangan va uni “yordamchi(assistant)” yoki “shaxsiy xarid yordamchisi(personal shopper)” sifatida ta’riflagan. Shuningdek, Chatbotdan fikr yuritish va gʻoya olish uchun foydalanganlar AIni yo‘l ko‘rsatkich – “kompas”, “hamroh”, “avtobus haydovchisi” yoki “sehrli xarita” deb atashgan.


Uchinchi toifada talabalar AI yordamida nafaqat yozuv jarayonini, balki yakuniy ishni ham tubdan o‘zgartirishganini bildirishgan. Bu yerda AI  madaniy til farqlarini yengib o‘tishda yordam berganligi sabab  “ko‘prik” yoki “o‘qituvchi” sifatida qaralgan. Ayniqsa, ilmiy uslub ingliz tilida olib borilishi hisobga olinsa, bu juda ahamiyatlidir. Sakkiz kishi AIni “fikr o‘quvchi” deb atagan, chunki ishtirokchilardan birining soʻzlariga koʻra, u “ifodalash qiyin bo‘lgan chuqur ma’noli tushunchalarni” ifoda etishga yordam bergan. Boshqalar esa AI murakkab tushunchalarni anlashda ham yordam berganini ta’kidlagan. Uch kishi AIni “kosmik kema”, ikkitasi esa “O‘rgimchak odam”ga oʻxshatgan. Ularning fikricha, AI “ilmiy ma’lumotlar to‘rida tez harakatlana oladi.”


To‘rtinchi toifadagi talabalar esa AIning salbiy jihatlarini ifodalovchi metaforalar qoʻllagan. Masalan, ijodkorlikni yo‘qotishi, chuqur fikrlashni susaytirishi haqida fikrlar bildirilgan bo‘lib,  bu toifadagilar ChatGPTni “fastfood”ga, “soxta ijodkor rassom”ga va eng koʻp “giyohvandlik vositasi”ga hamda sportdagi “steroid(sun’iy gormonlar yoki doril)”lar bilan ifodalagan.


Garvard Universitetining “Raqamli rivojlanish markazi” texnologiya tadqiqotchisi Emili Vaynshteyn ushbu tadqiqotda ishtirok etmagan bo‘lsa-da: “Metaforalar juda ahamiyatlidir, chunki ular yangi texnologiyalar haqida jamoatchilik fikrlarini shakllantiradi”, deydi.” Uning fikricha, poshnali tufli, sehrli xarita yoki avtopilot kabi metaforalar chiroyli ifoda bo‘lishiga qaramay, o‘zida ishonchsizlik ma’nosini ham tashiydi. Masalan, poshnali tufli yiqilish ehtimolini bildiradi, sehrli xarita esa ilmiy isbot talab qiladi, avtopilot esa ba’zan halokatga sabab bo‘lishi mumkin.


Vaynshtey: “Yangi texnologiya haqida hech qachon yagona to‘g‘ri metafora bo‘lmaydi”. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar haqida “giyohvandlik” yoki “sigaret” metaforalari keng tarqalgan va ular qaysidir ma’noda o‘rinli ham. Negaki “TikTok” yoki “Instagram” kabi ilovalar haqiqatan ham oʻziga qaram qiladi va, asosan, yoshlarni nishonga oladi. Lekin agar biz texnologiyaga birgina metafora bilan baho beradigan boʻlsak, texnologiyaning murakkabligini  soddalashtirib yuboramiz, natijada esa uning na foydasini, na zarari to‘liq anglay olamiz.


Bugungi kunda generativ AI haqida madaniy tasavvurlarimiz hanuz yetarli emas. Vaynshteyning fikricha, aynan  shu sababli jamiyatda sun’iy intellektga nisbatan ko‘pincha vahima, haddan tashqari salbiy yoki, aksincha ijobiy his-tuyg‘ular bilan yondashilmoqda. Aslida esa eng muhim savol javobsiz qolmoqda: biz sun’iy intellektdan qanday foyda olishni va uni qanday boshqarishni xohlaymiz? Bu savollarni ochiq va asosli tarzda muhokama qilish uchun esa hali bizda unga mos tushuncha va metaforik ifodalar shakllanmagan.

 

Sun’iy intellekt haqida tushunchalarni shakllantirish ochiq muhokamalar, sinfda birgalikdagi tahlillarni talab qiladi. Hatto  ba’zan har bir vazifa uchun AIdan qanday foydalanishni alohida muhokama qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu yondashuv o‘qituvchilarga AIdan foydalanishning hamma yoʻllarini mukammal bilishi shart emasligini koʻrsatgan holda, ularga bosimni kamaytiradi. Shu bilan birga, talabalar  ham turli vaziyatlarda AIdan foydalanish oʻrinli yoki oʻrinsiz ekanligini anglab borishadi. Ba’zi topshiriqlarda o‘qituvchi yoki ilmiy rahbar talabaning sun’iy intellektdan fikrlarni shakllantirishda foydalanishiga ruxsat berishi mumkin. Bu texnologiya murakkab axborot muhitida yo‘l tanlashga, fikrlar orasida izchillik va aniqlik kiritishga ko‘mak beradi.


“Turli topshiriq va kontekstlar uchun farqli o‘quv maqsadlari mavjud”, deydi Vaynshteyn: “Har doim ham o‘quv maqsadlari bilan sun’iy intellektdan foydalanish bir-biriga zid boʻlmaydi, ya’ni ba’zida o‘quv topshirig‘ining maqsadi shunday bo‘lishi mumkinki, u holda sun’iy intellektdan foydalanish aynan o‘sha maqsadga yetishda yordam beradi”.


Aziza HAKIMOVA,

O‘zDO‘TAU talabasi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar

Ulashish