ILM-U MA’RIFATGA BAXSHIDA UMR

Ehtirom ILM-U MA’RIFATGA BAXSHIDA UMR
61



Inson umri davomida qoldiradigan meros  ̶  ilm, tarbiya va shogirdlar qalbida yoqilgan ma’rifat chirog‘i bolishi kerak. Ana shunday yorug‘ yo‘lni bosib o‘tgan, hayotini fan va ta’limga bag‘ishlagan olimlardan biri  ̶  fizika-matematika fanlari doktori, professor Gulmirza Xudoyberganov. Ustozning bu yil 80 yillik yubileyi nishonlanmoqda.


Professor Gulmirza Xudoyberganovning ilmiy-pedagogik faoliyati o‘zbek matematika maktabi taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq. 1977-yil yanvar oyidan boshlab uning rahbarligida “Ko‘p o‘lchovli kompleks analiz” mavzusidagi ilmiy yo‘nalish faol ish boshlagani zamonaviy matematika fanini chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘ldi. Ushbu yo‘nalish nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki talabalarni mustaqil fikrlashga, har bir qoidani tanqidiy tahlil qilishga o‘rgatdi.


O‘sha yillari biz Toshkent davlat universiteti Matematika fakultetining birinchi kurs talabalari edik. Ilm olamiga ilk qadam qo‘yayotgan, kelajakdagi yo‘limizga ishonch va shijoat izlayotgan bir paytda Gulmirza aka kabi ustoz bilan uchrashuv taqdirimizda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Ustozning darslari oddiy ma’ruza emas, balki fikrlash madaniyati, ilmiy jasorat va haqiqatga sadoqat darsi edi.


Gulmirza Xudoyberganov talabalari uchun nafaqat bilim manbayi, balki hayotiy namuna bo‘lib keldi. U kishi ilmga halollik, mehnatga sidqidildan yondashish, vaqtni qadrlash kabi fazilatlarni o‘z shaxsiy namunasi bilan o‘rgatdi. Shu bois, bugun turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan ko‘plab olimlar, pedagoglar va mutaxassislar o‘zlarini Gulmirza Xudoyberganov shogirdi deb faxr bilan aytadilar.

Ilm yo‘liga kirgan har bir  inson uchun fidoyi, oqko‘ngil, o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lgan donishmand qalb egasiga shogird bo‘lish chinakam baxt.

Ustozdan talabalik paytlarimdanoq saboq olish baxtiga muyassar bo‘lganimdan doimo faxrlanib yuraman. Oliy ta’limda iqtidorli yoshlar bilan ishlang, to‘garaklar o‘tkazing degan topshiriqlar eshitib qolamiz. Mening ilmiy faoliyatimda eng asosiy rol o‘ynagan, ilm yo‘liga kirishga undagan, talabalik yillarimda qatnashgan “Matematik analiz” fanining togarak darslari bo‘ladi. 


Bundan roppa-rosa ellik yil oldin Toshkent davlat universitetining Matematika fakultetining birinchi kursida o‘qir edim. Biz o‘zbek guruhida ikkita potok edik. Birinchi potokka ustozimiz Gulmirza Xudayberganov va bizning ikkinchi potokka taniqli matematik Muhammedjon Xoliqov, “Matematik analiz” fanidan ma’ruzalar o‘qir edi. Bir kuni Muhammedjon aka yoniga chaqirib Gulmirza Xudayberganov  “Matematik analiz” fanidan  to‘garak mashg‘uloti tashkil etayotgani va domla meni  o‘sha  to‘garakka o‘zi taklif etganligini aytdi. Men birinchi kursning ikkinchi yarmidan, ya’ni bahorgi semestrdan o‘sha to‘garakda ishtirok eta boshladim.


Ma’lumki, hamma matematik ta’limotning fundamental asosi matematik analiz hisoblanadi. Universitet matematik ta’limida matematik analiz fani 4 ta semestr  o‘qitiladi va o‘quv mashg‘ulotlariga ajratilgan o‘quv yuklamalari ham ko‘p. Shu davrda tashkil etilgan “Matematik analiz” fani bo‘yicha to‘garak oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini chuqurlashtirish, murakkab masalalarni mustaqil yechishga o‘rgatish va ilmiy tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan muhim ilmiy-ijodiy faoliyat shakli bo‘lib xizmat qilar edi.


Amerikalik olimlar B.Gelbaum, Dj.Olmstedning 1967-yilda  “Mir” nashriyotida rus tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan “Контрпримеры в анализе” (“Analizda kontur masalalar”) nomli kitobi xuddi matematika to‘garagi uchun yaratilgan o‘quv qo‘llanmadek edi. Mazkur kitob “Matematik analiz” fanida o‘rganilgan mavzularni  to‘ldirishda, ya’ni talabani fikrlashga o‘rgatishda, o‘rganilgan mavzularni chuqur o‘rganganishda, shular asosida  ilmiy  masalalarni  yechishga o‘rgatishda,  “tajribasiz” talabalar uchun “xavfli” savollarni o‘rganishda muhim o‘rin tutgan.  Kitobda masalalarni to‘la isboti berilmagan. Uni talaba o‘z ustida ishlab, turli o‘quv adabiyotlarini o‘qish orqaligini isbotlay oladi va unda ayrim masalalarning  g‘oyalari berilgan joylari bor. Kitobda chuqur mulohaza qiladigan, o‘tilgan mavzularni o‘zlashtirishni talab qiladigan masalalar mavjud. Bular talabani ijodiy yondashishga undaydigan masalalardir. 


Bugungi kunga kelib ustozning bir qator shogirdlari, jumladan, Bahodir Shoimqulov, Isoqjon Hamdamov, Niyatbay Uteliyev, Saylavboy Kosberganov, Barliqbay Prenovlar fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlari, bundan tashqari, fizika-matematika fanlari  nomzod va dotsentlarini yetishib chiqdi. 


80 yil  ̶  bu faqat vaqt o‘lchovi emas, balki ilm yo‘lida sarflangan umr, minglab shogirdlar taqdiri, fan ravnaqigа qo‘shilgan ulkan hissadir. Hurmatli ustozimizning hayot yo‘li yosh avlod uchun hamisha ilmga chorlovchi debocha bo‘lib qolaveradi.


Gulmirza Xudoyberganovga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va ilm ravnaqi yo‘lida yana ko‘plab shogirdlar tarbiyalash baxtini tilaymiz!

Ro‘zimboy MADRAHIMOV,

 Oliy ta’lim a’lochisi, 

professor












Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish