Limonning suvini siqib ichgandek…

Ehtirom Limonning suvini siqib ichgandek…
61


Universitetga qabul qilinganimda sevinchim bilan birga qayg‘ularim ham bisyor edi. Insonning tug‘ilishi ham o‘lim tomon qo‘yilgan bir qadam bo‘lganidek, mening o‘qishga qabul qilinishim navbatdagi bulutli, yomg‘irli kunlarimning ibtidosi bo‘ldi. Hech narsaga qaramay oldinga qadam tashlayman, desam  meni o‘tida qovuruvchi gulxan bor, orqamga bir qarab qo‘ysam undan battar otash yuzimga ufuradi, sariq va kalta kipriklarimni yulib ketadi, paxta teraverib quyosh qisib qo‘ygan ko‘zlarimning battarroq chirt yumilishiga sababchi bo‘ladi.


O‘qisam shartnoma to‘lovini to‘lashga pul topishim kerak, agar o‘qimay yana bir yil kechiksam, och-nahor, yupun kiyim, teshik oyoqkiyimlarda o‘quv markazlariga qayta qatnash lozim, o‘qish azobidan ham yomoni turmushga berib yuborishlari mumkin. Mayli, dedim oʻzimga-oʻzim: “Modomiki, qaysi tomonga yursang ham olovda yonish qismatingda bor ekan, olgʻa yurib yongan behroq”. Birinchi kursni tugatib olgach, ayni ilm oladigan ikkinchi kursimda kichikroq oshxonadan ish ham topildi. Endi men “Jahon adabiyoti” oʻqitiladigan bir davrda “Anna Karenina”, “Martin Iden”, “Telba”, “Graf Monte Kristo” kabi semiz kitoblarni oʻqish bilan birga ramaqijon jussam bilan yarim kech­gacha idish-tovoq ham yuvaman. Ishonasizmi, kitoblarga berildimmi, tirikchilik­ning koʻyida yugurdimmi, kunlar soyday oqdi-ketdi. Toʻrtinchi kursman, 2019-yil. Hali ham chanqogʻim bosilmadi. Kitoblarni oʻqiyman, ammo ular haqida ichimni yoradigan, toʻgʻri tahlil qilishimga yordam beradigan odam yoʻq. Oʻqituvchilarning vaqti yoʻq deb oʻylardim. Ammo ilmni soʻrab boraverish kerak ekan. Darslar boshlangan. Endi oshxonada ishlamay qoʻydim. Repetitorlik qilib uch-toʻrt abituriyentga dars bergan bahona kvartira pulimni topib turibman. Bu imkoniyatlardan foydalanib oʻzimni yana kitoblarga urdim. Seshanba! Uchinchi juftlik dars – “Yangi oʻzbek adabiyoti”. Bir qari, gavdali, sochlari oqargan, dastlab, tashqi koʻrinishdan oladigan taassurotimga koʻra, bir chol darsga kirdi. Ohista-ohista. Shoshilmaygina stulni horgʻin odamday egalladi. Mana, toʻrtinchi yil oʻqiyapman, haligacha “odob”ni oʻrganmadim, birov haqida gapirganda hurmat qoʻshimchasi – [-lar]ni gapning kesimlari oxiriga qoʻshmayman. Nima bo‘pti, deyman sahroyiligimga borib: “Axir bundan boshqa ham tashvishlarimiz, chindan tuzatilishi shart boʻlgan munosabatlarimiz tiqilib yotibdi”. Yana eng hurmat qilgan odamlarim haqida  “hurmatsiz” gapirishda davom etaman. Yago­na haqiqat – men bunga majbur emasman.


Dars boshlandi. Professor Gʻayrat Murodov oʻzining kim ekanligi, unvonlari ahamiyatsizdek faqatgina ism-familiyasini aytadi va gapirishda davom etadi. Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat asarlari haqida choʻzib-choʻzib nutq irod qiladi, mening toqatsiz toqatim bilan oʻchakishganday batafsil toʻxtalib oʻtadi. Ba’zan bu xush yoqadi. Men bu ovoz bilan koʻklarga koʻtarilaman, ilm koʻshkiga qadam qoʻyib, alchayib oʻtirib olaman. Orqa stoldan joy oladigan men endi ustozning tumshugʻining ostida ogʻzidan toʻkilgan har bitta durni kipriklarim bilan terib olaman. Barcha ohori toʻkilmagan, yap-yangi irfonlar meniki. Moʻysafid sehrgar professor esa oʻqimagan asarlarimda ham yashashni oʻrgatadi. Kursdoshlarim sabrsizlanadi. “Chol” va uning biz bor-yoʻqligimizni ham sezmaydiganday har ne boʻlsa-da, davom etaveradigan “tinglovchisiz” suhbati ularni qiziqtirmaydi. Qanday ogʻir jarayon! Yigʻlagim keladi. Qarshingda ilm xazinasi turibdi, sen burningni jiyirgancha bozor haqida, yangi sevib qolgan yigiting bergan sovgʻalar borasida gurung qilasan, men hali-beri yetolmaydigan aqlli telefoningda qandaydir rasmlarni tomosha qilasan, ulashasan, dars boʻlishiga qaramay, sheriklaring xabarlarni qabul qiladi, erinmay mulohaza yuritadi, “komment” joʻnatadi. Qanday mudhish! Darsning oltmish daqiqasi oʻtgach, uyi­ga oʻt ketgan kabi shoshilgan qizlar uyalmay turli yolgʻonlar bilan “ruxsat” soʻrashadi. Qorongʻu tushadi, yoʻllar tirband! “Axir bizni boʻri yeb ketadi”. Professor bir oʻylab olganday koʻrinadi, soʻngra sekin-sekin, bitta-bitta “ruxsat” beradi. Bu kama­yish darsga mutlaqo ta’sir qilmaydi. Yana bir tekisda ma’lumotlar aytilaveradi. Professor xuddi Googlega oʻxshaydi. Foydalansang, ana ichi toʻla, foydalanmasang ham unga zarar yetmaydi, ishlashda davom etaveradi, u ranjimaydi. Erkin Vohidovning, Shavkat Rahmonning, ayniqsa, Rauf Parfining “sir”lari ochila boshlaydi. “As-saaalooom aleeeykum, dooorning ogʻoochi!” Ummonlar yoʻlingda, jaaangaaal yoʻlingda, Noooma’lum har joooyda qurilgan dooo­ring!” She’rlarning bari yoddan oʻqiladi. Men esa shu gʻarib holimga boqqan och ipak qurtidek nimjon, bilgisiz ruhiyatimni tobora ang­lay boshlayman, oʻzimdan uyalib ketaman. Inson tabiatan bahona topishga usta yaratiq. Men pul topishga majbur boʻldim, deya shunchalar kam kitob oʻqigandimki, ustoz menga koʻrsatib bergan osmon qadar adabiyotning ichida bilganlarim parlanib ketardi. 


 Bir-ikki oydan keyin bu qizlarning qiligʻiga chidolmadim. Professor darsga kirib kelishidan oldin qizlarni oʻzimning oʻtkir gaplarim bilan “tishlab-tishlab” olardim: “Yoqmasa ham, tovuqmiyangga sigʻdirishga joying boʻlmasa ham, jim oʻtirlaring, darsga xalaqit beryapsanlar, ayniqsa, dars tugashiga yarim soat qolganda, eng qiziqarli qismida “ketaylik”, deb asabni buzyapsanlar, senlar ketganing uchun menam ketishga maj­bur boʻlyapman”. Qizlar ham mendan battar odobsiz, bir-ikkisi oʻshqiradi: “Senga nima?” Keyin ichimda bariga tupuraman. Oʻzimga boshqa odat chiqaraman. Endi kuchsizroq oʻqituvchilarning darsiga kirmayman, oʻsha paytda professor Gʻayrat Murodovniki deb oʻylaydiganim “111” raqamli eshikka chopaman. Yaxshi koʻrgan ustozlarimga “Professorning yonida edim”, deyman, indashmaydi. Men, nihoyat, meni tinglaydigan, men oʻqigan yangi asarlarni tahlil qilganimda erinmay “javob qaytaradigan” haqiqiy ustoz topgandim. Chunki doim ham oʻqigan asaringni oldindan oʻqib qoʻygan oʻqituvchini topib boʻlmaydi. Bu kichkina xonada na choyga, na biron iltifotga hojat bor. Na men bu kishi “professor” ekan deya takalluf qilaman, na bu kishi bosiq-bosiq gapirayotgan gaplarini “shart” boʻlib ogʻizlaridan kalimani ilib ketganimda menga: “Sen kimsan, haddingni bil!” deydi.  Bu xonadan chiqib “Tilshunoslik”ka oid darslarga aslo borgim kelmaydi. Mening ichimdagi yetim adabiyot va oʻsmay qolayotgan qarovsiz oʻzligim, ilmga chanqoq yoshligim oʻziga SOHIB topadi. Bu sinfxonada men bor, piri komil bor, adabiyot bor, Xudo bor xolos. Gunteginlar, Bredberilar, Drayzerlar, Kabo Abelar, Akutagavalar tahlil qilindi, “Mening Dogʻistonim”, “Aqchagul”, “Zafar va Zahro”, “Navoiy”lar men tortgan tarafga ustoz bilan birgalikda tortib talqin qilindi. Borgan sari ichimdagi dengiz toʻlqinlanardi, shiddatga toʻlardi. Ustozim asarlar­ning mening aqlim yetmagan qirralarini ochgan sari men toʻyinib borardim. Ayamay, tortinmay savollar berardim. “Choliqushi” romanining kinosida Ferideni bir sinf bolaga tanishtirgan erkak oʻqituvchi hazil tariqasida shunday deydi: “Bu oʻqituvchining limonday siqib suvini ichinglar”. Men  borgan sari bebaho ustozimning “limonday suvini siqib ichgandek” boʻlar edim. Bu “limon” mening adabiy immunitetimni koʻtarardi. Endi menda har qanday qahraton qishdan ham kasal boʻlmay chiqa olishimga ishonch paydo boʻlardi. 2020-yilgi epidemiya tarqalishi va oliy oʻquv yurtlari talabalari tarqatib yuborilishi mening ana shunday ilmdan sarxush kunlarimga nuqta qoʻydi. Ammo ustozimni koʻrmasam-da, telefon orqali maktublashib, bilmaganlarimni soʻrab turardim. Mana, oʻshandan buyon besh yil oʻtdi. Men hozir ham jonkuyar, odamo­xun, samimiy, botini va zohiri yanada basavlat(ilmlarining viqorini endi koʻproq his qilganim uchun), tuproqsifat professor Gʻayrat Murodovning yonlarida koʻp-koʻp boʻlgim, yana adabiyotshunoslikni koʻproq oʻrgangim keladi. Ustozning menga oʻrgatadiganlari hali ancha ekanligini(hali limonning suvi koʻpli­gini) his qilaman. Yaxshi ona, yaxshi ayollikni eplagan boʻlishim mumkin, ammo hali eng ilmli shogird maqomiga erisholmadim. Bir shogird bir chin ustozdan bilim olishi uchun professor ustozlar mavqelaridan, unvonlaridan voz kechib shogirdining yoniga tepadan pastga tushishi juda ham zarur. Yoʻqsa, oʻrtada oʻngʻaysizlik, chala uqish holati paydo boʻladi. Professor Gʻayrat Murodov – mening ana shunday yonimda turib, oʻzini har bir shogirdiga “teng” tuta oladigan ustozim! U kishi haqida boshqalarga gapirganimda hurmatlab “-lar”ni qoʻshmasligim(oʻgʻuz lahjamga xos) mumkin, ammo, ilmdan boshqa narsaga hasad qilmaydigan bir inson sifatida atrofidagi  mendan oʻzga shogirdlariga nisbatan qizgʻonib “-im” qoʻshimchasini, albatta, chin dildan qoʻllayman. Haqiqiy hurmat shogirdning tili uchida emas, koʻnglida, koʻzida boʻladi. Menday bir “betakalluf” shoirni ustozim koʻzimdan anglab turishini his qilaman.  

Ruxsora IMOMOVA


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish