MING DOLLAR MASALASI NIMA BO‘LDI?

Hurmatli o‘qituvchilar, beva xotinning tushiga er kirar, kambag‘alning tushiga yer, deganlariday, har kech tushlaringizda ming dollarli boy bo‘lib chiqayotganingizdan xabarimiz bor. Bizga ham bir-ikki so‘m yordam qiling-da endi... Hazillashdime-e, buncha yomon qaraysiz?
Kecha do‘konda bir kishining savdogar yigit bilan tortishayotgani ustidan chiqib qoldim:
— Ey, uka, insof bilan-da! O‘tgan kuni buncha narxda edi, bugun mana buncha bo‘libdi, oziroq tush…
— Faloncha mallim, ming dollardan oylik olib yotgan odam, ming so‘m ustida tortishib o‘tirsa uyat bo‘lmaydimi?
Haligi hamkasbingizning do‘konchiga qadalgan nigohlari oldida sizniki holva. Bo‘ralatib so‘kardi-yu, ammo “muallim” degan ulug‘ nomiga tog‘ri kelmaydi-da. Azaldan boy to‘n kiysa — qulluq bo‘lsin! Kambag‘al kiysa — qayerdan olding, deydigan xalqmiz. Zarchoponning nasiyaligini kim bilib yotibdi. Bu do‘kon-u savdogar yigit menga kollejda o‘qigan yillarimni eslatib yubordi…
Shahar ammamning qishlog‘i emasligini juda erta tushunib yetdim. Belimga tugib kelgan ikki qo‘yning puli bir necha kunda tamom bo‘ldi. “Ochlik” bilan “talaba” so‘zlari qofiyadosh. Adabiyotshunos-u shoirlarimiz nima desa, desin. Tengqur kursdoshlarim meni “aka” deb chaqirishardi. Peshonamning bir tomoni do‘ng, bir tomoni esa otning tuyog‘idan esdalik. Umrida bir taroq ko‘rmagan sochlarning-da ko‘pi arazlagan, ko‘zlarimning biri shimolni, birisi janubdi ko‘rsatadi. O‘rtasida oshqovoqday burun. Yuzimning ham chala kuygan qozondan farqi yo‘q… Xullas, shuning uchun ham “aka” deganlariga xafa bo‘lmasdim. Bobo demaganiga shukur.
“Yosh”imni hurmat qilib, mendan maslahat so‘rab turishardi. Och qolganimizda yegulik topish ham mening zimmamda. 3-4 kunlik qaqshatkich “ocharchilik”dan so‘ng bir nishqurt qoldirmay sabrimizni ham yeb bitirdik. Ko‘cha boshidagi do‘konchi hali bizni tanimaydi. Ammo boshqa najot yo‘q. Oxiri betimizni qalin qilib, shundan 5-6 ta bo‘lkanon qarzga olmoqchi bo‘ldik. Bermasa, o‘maramiz! O‘ldirsa o‘ldirsin, qornimizga tepmasa bo‘ldi…
— Kechirasiz, shu ko‘chada turaman, pulim tugab qolgan edi, 5-6 ta bo‘lkanon qarzga berib turing. Keyingi haftada qaytaraman, erkakcha gap!
— Ey aka, siz ham o‘qituvchimisiz?
Nima deyarimni bilmay, bosh irg‘ib qo‘ydim. Oylik tushganda berarsiz, deya sotuvchi aka bo‘lkanon to‘la paketni qolimga tutqazdi. O‘sha payt miyamdan bisotida oldi-qochdi savollardan boshqa hech vaqosi yo‘q, pora olmaydigan ustozlarimiz ham bu do‘konga tez-tez kelib turarkan-da, degan xayol o‘tdi. Hozir o‘sha ustozlarim qayerda ekan. “Rossiyada ming dollardan oylik olasaaaan, oylik olasana-aa, mana olasan…”, degan qo‘shiqni aytib, Maskva ko‘chalarini supurib yurishibdimi, yo sizga o‘xshab tushlarida o‘sha “kal”larning suratiga tikilib yotibdimi, u yog‘i menga noayon. Chiniminan ayting-chi, shu ming dollar masalasi nima bo‘ldi o‘zi?
Azaga kelgan xotin o‘zining dardini aytib yig‘laydi. Garchi o‘qituvchi bo‘lmasam-da, muallimlarning oyligi ko‘tarilishini sizdan kam kutayotganim yo‘q. Nimaga deysizmi? Axir men ham uylanishim kerak! Topdingiz, mallimning uli bo‘laman. Otam bu xushxabarni eshitishi bilan botingkasiga solingan sabzini ilg‘amaydigan darajada o‘zgardi qoldi. Har kuni maktabdan qaytgach cho‘tni olib hisob-kitobga kirishib ketadi:
— Har oy ming dollardan oylik olsam, bir yilda mana shuncha bo‘ladi, bunchasiga bu olamiz, unchasiga u olamiz…
Oxiri o‘zbekchilikni ham bir chetga yig‘ishtirib, dardimni to‘kib solishga majbur bo‘ldim:
— Ota, jo‘ralarimning bolalari maktabga boryapti, shunday-shunday. Qachon endi...
— Ulim, hammasini hisoblab qo‘yganman. Oyligimiz ming dollar bo‘lsin, shundan keyin to‘yingni gumbura-qars qilib o‘tkazamiz. Sherali Jo‘rayevni ham chaqiraman deb turibman…
Bu uying kuygur ming dollarni bir mengina kutayotgan bo‘lsam mayli edi. Enam, ukam, qo‘y, mol, echki, xo‘roz, boringki, kecha qarzga go‘sht olganimiz Kazzob qassob ham o‘qituvchilarning oyligi ko‘tarilishini kutyapti. Enamga ro‘mol, ukamga yangi botinka, tovuqlarga don, qo‘ylarga arpa, mollarga kunjara… menga esa xotin kerak!
P/s. Oysarajooon, ne qilay?! Uying kuygur ming dollar bebaho muhabbatimizga zomin bo‘ldi. Bu ketishda dunyodan toq o‘tadiganga o‘xshayman. Mabodo qora baxting ochilib, biror sho‘rpeshona uchrasa, turmushga chiqib ketaver. Vasiyatim shu — bolalaring katta bo‘lgach birortasi o‘qituvchi bo‘laman desa, quloq chakkasini aralashtirib chunonam shapaloq tortki, butun umri davomida qaytib bu so‘zni tilga olmasin!
Mallimning uli
Shu kecha va kunduzda
Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
Xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida 58 ta maktab quriladi
Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank