MUSTAQILLIKNING ENG BUYUK GʻALABASI – TINCHLIK
Daxldorlik
33
Inson uchun Vatan tushunchasi avvalo uning qalbidagi tuyg‘u bo‘lsa, davlat uchun uning qudrati xalqining ertangi kunga bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘ladi. Biz ko‘pincha mamlakat taraqqiyotini baland binolar, ravon yo‘llar, zamonaviy texnologiyalar, iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki harbiy salohiyat bilan baholaymiz. Albatta, bularning barchasi davlat qudratining muhim mezonlari. Ammo ularning barchasidan ham ustun turadigan bir ne’mat bor. Bu – tinchlik.
Tinchlik bor joyda inson kelajak haqida o‘ylaydi. Ota-ona farzandining ertasiga ishonadi. Yoshlar orzu qiladi, ilm ahli izlanadi, tadbirkor yangi loyihalarni rejalashtiradi, dehqon dalasiga urug‘ qadaydi, bunyodkor yangi inshootlar barpo etadi. Ko‘chalarda odamlar xotirjam yuradi, xonadonlarda osoyishtalik hukm suradi. Bularning barchasi oddiy kundalik hayotdek ko‘rinadi. Aslida esa, bu – ulkan davlat siyosati, mas’uliyatli xizmat va uzluksiz mehnat samarasidir. Biz uni bir so‘z bilan osoyishtalik deb ataymiz. Ammo osoyishtalikning o‘zi kelib eshik qoqmaydi. Tinchlikni asrash uchun uning qadrini anglaydigan, xavfni oldindan ko‘ra biladigan va Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor avlod kerak.
Shu ma’noda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, eng katta yutuqlarimizdan biri sifatida inson qadri, jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan yaxlit tizimning shakllanganini alohida e’tirof etish lozim. Chunki mustaqillikni e’lon qilish bir kunlik tarixiy voqea bo‘lsa, uni mustahkamlash har kuni davom etadigan mas’uliyatdir.
Mustaqillik faqat davlatning siyosiy-huquqiy maqomi emas. Uning haqiqiy mazmuni inson hayotida, huquqlari himoyasida, erkin mehnati va xotirjam turmushida namoyon bo‘ladi. Fuqaro o‘z huquqi qonun bilan kafolatlanganini his qilsa bu mustaqillik. Ota-ona farzandini ko‘chaga kuzatar ekan, uning xavfsiz qaytishiga ishonsa bu mustaqillik. Inson o‘z sha’ni, qadr-qimmati, hayoti va qonuniy manfaatlari davlat himoyasida ekanini his qilsa bu ham mustaqillikning hayotdagi eng yorqin ifodasidir.
Shu bois jamoat xavfsizligini ta’minlashni davlat faoliyatining oddiy bir yo‘nalishi sifatida emas, balki mustaqillikni asrash va uning mazmunini inson hayotida namoyon etishning muhim sharti sifatida baholash zarur. Bugun bu vazifaning mazmuni yanada kengaymoqda. Chunki zamon o‘zgargani sari xavf-xatarlar ham o‘zgarmoqda.
Kecha ko‘chada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdid bugun virtual makonda paydo bo‘lishi ehtimol. Axborot oqimi inson ongiga ta’sir ko‘rsatishi, kiberjinoyatchilik yangi shakllarga kirishi, transmilliy jinoyatchilik chegara bilmasligi mumkin. Demak, xavfsizlik ham zamon bilan birga o‘zgarishi, uni ta’minlaydigan tizim va kadrlar ham yangilanib borishi shart.
2025-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda oldini olish mumkin bo‘lgan, ammo sodir etilgan jinoyatlarning 89,3 foizi – 36 421 tasi fosh etilgan. Eng muhimi, profilaktika ishlari natijasida 9008 ta mahallaning 4034 tasida, ya’ni 44,8 foizida birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Bu raqamlar ortida minglab profilaktik tadbirlar, yuzlab mas’uliyatli qarorlar, mahallabay ishlash, aholi bilan muloqot va, eng muhimi, xavfni uning oqibatigacha yetkazmaslikka qaratilgan tizimli mehnat mujassam.
Demak, bugun xavfsizlikning mezoni faqat sodir etilgan jinoyatlarni ochish bilan emas, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyatning oldini olish bilan ham o‘lchanmoqda. Har qanday jinoyat ortida inson taqdiri, oila taqdiri, ba’zan esa butun bir mahallaning osoyishtaligi turadi. Shuning uchun huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin unga munosabat bildirish muhim bo‘lsa-da, uning sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik undan ham ulug‘roq vazifadir. Ammo jinoyat sodir etilishiga olib keladigan sabab va shart-sharoitni oldindan anglash yuksak professional tafakkur. Aynan shu nuqtada zamonaviy jamoat xavfsizligi tizimining mohiyati namoyon bo‘ladi. 2026-yilning birinchi yarmida mamlakatimizda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 14 foizga kamayib, 16 651 tadan 14 342 taga tushgan. Shu davrda 5778 ta mahallada, ya’ni 64 foizida birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Yana 2738 ta mahallada jinoyatlar soni kamayishiga erishilgan.
Bu raqamlar bizga juda muhim bir haqiqatni aytadi: xavfsizlik faqat kuch bilan emas, oldindan ko‘ra bilish, tahlil qilish va to‘g‘ri profilaktika bilan ta’minlanadi. Shunday ekan, bugungi xizmatchi kechagi mezonlar bilan baholanishi mumkin emas. U kuchli bo‘lishi kerak. Lekin kuchning o‘zi yetarli emas. U jasur bo‘lishi kerak. Ammo jasoratning o‘zi ham kifoya qilmaydi. U qonunni bilishi, inson psixologiyasini anglashi, vaziyatni tahlil qilishi, texnologiyalardan foydalanishi va eng murakkab pallada ham vazmin qaror qabul qila olishi lozim. Ana shunday kadrni tarbiyalash esa ta’limdan boshlanadi.
Xalq osoyishtaligi haqida so‘z ketganda, uni ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan fidoyi insonlarni yodga olmaslik mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ana shu mas’uliyatli tizimning muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Ko‘chada xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi yoki xodim – xavfsizlik tizimining xalq ko‘ziga ko‘rinadigan qismi, xolos. Uning ortida esa katta mehnat va murakkab boshqaruv jarayoni bor. Xavfni baholash, uning ehtimoliy oqibatlarini oldindan ko‘rish, profilaktik tadbirlarni tashkil etish, kuch va vositalarni muvofiqlashtirish, aholi bilan muloqot qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish, muhim ob’yektlarni qo‘riqlash, yoshlar bilan ishlash, jamoatchilik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish – bularning barchasi bir maqsadga xizmat qiladi. Shu sababli bugungi Milliy gvardiya xizmatchisi faqat jismonan baquvvat va intizomli bo‘lish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Unda huquqshunosga xos bilim, tahlilchiga xos mushohada, psixologga xos yondashuv, rahbarga xos mas’uliyat va tarbiyachiga xos sabr mujassam bo‘lishi zarur. Chunki ba’zan bir og‘iz o‘rinli so‘z o‘nlab kuch ishlatish choralaridan ko‘ra ta’sirchanroq bo‘ladi. Bu esa bizdan kuchli qo‘l bilan birga, kuchli tafakkurni ham talab etadi.
Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan, qonunni biladigan, vaziyatni tahlil qiladigan va inson taqdirini his qiladigan mutaxassislar qayerda tarbiyalanadi? Universitetning tashkil etilishi mamlakatimizda jamoat xavfsizligi sohasida kadrlar tayyorlashga bo‘lgan yondashuv yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Bu maskanni faqat diplom beradigan oliy ta’lim muassasasi sifatida tasavvur qilish kamlik qiladi. Universitet – xavfsizlik sohasida bilim, tafakkur, kasbiy madaniyat va Vatanga sadoqat uyg‘unlashadigan o‘ziga xos tarbiya maktabidir. 2021-2022-o‘quv yilidan Universitetda bakalavriat va magistraturani qamrab olgan ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Muassasa ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya uchun jamoat xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi kabi yo‘nalishlarda, shuningdek, Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun turli sohalarda mutaxassislar tayyorlaydi. Bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga yillik qabul kvotasi 300 nafargacha kursantni, sirtqi ta’limga esa 100 nafargacha tinglovchini tashkil etadi. Auditoriyada huquq nazariyasi o‘rganiladi. Dala mashg‘ulotlarida esa bu bilim amaliyot bilan uyg‘unlashadi. Psixologiya darsida inson ruhiyati anglanadi, xizmat mashg‘ulotlarida esa murakkab vaziyatda inson bilan to‘g‘ri muloqot qilish ko‘nikmasi shakllanadi.
Jismoniy tayyorgarlik tanani baquvvat qilsa, intizom irodani toblaydi. Ilmiy izlanish esa insonni tayyor qoliplarga emas, mustaqil fikrlashga o‘rgatadi. Shuning uchun universitetning eng katta vazifasi, menimcha, forma kiygan xodimni emas, forma ortida turgan mas’uliyatli shaxsni tarbiyalashdir. Chunki davlatga faqat buyruqni bajaradigan ijrochi emas, uning mazmun-mohiyatini anglaydigan, har bir qarorining oqibatini his qiladigan professional kerak.
Ilgarilari harbiy xizmatchining salohiyati, avvalo, jismoniy tayyorgarligi va jangovar mahorati bilan baholangan bo‘lsa, bugun bu mezonlarga intellektual salohiyat ham qo‘shilmoqda. Chunki bugungi tahdidning ko‘rinishi o‘zgargan. Dushman har doim ham qurol bilan kelmaydi. Ba’zan u axborot shaklida kirib keladi. Ba’zan yolg‘on ma’lumot, kiberhujum, yot g‘oya yoki psixologik ta’sir orqali inson ongini nishonga oladi.
Shu bois XXI asr ofiseri: qonunni bilishi; texnologiyani tushunishi; vaziyatni tahlil qilishi; inson psixologiyasini anglashi; jamoa bilan ishlashi va eng muhimi, murakkab vaziyatda hissiyotga emas, qonun va mantiqqa tayanib qaror qabul qilishi kerak.
Bugun bu talabning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarda 2025-yilda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq vaziyat alohida e’tibor talab qilayotgani qayd etilgan. Bu esa xavfsizlik kadrlaridan an’anaviy kasbiy bilimlar bilan bir qatorda raqamli tafakkurni ham talab qiladi. Demak, XXI asr ofiserining eng katta quroli qo‘lidagi vosita emas. Uning eng katta quroli – tafakkuri.
Bunday mutaxassisni tarbiyalashda professor-o‘qituvchining o‘rni beqiyos. Zero, ustoz auditoriyaga kirganda faqat bir fanni o‘qitmaydi. U bo‘lajak ofiserning dunyoqarashiga ta’sir qiladi. Uning qonunga munosabatini, insonga bo‘lgan hurmatini, kasbga sadoqatini va mas’uliyatini shakllantiradi. Bugun auditoriyada o‘tirgan kursant ertaga yuzlab insonlar taqdiriga daxldor qaror qabul qilishi mumkin.
Shuning uchun bugun berilgan bir bilim ertaga bir insonning huquqini himoya qilishi, bir oilaning tinchligini saqlashi, hatto bir jinoyatning oldini olishi mumkin. Shunday ekan, har bir dars — kelajak xavfsizligiga qo‘yilgan sarmoyadir. Har bir mashg‘ulot – ertangi xizmatga tayyorgarlikdir. Har bir tarbiyaviy suhbat – Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlaydigan ma’naviy poydevordir.
Shu nuqtayi nazardan Jamoat xavfsizligi universiteti nafaqat kadr tayyorlaydigan, balki jamoat xavfsizligining bugungi va ertangi muammolariga ilmiy yechim izlaydigan intellektual markaz sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mustaqillikning 35 yillik shonli sanasi bizga nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish, balki kelajak oldidagi mas’uliyatimizni yana bir bor anglash imkonini beradi. Ammo tinchlikni asrash uchun uni qadrlaydigan va uning uchun mas’uliyatni his qiladigan insonlar kerak. Milliy gvardiya ana shu osoyishtalikning bugungi posbonlaridan biri bo‘lsa, Jamoat xavfsizligi universiteti uning ertangi posbonlarini tarbiyalamoqda.
Universitet auditoriyalarida o‘zlashtirilayotgan har bir bilim, mashg‘ulot maydonlarida shakllanayotgan har bir ko‘nikma, ustozlar tomonidan berilayotgan har bir saboq aslida mamlakat kelajagiga qo‘yilayotgan mustahkam g‘ishtdir. Shu bois bugun biz uchun eng ulug‘ vazifa nafaqat tinchlikning qadrini anglash, balki uni asray oladigan avlodni tarbiyalashdir. Zero, Vatan tinchligi bir avlodning emas, butun millatning umumiy mas’uliyati. Mustaqillik esa ana shu mas’uliyatni sharaf bilan ado etish imkonidir.
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti farovon bo‘lsin! Vatan osoyishtaligini asraydigan bilimli, jasur, fidoyi va vatanparvar avlod safi tobora kengayib boraversin!
Turdimurod ANVAROV,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Shu kecha va kunduzda
MUSTAQILLIKNING ENG BUYUK GʻALABASI – TINCHLIK
Daxldorlik
YANGI O‘ZBEKISTONDA DINIY-MA’RIFIY ISLOHOTLAR
Millat mulki
YANGI O‘ZBEKISTONDA DINIY TA’LIM: IMKONIYAT, VAZIFA VA MAS’ULIYAT
Jarayon
Yoshlar tarbiyasida oila, maktab va jamoatchilik hamkorligi
Umr – saboq
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank