Nega yangi avlod xitoy tilini o‘rganishi shart?
Minglab yoshlarimiz ingliz va boshqa xorijiy tillardan C1, hatto C2 darajadagi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishmoqda. Bu – millatimizning intellektual salohiyati nechog‘lik yuksakligidan dalolat. Biroq vaqt bir joyda depsinib turmaydi, global iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar shiddat bilan o‘zgarmoqda. Bugun dunyo miqyosida shunday bir tendensiya bo‘y ko‘rsatyaptiki, yaqin kelajakda xitoy tili, hatto ingliz tilidan ham muhimroq va foydaliroq muloqot vositasiga aylanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-sentabrdagi Texnikumlarda xorijiy ta’lim tashkilotlari ishtirokida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida qarori bilan texnikumlarda xorijiy ta’lim tashkilotlari ishtirokida qo‘shma dasturlarning joriy etilishi yoshlar uchun jahon andozalari sari eshik ochdi. Xo‘sh, ushbu ochiq eshiklardan yanada samaraliroq kirish va kelajak poydevorini mustahkam qurish uchun yangi avlod qaysi tilga ko‘proq e’tibor qaratishi lozim? Javob bitta: xitoy tili.
Vizasiz dunyo va ulkan imkoniyatlar
Ingliz tili dunyoda o‘z mavqeyini ma’lum muddat saqlab qolishi mumkin, biroq bugun ingliz tilli davlatlarga borish, u yerda o‘qish yoki ishlash yosh mutaxassislar va professionallar uchun juda katta to‘siqlarga to‘la. Hattoki eng yuqori C1 va C2 sertifikatiga ega bo‘lgan mutaxassislar ham oylar davomida vizadan rad javobini olishmoqda, buning ustiga viza uchun to‘lanadigan ulkan badallar va o‘n minglab dollarlik universitet kontrakt pullari aksariyat oilalar yelkasiga og‘irlik qilmoqda.
Xitoy esa bugun butun dunyoga, xususan, O‘zbekistonga eshiklarini keng ochdi. Hozir yurtdoshlarimiz Xitoyga sayyoh sifatida hech qanday vizasiz, ortiqcha xarajat va hujjatbozliklarsiz safar qilish imkoniyatiga ega. Ta’lim masalasida ham vaziyat mutlaq ijobiy tomonga o‘zgargan: agar yangi avlod vakillari xitoy tilidan B2 yoki C1 darajasiga ega bo‘lishsa, ular ushbu mamlakatning eng nufuzli universitetlarida bepul o‘qish, grantlar yutish va yuqori daromadli ishlarga joylashish imkonini qo‘lga kiritadi. Xitoy universitetlari taqdim etayotgan ta’lim sifati va texnologik infratuzilma ko‘plab g‘arb davlatlaridagidan ancha ilgarilab ketdi.
Ikki karra ustunlik: ingliz tili va xitoy tili parallelizmi
Fikrlarim ingliz tilini o‘rganishdan voz kechish kerakligini anglatmaydi. Agar mkoniyat bo‘lsa, har ikkala tilni ham mukammal egallash yoshlarimizga ikki hissa ustunlik beradi. Biroq bugungi va yaqin kelajakdagi real vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, xitoy tilini o‘rganish, ayniqsa, O‘zbekiston yoshlari uchun ingliz tilini o‘rganish bilan bir xil, balki undan ham muhimroq strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Global iqtisodiy markazlarning siljishi va mintaqamizdagi yangi loyihalar bu tilni shunchaki chet tili emas, balki muvaffaqiyatning eng asosiy kalitiga aylantirmoqda.
15 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun eng to‘g‘ri sarmoya
Agar oilangizda yoki atrofingizda 15 yoshdan kichik bo‘lgan o‘smirlar bo‘lsa, bugundan boshlab ularning xitoy tilini o‘rganishlari uchun sharoit yaratish zarur. Bu yangi avlodning kelajagiga tikilgan eng foydali sarmoyadir. Bolalik va o‘smirlik davrida til o‘zlashtirish qobiliyati eng yuqori nuqtada bo‘ladi va bu yoshda Xitoy tilini o‘rganish kelajakda ularga dunyo darvozalari osongina ochilishini ta’minlaydi.
Bugun O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va savdo aloqalari o‘zining oltin davrini yashamoqda. Yurtimizga milliardlab dollarlik investitsiyalar kiritayotgan va jadal o‘sayotgan yangi kompaniyalar, innovatsion fabrikalar va startaplar barpo etilmoqda. Ushbu yirik korxonalarga esa xalqaro standartlarni tushunadigan, eng muhimi, xitoy tilida erkin muloqot qila oladigan mahalliy mutaxassislar kerak.
Sarvar UMIROV,
TDYU Xorijiy tillar sho‘basi katta o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
Yoshlar tarbiyasida oila, maktab va jamoatchilik hamkorligi
Nega yangi avlod xitoy tilini o‘rganishi shart?
KITOBXONLIK – MA’NAVIY YETUK AVLOD TARBIYASINING MUHIM OMILI
OTMlarda talabalarni turar joy bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaytirilmoqda
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank