O‘zbek tili tarixi va bugungi zamonaviy qiyofasi
“O‘zbek
tili – xalqimizning milliy o‘zligi,
bebaho ma’naviy boyligidir”
Shavkat Mirziyoyev
Bugun dunyoda 7200 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, ular millatlarning tarqqiyotiga, muloqot madaniyatiga o‘zining hissasini qo‘shib kelmoqda. Til bilgan dunyo biladi deydi dono xalqimiz. Tilar davlatlar o‘rtasida muloqot maydonini yaratdi. Tillar qalblarga yo‘l topadi. Chunki har bir til negizida mo‘tabar so‘z yashaydi. So‘z esa, muborak Qur’oni Karimda ham muqaddas ekanligi keltirib o‘tilgan. (“...go‘zal so‘z go‘zal daraxt kabidir: uning ildizi mahkam va shoxlari osmonda.” (Ibrohim surasi, 24-oyat).
So‘z mulkining sultoni Mir Alisher navoiy ma’naviy merosida ham har qanday qalbning qulfini ochadigan tilsim bu so‘z deydi. O‘zbek tili – xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, milliy o‘zligi va ma’naviy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan boy tillardan biridir. Uning shakllanishi qadimgi turkiy tillar tarixiga borib taqaladi. Asrlar davomida o‘zbek tili turli tarixiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar ta’sirida rivojlanib, bugungi adabiy til darajasiga yetib kelgan. UNESCOning 2025-yilgi ma’lumotida har ikki haftada bir til yo‘qolib borayotgani qayd etilgan. Bu esa odamlarning ona tilisida olada, jamiyatda muloqot qilish madaniyati kamayib borayotgani sabab bo`layotganini olimlar tadqiq etishgan.
Davlat tili – millatning tarixiy xotirasi, ma’naviyati va davlat boshqaruvidagi muhim vositalaridan biridir. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi uzoq tarixiy jarayonlar davomida shakllangan. Uning taraqqiyotini mutafakkirlar ijodi, adabiy merosi va til haqidagi qarashlari bilan bog‘liq holda ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston xalq qahramoni Abdulla Oripovning bir go‘zal satrida kuyunchaklik bilan murojaat qiladi.
Ona tilim sen borsan shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
O‘zbek tilining ildizlari qadimgi turkiy tillarga borib taqaladi. Qadimgi turkiy bitiklar, keyinchalik Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari turkiy tillarning boy lug‘aviy va grammatik imkoniyatlarini namoyon etadi. Mahmud Koshg‘ariy turkiy xalqlarning tili, urf-odati va madaniyati haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan.
Til taraqqiyotida Alisher Navoiyning xizmatlari alohida ahamiyatga ega. U “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy va forsiy tillarning imkoniyatlarini qiyoslab, turkiy tilning badiiy va ilmiy fikrni ifodalashdagi keng imkoniyatlarini ko‘rsatgan. Navoiy ijodi natijasida turkiy adabiy til yuqori darajada rivojlandi va katta adabiy an’anaga ega bo‘ldi. O‘zbek adabiy tilining rivojida Alisher Navoiyning o‘rni beqiyosdir.
So‘zdirki, nishon berur o‘lganga hayot,
So‘zdirki, berur o‘likka jon.
Keyingi davrlarda Mirzo Bobur, Mashrab, Ogahiy, Muqimiy, Furqat kabi ijodkorlar o‘z asarlari orqali o‘zbek adabiy tilining boyishiga katta hissa qo‘shdilar. Ularning boy ma’naviy merosi bugungi kunda ham tilimizning nufuzi oshishiga xizmat qilib kelmoqda.
Mutafakkirlar tilni shunchaki aloqa vositasi sifatida emas, balki millatning ma’naviy boyligi sifatida ham ko‘rganlar. Navoiy uchun ona tilining imkoniyatlarini namoyon etish ijodkorning muhim vazifalaridan biri edi. Mahmud Koshg‘ariy esa tilni xalqning tarixi, madaniyati va dunyoqarashini aks ettiruvchi muhim manba sifatida o‘rgangan.
Jadid ma’rifatparvarlari ham til masalasiga katta e’tibor bergan. Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi ma’rifatparvarlar xalqning savodxonligini oshirish, ta’limni rivojlantirish va milliy o‘zlikni mustahkamlashda ona tilining ahamiyatini ta’kidlaganlar.
O‘zbek tilining zamonaviy davlat tili sifatidagi tarixida 1989-yil 21-oktabr muhim sana hisoblanadi. Shu kuni O‘zbekiston SSRda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Mustaqillikdan keyin o‘zbek tilining davlat boshqaruvi, ta’lim, fan, ommaviy axborot vositalari va boshqa sohalardagi qo‘llanish doirasi yanada kengaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida o‘zbek tili davlat tili ekani belgilangan.
Bugungi o‘zbek tili an’anaviy adabiy meros bilan zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirayotgan rivojlangan milliy tildir. U nafaqat kundalik muloqot, adabiyot va san’atda, balki ta’lim, ilm-fan, davlat boshqaruvi, biznes va internet muhitida ham faol qo‘llanmoqda. Zamonaviy o‘zbek tilida yangi tushunchalarni ifodalovchi ko‘plab so‘z va terminlar paydo bo‘lmoqda. “Raqamli texnologiya”, “sun’iy intellekt”, “elektron hukumat”, “kiberxavfsizlik” kabi tushunchalar tilimizning yangi davr ehtiyojlariga moslashayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda o‘zbek tili zamonaviy texnologiyalar, internet, ilm-fan va raqamli kommunikatsiya sharoitida rivojlanmoqda. Yangi terminlarning kirib kelishi, elektron lug‘atlar va til korpuslarining yaratilishi, o‘zbek tilidagi raqamli kontentning ko‘payishi tilning zamonaviy imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Shu bilan birga, davlat tilining rivojida bir necha muhim vazifalar mavjud. Jumladan, ilm-fan va texnologiya terminologiyasini izchil rivojlantirish, davlat idoralarida adabiy til me’yorlariga rioya qilish, ta’limda o‘zbek tilining sifatli o‘qitilishini ta’minlash, raqamli texnologiyalarda o‘zbek tilini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodda ona tiliga hurmat va mas’uliyatni kuchaytirish.
O‘zbek tilining bugungi mavqeyi asrlar davomida yaratilgan ulkan ma’naviy va adabiy merosning davomidir. Mahmud Koshg‘ariyning ilmiy merosi, Alisher Navoiyning adabiy faoliyati va jadidlarning ma’rifatparvarlik harakatlari tilimiz taraqqiyotining turli bosqichlarini ifodalaydi. Bugungi avlodning vazifasi esa bu merosni asrab-avaylash bilan birga, o‘zbek tilini ilm-fan, texnologiya va zamonaviy kommunikatsiyaning faol tiliga aylantirishdan iborat. Davlat xizmatchisi uchun davlat tili - shunchaki xizmat vazifasini bajarish vositasi emas, balki davlat va xalq o‘rtasidagi muloqot ko‘prigidir. Davlatimiz Rahbari Sh.Mirziyoyevning “Xalq bilan muloqot” deb boshlab bergan katta yo`lda ham o‘zbek tilida aniq, ravon va mazmunli muloqot olib borish muhim ahamiyatga ega.
O‘zbek tilining bugungi qiyofasi - qadimiy tarix va zamonaviy taraqqiyotning uyg‘unligidir. Ajdodlarimiz yaratgan boy adabiy meros tilimizning ma’naviy poydevori bo‘lsa, zamonaviy fan, texnologiya va raqamli muhit uning yangi taraqqiyot bosqichini belgilamoqda. O‘zbek tilini asrash, uning sofligi va boyligini saqlash bilan birga, uni zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar tiliga aylantirish har bir avlodning muhim vazifasidir. Muhtaram Prezidentimizning “Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi.” Deb tashabbus bildirgandilar.
Bugun ham tilimiz adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilar ijod namunalarida, Fanlar kademiyasining ilmiy tadqiqotlarida, Yoshlar agentligining turli loyihalarida, Yozuvchilar uyushmasining ijodiy uchrashuvlarida, Jurnalistlar uyushmasining tanlovlarida, pedagog-olimlarning ta’lim tizimidagi dars jarayonlarida ona tilimizni yanada taraqqiy ettirishda o‘zining ma’naviy qiyofasini namoyon etib, yosh avlod tarbiyasida xizmat qilib kelmoqda.
Men dunyoda go‘zal vasling,
Senligingni bildim tilim.
O‘zbek degan buyuk nomni,
Shonu shavkat qilding tilim.
Mansur Yunus,
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Shu kecha va kunduzda
O‘zbek tili tarixi va bugungi zamonaviy qiyofasi
ISLOHOTLAR FALSAFASI (Professor Nazar Hakimovning ta’limiy falsafasi haqida)
YANGI IQTISODIY MODEL: YUQORI TEXNOLOGIYA, MEHNAT UNUMDORLIGI VA INSON KAPITALI
YANGI IQTISODIY MODEL: YUQORI TEXNOLOGIYA, MEHNAT UNUMDORLIGI VA INSON KAPITALI
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
MAMLAKAT TARAQQIYOTINING YETTI USTUNI
USTOZGA EHTIROM — SHOGIRDLARGA IBRAT
DAVLAT MAKTABLARIDAGI PULLIK SINFLAR: QO‘SHIMCHA IMKONIYATMI YOKI TA’LIMDAGI TABAQALANISH? (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-qarori va uning ijrosi borasida mulohazalar)