Ona nutqining leksik qatlamga taʼsiri

Nuqtayi nazar Ona nutqining leksik qatlamga taʼsiri
41


Ona nutqining bola leksik sathiga ta’siri masalasi til va tafakkur mavzusi singari qadimiy. U sotsiumning har qanday ko‘rinishidan farqli ravishda bir necha o‘ziga xos xususiyatlarni aks ettiradi. Jumladan, leksik jihatdan soddalik. Bu ona nutqida so‘z va iboralarning oddiy va tushunarli bo‘lishini anglatadi.


Rus olimi L.Vigotskiy til va tafakkur masalasida tadqiqot olib borar ekan, bilish jarayonini muhit bilan bogʻlaydi va onani ushbu muhitning asosiy etaloni sifatida keltiradi. Nutqiy faoliyat jarayonini kognitiv aspektda tahlil qilgan A.Leontev esa quyidagi fikrni ilgari suradi: “Nutqni oʻstirish va rivojlantirish jara­yoni bola lugʻati va soʻzlarning assotsiatsiya asosida bogʻlanishining ortishida ifodalanadigan miqdoriy oʻzgarishlar jarayoni emas, balki sifat jihatdan oʻzga­rish jarayonidir, zero u fikrlash va ong rivojlanishi bilan ichki bogʻlangan holda soʻzning barcha funksiyalari, tomon va aloqalarni qamrab oladigan haqiqiy rivojlanish jarayonidir”. Yaʼni, til oʻzlashtirish jara­yoni faqat maʼlum yosh davrlarida oʻzlashtirish lozim boʻlgan soʻzlar miqdori va ular oʻrtasidagi assot­siativ munosabatni aniqlashdan iborat emas, bu psixo­fiziologik, kognitiv jarayon boʻlib, oʻzlashtirilgan soʻzlarning mazmunini eslab qolish va maʼlum bir vaziyatda qoʻllay olish koʻnikmasini shakllantirishdir. Jumladan, mutaxassislar bola leksik qatlamining rivojlanib borish tartibini quyidagicha keltiradi: bir yoshgacha boʻlgan davrda 10–12 ta soʻz, 2 yoshda 200–300 ta soʻz, uch yoshda 1000 ta soʻz. Keyingi bosqichda esa yoshga mos ravishda hamda tashqi taʼsir, yaʼni taʼlim jarayonining qoʻshilishi natijasida bu koʻrsatkich tezroq orta boshlaydi. Oʻsmirlik davriga kelib oʻrtacha 25000–50000 soʻz oraligʻida boʻladi. Eve Clarckka koʻra, maktab yoshidagi bolalar nutqiga ham oila, xususan, ona nutqining taʼsir kuchi saqlanib qoladi.


Biroq oʻsmir nutqi bir necha murakkabliklarga ega. Chunki bu yoshda tengdoshlar va oʻzidan katta yoshdagi insonlar nutqiga taqlid qilish holati kuchayadi. Tabiiyki, bu yoshlar va oʻsmirlar nutqida keng tarqalgan oʻziga xos leksika va uslub shakllanishiga olib keladi. Oʻsmir nutqi, adabiyotlarga tayanadigan boʻlsak, 12–19 yosh doirasini qamrab oladi. Ushbu nutqni vertikal va gorizontal asosda oʻrganish anʼanasi mavjud. Klimetsga koʻra(Климец Ю. Интертекстуальность в речи подростка(на примере языковой культуры Германия). Авто… кан.фил.наук. – Иркутск, 2011. С – 11), bu davrda nutq ham lisoniy hamjamiyat uchun, ham lingvistik tadqiqot uchun oʻziga xos tadqiqot obyekti vazifasini bajaradi. Tadqiqotchi “Oʻsmir har doim zamon kishisi, uning nutqi esa zamonning koʻzgusi” maqolini keltirar ekan, uning oʻziga xos uch jihatini keltirib oʻtadi. Oʻsmirlar nutqida ajralib turadigan birinchi jihat – shaxsiy identifikatsiyaga intilish, yaʼni oʻsmir ayni vaqtda lisoniy hamjamiyatning vakili sifatida unda mavjud boʻlgan barcha imkoniyatdan foydalanadi. Biroq yoshiga mos ravishda kechayotgan oʻzgarishlar, yaʼni psixo­fiziologik jarayonlar uning nutqida ham aks etadi. Bu jarayonda ona nutqining etalon taʼsir doirasi susayadi. Ikkinchidan, oʻsmir nutqi bola nutqidan farqli xususiyatlarni aks ettira boshlaydi va ayni vaqtda kattalar nutqidan ajralib turadi. Bu kattalar nutqida qoʻllanuv­chi barcha sxema va ifodalarning toʻliq oʻzlashtirilmaganligida koʻrinadi. Uchinchidan, oʻsmir nutqi har doim ham til va madaniy taʼsirlarga nisbatan ochiq va ijobiy munosabatda boʻlmaydi. U oʻziga qadar til fondida mavjud boʻlgan birliklar – maqol, ibora va boshqa birliklarni kinoyaviy yoki kulgili tarzda qabul qilishi mumkin. Ayni vaqtda madaniy jarayon, urf-odat, milliy mentalitetga nisbatan ham xuddi shunday munosabat kuzatilishi mumkin. Mazkur birliklar oila va ona nutqi taʼsirida yuzaga keluvchi birliklar hisoblanib, shaxsiy identifikatsiya jarayoni kechishi asosida ona nutqining taʼsir kuchi susaya boradi, degan fikrni asoslaydi. Mamayevaga koʻra(Мамаева С. Речевой портрет коллективной языковой личности школьников 5-7-х классов. Авто… кан.фил.наук. – Самара, 2007. C – 9), oʻsmirlik davrini ham ichki guruhlarga boʻlgan holda tahlil qilishga zaruriyat bor. Chunki bu davr nisbatan uzoq muddatni qamrab olganligi uchun unga xos boʻlgan xusu­siyatlar oʻzga­rib turadi. Tadqiqotchi 5–7-sinf oʻsmir oʻquvchilar nutqini tahlil qilar ekan, bu yoshdagi bolalar nutqiga faol taʼsir qiluvchi toʻrt jihatni sanaydi. Mamayevaga koʻra, mazkur davrga kelib, oila va ona nutqi bola nutqiga yuqori taʼsir koʻrsatuvchi dastlabki omil sifatida qoladi, yaʼni ilk oʻsmirlik davrida bolalikdagi singari bola uchun asosiy nutqiy etalon oila boʻlib qoladi.


Tadqiqotchi bola nutqiga katta taʼsir koʻrsatuvchi ikkinchi omil sifatida oʻqituvchi-pedagog nutqini keltiradi. Tadqiqotchining fikriga koʻra, bu davrda bola oʻqituvchi nutqida koʻp qoʻllanilgan jumla va soʻzlarni tez-tez takrorlaydi va uning ohangiga taq­lidan aytishga harakat qiladi.


Uchinchi yirik omil sifatida esa radio, televi­deniye tilini keltiradi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, bugungi kunda koʻplab oʻsmirlar ijtimoiy tarmoq­lar va internet manbalarining faol foydalanuvchilari hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda mazkur qatorni internet manbalari boʻgʻini bilan toʻldirish maq­sadga muvofiq. Toʻrtinchi yirik omil – bu oʻsmir atrofini qurshab turgan boshqa oʻsmirlar va lisoniy hamjamiyatdir.


Demak, keltirilgan maʼlumotlar asosida xulosa qili­shimiz mumkinki, ona nutqi ilk bolalik va oʻsmirlik davrlarida bola uchun asosiy andoza vazifasini bajaruvchi hodisa sifatida saqlanib qoladi. Shuningdek, til bilan aloqador bo‘lgan yondosh hodisalar, jumladan, nutqiy etiket qoidalariga qay darajada rioya qilish koʻnikmasi ham ona nutqi orqali oʻzlashtiriladi. Kosenkoning fikriga koʻra, aynan maktab yoshidagi bolalarda nutqiy madaniyat koʻnikmasini shakllan­tirish jarayoni oila va taʼlim hamkorligini talab qiladi. Taʼlim jara­yonida nutqiy etiketni rivojlantirish jara­yoni dars va ada­biyot, manbalar yordamida amalga oshirilsa, oilada bu jarayon jonli muloqot muhitini taqozo qiladi(Косенко А. Формирование речевой культуры подростков в общеобразовательной школе. Авто… пед фил. наук. – Воронеж, 2009. С – 12).


Bola ona nutqidan oʻzlashtirayotgan soʻzlarni leksik jihatdan tahlil qiladigan boʻlsak, ular birinchi navbatda umumisteʼmoldagi leksika hisoblanadi. Ona yashayotgan muhit, kasbi, ijtimoiy muhit, diniy qarashlari asosida bola nutqida ayni holatni koʻrsatuv­chi birliklar faol boʻlishi mumkin. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar nisbatan umumiy va standart holatlar boʻyicha aytilgan mulohazalar boʻlib, Oʻzbekiston sharoitida toʻliq va notoʻliq tarkibli, bir va koʻp millatli oilalar muhitini oʻrganishga ehtiyoj bor.


Ma’suma MO‘MINOVA,

Shahrisabz davlat pedagogika

instituti dotsenti,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Ona tili

Ulashish