TAHRIRIYAT NIMA UCHUN MAQOLANGIZNI QAYTARADI?

Tajriba TAHRIRIYAT NIMA UCHUN MAQOLANGIZNI QAYTARADI?
92



“Mana, masofalar, zo‘r yillar o‘tib,

O‘sha nur mening ham ko‘zimda qoldi.

Umrimdan ham ortar yorqinlikni dil

Bilaman, faqat shu, shu nurdan oldi.


Hayotim, ishlarim, ijodimiz ul,

Otaday ilgari boshlab yuribdi.

Hozir siz o‘qigan she’rning ham har yo‘l

Baytida o‘sha nur porlab turibdi”…


Aziz, o‘quvchimiz, salomatmisiz? Ta’tilingiz maroqli o‘tyaptimi? Maqolamizning kirish qismida birgina iltimosimni aytib olay: yuqoridagi she’r shoira Zulfiyaniki ekanini dalillovchi ishonchli manbani ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali yuborsangiz, xursand bo‘lar edik. Mazkur she’rni mushtariylardan biri “Shoira Zulfiya yozgan” deya tahlil qilibdi. Tahririyat xodimlari qancha urinmaylik, asl manbani topib, tekshira olmadik, muallif esa savollarimizni shunchaki javobsiz qoldirdi.



Tole’ yo‘qi joni g‘amdin ozod bo‘lg‘ay,

Har ishki qilsa, xotiri shod bo‘lg‘ay.


Yana bir o‘quvchimiz ushbu misralar Boburniki deya “chuqur” tahliliy maqola yuborgan, qiziqib ketsangiz, shu g‘azalni tekshirishda ham yordami­ngizni ayamang. Shuningdek, G‘afur G‘ulomning ham ko‘plab shunday she’rlari asl manbasi topilmay, qancha “sara” maqolalar tahririyat g‘aladonida qolib ketmadi deysiz?!. Balki ko‘pchilik maqo­lasi chop etilmagani bois gazetalardan uzoqlashib, “Gazet o‘ladi!” degan gaplarni aytib yuribdimikan, bilmadik. Bilganimiz − har seshanba yangi sonning qisqacha sharhini intiq kutadigan, siz sodiq mushtariy­larimiz!..


Birinchi maqolam chiqishini 4 oy kutganim esimda. Har seshanba xuddi siz kabi yangi son sharhini o‘n martalab o‘qiyman, qani chiqa qolsa. Oxiri taqdirga tan berib, bu voqeani unutdim. Ammo “Nega maqolam chop etilmadi?” degan savolimga oradan ancha vaqt o‘tib javob topdim. Gazeta talablari anchayin kuchli bo‘lib, men esa rosa “o‘tlagan”, sondir-mondir jumlalari gartak ko‘proq maqola yozgan ekanman, kamiga siyqasi chiqqan mavzuni men ham qayta chaynabman… Shukur, keyin men ham safingizda bo‘lib, qancha maqola chop ettirdim!

Havaskor yozg‘ich bo‘ladimi, biror soha bo‘yicha mutaxassis yo jurnalist – oldinga siljish bo‘lishi kerak!

“Har bir xabarchi o‘zining gazetaga yuborg‘on xabarini qanday yozishi va qanday tekshirishi ustida biroz to‘xtalib o‘tamiz. Aytaylik, bir xabarchi qishloqda o‘tirib tirikchilik qiladir, shuning bilan u dehqonlarga juda yaqin. Dehqonlarning qan­day hollar kechirmakda bo‘lg‘onliklarini bila turib gazetaga shuni yozib yaxshilani­shini umid qiladir. Ikkinchidan, yana qishloqqa borg‘on soliqchining ustidan bir deh­qon og‘zaki “pora oladir” deb xabarchiga dodlasa, xabarchi buni yozib olish bilan shu soliqchining pora olg‘onligini to‘g‘rimi, yo noto‘g‘ri ekanligini, albatta, tekshirib ko‘rishi va o‘zi bir narsani ko‘rmasdan turib yozishdan tortinishi kerak. Xabarchi shuni ham bilib qo‘ysin, shunday tekshirilmagan xom narsalarni yozishi bilan tegishlik idoralarning tekshirishi natijasida yolg‘on va bo‘hton bo‘lib chiqsa, albatta, yozg‘on xabarchi mas’ul bo‘ladir (Anqaboy. Xabar, maqola, she’r va hikoya yozish yo‘llari. T: O‘zdavnashr, 1927. 27-bet)”. Mazkur talab XX asr boshida jadidlar jurnalistikasida mavjud edi. Umuman, gazeta yaralibdiki, o‘z talablari, nashr siyosati mavjud. Bu jarayon har bir davrda yangilanmoqda. Xususan, bugun xabar yoki maqolani avvalgi davrlardagidek faqat xabarchilar – jurnalistlar yozmayapti. Bugun yuqorida o‘qiganingiz dehqon ham ko‘rgan voqea­sini jurnalistni kutib o‘tirmay, o‘zi bayon qilmoqda – fuqarolik jurnalistikasi anchayin odimladi. Bu jara­yon bir tomondan jurnalistika sohasi uchun tezkorlik tamoyilini kuchaytirishga yordam bergan bo‘lsa, boshqa tomondan xolislik, aniqlik, ishonchlilik, oltin o‘rtaliqni saqlash kabi mezonlarni yo‘qqa chiqarmoq­da. Aynan shu muammolar tahririyatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotir. Ya’ni bugun tahririyat duch kelgan maqolani chop etolmaydi. Maqola avvalo gazeta mezonlari darajasiga olib chiqilishi, zarur bo‘lsa, muallifga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilishi zarur. Biroq bu jarayonni hamma ham birdek to‘g‘ri qabul qilmaydi. Aksariyat mualliflar maqolalari tahririyatdan qaytishini adolatsizlik deb hisoblaydi, nashr va uning ijtimoiy tarmoqlaridan uzoqlashib, go‘yo masalaga yechim topganday bo‘ladi. Xo‘sh, o‘zi gazeta maqolani nima uchun qaytaradi? Mualliflar eng ko‘p qanday xatolarga yo‘l qo‘yadi? Mutaxassislar bilan fikr almashdik.

– Tahririyatga yuborilayotgan maqolalar qaytarili­shiga eng asosiy sabablardan biri – takrorlangan mavzu va gaplar, – deydi “Yoshlar ovozi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Shahobiddin LUQMON. – To‘g‘ri, mavzu takror bo‘lishi mumkin, lekin maqola mazmuni, aytilayotgan gaplar ham xuddi shunday siyqasi chiqqan bo‘lmasligi kerak. Umuman, har bir ijodiy ishdan originallik talab qilamiz. Boshdan oyoq yangi topilma bo‘lishi shart emas, shunchaki o‘sha eskilik ichida yangi yondashuv, talqin, muam­moni ko‘rsata bilgan muallif ishlari chiqmay qolmaydi.


Havaskor yozg‘ich bo‘ladimi, biror soha bo‘yicha mutaxassis, yo jurnalist – oldinga siljish bo‘lishi kerak! Hadeb bir gapni takrorlayverish hech narsa bermaydi. Deylik, ekologiya bo‘yicha yozayotgan odam chiqindi qanday zarar keltirishi, okeanga qancha chiqindi tashlanayotgani, plastik necha yilda chirishi haqida yozmasdan, undan keyingi masalalarga o‘tishi, savollarga javob izlashi, yangi savollarni qo‘yishi kerak. Boshqa mavzularda ham xuddi shunday. Falonchi ijodkor asarlarida vatanparvarlik, muhabbat va odamiylik motivlari ustunlik qiladi, degan gapni tag‘in aytish hech kimga kerakmas va manfaatsiz. Ilm, jamiyat shunday rivoj­lanadi.

Yana biri – SI bilan yozilgan maqolalar. Sun’iy intellektdan foydalanish, foydalangandayam yaxshi foydalanish zarur. Lekin g‘oyani, uslubni, yondashuvni undan olib bo‘lmaydi. Qaysi maqolaga qarasang, bir xil uslub, bir xil gap-jumla qurilishi... Oxirigacha o‘qishga toqat qilolmaysan kishi. Hatto she’rlarni SIga yozdirib jo‘natadiganlar bor. Yangilikni inson yaratadi, SI faqat bor narsani takrorlaydi, u-bu joyini shaklan o‘zgartirib ko‘chirib beraveradi.


Qandaydir tanlovlar uchun maqola yuboradiganlar ham ko‘p. Falon sanaga chiqarib bering, deyishadi. Odatda bunday maqolalarni ham qabul qilmaymiz. Keyin pul taklif qilib ko‘rishadi. Umuman olganda, tanlov uchunmi yo shunchakimi, bizga farqi yo‘q, yaxshi maqola bo‘lsa chiqaveradi.


Apil-tapil yozadi-yu, chop ettiraman deb yuguradi…
(Nolishnoma)

Nolishnoma qilish imkoni tug‘ilgan ekan, aytib olay. Aksar yosh mualliflar qayta ishlashdan, umuman, maqola yozishda hafsala, sabr bilan yondashuvdan qochadi. Apil-tapil yozadi-yu, chop ettiraman deb yuguradi. Auditoriya va mualliflarimiz asosan yoshlar bo‘lgani uchun bu muammo bizga yaxshigina bilinadi. Kelajakda jurnalist bo‘laman degan yosh qunt bilan qancha vaqt ketsa ham obdon pishitib yozishni o‘rganishi kerak. Talabaga bemalol-ku, ishxonadagiday so‘ngmuddat berilmaydi. Ayni shakllanadigan davr. Ertaga biror joyda jurnalist bo‘lib ish boshlagunga qadar o‘z uslubi, yozish ko‘nikmalarini shakllantirib olgani yaxshi…

Bexato, silliq, kirish va xulosadan iborat, o‘ta hissiz va qolipdagi maqolalar ko‘payib ketdi...

– Bugun oldimizdagi katta muammo – bu SI yordamida yozilayotgan maqolalar, – deydi “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Zilola MADATOVA. – Bundan 3-4 yil avval tahririyatga keladigan maqolalarda inson hissiyotlari, fikrlari oqimi va hatto imloviy, uslubiy, fikriy, mantiqiy xatolari ko‘zga tashlanardi. Bugun bu xatolarni hatto sog‘inayapmiz ham. Negaki, avval tuppa-tuzuk o‘zi maqola yozib keladigan ijodkor, talaba, pedagoglarning ham hozirgi kunda yozayotgan maqolalarida sun’iy intellektning nafasi ufurib turadi. Bexato, silliq, kirish va xulosadan iborat, o‘ta hissiz va qolipdagi maqolalar... Muharrir buni anglamaydi, deysizmi? Sarlavhani o‘qiganidanoq anglaydi. Bunday maqolalar muallifga qaytarilganida odatda “Nima kamchiligi bor?” deb so‘rashadi. Kamchiligi – maqolani SI yozganida bo‘ladi. Muallif SIga muammo va hatto hayotiy biror voqelikni promt qilib bergan taqdirda ham bu maqolada muallifning o‘z kechinmalari, fikrlari qalban ifoda etilmagani seziladi.

Har bir gazetaning o‘z uslubi, ovozi, talabi bor

Har bir gazetaning o‘z uslubi, ovozi, talabi bor. Masalan, ba’zi gazetalarda muammo ko‘tarilgan maqola anonim va obyekt ko‘rsatilmagan holda ham chop etilishi mumkindir. Ammo “Ma’rifat” gazetasi har bir muam­moni aniq faktlar bilan olib chiqishga qat’iy rioya qiladi. Maqola qanchalik ta’sirchan va mahorat bilan yozilgan bo‘lmasin, bunday holatda maqola muallifga qayta ishlashga beriladi.

Yaxshi yozilgan maqolalar yana bir holatda ham qaytarilishi mumkin. Agar maqola muallifi gazetani muntazam kuzatib bormasa, unda chiqayotgan maqolalarni o‘qimasa, u qalamga olgan mavzu unga qadar juda ham ko‘p marta yozilgan, chuqur tahlil qilingan yoki bu fikrlar avval ham ko‘p aytilganligidan bexabar qoladi. Natijada uning maqolasi dolzarbligini yo‘qotadi.

Muallif matbuot nashrlarining aksariyati ixtisos­lashgan ekanligini ham inobatga olgan holda, qaysi mavzu qaysi gazeta auditoriyasi uchun qiziq ekanini bilishi kerak. Masalan, “Ma’rifat” gazetasi uchun ta’lim-tarbiya, fan, adabiyot, ma’naviyat, sport kabi mavzular doim dolzarb, ammo masalan, yo‘l quri­lishi, iqtisod, moliya kabi mavzulardagi materiallar gazet­xonlarining asosiy qismini pedagoglar tashkil etadigan nashr uchun qiziq bo‘lmaydi. Muntazam gazetani mutolaa qiladigan muallif bu jihatlarni yaxshi ang­lagan holda ish tutadi.



Qaysi holatlarda maqolani qayta yozish bo‘yicha tavsiyalar beriladi?

– Maqolaning qaytarilishi birgina omilga bog‘liq jarayon emas. Buning

sabablari turlicha bo‘lishi mumkin, – deydi “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Rayhona XO‘JAYEVA. – Eng avvalo, maqola gazeta yo‘nalishiga mos kelmasligi. Masalan, qurilish mavzusida yozilgan maqolani ta’lim yo‘nalishidagi nashrga berib bo‘lmaganidek, adabiyot va san’at mavzusidagi maqolani ham iqtisodiy gazetada chop etish amrimahol. Bu vaziyatda maqolasining mavzusidan kelib chiqib muallifga shu yo‘nalishdagi gazetani tavsiya qilamiz.


Maqolaning qaytarilishiga yana ko‘plab omillar sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, maqola tahririyat tomonidan qo‘yilgan talablarga to‘g‘ri kemasligi. Sayt yoki boshqa manbalardan ko‘chirib olingan ma’lumotlar, sun’iy intellekt yordamida yozilgan materiallar, imlo va stilistik xatolari haddan ortiq ko‘p maqolalar ham muharrir tomonidan qaytari­ladi. Agar mavzu rostdan ham aktual bo‘lsa, muallifga xatolari ko‘rsatilib, maqolani qayta yozish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Juda umumiy mavzudagi maqolalar ham qaytariladi. Bir betlik kirishlar, mashhur shaxslar gaplari­dan iqtiboslar, qaror va farmonlar bilan to‘la, pichoq­qa ilinadigan biror fakt, fikr yoki tahlil bo‘lmasa, mavzu to‘liq ochib berilmagan hisoblanadi.

Muallif ism-familiyasi to‘liq yozilmagan bo‘lsa, aloqa uchun telefon raqami ko‘rsatilmasa, maqola­dagi faktlar noaniq bo‘lsa ham maqola chop etilmay, qaytariladi.

Shaxsan o‘zim biror muallif maqola olib kelsa, eng avvalo, imlo xatosiga qarayman. Agar imlo xatolari juda ko‘p bo‘lsa, mavzusidan qat’i nazar, qaytadan yozib kelishini aytaman. Ya’ni gazeta yaxshi savodga ham o‘rgatadi. Tahrirtalab maqola bu – boshqa masala. Mavzu to‘liq ochib berilgan bo‘lsa, yo‘nalish mos kelsa, qolgan masalalar muharrir mahoratiga bog‘liq.

Ha, aziz mushtariy, maqolangiz qaytarilgan bo‘lsa, qalamni bir chetga surishga shoshilmang. Aksincha, muharrir bildirgan e’tirozlarni sinchiklab tahlil qiling, materialni qayta ko‘rib chiqing va uni muharrir tavsiyalariga ko‘ra sayqallang. Bugun qaytarilgan maqolangiz ertaga o‘quvchilar tomonidan eng iliq kutib olinadigan maqolalardan biriga aylanishi mumkin. “Men aytmoqchi bo‘lgan fikr o‘quvchi uchun qanchalik muhim? Keltirgan faktlarim ishonchlimi? Maqolam yangi fikr bera oladimi?” kabi savollarga aniq javob topgachgina tahririyatga maqola yuborsangiz, foydadan xoli emas.


Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish