XALQIMIZGA MUKAMMAL ALIFBO KERAK!

Dolzarb mavzu XALQIMIZGA MUKAMMAL ALIFBO KERAK!
52

Biz nega lotin yozuviga

o‘tyapmiz?


Yaqin kelajakda to‘liq lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o‘tamiz. Hozir mamlakatimiz ta’lim tizimida farzandlarimiz butunlay shu yangi yozuvda ta’lim olyapti. Bugunning o‘zidayoq aynan lotin alifbosida savod chiqargan katta bir avlod paydo bo‘ldi. Lekin erta-indin butun xalq ana shu yangi alifboda ish yuritishi, o‘qishi, yozishi kerak. Bu millat hayotida shunchaki hodisa emas, aksincha, juda katta tarixiy madaniy jarayon.


Ayrimlar yangi alifbomizni hozirdan puxta o‘rganib olgan yoki o‘rganishga jiddiy kirishgan. Biroq ba’zi­larimiz hali bu haqda o‘ylab ham ko‘rganimiz yo‘q. Xuddi ayni voqeaning bizga aloqasi yo‘qdek. Keling, shu haqda batafsilroq fikrlashaylik.


Buning uchun avval: “Biz nega lotin yozuviga o‘tayapmiz o‘zi?” degan savolga batafsil javob berishga to‘g‘ri keladi.


1940-yili kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi shosha-pisha joriy etilgan. O‘shanda o‘zbek tilining tabiatini hisobga olish o‘rniga, rus alifbosi xususiyatlarini ko‘r-ko‘rona bizning yozuvimizga ham o‘tkazish yo‘lidan yurilgan. Bu hol tafakkurni qanchalik orqaga surishini tasavvurga keltirish unchalar qiyin emas. Ehtimol, bu zararlarni kompyuterga solib, hisoblab chiqsa, o‘tgan 86 yil mobaynida biz xalq sifatida qancha bekorchi ishga vaqt sarflaganimizni bilib olish mumkin bo‘lar.


Eng yomoni, tarixda sho‘ro zamonining kirill yozuvi bizda joriy etilganidan keyingi 51 yili mobaynida biror marta zavoddan o‘zbekcha mashinka ishlab chiqarilmadi. O‘zimizning qo‘lbola ustalarimiz o‘zbekcha “ў” (“o‘”), “қ” (“q”), “ғ” (“g‘”) va “ҳ” (“h”) harflarini qo‘lda yasab, ularni o‘rnatish uchun mashinkadagi 4 ta harfdan voz kechib, qo‘yib berishar edi. Buning o‘zi yana yangi muammolarni paydo qilardi. Masalan, ayirish belgisi (“ъ”) bilan yumshatish belgisi (“ь”) kichiklarini birlashtirib, bir harf o‘rni paydo qilinar edi. Lekin hammasi katta harflar bilan yozilgan sarlavhada ularni ifodalash uchun katta “Б”ni yozib, yumshatish belgisining kattasi (“Ь”) uchun olmos bilan “Б”ning tepadagi “qanot”ini olib tashlar, ayirish belgisining kattasi (“Ъ”) uchun esa ham olmos bilan “Б”ning tepadagi “qanot”ini olib tashlar, ham qora siyohli ruchkada uning o‘ng tarafiga “qanot” chizib qo‘yar edik va hokazo. Xullas, har qanday o‘zbekcha mashinkada yozilgan matnga qo‘l bilan nimanidir qo‘shishga majbur bo‘linar edi.


Faqat istiqlolning dastlabki yillari, o‘zbekistonlik va tojikistonlik tadbirkorlar sa’y-harakati bilan bo‘lsa kerak, Germaniyaning “Optima” kompaniyasi biryo‘la ruscha, o‘zbekcha va tojikcha yozadigan “S-10”, “S-12”, “S-16” markali elektron mashinkalar chiqardi. O‘shandagina sal-pal jonimizga jon kirdi. Kamina Tashqi ishlar vazirligi (1994–1997), Prezident devoni(1997–2000)da ishlagan kezlarim shunday qulay mashinkadan huzur qilib foydalanganman.


O‘tgan asrning 30−40-yillarida, ochig‘i, bora-bora sho‘ro davlatidagi hamma tillar (jumladan, o‘zbek tili ham) rus tiliga qo‘shilib, yo‘q bo‘lib ketadi, degan tasavvur hukmron edi. Shunga qattiq mo‘ljal olingan edi. Qarang, hatto, milliy yozuvimizda ham o‘zgalar manfaati birlamchi bo‘lgan. Istiqlolgacha ham buni anglab yetgan, shu xatolarni tuzatishga intilgan olimlar bo‘lgan. Biroq sho‘ro davrida, har qancha ilmiy bahs-munozara yuritilgan bo‘lmasin, buning iloji topilmadi.


Xo‘sh, bu muammolar mustaqillikka erishganimizdan keyin hal qilinishi kerakmidi-yo‘qmi? Ayni kamchiliklarni bartaraf etmasak, faqat til taraqqiyotidagina emas, umuman, tafakkur ravnaqida ham orqada qolishimiz aniq edi. Chunki agar til aql kaliti bo‘lsa, alifbo noqisligi oxir-oqibat milliy ong rivojiga keskin xalaqit qiladi.


Xullas, alifboni isloh qilishning uch loyihaviy yo‘li bor edi:

b i r i n ch i s i – o‘sha eski kirill yozuvini saqlab qolib, keskin takomillashtirish, ya’ni undagi kamchiliklarni butunlay yo‘qotish;

i k k i ch i s i – lotin yozuvi asosida yangi alifbo qabul qilish;

u ch i n ch i s i – arab yozuvi asosida yangi alifbo qabul qilich.


Kirill yozuvini saqlab qolish to‘g‘ri yechim bo‘lolmas edi. Ilmiy tarafdan, isloh qilindimi, xalq baribir ko‘p narsani yangidan o‘rganishga majbur. Shunday ekan, agar afzal tarafi bo‘lsa, biryo‘la yangi yozuvdagi alifboga o‘ta qolgan tuzuk. Siyosiy tarafdan bu eski yozuv bizga har kuni boshqalarga qaramligimiz davrini eslatib turaverar edi. Ma’naviy tarafdan hali ham xalq sifatida o‘z taqdirimiz bilan bog‘liq masalalarni hal etolmay yurgan bo‘lar edik.


Iqtisodiy tarafdan ham kirill yozuvida qolish biz­ni matbaachilik, kompyuter va yozuv mashinkalari bobida birgina mamlakat monopoliyasiga qaram qilib qo‘yaverar edi. Biz bu sohada jahon bozoriga kirolmas, faqat Rossiya ishlab chiqargan, ruslar uchungina mo‘ljallangan tovarlarni olishga majbur bo‘lar edik. Bu – xohlagan mahalda iqtisodiy yutqiziq ro‘y berishi tayin, degani. Axir, bir kunmas-bir kun kelib, u mamlakat mashinka yo kompyuterga tillaning narxini qo‘ymaydi, deb kim kafolat beradi?


Ko‘pchilik e’tibor bermayotgan yana bir sirni aytay: kirill yozuvidagi ayni matnni lotin yozuviga ko‘chirsangiz, o‘z-o‘zidan hajm qisqaradi, ya’ni 10 betlik materialingiz, aytaylik, 9,5 bet bo‘lib qoladi. Agar mamlakatimizdagi matbaa mahsulotlarini yalpi holda olib hisoblasangiz, bu, eh-he, qanchalar katta mablag‘ bo‘ladi. Qog‘oz-ku – mayli. O‘sha ortiqcha sahifalar uchun ketgan vaqtni aytmaysizmi?


Demak, modomiki, yozuv isloh qilinadigan bo‘lsa, biryo‘la yangi alifbo joriy etib qo‘ya qolgan – har jihatdan afzal. Yangi yozuvga o‘tishning ham ikki yo‘li oldimizda turar edi, yo arab yozuviga asoslangan alifboga, yo bo‘lmasa lotin yozuvidagi yangi o‘zbek alifbosiga o‘tish lozim edi.


Arab yozuviga o‘tish yana orqaga ketish bo‘lardi. Birinchidan, bu yozuv arab tili xususiyatlaridangina kelib chiqib yaratilgan. U o‘zbek tili uchun hech ham qulay emas. Unda faqat arab tilidan kirgan so‘zlardagi xos tovushlarnigina ifodalaydigan, amalda tilimiz uchun ortiqcha bo‘lgan bir necha harf ham bor. Ikkinchidan, garchi ming yillik yozma merosimiz shu yozuvda bo‘lsa ham, u tilimiz xususiyatlarini to‘liq aks ettirish imkoniga ega emas. Xuddi shu muammo yuzaga chiqqani uchun ham o‘tgan asrning 20-yillarida arab yozuvi asosida o‘zbek tili tovushlariga moslashtirilgan alifbo joriy etildi. Undan keyinchalik uyg‘urlar foydalanib keldi.


Shuning uchun lotin yozuvi asosidagi zamonaviy alifboga o‘tavergan – har taraflama ma’qul.


Xo‘sh, nega aynan lotin
yozuvi tanlandi?

Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga o‘tishning aynan qanday afzalliklari bor?

Siyosiy jihatdan bu islohot xalqimiz madaniy hayoti, aqliy ravnaqi bilan bevosita bog‘liq masalani kechiktirmay hal etayotganimizni va bunga istiqlol imkon berganini anglatadi.

Ma’naviy tomondan xalq chinakamiga o‘z taqdiri bilan bog‘liq har qanday masalani hech kimning qosh-qovog‘iga qaramasdan hal qila olish imkoniga ega­ligini shu yangi alifboni joriy etish orqali ham kuchliroq
namoyon etdi.

Ilmiy tarafdan lotin yozuvining bir necha fazilati bor. Birinchidan, alifbo ixchamlashdi: bunda 26 harf, 3 harflar birikmasi, jami 29 ta belgi bor, xolos. Oldingi alif­bodan 6 ta belgi kam. Bu – juda katta yutuq. Ikkinchidan, “ng” bir mustaqil tovush sifatida alifboga kiritildi. Endi uni maktabda o‘rgatish ham, to‘g‘ri talaffuz qilish ham osonlashdi. Uchinchidan, shu tariqa millionlab odamlarning millionlab daqiqalari foydaga qoldi. To‘rtinchidan, dunyoning xohlagan mamlakatida ishlab chiqarilgan kompyuter yoki boshqa matbaa sanoati mahsulotlarini erkin bozorda tanlab olish imkoniga ega bo‘ldik. Beshinchidan, lotin yozuvi asosida chiqarilgan kompyuterlarning xohlagan turini hech qanday ustaga olib bormasdan, hech bir yangi harfiy dastur kiritib o‘tirmasdan ishlatib ketaveramiz. O‘zbekistonda terilgan har qanday matnni keyin dunyoning xohlagan burchagidagi kompyuter printeri orqali chiqarib olavera­miz. Chunki yangi alifbomizni joriy etishda shu masalaga alohida e’tibor qilingan. Oltinchidan, mavjud 6 jahon (ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz) tilining teng yarmi, dunyodagi 7 eng rivojlangan mamlakat(AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya va Yaponiya)ning 6 tasi lotin yozuvidan foydalanadi. Bu bizning xorijiy tillarni o‘rganishimizni ham, chet elliklarning o‘zbek tilini o‘zlashtirishini ham bir qadar osonlashtiradi.


Inson yangiliklarsiz yashashi mumkin emas. Lekin kishilar ruhiyatida yangilanishdan cho‘chishga o‘xshash kayfiyat ham kuchli bo‘lar ekan. Viloyatlar­dagi uchrashuvlarda ba’zan: “Davlat qachon bizga yangi alifbomizni o‘rgatadi?” mazmunida savol berishadi. Ey birodar, deging keladi shunda, mana, alifbo qabul qilindi, necha yildirki, shu asosda ta’lim olib borilyapti, imlo qoidalari ham kitob bo‘lib chiqqan, savod, avvalo, har kimning o‘ziga kerak, shunday ekan, marhamat, o‘rganishga kirishing!


Yangi alifbomizni o‘rganib olish – oliy ma’lumotli kishi uchun bir necha soat, boringki, bir kun, o‘rta ma’lumotli odamlar uchun bor-yo‘g‘i bir necha kun mashq bilan amalga oshadigan ish. Chunki ikkala alifboda ham qat’iyat bitta: lotin yozuvi asosidagi alifbo­mizda ham, kirill alifbosidagi kabi, barcha tovushlarni yozamiz va o‘qiymiz.


Xullas, yangi alifbo xalqni, uning tezkor taraqqiyotga erishuvini, demakki, porloq istiqbolni o‘ylab qabul qilindi. Bu – tarixiy hodisa O‘zbekistonimizning buyuk kelajakka erishuvi yo‘lidagi o‘ta muhim va asosli qadamlardan biri hisoblanadi(Bu fasl matni maqola sifatida dastlab quyidagi manbada chop etilgan edi: О л и м С. Биз нега лотин ёзувига ўтяпмиз? // Ўзбекистон адабиёти ва санъати, 2000, 20 октябрь).


Eng milliy boylik


“Milliy boylik” tushunchasiga ko‘p narsa kiradi. Lekin til – har qaysi xalqning birlamchi va eng muhim boyligi, milliy xazinasi, ulkan bisoti. Zabon borki, millat bor. Shuning uchun tilga munosabat milliy davlat siyosatining ham o‘zak-o‘zagini tashkil etadi.


Bugun lotin yozuvining afzalliklari, uning asosidagi yangi alifboga o‘tayotganimizning to‘g‘riligi haqida yuqorida so‘zlab o‘tildi.


O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbida “O‘ZBEKISTON” so‘zi, milliy valyutamiz kupyura­laridagi bitiklarning bari yangi o‘zbek alifbosida qayd etilgan. Yaqin kelajakda mamlakatimizda rasman kirill yozuvi asosidagi eski alifbodan batamom voz kechilib, to‘liq yangi alifboga o‘tiladi.


Lotin yozuvi dunyoda shunchalar keng yoyilganki, hatto, rus tili lotin yozuvini rasman qabul qilmagan bo‘lsa ham, internet tizimi, mobil aloqa kompaniyalari xabarlari rus tilida ham lotin yozuvi asosida mijozlarga jo‘natilyapti. Eronda arab yozuvi asosidagi forsiy alifbo ishlatilsa ham, aholining muayyan qismi elektron tarmoqlarda bir-biri bilan lotin alifbosi harflaridan foydalanib yozishadi. Chunki kompyuter tizimi lotin yozuvini harf deb ko‘radi, boshqa yozuvlarni esa suvrat deb bilib, uni o‘qishga keragidan ortiq ko‘p vaqt sarflaydi.


Xullas, lotin yozuvi bugungi kunda eng qulay, eng zamonaviy yozuv ekaniga shubha qilib yoki bahslashib o‘tirishga aslo hojat yo‘q.


Kechikish oqibatlari


O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganiga 33, “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbo­sini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonuni qabul qilinganiga esa 31 yil bo‘ldi. Shunga qaramay, hali-hamon bu yangi alifboga o‘tganimiz yo‘q. Holbuki, Ozarboyjon Respublikasida 2001-yiliyoq lotin yozuvi asosidagi yangi alifbo to‘liq joriy etildi. Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Hech kim norozilik ham bildirmadi. Hech kim yangi alifboda o‘qiyolmay, savodsizga aylanib qolgani ham kuzatilmadi.


Bizning nimadan ehtiyot bo‘layotganimiz – noma’lum.


Yangi alifboga yoppasiga o‘tmaganimiz ayrimlar­ning: “Kirill alifbosi yaxshiroq emasmikan?” degan mulohazaga borishi uchun xamirturush vazifasini o‘tab kelyapti. Xamir ko‘pchigandan ko‘pchib boraverdi. Yaqinda ayrim ommaviy axborot vositalarida ba’zi fuqarolar aynan kirill yozuvi asosidagi alifboda qolish g‘oyasini jon kuydirib targ‘ib qila boshladi ham. Holbuki, xalqning kelajagini o‘ylagan odam biz uchun lotin yozuvidan yaxshisi yo‘qligini dildan his etadi, albatta.


Qat’iyatlar, qat’iyatlar...


Bugun bizni boshqa masala qiziqtiradi: nega lotin yozuvi asosidagi yangi qabul qilingan alifbomiz hali ishlatib-ishlatilmay bir marta isloh etildi?

Yangi o‘zbek alifbosi ingliz tili uchun chiqarilgan, demakki, dunyoda eng ko‘p qo‘llanadigan kompyuter klaviaturasiga mos bo‘lsin, deyildi. Yaxshi qat’iyat. Mantiq yo‘q emas. Shunday qilindi ham.

Lekin...

Ko‘p yillik tajribalar bu islohni ham yana qayta isloh qilishni taqozo etayotir.


Bir ortiqcha harfga ne hojat?

Bozor iqtisodiyoti jarayonida yashayapmiz. Har lahzamiz – pul. Ortiqcha sarflangan har qanday vaqt – amalda, bekorga xarajat qilingan mablag‘, degan gap. Har gal 29 daqiqada yozish mumkin bo‘lgan matnni 30 daqiqada yozsangiz, ya’ni har yarim soatdan bir daqiqasini bekorga sarflasangiz, yig‘ilib-yig‘ilib, bu qancha vaqtga aylanadi-yu, amalda qancha puldan mahrum bo‘lasiz? Chunki boshqalar ana shu siz bekor ketkazgan vaqtda ham nimadir ishlab chiqarib, mo‘may daromad topadi-da.


Xullas, biz alifbomizga bir ortiqcha harf kiritganmiz. Gap “ch” harfi haqida ketyapti. Tabiiy savol tug‘iladi: nima uchun “ch” tovushi ifodasi uchun “c” va “h” harflari qo‘shilmasi qabul qilindi? Axir yangi alif­bomizda “c” harfi boshqa hech qanday vazifa bajarmaydi-ku. Faqat bir o‘rinsiz mulohaza o‘rtaga tushgan bo‘lishi mumkin. U ham bo‘lsa – “c” lotin yozuvi asosidagi ayrim milliy alifbolarda kirill yozuvidagi ba’zan “s” va ba’zan esa “k” tovushlarini ifodalab kelishi.


Lotin yozuvidagi harflar uning asosidagi milliy alif­bolarda aynan qanday tovushni ifodalash uchun ishlatilgani biz uchun birlamchi ahamiyatga ega emas. Chunki o‘z milliy alifbomizni yaratish qat’iyatiga amal qilganmiz. Bunda ayrim lotincha harflar faqat bizdagina xos tovush ifodasi uchun ishlatilishi yo‘lidan yurilgan. Masalan, lotin yozuvidagi “x” ayrim milliy alifbolarda aynan “ks” tovushi ifodasi uchun ishlatiladi. Biz uni “xato” so‘zi boshida keladigan “x” ifodasi uchun qo‘llaymiz. Yoki “j” harfi ayrim milliy alifbolarda kirill yozuvidagi “й” o‘rnida keladi. Biz uni “jo‘ra” hamda “jargon” so‘zlari boshida keladigan ikki tovush uchun qabul qilganmiz.


Demak, alifbomizga kiritiladigan birinchi o‘zgarish aynan “ch” harflar qo‘shilmasidagi “h”dan butunlay voz kechishdan iborat bo‘lishi kerak.


Bir imkonni boy bermaylik!


O‘zbek tilida tarixan bitta “v” tovushi mavjud edi. Bu – lablanmagan “v”. U amalda “u”ga juda yaqin kelgani uchun ham arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek alifbosida “v” hamda “u” tovushlari uchun bitta “vov” (“و”) harfi qabul qilingan. Kelib chiqishi turkiy (o‘zbekcha), arabiy va forsiy bo‘lgan so‘zlarda “v” xuddi ingliz tilidagi “dablyu”, ya’ni “w” kabi lab labga tegmagan holda talaffuz qilinadi: “valdiramoq”, “vaysamoq”, “voybo‘y”, “viq-viq”, “vaqt”, “Vatan”, “avval”, “savlat”, “lavha”...


Biroq XIX asrning oxirlaridan boshlab tilimizga rus tili orqali rus va boshqa G‘arb tillaridagi lablangan “v” tovushi ishtirok etgan ko‘p-ko‘p so‘zlar ham kirib keldi. Arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek alifbosiga ham, lotin yozuvi asosidagi 1929–1939-yillari ishlatilgan o‘zbek alifbosiga ham, kirill yozuvi asosidagi, hatto, mana, lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosiga ham bu biz uchun yangi tovush ifodasiga alohida harf olishni o‘ylamadik, uni ham bitta harf (“و” , “v”, “v”) bilan ifodalab ketaverdik.


Oqibat nima bo‘ldi?


Sho‘ro davrida ikki taniqli navoiyshunosning “Navoiy” so‘zini g‘alati talaffuz qilishidan hayron qolar edim. Endi o‘ylasam, ular bu so‘zdagi “v” tovushini aynan ruscha, ya’ni lablangan holda talaffuz qilar ekan. Bu quloqqa xuddi “Nafoiy” degandek eshi­tiladi. Gap shundaki, rus tilida bizdagi lablanmagan “v” (ya’ni “dablyu” – “w”) tovushi, umuman, yo‘q. Shuning uchun ruslar buyuk ingliz shoiri Shekspirning ismi – “Wilyam”ni “Uilyam” deb yozishadi. Natijada aslida ikki bo‘g‘inli bo‘lgan ism ruschada uch bo‘g‘inli bo‘lib qoladi. Biz ham ruslarga ko‘r-ko‘rona ergashib, boz ustiga, tilimizda inglizcha bilan bir xil talaffuz qilinadigan tappa-tayyor “v” (“w”) tovushi bo‘laturib, bu ismni “Uilyam” deb yozamiz. Bir davlatning nomini “Uels” deb, ya’ni ikki bo‘g‘inli qilib yozamiz va o‘qiymiz. Holbuki, aslida, bu – “Vels” degan davlat. Ruslar, azbaroyi ularda lablanmagan “v”, ya’ni “w” yo‘qligi uchun shunday yo‘l tutishgan. Yoki “shou” degan so‘zni olaylik. U ham – aslida, “shov”, ya’ni “show” degan bir bo‘g‘inli so‘z. Bundan keyin xuddi shunday ingliz tilidan ko‘p-ko‘p so‘zlar kirib kelaveradi. Nima, yana ularni yozuvda aks ettirishda ruslarga taqlid qilamizmi?


Hozir esa tilimizda ruschadan lablangan “v” (ya’ni “v”) tovushi ishtirok etgan shunchalar ko‘p so‘z kirib kelganki, uni o‘zbekcha lablanmagan “v” (anig‘i – ing­lizchadagidek “w”) bilan talaffuz qilish mutlaqo xato bo‘lur edi.


Maktabda “v” tovushi o‘tilayotganda kamdan-kam o‘qituvchi u tilimizda bir-biridan keskin farq qiladigan ikki tovushni ifodalashini aytadi yo o‘rgatadi.


Rus tili orqali kirib kelgan so‘zlarni o‘zbekcha “v” bilan talaffuz qilayotganimiz bir xato bo‘lsa, o‘zimizning turkiy, forsiy, arabiy so‘zlardagi “v”ni ruschadagidek lablangan “v” tovushi bilan talaffuz qilayotganimiz dard ustiga chipqon chiqqandek bo‘lyapti. Hatto, O‘zbekiston xalq artistlarining ayrimlari ham sahnada, televideniye ko‘rsatuvlarida “shavkat”, “vafo”, “Vatan”, “vaqt”, “gavhar”, “lavha” kabi oddiy-­oddiy so‘zlarimizni xuddi o‘zbek tilini endi o‘rganayotgan ajnabiy kabi “shafkat”, “fafo”, “fatan”, “faqt”, “gafhar”, “lafha” deganga yaqin tarzda aytayapti.


Bu ketishda yaqin kelajakda tilimiz tamoman vayron bir holga kelib qoladi. Keyin uni hech kim tuzata olmaydi.


Nima qilish kerak?


Kelinglar, alifbomizga “w” harfini xuddi ingliz tilidagidek lablanmagan tovush ifodasi uchun ishlataylik. Ana o‘shanda “vokzal”, “volfram”, “obyektiv”, “subyektiv”, “nerv”, “volt” kabi so‘zlardagi “v”larni ham aslidagidek, ya’ni lablangan holda, boshqacha aytganda, “f”ga yaqinroq tarzda talaffuz qiladigan bo‘la­miz. Modomiki, tilimizga ingliz tilidan ko‘p-ko‘p so‘zlar kirib kelishi jarayoni boshlangan va tezlashgan ekan, bu ikki tovush uchun alohida-alohida harf qabul qilish – o‘ta muhim masala bo‘lib boraveradi.


“Jo‘ja”dagi “j” – boshqa, “jandarm”dagi “j” – boshqa


Nima uchun kirill yozuvi asosidagi alifbodan lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o‘tyapmiz?

Avvalo, tilimizdagi tovushlarni yozuvda maksimal darajada to‘la va to‘g‘ri ifodalash uchun! Shunday ekan, keling, shu yo‘lni mahkam tutaylik. Ya’ni hozir – payti. Chunki hali lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga to‘liq o‘tganimizcha yo‘q. Imkon borida oldindan ishni puxta qilaylik. Birato‘la alifbomizni mukammallashtirib, keyin yoppasiga uni qo‘llashga o‘taylik.


Arabiy va turkiy tillar uchun jarangsiz “j” tovushi xos emas. Arab yozuvi asosidagi forsiy-turkiy alifboga jarangsiz “j” tovushini ifodalash uchun maxsus bir harf (“ﮊ”) qo‘shilgan. Turkiy tilga forsiydan o‘tgan ana shu jarangsiz “j” tovushi uchun shu harf arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek yozuvi tarkibida ham qolgan. Kirill yozuvi asosidagi hozirgi tojik alifbosida ham bu ikki harf alohida-alohida ifodalanadi. Ya’ni “jo‘ja”dagi “j” uchun – boshqa (“ҷ”) va “janda”, “ajdar”, “ajdaho”dagi jarangsiz “j” uchun boshqa (“ж”) harf olingan.


Biz uchun shu yo‘l to‘g‘ri yo‘l bo‘lishi kerak. Ya’ni lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizni mukammallashtirish niyatida bo‘lsak, “j”ni “jo‘ja” so‘zida keladigan jarangli “j” uchun qoldirib, “jandarm”da keladigan jarangsiz “j” uchun yangi harf tanlashimiz lozim. Buning uchun qanday harf shakli tanlanishining katta ahamiyati yo‘q.


Haqiqat yo‘lida orqaga qaytish ayb emas. O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” 1993-yil 2-sentabrdagi qonunida jarangsiz “j” tovushi uchun “Ɉɉ” harfi qabul qilinib, to‘g‘ri yo‘l tutilgan edi(Qonun sifatida tasdiqlangan shunday mo‘tabar hujjatda bir savodsizlikka yo‘l qo‘yilganini aytmay o‘tishning hech iloji yo‘q. “Jandarm” so‘ziga ketadigan “j”ga misol tariqasida alifboda “ajdod” kalimasi berilgan. Holbuki, “ajdod” – kelib chiqishi jihatidan arabcha so‘z. Arab tilida esa “jandarm”ga ketadigan “j” tovushi mutlaqo yo‘q.

U – “otaning otasi”, ya’ni “ota tarafdan bobo” ma’nosida keladigan “jadd” so‘zining ko‘plik shakli. “Jaddi a’lo” deyilsa, “ota tarafdan boboning otasi” tushunilgan. Shuning uchun “ajdod” bizda umumiyroq ma’noda “ota-bobolar” ma’nosida qo‘llanadi va “jo‘ja”ga ketadigan jarangli “j” bilan yoziladi, albatta).

Ikki bir-biriga yaqin tovush uchun shaklan o‘xshash, birgina farq(bu yerda beli bog‘langani) bilan harflar qabul qilish tajribasini kirill yozuvi asosidagi alifbo­mizda “x” va “h” misolida ko‘rdik. Bu ko‘p xatolik­larga sabab bo‘ldi. Hozir bu ikki tovush uchun bir-biriga o‘xshamaydigan harflar(“x” va “h”) bilan ifodalana­yotgani uchun xatolar, biroz bo‘lsa-da, kamaydi. Shularni hisobga olib, kamina bir taklif sifatida, “jandarm”ga ketadigan jarangsiz “j” uchun, masalan, “Ȥȥ” harfini kiritish kerak, degan bo‘lardim.


Bu masalaning yana bir nozik va ahamiyatli jihati bor. Bundan buyon tilimizga ingliz va boshqa G‘arb tillaridan ko‘plab so‘zlar olinaveradi. Rus tilida jarang­li “j” tovushi yo‘q. Shuning uchun ular bu tovushni aniq ifodalamoqchi bo‘lsa, oldiga kirill alifbosidagi “д” harfini qo‘shib, “дж” tarzida yozishga majbur. Biroq ko‘p g‘arbona so‘zlardagi jarangli “j” rus tiliga jarangsiz “j”, ya’ni ruscha “ж” bo‘lib o‘tavergan. Biz
ruschadan olib, masalan, jarangli “j” bilan boshlanadigan “jurnal”(“jurnal”)ni jarangsiz “j” bilan boshlanadigan “jurnal”(kirill yozuvida –“журнал”) deb olganmiz.


Axir, milliy alifboda har bir tovush uchun alohida harf bo‘lsa, qanday yaxshi.


“O”larning olam-olam “mojaro”si


Hozirgi o‘zbek adabiy tilida amalda uch xil “o” bor. Hech hayron qolmang. Ha-ha, xato o‘qimadingiz, aynan shunday.


B i r i n ch i s i – turkiy “o”. “Ona”, “ota”, “bobo”, “opa”, “bola”, “olma”, “ovul”, “oz”, “qon”, “qosh” va boshqa shu kabi so‘zlarda aynan o‘zbekcha “o” ishtirok etadi. U talaffuzda qisqaroq bo‘ladi. Shevalarda osongina boshqa qisqa unliga aylanaveradi – “ena”, “buva”, “apa”, “alma”, “bala”, “avul”, “av”, “az” (“azgina”) bo‘lib qolaveradi ham.


Shuning uchun tilimiz tabiatini ich-ichdan bilgan, ya’ni zukko shoirlar, hatto, “ona” so‘zini “mardona” so‘ziga qofiya qilmaydi. Chunki “ona” so‘zidagi “o”ga urg‘u tushmaydi, asli fors-tojik tilidan olingan “mardona” so‘zidagi “-ona” qo‘shimchasining “o” tovushiga urg‘u tushadi. Shuning uchun cho‘ziq talaffuz qilinadi. Qaysi bir no‘noqroq shoir “ona”ni “mardona”ga qofiya qilsa, she’rxon – turkiy “ona” so‘zini “o(-o-)na” tarzida, ya’ni “o”ga sun’iy ravishda urg‘u berib, cho‘zib o‘qishga majbur.


I k k i n ch i s i – arabiy-forsiy so‘zlardagi “o”. “Odam”, “oila”, “olim”, “bog‘”, “or”, “osmon”, “dehqon”, “gulzor”, “dono” va boshqa so‘zlardagi “o”lar turkiy so‘zlardagi “o”ga nisbatan ochiqroq, cho‘ziqroq, kattaroq tarzda talaffuz qilinadi.


U ch i n ch i s i – ruscha va rus tili orqali kirib kelgan so‘zlardagi “o”. “Obyektiv”, “tok”(“elektr toki” ma’nosida), “donor”, “domino”, “kontrast”, “korroziya”, “okrug”, “oktava”, “organ”, “otorinolari­ngologiya”, “ofitser”, “ofitsiant” va boshqa shu kabi so‘zlardagi “o” shunday tovush hisoblanadi. Aslida, bu “o” turkiy va arabiy-forsiy “o”larga tovush sifatida ko‘p yaqin kelmaydi ham.


Rus tilining qoidasiga ko‘ra, urg‘u tushmagan “o”lar talaffuzda amalda “a” yoki “i”ga aylanib ketadi. Urg‘u tushgan “o”lar esa bizdagi “o” bilan “o‘”ning o‘rtasidagi alohida bir tovush bilan aytilishi lozim.


O‘zbek tilida esa aksariyat harflar o‘z o‘rnida to‘g‘ri talaffuz qilinishi qoidasiga amal qilinadi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari rus tilidan va rus tili orqali kirib kelgan bu so‘zlarning barini “o” bilan o‘qiydi: “abyektiv” deyish o‘rniga “obyektiv” deydi, “to‘k” deyish o‘rniga xuddi uzumning tokini aytayotgandek, “tok” deydi. Bu so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga o‘tguniga qadar ancha yillar kechadi. Qoidaga: “O‘zbek tilida harflar qanday yozilgan bo‘lsa, shunday talaffuz qilinadi”, degan qat’iyatni kiritganmiz. Ruschadan kirgan so‘zlarga kelganda esa bu qoidani o‘zimiz buzamiz.


Axir, til o‘zimizniki bo‘lsa, nima uchun o‘z erki­mizdan o‘zimiz foydalanmasligimiz kerak? Oqibatda ikki xillik kelib chiqadi. Bu esa ona tilini o‘rganishni juda murakkablashtiradi. Til o‘rganish murakkablashdimi, bolaning aqliy faoliyati sustlashadi. Boshqacha aytganda, boshlang‘ich sinf o‘quvchisi, aslida, juda soddalashtirilishi mumkin bo‘lgan nuqtalarda qiynalib, keragidan ortiq vaqt va aqliy kuch sarflab qo‘yadi. Bundan millat yutqazadi.


Muammoni yechish uchun ikki yo‘l tutish mumkin. Birinchisi, rus tilidan va rus tili orqali kirib kelgan so‘zlardagi “o” tovushini ifodalashda uni talaffuzga moslash usulini qo‘llash zarur. Masalan, “tok”, “fon”, “stanok”, “terror”, “okrug”, “obraz” kabi so‘zlarda kelgan “o”larni bemalol o‘zimizning “o‘” bilan ifodalayversa, bo‘ladi. “Traktor”, “selektor” kabi so‘zlardagi “o”ni biz amalda “i” bilan talaffuz qilamiz. Shuning uchun bu so‘zlarni “traktir”, “selektir” tarzida ifodalasak, o‘zbek tilidagi qanday yozilgan bo‘lsa, shunday o‘qish qat’iyatiga amal qilgan bo‘lamiz. Bolalari­miz ham qiynalmaydi, kattalarimiz ham. “Obyektiv”, “otryad”, “oktava”, “ofitser” kabi so‘zlarda kelgan “o”larni, urg‘u tushmagani uchun, ruslarning o‘zi ham “a” tarzida talaffuz qiladi. Biz ularni o‘zbek tilida bemalol “abyektiv”, “atryad”, “aktava”, “afitser” deb yozishimiz lozim. Deyarli hamma shunday qiladi. Uzoq­qa bormaylik, mana, qozoq qardoshlarimiz, masa­lan, asli arabcha bo‘lgan “axborot” so‘zini o‘z tillariga moslab, bemalol “aqparat” deb yozishaveradi. Yoki ular ruscha “oblast” so‘zini qozoqchasiga yozuvda ham, og‘zakida ham “oblыs” deb ishlatishaveradi.


Ruslar “Odil”ni “Adil”, “Qo‘chqor”ni “Kuchkar”, “choyxona”ni “chayxana”, “Jo‘ra”ni “Djura”, “Xoltoy”ni “Xaltay”, “Ahmadov”ni “Axmedov” tarzida yozib kelyapti, hech narsa deyayotganimiz yo‘q-ku. Ular bizda bor-u, o‘zlarida yo‘q tovushlarni o‘zlari­da bori bilan ifodalab ketaveradi. Shunday ekan, biz nega aynan rus tilida qanday bo‘lsa, shunday yozishimiz kerak? Birgina “ы” va “щ” harflarini “i” va “shch” deb ifodalashimizni aytmasak, ruscha har qanday so‘zni aynan yozib kelamiz.


Bu borada shu qadar mukkasidan ketganmizki, asti qo‘yaverasiz.


Rus alifbosida “ё” harfi mavjud. Lekin rus tilining imlo qoidalariga binoan, “ё” o‘rniga “e” yozib ketaverish mumkin. Lekin u o‘rniga qarab “yo” o‘qilaveradi. Hatto, 1983-yili chop etilgan ikki jildli “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da “e” va “ё” harflari bilan boshlanadigan so‘zlar bir guruhda berilgan. Bizda bunday qoida yo‘q: kirill yozuvida hamma joyda “e”ni – “e”, “ё”ni – “ё” deb yozishga majburmiz. Shunga qaramasdan, sobiq Ittifoqning birinchi rahbari bo‘lgan ikki shaxsning familiyasini yillar mobaynida o‘zbek alifbosi va tilimizning imlo qoidalariga tamoman zid ravishda xato yozib kelganmiz: “Xrushchev” yozganmiz, “Xrushchyov” deb o‘qiganmiz, “Gorbachev” deb yozganmiz, “Gorbachyov” deb o‘qiganmiz.


Ko‘r-ko‘ronalik, bir millatga qulluq qilish bundan ortiq bo‘lmasa kerak!


Alifbomizda “g‘”, “o‘”, “sh” “daxmaza”lari


Vaqt – pul. Vaqt – umr. Vaqt – taraqqiyot.

Taraqqiyotga erishgan borki, vaqtdan yutgan.


Biz-chi?


Lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosida “g‘” hamda “o‘” harflarini yozish uchun klaviaturada avval “g” yoki “o” harflari tugmachalarini bosamiz. Keyin “qo‘yish” (“vstavka”) orqali “simvol” dasturiga kirib, “ ‘ ” belgisini “Alt” bilanmi, “Ctrl” bilanmi ikki tug­macha orqali yoziladigan qilib, biror joyga o‘rnatib olamiz. Kompyuterimiz buni xotirasida uzoq saqlasa-ku, xo‘p-xo‘p. Bo‘lmasa, shu ikki harfni yozish mahali har gal shuncha ishni yana qaytadan bajarishga majburmiz. Bitta katta “G‘” yoki “O‘”ni yozish uchun kamida oltita tugmachani bosishga to‘g‘ri keladi.


Eh-he, essiz shuncha vaqt, shuncha mehnat! Shu bizga zarurmi? Boshqa osonroq yo‘lini topish kompyuterlar asrida shunchalar qiyinmi?!


Fikri ojizimcha, bitta-yu bitta yo‘l bor: orqaga qaytish, ya’ni 1993-yili dastlab qabul qilingan lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosi variantini boshqatdan qabul qilish kerak. Unga ko‘ra, “g‘” uchun “g” ustiga belgi qo‘yiladi(kattasi – “Ğ”, kichigi – “ğ”), “o‘” uchun “o”ning ustiga belgi qo‘yiladi (kattasi – “Õ”, kichigi – “õ”), vassalom.


Tajriba shuni ko‘rsatdiki, ko‘pchilik tutuq(“ ’ ”) belgisini “g‘” hamda “o‘” harflarini yozishda ishlatiladigan “ ‘ ” belgisi bilan adashtirib ifodalaydigan bo‘ldi. Holbuki, tutuq belgisida yuqorida “9” raqamiga o‘xshab ketadigan, “g‘” hamda “o‘” harflarini yozishda esa yuqorida “6” raqamiga o‘xshab ketadigan belgi qo‘llash kerak. Hatto, ayrimlarimiz bu ikkalasi uchun imlo qoidalarida umuman bo‘lmagan “ ′ ” belgisini qo‘llayveradigan bo‘lib ketdik.


Bir tovush uchun ikki harf ishlatishimiz “sh” miso­lida kutilmagan yana bir muammoni keltirib chiqardi. “Ishoq” ismini, tibbiyotga oid “ishaq”, zoologiyaga doir “ishoqqush” so‘zlarini bitishda sun’iy ravishda “s” bilan “h” harflari orasiga tutuq belgisi (“ ’ ”) qo‘yishga majbur bo‘ldik. Bu esa “sh” tovushini ham ikki harf(“sh”) bilan ifodalash tajribasidan voz kechib, o‘rniga “š” harfini qabul qilish kerakligini taqozo etadi.


Asl o‘zbekona “ng” va “ng‘” tovushlari “mashmasha”si


Har bir tilda shunday xos tovush bo‘ladiki, u boshqa zabonlarda aynan shu holda uchramasligi ham mumkin.


Bizda ham bor: biri – “ng”, ikkinchisi – “ng‘”.


“O‘zbekona” deb urg‘u berayotganimizga sabab, bu tovushlar, masalan, arab, fors-tojik, rus, turk, ozarboyjon tillarida yo‘q. Hatto, “ng” tovushi o‘zimizning ayrim shevalarimizda ham barham yegan. Toshkent, Jizzax, Namangan, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari shevalarida “n” (“ayting” – “aytin”, “keling” – “kelin”) yoki “y” (“olinglar” – “oliylar”, “yuring­lar” – “yuriylar”) holatiga aylanib ketadi. Tili tojikcha chiqqan yoki maktabda ruscha o‘qigan fuqarolari­mizning ko‘plari ham bu xos tovushimizni “n”+“g” tarzida talaffuz qiladi.


Kirill yozuvi asosidagi alifbomizda bu tovush uchun alohida harf yoki harflar qo‘shilmasi aks ettirilmagani uchun kamdan-kam kishi “ng”ni alohida tovush sifatida qabul qildi. Oqibatda “ko‘-ngil”, “si-ngil”, “de-ngiz”, “Chi-ngiz” kabi so‘zlarimizni “ko‘n-gil”, “sin-gil”, “den-giz”, “Chin-giz” tarzida talaffuz qilib, shu zaylda bo‘g‘in ko‘chiradigan bo‘lib ketildi. Holbuki, tilimizda “sin-gil” (“sin” ma’nosida), “ko‘n-gil” (“ko‘n” ma’nosida) degan so‘zlar ham bor. Ularda “ng” tovushi yo‘q, ya’ni bu yerda “n” harfi “n” tovushini, “g” harfi “g” tovushini ifodalaydi.

Hatto, adabiy tilimizda ham “ng”ning “n”ga ayla­nish jarayoni kechgan. To‘ylarimizda “Yor-yor” aytiladi. Ularning ayrimlari:

Hay-hay o‘lan, yor o‘lan-o, – deya boshlanadi ham. Bunga hammamiz ko‘nikib qolganmiz.


Holbuki...


Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining 56-bobi yakunida:


Mug‘anniy, tuzub chinga vaznida chang,

Navo chekki: “Hay-hay o‘lang, hoy o‘lang...”


(Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. T. 11. – Toshkent: Fan, 1993. – B. 401.)

– deb yozadi. “Farhod va Shirin”da ham “o‘lang” so‘zi qo‘llanadi:


Samar suvlar bo‘lub oyinaohang,

O‘lang aylab ayon ul ko‘zguda zang.


(Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. T. 8. – Toshkent: Fan, 1991. – B. 109).

Demak, asli “o‘lan” emas, “o‘lang” bo‘lgan ekan.


Yoki biz hozir inson yuzining bir qismini “yonoq” deymiz. Holbuki, Mavlono Lutfiy she’rlarida bu so‘z har gal “yangoq” tarzida keladi(L u t f i y. Devon – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2012. – B. 31, 59, 60).


Navoiylar zamonida “so‘ngak” (Qarang: Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. T. 16. –Toshkent: Fan, 2000. – B. 21) deb ishlatilgan so‘zdagi “ng” tovushi ham shevalardagi “ng”ni “y” deb talaffuz qilish hodisasi ta’sirida “suyak”ka aylangan.


O‘zbek tilida “ng‘” tovushi ham bor. Hali tilshunosligimiz buni tan olmayapti. Tan olmaganining isboti shuki, umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun chiqarilgan darsliklarda o‘zbek tilida “ng‘” undoshi borligi haqida ma’lumot berilganini bilmayman. Mayli, musulmonchilik – asta-sekinchilik bilan. Obyektiv asos bormi, ertadir-kechdir, olimlar bor narsani tan olishga majbur bo‘ladi.


Bu “ng‘” tovushi amalda “ng”ning “aka”si yoki “uka”si. Ba’zan so‘z o‘zagida “ng” bo‘lgan tovush “ng‘”ga aylangan ham. Masalan, tilimizda “o‘ng” so‘zi bor. Bu “chap” tushunchasining ziddi ma’nosida (“o‘ng qo‘l”) ham keladi, “qulay” degan ma’noda ham ishlatiladi (masalan: “Maktabga shu yo‘l bilan yetib olish o‘ngroq”). Lekin tilimizda “o‘ng‘ay” degan shakl ham bor-da. Bu so‘zni biz ko‘pincha “o‘n-g‘ay” tarzida talaffuz qilyapmiz, bu – mutlaqo xato, “o‘-ng‘ay” tarzida talaffuz qilinishi kerak. Bu ham so‘zning asli “o‘ng‘” bo‘lganiga dalil bo‘la oladi.


Alifboda alohida aks etmagan bo‘lsa ham, kirill yozuvidan foydalanib kelayotgan davrlarimizda o‘zbek tili darslarida ham ikkita alohida harf qo‘shilmasi sifatida hosil qilinadigan “ng” tilimizdagi undosh tovushlardan biri ekani o‘qitilgan. Ammo, shunga qaramasdan, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”da kirill yozuvida harf sifatida aks etgan barcha tovushlar haqida alohida-alohida maqolalar berilgani holda “ng” tovushi haqida ham, “ng‘” tovushi haqida ham maqola yo‘q.


Holbuki, tilimizda “ng” va “ng‘” ming yillardan beri mavjud. Mahmud Koshg‘ariy o‘zining mashhur “Devonu lug‘atit-turk” asarida turkiy tilda “ng” ham, “ng‘” ham borligini qayd etadi. Bu ikki tovushning hosil bo‘lishini “g‘unna” deb ataydi. Asarni hozirgi o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashrga tayyorlagan olim Solih Mutallibov bu haqda shunday izoh bitadi: “G‘unna – avtor bu tovushni ikki turli deb ko‘rsatgan: “n” bilan “g”ning birikishidan hosil bo‘lgan “ң” (masalan: “јӱң” (Јӱң – yung)); “n” bilan “g‘”ning birikishidan hosil bo‘lgan “њ” (masalan: “buduњ”( Buduњ – budung‘)) kabi”( Mahmud K o sh g‘ a r i y. Devonu lug‘atit-turk. 3 tomlik. T. 1. – Toshkent: Fanlar akademiyasi, 1960. – B. 50).


Alisher Navoiy nazdida ham “ng” tovushi – alohida, jiddiy, o‘ta muhim masala. Ulug‘ shoir va mutafakkir turkiy aruz nazariyasini shakllantirishga bag‘ishlangan “Mezon ul-avzon” risolasida bu tovushning aruzda qo‘llanishiga doir o‘ta muhim va nozik jihatni qayd etib ketadi.


Gap shundaki, aruzda bir bo‘g‘inda ikki undosh (“vasl”, “mo‘rt”, “sadr”, “to‘rt”, “qadr”, “qalb”, “qand” so‘zlaridagi kabi) yonma-yon kelsa va bu so‘z misra boshi va o‘rtasida ishlatilsa, bir hijo hisoblanmaydi. Yo ana o‘sha oxirgi undosh (misollarimizdagi “l”, “t”, “r”, “b”, “d” tovushlari) alohida qisqa hijoni paydo qiladi, yo o‘zidan keyingi unli bilan boshlanadigan so‘zga ulanib, yangi hijoga “sherik” bo‘ladi. Agar bunday ikki undosh baqamti kelgan so‘z misra oxirida ishlatilsa, ana shu oxirgi hijo o‘ta cho‘ziq hijo hisobiga o‘tadi. U taqte’da maxsus belgi (“~”) bilan ifodalanadi.


Shuni hisobga olib, Navoiy “ng” uchrasa, aruzda buni ikki undoshning yondosh kelishi deb hisoblamaslikni uqtiradi:


“Yana ortuqsi “nun”lardurkim, so‘z irtiboti (bog‘lanishi, ulanishi – S. O.) zamoyirda (o‘rtada, ichida – S. O.) “-ning” lafzida bitilur, misli “oning”va “mening” va “sening” lafzida, andoqkim,


b a y t:

Ey ko‘ngul, bilgilki, bu jon ne seningdur,

ne mening,

Bilki: “Oningdur”, – desang, “Kimning?” –

deyinkim, yorning.


Va bu mazkur bo‘lg‘on alfozning “kof”laridurkim, “kof” o‘rnig‘a bitilur, ammo talaffuzga “kof” o‘rnig‘a kirmas. Va yana “nun” bila “kof”lardurkim, “oning” va “mening” va “tong” va “o‘ng” va “so‘ng” va “nang” va “tang” lafzida voqe’durkim, borchasi taqte’da soqit bo‘lur”( Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. T. 16. – Toshkent: Fan, 2000. – B. 62).


Navoiy bu yerda zukkolik bilan “ng” yozilgani bilan, bu ikki tovush emas, bir tovush ekanini, bir tovush sifatida talaffuz qilinishini, shuning uchun aruz vazni taqte’sida bir tovush hisoblanishini jon kuydirib ta’kidlayapti.


Bu yerda zaruratan bir tovush yozuvda ikki undosh bilan ifodalangan, xolos. Aslida, bu ikki undoshning birlashgani emas, balki bir undoshni noilojlikdan ikki harf bilan yozishdan boshqa narsa emas. Chunki arab alifbosi arablar uchun yaratilgan. Unda turkiy “ng” tovushini ifodalaydigan maxsus harf yo‘q.


Ana endi alifbomizni isloh qilish bilan bog‘liq yana bir o‘ta muhim masala o‘rtaga tushadi. Modomiki, “ng” alohida bir tovush va uni ifodalash uchun alifbomizda yangi bir harf (aniqrog‘i, harflar birikmasi) joriy etilgan ekan, nega endi “ng”ni alohida tovush deb bilmasligimiz va uni ifodalash uchun alifboga yangi harf kiritmasligimiz kerak? Axir, tilimizda “ng‘” tovushi – “ng”ning “egizagi”-ku. Agar “ng‘”ni alohida, mustaqil bir tovush deb tushunmas ekanmiz, tilimizda “su-zo-ng‘ich” so‘zini “su-zon-g‘ich”, “qi-ng‘ir” so‘zini “qin-g‘ir”, “sho‘-ng‘i-moq” so‘zini “sho‘n-g‘i-moq”, “o‘-ng‘ay” so‘zini “o‘n-g‘ay”, “to‘-ng‘ich” so‘zini “to‘n-g‘ich”, “to‘-ng‘iz” so‘zini “to‘n-g‘iz” , “ta-ng‘il-la-moq” so‘zini “tan-g‘il-la-moq”, “ta-ng‘i-moq” so‘zini “tan-g‘i-moq” deb talaffuz qiladigan bo‘lib ketamiz. Eng yomoni, “qing‘-qing‘ qildi”ni “qin(i)g‘-qin(i)g‘ qildi” deb o‘qiymiz. Tilimizni o‘rganayotgan xorijliklar ham “ng‘”dagi ikki harfni sun’iy ravishda, bu yerdagi “ng‘”da ikki undosh ishtirok etyapti, deb o‘ylab, amalda ularni ikki tovush deb hisoblab o‘rganishga majbur bo‘ladi.


Shu tariqa tilimizning tug‘di-bitdi, ya’ni asliy tabiatiga katta putur yetadi. Jozibasi butkul yo‘qoladi. Boshqa qardosh turkiy tillardan uzoqlashadi. Quruqlashib, quruqshab qoladi.


Tilimizda “tang‘” degan taqlidiy so‘z bor. Masalan: “Shu payt nimadir tang‘ etib ketdi”, – deymiz. Shuni ovoz chiqarib aytib ko‘ring, qani, qulog‘ingizga “n” va “g‘” eshitiladimi? Biz shartli ravishdagina bu tovushni “n” va “g‘” harflari orqali ifodalab kelyapmiz. Holbuki, bu tovushda “n” ham yo‘q, “g‘” ham: shu ikkalasining qo‘shilmasidan hosil bo‘ladigan butunlay boshqa – alohida, mustaqil tovush bor. U bo‘g‘iz orqali talaffuz qilinadi.


Kamina tilshunos emasman. “Devonu lug‘atit-turk” asaridan tashqari, o‘zbek tili haqidagi biron kitobda “ng‘” tovushi borligi haqida o‘qigan yerim yo‘q. Bo‘lsa, bordir. O‘qimaganim uchun, ehtimol, o‘zim aybdordirman. Lekin gap bu haqda emas.


“Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, degan maqol bekorga to‘qilmagan. Bugun aytmasak, ertaga avlodlardan balolarga qolib ketamiz. Hali ham kech emas. Hech bo‘lganidan kech bo‘lgani ham yaxshi-ku.


O‘zbek tilida, “ng‘” ishtirok etadigan so‘z oz emas: “boshlang‘ich”, “yong‘oq”, “ming‘ayish”, “ming‘aymas”, “ming‘aymaslik”, “ming‘aymoq”, “ming‘illamoq”, “ming‘ir”, “ming‘irlayvermoq”, “ming‘irlamoq”, “ming‘irlash”, “ming‘irlashmoq”, “ming‘irlov”, “ming‘irming‘ir”, “ming‘ich”, “tang‘”, “tang‘illamoq”, “tang‘illatish”, “tang‘illatmoq”, “tang‘imoq”, “ting‘”, “ting‘illamoq”, “ting‘illatish”, “ting‘illatuv”, “ting‘illov”, “ting‘ir”, “ting‘ting‘”, “to‘ng‘iz”, “to‘ng‘izlik”,“to‘ng‘izsirt”, “to‘ng‘iztaroq”, “to‘ng‘iztaroqdoshlar”, “to‘ng‘izchi”, “to‘ng‘izchilik”, “to‘ng‘illamoq”, “to‘ng‘illatmoq”, “to‘ng‘illash”, “to‘ng‘irto‘ng‘ir”, “to‘ng‘ich”, “chang‘aroq”, “chang‘i”, “chang‘ili”, “chang‘ichi”, “chang‘ichilik”, “sho‘ng‘imoq”, “sho‘ng‘itish”, “sho‘ng‘itmoq”, “sho‘ng‘ich”, “o‘ng‘ay”,“o‘ng‘aylanmoq”, “o‘ng‘aylashmoq”,
“o‘ng‘aylik”, “o‘ng‘ayroq”, “o‘ng‘aysiz”, “o‘ng‘aysiz­lanish”, “o‘ng‘aysizlanmoq”, “o‘ng‘aysiz­lantirish”, “o‘ng‘aysizlantirmoq”, “o‘ng‘aysizlik”, “o‘ng‘alish”, “o‘ng‘alishlik”, “o‘ng‘almas”, “o‘ng‘almaslik”, “o‘ng‘almoq”, “o‘ng‘arilish”, “o‘ng‘aril­mas”, “o‘ng‘arilmoq”, “o‘ng‘arish”, “o‘ng‘a­rishmoq”, “o‘ng‘armoq”, “o‘ng‘artirish”, “o‘ng‘artirmoq”, “o‘ng‘aruv”, “qalang‘iqasang‘i”, “qang‘li”, “qirchang‘i”, “qo‘ng‘iz”, “qo‘ng‘i­roq”, “g‘ing‘illamoq”, “g‘ing‘illatish”, “g‘ing‘illatmoq”, “g‘ing‘illash”, “g‘ing‘illashmoq”, “g‘ing‘ir”, “g‘ing‘irlamoq”, “g‘ing‘irlatish”, “g‘ing‘irlatmoq”, “g‘ing‘irlash”, “g‘ing‘irlashmoq”, “g‘ing‘ir-g‘ing‘ir”, “g‘ing‘-g‘ing‘”, “g‘o‘ng‘”, “g‘o‘ng‘illab-g‘o‘ng‘illab”, “g‘o‘ng‘illamoq”, “g‘o‘ng‘illashish”, “g‘o‘ng‘illashmoq”, “g‘o‘ng‘irlamoq”, “g‘o‘ng‘irlashmoq”, “g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir”, “g‘o‘ng‘-g‘o‘ng‘”...


Tariximizda “Qang‘” degan toponim bo‘lgan. Bu haqda akademik Abdulahad Muhammadjonov shunday yozadi: “Miloddan avvalgi III asrda qadimgi Choch viloyatida chorvador sak qabilalari ittifoqi asosida tashkil topib, milodning III asrigacha hukm surgan davlat “Qang‘”, “Qanqa” yoki “Qang‘xa” deb atalgan. ...Qadimgi toharlar (Surxondaryo vohasining qadimgi aholisi) tilida “Qang‘” so‘zi ham “toshdek yaxlit yurt” ma’nosini anglatgan. Miloddan avvalgi II–I asrlarda Qang‘ davlati nihoyatda kuchayib, unga beshta viloyat: xitoycha Suse (Kesh), Fumu (Sug‘d), Yuni (Choch), Gi (Buxoro), Yuetszyan (Xorazm) hokimlari bo‘ysunishgan”( M u h a m m a d j o n o v A. Tarix falsafasi – ma’naviyat ko‘zgusi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2015. – B. 222-223).


Alifbomizda “ng‘” tovushini ifodalaydigan alohida harf yo‘qligi uchun hammamiz bu so‘zni “Qan(i)g‘” deb yoki shunga juda yaqin tarzda o‘qishga moyil bo‘laveramiz.

Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida:

To‘kub Farhodning ul holig‘a yosh,

Qo‘nqordi ul qayodin bir og‘ir tosh, (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. T. 8. – B. 320.)


– degan bayt uchraydi. Bir qarashda, “qo‘nqordi” so‘zi – vaznga tushmagandek. Chunki bu bayt hazaji musaddasi maqsur, ya’ni “mafoiylun mafoiylun mafoiyl” vaznida bitilgan. Bu vazn talabiga ko‘ra, misra boshidagi rukn “V – – –” tarzida, ya’ni bir qisqa va uch cho‘ziq hijodan iborat bo‘lishi kerak. “Qo‘n-qor-di ul” deb o‘qisak, shu talabga tushmaydi. Chunki satr boshi “mafoiylun” bo‘lishi, ya’ni bir qisqa, keyin uch cho‘ziq hijo kelishi kerak. Bu tarzda taqte’ qilinganda birinchi bo‘g‘in, ya’ni “qo‘n” cho‘ziq hijo bo‘lib qolyapti. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Navoiy vaznda saktalikka yo‘l qo‘ydimi? Aslo! Bu uning uchun she’riy savodsizlik hisoblanar edi.


Avvaliga: “Bu o‘rinda qay bir xattot “g‘ayn” (ya’ni “g‘”) o‘rniga “qof” (“q”) yozib yubordimikan?” degan mulohazaga ham borildi. Shu ehtimol bilan dostonning zukko matnshunos Porso Shamsiyev tayyorlagan ilmiy-tanqidiy matni ko‘zdan kechirildi. U yerda ham bu so‘z arabiy yozuvda “qo‘nqordi”(Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. Tanqidiy matn (arab yozuvida) – Toshkent: Fanlar akademiyasi, 1963. – B. 151) deb bitilgan. Demak, Navoiy biz hozir “ng‘” tarzida ifodalayotgan tovushni “nq” tarzida yozgan, vassalom. Lekin uni bitta tovush hisoblagan. Shunda vazn to‘ppa-to‘g‘ri keladi. Buning uchun so‘zni “qo‘n-qor-di” tarzida emas, balki “qo‘-nqor-di” tarzida bo‘g‘inlarga ajratamiz. Shoir dostonning 53-bobi nasriy sarlavhasida ham bu so‘zni “qo‘nqorg‘on” (B. 460) tarzida yozadi.


Lekin dostonning boshqa ikki o‘rnida shu so‘zda kelgan “ng‘” tovushini aynan “ng‘” tarzida ifodalaydi:


Qilich no‘gi bila davrini yorg‘il,

Solib sarpanja o‘rnidin qo‘ng‘org‘il.

(Alisher N a v o i y. Mukammal asarlar to‘plami.
T. 8. – B. 148).

Tahammulsiz bo‘lub, uy sori borib,

Eshik ochilmog‘ondin so‘ng qo‘ng‘orib.


(Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami.
T. 8. – B. 447).


Bu dostonda jami to‘rt marta ishlatilgan ushbu so‘zdagi xos turkiy tovush ikki yerda “nq” va ikki joyda “ng‘” yozilgan. She’riy matnda kelgan uch o‘rinda ham bu so‘zdagi “ng‘” tovushi bir undosh sifatida ikkinchi bo‘g‘inning boshi sifatida hijo hosil qilgan.


Ko‘p “ng‘”lar bora-bora “ng”ga aylanib ham qolyapti. Masalan, “tang‘lay” degan so‘z bor. Uni Abdulla Qodiriy aynan “tang‘lay” deb ishlatgan: “Doyachimiz nima deb tang‘layimizni ko‘tardi?”(Ju l q u n b o y. Og‘zingga qarab gapir! // XXI asr, 2017-yil, 20-iyul). Ammo “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da ham bu so‘z “tanglay”( O‘zbek tilining imlo lug‘ati –Toshkent: Akademnashr, 2013. – B. 349) tarzida berilgan.


Xullas, yangi alifbomizni isloh qilayotgan ekanmiz, shak-shubhasiz, “ng‘” tovushini ifodalash uchun ham alohida harf qabul qilish – shart. Modomiki, “ng” alohida tovush, uni ifodalash uchun alifbomizda maxsus harf ajratilgan ekanmi, demak, “ng‘” ham – alohida tovush, uni ifodalash uchun alifbomizda maxsus harf ajratilishi zarur.


Ba’zi mutaxassislar tilimizda “ng” va “ng‘” bilan so‘z boshlanmasligini vaj qilishi mumkin. Ammo bu hech qanday asos bo‘la olmaydi. So‘z boshlana­-
dimi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, tilda muayyan tovush mavjudmi, demak, u alifboda aks etishi kerak.


Bir tovush uchun ikki harf yozish shartmi?


Bir tovushni ifodalash uchun ikki harf ishlatish ikki jihatdan o‘zini oqlamaydi. Vaqt anqoning urug‘i bo‘lib borayotgan tezkor zamonda bir harf uchun ikki marta tugmacha bosish zarurmi? Axir bunaqada qanchadan-qancha fursatimiz havoga uchib, sovurilib ketadi-ku! Komputer zamonida xohlagan belgini alifboga kiritish imkoniga egamiz. Shuning uchun har qanday bir tovush uchun bir harf ishlatish qat’iyatiga izchil amal qilishimiz lozim.


Boshqa muammo shundan iboratki, bir tovush uchun ikki harf olsak, odamlarning aksariyati buni ikki harf deb tushunadi. Kirill yozuvi asosidagi alifbomizda “ng” uchun alohida belgi qabul qilinmagani uchun lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga bu tovushni 29-harf sifatida “ng” tarzida kiritganimiz bilan butun xalq, eng achinarlisi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari-yu o‘zbek tili va adabiyoti muallimlari ham bolalarimizga buni “nege” deb o‘rgatib kelyapti.


Bundan buyon hech kim “ng”ni “nege” demasin! Axir hech kim lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizda ikki harf bilan ifodalangan “sh”ni “sehe” yoki “ch”ni “kehe” demaydi-ku. Nima uchun? Chunki kirill yozuvi asosidagi eski alifbomizda ular bitta harf (“ш” va “ч”) bilan ifodalangan-da.


Nega “ng” tovushi uchun “n” va “g” harflari qo‘shilmasidan foydalanish ma’qul emas? Chunki oxiri “n” bilan keladigan “men” (“man”), “sen” (“san”) olmoshlariga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi – “-ga” qo‘shilganda “men+ga (“man+ga”) va “sen+ga” (“san+ga”) degan ikki bo‘g‘inli so‘z hosil bo‘ladi. “U”, “bu”, “shu” olmoshlariga ham jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shiladigan bo‘lsa, o‘rtada “n” orttirilib, “unga”, “bunga”, “shunga” shakllari hosil qilinadi. Bu yerdagi “n” harfini “n” va “g” harfini “g” deb talaffuz qilamiz. Bo‘g‘in ajratishga to‘g‘ri kelsa, “men-ga” (“man-ga”), sen-ga” (“san-ga”), “un-ga”, “bun-ga”, “shun-ga” tarzida ajratamiz. Lekin ming yillik she’riyatimizda vazn ba’zan bu so‘zlarni “me+nga” (“ma+nga”), “se+nga” (“sa+nga”), “u-nga”, “bu-nga”, “shu-nga” tarzida talaffuz qilishni taqozo etadi. Bunda “n” va “g” harflari bilan emas, “ng” tovushi uchun qabul qilingan alohida harfni ishlatgan – ma’qul. Agar, “ng” uchun hozirgidan boshqacha, alohida, ya’ni bir harf qabul qilsak, bu muammo oson yechim topadi.


Erkin Vohidovning:


Menga Pushkin – bir jahon-u,

Menga Bayron bir – jahon,

Lek Navoiydek bobom bor –

Ko‘ksim osmon o‘zbegim
(Vohidov E. Muhabbat. –
Toshkent: Adabiyot va san’at, 1976. – B. 336)

– bayti­dagi “menga” so‘zi ikki o‘rinda ham vaznga mos ravishda “men+ga” deb o‘qilishi shart. Lekin Navoiy­ning:


Ul parivashkim, bo‘lubmen zor-u sargardon anga,

Ishqidin olam menga hayron-u men hayron anga,

(Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. T. 3. – Toshkent: Fan, 1988. – B. 31)


– baytidagi “anga” va “menga” so‘zlari, vazn taqozosiga ko‘ra, “a-nga” va “me-nga” tarzida hijolarga ajratilishi zarur. Agar, taklif qilinayotgandek, “ng” tovushi uchun bir harf olinsa, bu so‘zlar “aña” va “meña” tarzida yoziladi va uni har kim to‘g‘ri o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.


Harf va nom:
xalqqa quloq tutaylik

Har qanday harfning uch xususiyati bor. Birinchisi – shakli. Ikkinchisi – nomi. Uchinchisi – vazifasi, ya’ni qanday tovushni ifodalab kelishi.


Ming yil ishlatib kelganimiz arab alifbosidagi ko‘p undosh harflarning nomi o‘sha harf ifodalagan tovushga “e” unlisini qo‘shish orqali hosil qilinadi “be”, “te”, “se”... degandek. Shu xalqimizning miyasiga qattiq o‘rnashib qolgan.


1929-yili G‘arb alifbosi bo‘lgan lotinga o‘tdik. 1940-yili esa yana bir Yevropa yozuvi – kirill asosidagi alifbo joriy etildi. Bu alifbolarda harflarni nomlashda arab alifbosida uchramagan bir qat’iyat qo‘llanadi: ayrim undoshlar oldidan “e” qo‘shiladi, ba’zi harflar nomida o‘sha harf ifodalagan undosh tovush ketidan “a” unlisi orttiriladi.


Shu tariqa dastlab 1993-yili tasdiqlangan alifbo­mizdagi “f”ni “ef”, “k”ni “ka”, “l”ni “el”, “m”ni “em”, “n”ni “en”, “q”ni “qa”, “s”ni “es”, “x”ni “xa”, “g‘”ni “g‘a” deb nomlaganmiz. Nimagadir, ehtimol, “er” (“er”) so‘zi bizda alohida ma’noga egaligidan kelib chiqib bo‘lsa kerak, qoidaga xilof ravishda “r”ni “re” deb nomlash ma’qul ko‘rilgan.


Lekin, mana, qariyb bir asr bo‘lyaptiki, xalq Yevropa “standart”idagi harflar nomiga ko‘nmay kelyapti. Ochig‘ini tan olaylik, hammamiz – hatto, maktabda bolalarimizga ta’lim berayotgan muallimlarimizgacha “f”ni “fe”, “k”ni “ke”, “l”ni “le”, “m”ni “me”, “n”ni “ne”, “r”ni “re”, “s”ni “se”, “x”ni “xe”, “g‘”ni “g‘e”, “q”ni “qe” deymiz.


“Goh – pirdan, goh – muriddan”, degan ajoyib maqolimiz bor. Til egasi – xalq. Modomiki, xalq qariyb bir asrdan buyon g‘arbona qoidaga ko‘nmay kelyaptimi, bas, til egasiga quloq tutaylik: alifbomizni isloh qilib, bu undoshlarning nomini elimiz nima deb aytayotgan bo‘lsa, shunday nomlaylik. Osmon kelib, Yerga qapishmaydi.


Ayrim unlilarimiz muammosi


Tilimizda “a”, “i”, “u” va “o‘” unlilari ham bir xil emas. Alifbomizdagi bu harflarimiz amalda bir necha bir-biriga yaqin, lekin o‘zaro biroz farq qiladigan tovushlarni ifodalaydi. Masalan, “aka”, “maktab”dagi “a” bilan “matlab”, “talab”dagi “a” talaffuzida sezi­larli darajada tafovut bor. Xuddi shuningdek, “nina”, “millat” so‘zlaridagi “i” bilan “qiz”, “qirq” kalimalaridagi “i”, “kulgi”, “umid”dagi “u” bilan “uzun”, “uzum”dagi “u”, “o‘rdak”, “o‘rgimchak”dagi “o‘” bilan “bo‘ldi”, “o‘rtoq”dagi “o‘” ham bir xil talaffuz qilinmaydi.


Biroq kamina bu unlilarimizdagi farqlarni aks ettirish uchun alohida-alohida harflar qabul qilish tarafdori emas. Birinchidan, tilimizda singarmonizm ayrim shevalarimizdagina saqlanib qolgan. Shuning uchun bu unlilar talaffuzida ham o‘rtacha yo‘l tutish uchun bir harf sifatida qolgani ma’qul. Ikkinchidan, bu unlilar­ning ayrimlari talaffuzi so‘zda urg‘u o‘zgarishi bilan o‘zgaradi ham. Masalan, “olim”, “odil”, “oqil” degan so‘zlarimiz mavjud. Ular ism sifatida ham qo‘yiladi. Bu so‘zlarni talaffuz qilganimizda “i” qisqa, ya’ni yo‘g‘on aytiladi, bu quloqqa, hatto, xuddi ruschadagi “ы”ga yaqin eshitiladi. Lekin shu ismlar familiyaga aylanganda, ahvol o‘zgaradi: “Olimov”, “Odilov”, “Oqilov” deyilsa, “i” cho‘ziq, ya’ni ingichka talaffuz qilinadi. Shuning uchun ham bu harf bittaligicha qolgani – yaxshi.


Milliy klaviatura jiddiy muammo emas

Endi bir masala o‘rtaga tushadi: buncha milliy o‘ziga xosliklar bilan alifbo qabul qilsak, bu harflarni ingliz tili uchun chiqarilgan klaviaturadan topa olmaymiz-ku.


Shoshmang, nima uchun biz inglizlar uchun chiqarilgan klaviaturaga buncha yopishib olishimiz kerak o‘zi? Axir, nemislar, fransuzlar, portugallar va boshqa G‘arb xalqlari yoki turklar lotin yozuvi asosidagi o‘z alifbolarini yaratib, millati uchun alohida klaviatura ishlab chiqaradi-ku. Nega til borasida bir davlat ikkinchi davlatga bunchalar qaram bo‘lib qolishi zarur? Axir hozirgi texnika va texnologiyalar haddi a’losida rivoj­langan asrda yaqin kelajakda 40 millionli xalqqa ega bo‘ladigan bir mamlakat uchun milliy klaviatura ishlab chiqarish – shunchalar qiyinmi? Kerak bo‘lsa, birgina firma ularni mamlakat uchun yetarli darajada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.


Eng qulay imkonni boy bermaylik!


Til, xususan, uning alifbosi borasidagi islohot hamma zamon va makonlarda ham o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. Chunki bu degani – million-million odamning aqlini o‘zgartirish, degani. Miyadan eski ko‘nikmalarni butunlay chiqarib tashlab, o‘rniga tamoman yangisini qabul qilish ongda oson kechadigan jarayon emas-da.


Hozir alifbomizni mukammallashtirib olish uchun eng qulay vaziyat yuzaga keldi. Chunki hali yoppasiga lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o‘tganimiz yo‘q. Ochig‘ini aytganda, o‘rta va katta yoshdagi vatandoshlarimizning aksariyati lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizni bilmaydi hisob. Ya’ni ko‘pchilik – 1995-yildan buyon qisman amalda bo‘lgan alifbomiz xususiyatlari­dan bexabar. Shu yillar mobaynida maktabni yangi alifbo asosida bitirgan eldoshlarimiz ozmi-ko‘pmi qiyinchilikka duch kelishi mumkin. Biroq boshqa yo‘l yo‘q. Bir qism fuqaroning mushkulotini o‘ylab xatoni tuzatmaslik tarix oldida gunoh bo‘lib qoladi.


Xullas, kelinglar, to‘liq lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizga o‘tishdan oldin uni obdon mukammallashtirib olaylik. Toki tilimizdagi tovushlar unda imkon darajasida to‘liq aks etsin, axir, kelajak avlod yana bizni yozg‘irmasin.


Til – shunday narsaki, agar hozir bu masalalarni oqilona hal qilib olmasak, yuz yildan keyin ham xalq oldida yechimini topish zarur muammo sifatida ko‘ndalang bo‘lib turaveradi.

Shu tahlillardan kelib chiqib, kamina lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosida 3 harfning shaklini o‘zgartirishni, 3 yangi harf kiritishni, undosh tovushlarni ifodalab kelgan harflarni bir xil shaklda nomlashni, rus tili va u orqali kirib kelgan so‘zlardagi “o”larni “õ”(“o‘”)ga aylantirishni taklif qilaman.

Shunda isloh qilingan yangi alifbomiz quyidagi 32 harfdan iborat bo‘ladi:




Qozoq birodarlarimizning kirill yozuvi asosidagi alifbosida 42 ta harf mavjud. Lotin yozuvi asosidagi yangi qozoq alifbosida 37 ta harf qabul qilindi. Bu ularga tildagi tovushlarni maksimal darajada qamrab olib, harfda aks ettirish imkonini bergan. Bundan, alifboda harflarning ko‘payib ketishidan unchalar qo‘rqmaslik kerak, degan xulosa kelib chiqadi.


Yana bir mulohaza. Taklif etilayotgan harflarning aynan o‘zini qabul qilish-qilmaslik birlamchi masala emas. Asosiysi – shu tovushlar uchun alohida va bittadan tugmachani bosish orqali yoziladigan harf qabul qilish masalası.


Til, xususan, uning tovushlari – obyektiv hodisa. Obyektivligicha qolaveradi ham. Ya’ni u biron-bir shaxsning istak-irodasiga bo‘ysundirilmasligi lozim. Mukammal alifbo tilimizda obyektiv hodisa sifatida mavjud barcha tovushlarni to‘g‘ri va to‘liq aks ettirishi shart.


Til aqlni o‘stiradi, peshlaydi, o‘tkirlashtiradi. Aql esa jamiyat taraqqiyotini ta’minlashning birlamchi omili hisoblanadi. Alifbomizni mukammallashtirish amalda xalqimizning ong-tafakkurini o‘stirishga xizmat qiladi. Chunki har qanday fikr til orqali ifodalanadi. Har bir xalq lisonidagi tovushlar shu millat yozuvida qancha mukammal aks etsa, bu til shuncha kuchli bo‘ladi.

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari doktori,

Toshkent amaliy fanlar universiteti
professori

Maqola muallifi

Sultonmurod OLIM

Sultonmurod OLIM

Professor

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Talqin
  • #Millat

Ulashish