Yangi o‘zbekistonda diniy-ma’rifiy ta’lim va til o‘rgatishning zamonaviy omillari

Daxldorlik Yangi o‘zbekistonda diniy-ma’rifiy ta’lim va til o‘rgatishning zamonaviy omillari
50



Mustaqillik – har bir xalqning milliy o‘zligini anglash, tarixiy va ma’naviy xazinasini qayta kashf etish hamda jahon sivilizatsiyasida munosib o‘rin egallashi uchun keng imkoniyat yaratadigan buyuk ne’mat. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy sohalarda yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi.


Aytish kerakki, Yangi O‘zbekistonning ma’naviy poydevorini mustahkamlashda til siyosati va tillarni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Millatning ruhi va ma’naviyatining ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimiz – o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini yanada yuksaltirish, uni zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyoti talablariga mos ravishda rivojlantirish borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. Shu bilan birga, xorijiy tillarni o‘rganish va o‘rgatish masalasi ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.


Bugun xorijiy tilni bilish inson kapitalini rivojlantirish, zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallash hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning muhim shartidir. Bir necha tilni biladigan, keng dunyoqarash va zamonaviy tafakkurga ega mutaxassislar mamlakatimiz taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.


Ushbu umummilliy islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim jarayoni va til o‘rgatish tizimi ham yangi sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda. Ma’lumki, islom ilmlarining fiqh, kalom, tafsir va hadisshunoslik kabi muhim yo‘nalishlarini chuqur o‘zlashtirish bevosita mumtoz arab tili hamda manbashunoslikni puxta bilishni talab etadi.


Ulug‘ ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan boy ilmiy merosi asosan arab tilida yaratilgan. Ushbu bebaho xazinani asl manbalar asosida o‘rganish, uning insonparvarlik va ma’rifiy mohiyatini xalqimizga hamda jahon jamoatchiligiga yetkazish bugungi diniy ta’lim oldidagi muhim vazifalardan biridir.


Shu nuqtayi nazardan, institutimiz “Tillar” kafedrasi zimmasidagi mas’uliyat ham nihoyatda katta. Kafedrada talabalarga mumtoz manbalarni o‘qish va tahlil qilish bilan bir qatorda, zamonaviy ilmiy-tadqiqotlar, ijtimoiy-siyosiy va ma’rifiy matnlarni akademik darajada sifatli tarjima qilish ko‘nikmalari ham o‘rgatilmoqda. Ta’lim jarayonida zamonaviy o‘quv adabiyotlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or pedagogik yondashuvlardan keng foydalanilmoqda. Xususan, multimedia vositalari, lingafon xonalari hamda elektron ta’lim platformalaridan samarali foydalanish talabalarning xorijiy tillarni tez, sifatli va amaliy jihatdan o‘zlashtirishiga xizmat qilmoqda.


Diniy ta’lim muassasalarida chet tillarida erkin muloqot muhitini shakllantirish, sohaga oid eng so‘nggi metodik va ilmiy manbalarni o‘zlashtirish maqsadida “Tillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilarining Misr Arab Respublikasida malaka oshirish safarlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Bunday xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar va til siyosati shunchaki o‘quv rejasidagi o‘zgarishlardan iborat emas. Ular, avvalo, jamiyatning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash va ularni bilimli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy dunyoqarashga ega insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan.


Bugungi globallashuv davrida ko‘p til biladigan, jahon ilmi va zamonaviy texnologiyalarni egallagan, shu bilan birga, o‘z milliy va diniy qadriyatlarini chuqur anglaydigan kadrlarning o‘rni beqiyos. Zero, bunday avlod turli g‘oyaviy tahdidlarga jaholat bilan emas, balki bilim, tafakkur va ma’rifat bilan javob bera oladi.


Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy sohada qo‘lga kiritilayotgan ilmiy-pedagogik yutuqlar Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagi, uning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim omillardan biridir.


Ulug‘bek HASANOV,
Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent islom instituti

“Tillar” kafedrasi mudiri

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish