Zamonaviy va diniy ta’lim uyg‘unligida yangi davr hosilalari

Jarayon Zamonaviy va diniy ta’lim uyg‘unligida yangi davr hosilalari
29



So‘nggi yillarda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy islom instituti va shu nomdagi madrasa (o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi) ish boshlagani ilm-ma’rifatga oshno xalqimizni juda mamnun etmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari jadal faoliyat olib borayotgani ilm ahliga ulkan shart-sharoit va ilhom manbayi bo‘lmoqda.


Toshkent islom institutida magistratura ta’limi yo‘lga qo‘yildi. Diniy ta’lim tizimida 510 nafar pedagog va mudarris talabalarga saboq berib kelmoqda. Ularning ilmiy salohiyati yil sayin oshib, bugungi kunda 50 nafardan ortiq olim falsafa doktori (PhD), ayrim ustozlar esa fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.


Shuningdek, ta’lim jarayoniga xorijiy tajribani joriy etish maqsadida Al-Azhar majmuasining nufuzli ustozlari ham ta’lim muassasalarimizda faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 90 ta fan dasturi yangilanib, yangi avlod darsliklari, o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratildi. Ta’lim jarayoniga smart-texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlari joriy etilmoqda.


Hozirgi kunda Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari yanada zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan binolarga ko‘chib o‘tgan. Aytish kerakki, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.


Diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining kasbiy va ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalar va raqamli vositalarni keng joriy etish, talabalar bilan ishlashning innovatsion usullarini ommalashtirish hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.


Ushbu tizimli ishlarning uzviy davomi sifatida yaqinda Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya” I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Mmazkur anjuman diniy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, mudarrislar va soha mutaxassislarining ilmiy-amaliy muloqot maydoniga aylandi. Unda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi qatnashdi.


Ushbu yutuqlarning bari muhtaram Yurtboshimizning diniy-ma’rifiy sohaga, ilm ahllariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, yuksak e’tibori natijasi bo‘lishi barobarida, Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yishga, yurtimizdan yana Imom Buxoriylar, Imom Termiziylar, Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar yetishib chiqishiga zamin hozirlaydi.


Bu ishlar kelgusida diniy ta’lim sifatini yanada oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, ilmiy salohiyati yuksak kadrlarni tayyorlash hamda ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.


Muhammadolim MUHAMMADSIDDIQOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish