Buyuk Temurdan buyuk nishona

Zamonaviy dunyo: atrof inson tafakkur mahsuli bo‘lmish turli texnologik ajoyibotlarga to‘la. Sirtdan kuzatsangiz, sizni yanada kelajakka oshiqtiradi. Ammo Vatanimizda shunday maskanlar borki, tarix nafasi ufirib turadi. Bugun qadrli mushtariyni shu kabi o‘tmishdan sado berib turadigan manzillarni o‘zida mujassam etgan shaharlardan biri azim Shahrisabzga g‘oyibona sayohatga chorlaymiz. Ushbu shaharga kelar ekansiz, uning har nuqtasidan “Oq saroy” ko‘zga tashlanadi. Muhtasham saroy, uning fayzi hanuzgacha buyuk sarkardaning martabasi qay darajada oliy ekanidan darak beradi.
“Oq saroy” maydoniga kirishdan oldin qo‘l mehnati orqali yasalgan, eski o‘ymakorlik namunasi ikki tabaqali, ulkan darvoza sizni qarshilab oladi. Eshikdan kirar ekansiz milliyligizmizni namoyish etgan adras-u atlas, Qashqadaryoga xos do‘ppilar va turli kulolchilik buyumlari-yu haykalchalar sotilayotgan rastalarga ko‘zingiz tushadi. Saroy hovlisi balandligi 4 qavatli bino barobar devor bilan o‘ralgan. Devorning yuqori qismida dushman hujumini qaytarish uchun shinaklar ham yasalgan.
Yana ichkariga tomon odimlar ekansiz qora tarixning turli zarbalariga guvoh bo‘lgan, vaqt o‘tib nuragan bo‘lsa-da, haybat ila savlat to‘kib turgan saroy ko‘zga tashlanadi. 24 yil davomida Xorazm va Eronlik ustalar tomonidan qurilgan mazkur obida asli 73 metr bo‘lgan. Urush, qo‘zg‘alonlar, hamda tabiiy ofatlar ta’sirida bino ancha zarar ko‘rgan. Hozirgi balandligi esa 50 metrni tashkil etadi.
Sohibqiron Amir Temurga beshik bo‘lgan ko‘hna Kesh shahrining yuragida joylashgan bu binoga har yili dunyoning turli mintaqalaridan yuz minglab turistlar tashrif buyurishadi.
“Oq saroy” haqida o‘rganar ekanmiz shu yerga nevaralarini aylantirishga kelgan, asli shahrisabzlik Anvarjon otani ham suhbatga tortdik. Otaxonning aytishlariga qaraganda, aslida, “Oq saroy” majmuasi yaxlit bitta bino bo‘lgan. Ayni damda egizak minoralarga o‘xshash binolarni eni 22 metrli peshtoq bog‘lab turgan. Saroy shunchalik baland bo‘lgan ekanki, eng yuqorigi qavatidan turib Samarqandgacha bo‘lgan chegaralarni ko‘rish imkoniyati bo‘lgan deyishadi.
Sayohatimiz davomida bizga hamroh gidimizning ma’lumot berishicha, “Oq saroy”ning bu nomi o‘sha vaqtlarda saroy yetti xil rangda tovlangani sababidir. Binoning ahamiyatga molik yana bir jihati obidaning eng yuqori qismida hovuz barpo etilgan ekanligidadir. Zamonaviy texnologiyalarsiz o‘sha davrda bunday inshoot qurish taqsinga sazovor hisoblanadi.
Qo‘sh binolarning tarixiy ahamiyatga ega ekanligi bois YUNESKO butun dunyo madaniy me’rosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shu bilan birga mustaqillik “Oq saroy” majmuasi va uning atrofidagi maydon qayta rekonstruksiya qilindi. Hamda maydon markazida ona zaminiga viqor bilan nazar tashlab turgan buyuk sarkarda Amir Temurning ulkan haykali o‘rnatildi. Maydonni sayr qilar ekansiz, har qadamingizda yurtimizning turli nuqtalaridan, hatto chet eldan keltirilgan daraxt va butalarga duch kelasiz. Yashilliklar atrofidagi bahor va yoz oylari davomida gullaydigan anvoyi chechaklar ko‘zni quvnatadi. Maydonning oxirida esa A.Temur ustozlarining maqbaralari ustida qad ko‘targan “Ko‘k gumbaz” yodgorligi bino qilingan. Ushbu tarixiy bino hovlisidagi yoshi ulug‘ tut daraxtlari, kòhna qiroatxonalar siz-u bizni o‘tmishga xayolan bir olib borgandek bo‘ladi.
Ham zamonaviylik ham milliylik ruhi namoyon bo‘ladigan, boy tariximizning o‘choqlaridan biri bo‘lmish bu manzilimizga bir qadam ranjida qilgan kishini yana qaytishga istak uyg‘otadi.
Javohir NE’MATOV,
O‘zDJTU talabasi
Shu kecha va kunduzda
YANA ATTESTATSIYA HAQIDA – 3 yoxud taʼlimga tutilgan ko‘zgu...
Bayram kuni Toshkent metrosi vaqtincha bepul xizmat ko‘rsatadi
AGAR USMON NOSIR YANA ELLIK YIL YASHASA, NIMA BO‘LARDI?
Qaysi oliygohda o‘qishni xohlaysiz?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank