Grantni qayta taqsimlash yoxud adolatli yondashuv haqida

Bilasizmi? Grantni qayta taqsimlash yoxud adolatli yondashuv haqida
101

2024-2025-o‘quv yilida OTMlarda grantni qayta taqsimlash bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqilgan edi. Shunga ko‘ra, talabalar uchun davlat grantini taqsimlash tartibi o‘zgardi. Ya’ni bunda 2024-2025-o‘quv yili va undan keyingi o‘quv yillaridan boshlab abituriyentlar grant yoki to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, 4 yil shu asosida o‘qimaydi. 1 yillik grant beriladi va ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan talabalar bellashishadi. Faqat imtiyoz bilan o‘qishga qabul qilingan talabalargina 4 yillik grantda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 


Ta’lim grantini qayta taqsimlash nizomi shartlari quyidagicha: 

  •  ta’lim grantiga talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun oliy ta’lim tashkiloti rektori tomonidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raisligida 9 nafardan kam bo‘lmagan ishchi guruh tarkibida tuziladigan komissiya bo‘ladi;
  • talim granti uchun talabgorning GPA bali 3,5 dan yuqori bo‘lishi lozim. GPA bali qancha yuqori bo‘lsa, ball ham shuncha ko‘tariladi. Ya’ni GPA 1 bali 16 ga ko‘paytiriladi. GPA bali 5 bo‘lgan talabaning bali 80 ballni tashkil etishi lozim (eng yuqori ko‘rsatkich);
  •  ta’lim grantiga talabgorlarning to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ball 100 ballni tashkil etishi kerak. 100 balni qanday yig‘ish mumkin? Bunda:

1) Kitobxonlik madaniyati – 20 ball.

2) “5 muhim tashabbus” doirasidagi to‘garaklardagi faol ishtiroki ‒ 20 ball.

3) Talabaning akademik o‘zlashtirishi – 10 ball.

4) OTM ichki tartib-qoidalari va odob-axloq kodeksiga rioya etishi ‒ 5 ball.

5) Xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi ko‘rik tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari – 10 ball.

6) Talabaning darslarga to‘liq va kechikmasdan kelishi ‒ 5 ball.

7) Talabalarning “Ma’rifat darslari”dagi faol ishtiroki – 10 ball.

8) Volontorlik va jamoat ishlaridagi faolligi ‒ 5 ball.

9) Teatr, muzey, xiyobon, kino va tarixiy qadamjolarga tashriflari – 5 ball.

10) Talabalarning sport bilan shug‘ullanishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi ‒ 5 ball.

11) Ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid boshqa yo‘nalishlardagi faolligi – 5 ball.


Ta’lim granti 2 turga bo‘linadi: 

1) To‘liq ta’lim granti ‒ bir o‘quv yili uchun berilib, o‘qitish xarajati davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanadigan ta’lim granti.

2) To‘liq bo‘lmagan ta’lim granti – bir o‘quv yili uchun berilib, to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi davlat budjetidan qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanmaydigan ta’lim grantidir. 


Ta’lim grantini qayta taqsimlash jarayonlaridan norozi bo‘lgan talabgorlar uchun har bir ko‘rsatkich boʻyicha natijalar e’lon qilingandan so‘ng 48 soat davomida oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali apellyatsiya berish imkoniyati beriladi. Apellyatsiya arizalari uch kun muddat ichida ko‘rib chiqiladi. 


Maxsus komissiya muayyan o‘quv yili uchun ta’lim grantiga talabgor talabalarning OTM rektori (direktori) tomonidan belgilangan (to‘liq va to‘liq bo‘lmagan) ta’lim grantlari o‘rniga mos ravishda (ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda) shakllantirilgan ro‘yxatini tasdiqlash uchun har yili 15-avgustga qadar oliy ta’lim tashkiloti kengashiga kiritadi.


OTM kengashi maxsus komissiya tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat va unga tegishli bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, har yili 20-avgustga qadar ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati har yili 25-avgustga qadar OTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.


Jarayon bo‘yicha O‘zDJTU talabalari bilan suhbatlashdik:


‒ Grantni qo‘ldan chiqarmaslik uchun allaqachon qiziqib nizom bilan tanishib chiqqandik. Kursdoshlarimiz bilan raqobatlashib, katta qiziqish bilan ushbu grant uchun harakat qilyapmiz, deydi Yusufjon YUNUSOV.

– Bu nizom kuchga kirgach, judayam xursand bo‘ldim. Boisi, endi menda ham grantda o‘qish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, endi “O‘qishga grantga kirib olsam bo‘ldi!” degan gap-so‘zlar ketmaydi. Raqobat avjida, hamma yanada ko‘proq o‘qish, izlanish, jamoa orasida faollikka intilmoqda, deydi Rushana EGAMNAZAROVA.

‒ Ta’lim grantini har yili qayta taqsimlash – ta’limga to‘g‘ri yondashuv. Chunki to‘lov shartnomasida o‘qiyotgan talaba aslida yaxshi bilimga ega bo‘lishi va yaxshi o‘qishi mumkin. Grantdagilarning aksariyati “Grantga kirb olsam bo‘ldi!” deb keyingi darslardagi o‘qishga yengil qarashini ham uchratish mumkin. Lekin grantchilar o‘qishga kirish uchun ham ozmuncha ter to‘kishmagan deysizmi?! deb o‘zining neytral fikrini bildirdi Zarnigor AKBAROVA.


Xulosa qilib aytganda, bu nizom ‒ grantda o‘qiydigan talabalarni harakatdan to‘xtamaslikka, to‘lov shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarni esa grant uchun jadal harakat qilishga undaydi. Bundan tashqari, ushbu yondashuv orqali talabalar birgina o‘z yo‘nalishi emas, har jabhada bilim, ko‘nikmaga ega bo‘ladi va kelgusida yetuk kadrga aylanadi. 


Madina SAPAROVA, 

O‘zDJTU talabasi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #O‘zDJTU

Ulashish