Gugurt qutisidagi xotiralar

Bolaligimni eslasam, gugurt qutisiga solib qo‘ygan kichkina xazinalarim yodimga tushadi. Ichida sarg‘ish tukli qush patidan tortib, mayda-mayda toshlargacha bor edi. Har biri o‘z tarixiga ega: biri opam bilan topganimiz, biri qulab tushganimda qo‘limga botgan, yana biri esa shunchaki chiroyli edi. Maktabdan qaytib yelim qoplamali eski daftarimga nimadir yozardim. Ko‘pincha ota-onam tushunmaydigan, lekin yuragimga yaqin hislar haqida. Hamma narsaga jon bergim kelardi: deraza tagidagi mushuk, bog‘dagi so‘rg‘ich, hatto to‘kilgan barglar ham menga gapirayotgandek tuyulardi. O‘sha bolalik bog‘ida bir marta osmondan yulduz tushganini ko‘rgandek bo‘lganman. Bu xayol edi, albatta. Bolalikda xayol haqiqatdan ham kuchli edi.
Qishlog‘imga qaytib bordim, ammo gugurt qutim yo‘q. Daraxt soyasida to‘xtab, yerga cho‘kkaladim. Barglar tagida qandaydir eski narsa ko‘rindi. Qo‘limni cho‘zib oldim – zanglagan kalit. Hech qanday eshikni ochmaydigan, biroq qandaydir eshik borligiga ishonch uyg‘otadigan kalit. Uni kaftimda ushlab, yuragimdan so‘radim: Bu kalit qaysi eshikni ochadi? Ichkaridan shivir keldi: “Sen o‘zingni eslab ko‘r, Jasmina. O‘sha eski gugurt quting qayerga yashiringan?” Men bilaman, gugurt qutim hali ham bor – yuragimning eng chuqur, eng toza burchagida. Uni ochish uchun yurakdan chidam va bolalik tuyg‘usi kerak, xolos. Shu payt qulog‘im ostida allaqanday kulgu ovozi eshitildi. Bolaligimning kulgusi – bu men edim. Qanday qilib biz ulg‘ayib, o‘sha begunoh ovozni yo‘qotdik?
Ko‘zimga yosh keldi. Bilmadim shamoldanmi yoki yuragimdagi salqin bolalikdan. Axir, shu yerda birinchi marta g‘am-anduh nima ekanini bilganman. O‘sha kuni eng yaqin do‘stim boshqa ko‘chaga ko‘chib ketgandi. Biz so‘nggi marta arqonda uchganmiz. Men esa shunchaki “ertaga yana kelasan” degandim. Ammo erta hech qachon kelmadi…
Vaqt – eng og‘ir yuk. U na ko‘rinadi, na eshitiladi, faqat yelkangda turganini his qilasan. Bugun gugurt qutisini ilk marta qo‘rquvsiz ochdim. Bu qo‘rquv menga yillar davomida tinchlik bermagan: “Nimani unutganman? Nima meni haligacha ich-ichimdan bezovta qiladi?” Qutining eng tubida kichkina, sarg‘aygan bilet bo‘lagi yotardi – eski tramvay chiptasi. Ortida hech narsa yozilmagan, oddiygina karton bo‘lagi. O‘sha kuni tramvayga chiqib, uzoqlarga ketganman. Nimalardandir qochganman: hayot, odamlar, shovqin, mas’uliyat, balki o‘zimdan…
Oradan yillar o‘tdi. Bu bilet – menga qayerdan kelganimni, qayerga ketayotganimni eslatuvchi yagona belgigina bo‘lib qoldi. Biletga uzoq tikildim. Bu og‘riq emas – qabul qilish, anglash edi. Ichidagi xotiralar yuk emas, saboq edi. Ustiga qo‘yilgan so‘nggi gugurt – hech qachon yoqilmagandi. Endi yangi sahifani yoqishga tayyorman.
Jasmina HASANOVA,
O‘zDJTU talabasi
Shu kecha va kunduzda
OAV va radikalizm: jurnalistlarga axborot manipulyatsiyasiga qarshi kurashish yo‘llari o‘rgatildi
USTOZ IBRATI – ILM VA INSONPARVARLIK TIMSOLI
Toʻgʻri ovqatlanish koʻp narsani oʻzgartiradi
Ta’limda sun’iy intellektning o‘rni: o‘zgarishmi yoki qo‘shimcha?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank