AMIR TEMUR VA ABDULLOHXON – MUSHTARAK TAQDIR
441.webp)
Mustaqillik yillarida shayboniylar davri nisbatan kamroq o‘rganilgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbek tarixchiligida Shayboniyxon va Abdullohxonlarga nisbatan to‘la befarqlik yoki bepisandlik hukm suryapti desak, xato bo‘ladi. Umumiy manzara o‘zgarmayotgani bilan, yangicha qarashlarni ilgari suradigan tadqiqotchilar yetarlicha topiladi. Sovet davrida va mustaqillik yillarida, shuningdek, xorijda ham Abdullohxon shaxsiga bag‘ishlangan maxsus asar bo‘lmasa-da, u yoki bu tadqiqotlar doirasida uning muayyan faoliyati tadqiq etilgan. Keyingi paytlarda Abdullohxon shaxsiyatini qayta baholashga xayrixohlar ham ko‘payib bormoqda. Abdullaxon shaxsiyati masalasi bir-ikki tarixga qiziquvchi havaskor doirasidan chiqib, rasmiy media, gazeta-jurnal va saytlarga yetib kelgani, bahslarga sabab bo‘layotgani siljish borligidan dalolat. Aynan mana shunday bahslarda yangicha qarashlar sayqallanadi.
Abdullohxonning ismi tarixshunoslikda “Abdullaxon II” shaklida ommalashgan. Odatda ko‘pgina tadqiqotlarda bir sulolaga mansub, bir xil nomga ega bo‘lgan bir nechta hukmdor(masalan, Abdullaxon I, Abdullaxon II yoki Ubaydullaxon I, Ubaydullaxon II va h.k.) nomlari o‘zi va otasining ismi bilan, ya’ni shaxslarning Sharqqa xos an’anaviy va rasmiy nomlanishiga muvofiq(Abdullohxon ibn Iskandarxon yoki Ubaydullaxon ibn Sulton Mahmud va h.k.) keltirilmay, ularga birinchi, ikkinchi, uchinchi kabi nisbatlar berilib, boshqasidan ajratiladi. Lekin ular o‘z davrida rasman o‘zining, otasining, bobosining ismlari ketma-ketligida(Abdullohxon ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton) nomlangan hamda ularning shaxsini aniqlashtiruvchi “birinchi”, “ikkinchi”, “uchinchi” tartib raqamlarini qo‘shib aytish rasm bo‘lmagan. Aslida G‘arbga xos bo‘lgan bunday an’ana(masalan, Genrix I, II, III va h.k.) yurtimiz ilm-fanida rus tarixshunosligi orqali ommalashgan bo‘lib, Abdullohxonning ko‘plab tadqiqotlarga “Abdullaxon Ikkinchi” bo‘lib kirishiga shu sabab bo‘lgan edi. Shuningdek, rus sharqshunoslari qo‘lyozma asarlarni tadqiq qilib, ular asosida o‘z asarlarini rus tilida yozgan yoki manbalarni rus tiliga ilmiy izohlari bilan tarjima qilgan. Buning natijasida Abdullohxon, Ubaydullohxon kabi hukmdorlarning nomlari “Abdulla-xan”, “Ubaydulla-xan” shaklida keltirilgan. Keyingi yillarda, ya’ni so‘nggi sovet davri hamda mustaqillik yillarida olib borilgan ko‘plab tadqiqotlarda bu kabi tarixiy ismlar rus tilida yaratilgan tadqiqotlarga suyangan holda “Abdullaxon”, “Ubaydullaxon” shaklida buzilgan talaffuzda qo‘llanila boshlandi. Vaholanki, ularning ismlarida Olloh nomi aks ettirilgan bo‘lib, bu so‘zni buzib qo‘llash(aslida Abdulloh so‘zi Abdulla shaklida buzilgan) natijasida shayboniylarning mashhur hukmdori nomi ko‘plab adabiyotlarda “Abdullaxon” ko‘rinishida qo‘llanib kelindi. Bundan tashqari, Abdullohxon tomonidan qabul qilingan ko‘plab hujjatlar, yorliqlar va farmonlar, viloyatlar hokimlariga yozilgan maktublari “Abdulloh Bahodirxon so‘zimiz” deb boshlangan.
Abdullaxonga oid asarda 1572-yilda ishlangan miniatyura.
Abdullohxon shaxsi o‘z davrida va uning vafotidan keyin ham muarrixlar tomonidan “sohibqiron”, “ulug‘ xoqon”, “Buxoro davlatining ravnaqi davri”, “Turonning so‘nggi buyuk hukmdori” kabi ta’riflar bilan tavsiflanib kelindi. Turkiston mintaqasi ijtimoiy-siyosiy jihatdan tanazzulga yuz tutgan XIX asrda ham muarrixlar, jamoat arboblari Amir Temur va Abdullohxondek kuchli hukmdorga ehtiyoj sezib, o‘z asarlarida shunday hukmdorlar qayta kelishiga umid bog‘ladi. Jumladan, Ahmad Donish(1827–1897) shunday yozadi: “Hijriyning har yuzinchi, minginchi yillarida davlat va jamiyatni yangilovchi hukmdorlar vujudga kelib turadi... Amir Temur Ko‘ragoniy hijriy sakkizinchi yuz yillik mujaddidi(yangilovchisi) sifatida vujudga keldi. Undan keyin islom diyorining har bir go‘shasidan mujaddidlar chiqdilar. Masalan, Sulton Husayn(Mirzo) to‘qqizinchi mia(yuz, asr) yaqinida Hirotdan chiqdi. Amir Abdulloxon minginchi yil boshida Buxorodan... chiqdi”. Bundan ko‘rinadiki, adib Rossiya imperiyasi istibdodi davrida jamiyat shunday bir qudratli shaxsga ehtiyoj sezganini ta’kidlagan, chiqishini umid qilib kutgan.
Tarixdan ma’lumki, yurt tanazzulga uchragan, boshboshdoqlik avj olgan, mamlakat bosqinchilarning otlari oyoqlari ostida toptalayotgan bir paytda buyuk sarkarda va davlat arboblari yetishib chiqadi hamda mamlakat va xalqni yagona bayroq ostida birlashtiradi(masalan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va h.k.). Abdullohxon ham o‘zbek davlatchiligi tarixida o‘ta ziddiyatli davrda, mamlakat bir necha bo‘laklarga bo‘linib parokanda bo‘lib ketgan, shayboniyzodalar o‘rtasida taxt talashlar xalqning tinkasini quritgan, yurt ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy jihatdan tanazzulga yuz tutgan davrda yetishib chiqdi. U mavjud siyosiy va ijtimoiy odat hamda an’analarga rioya qilgan holda “qilich va qon” bilan parchalangan davlatni birlashtirdi. Birlashgan va harbiy-siyosiy jihatdan mustahkam bo‘lgan davlatda esa keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Mazkur sharoitda Abdullohxon boshqaruv tartiblarini mustahkamlab, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilovchi islohotlarni amalga oshira boshladi. Ilm-fan va madaniyat sohasi vakillari ulug‘lanib, ular islohotlarning ilmiy yaratuvchilariga aylandi. Mamlakat bunyodkorlik maydoniga aylandi va Abdullohxonning o‘zi esa tarixda eng ko‘p imorat qurdirgan hukmdor sifatida qoldi. Ushbu shaxs jasorati va matonati bilan o‘zbek davlatchiligining bosib o‘tgan ibratli yo‘li bugun yetishib chiqayotgan yosh avlodga namuna bo‘lishi dolzarblik kasb etadi.
Bugungi kunda tarix ta’limi va tadqiqoti doirasida o‘rganiladigan tarixiy shaxslar ro‘yxatini chegaralamaslik, ularning birini boshqasiga qiyoslash orqali noxolis xulosalar chiqarishdan saqlanish zarur. Faqat Jaloliddin Manguberdi va Amir Temurdan iborat siyosiy arboblar ro‘yxati o‘tmishning boyligi va buyukligini ko‘rsatish uchun kamlik qiladi. O‘zbek davlatchiligi tarixi jiddiyroq tadqiqotlarga muhtoj.
Yosh Abdullaxon ovda. Boburiylar portreti.
Tarixiy shaxslarni bir-biriga qiyoslab, ajratib olib, eng kuchlisinigina e’tirof etib, qolganlariga bepisand qarash jamiyat ongida katta bo‘shliqni paydo qiladi. Mana shu qarash bilan shayboniylarga Temur saltanatini qulatgan, mustahkam davlat yarata olmagan, “ma’naviyatli”, bag‘rikeng inson bo‘lmagan, bizning yurtga bostirib kelgan, ko‘chmanchi, demakki, “yovvoyi” bo‘lgan degan qarash ustuvor bo‘lib keldi. Shuningdek, qiyosiy argument ko‘p ilgari suriladi: Amir Temur buyukroq bo‘lganmi yoki Abdullohxon? Abdullohxon Temurbekchalik buyuk bo‘lganmi? Bir shaxsga baho berish uchun uni boshqa shaxs bilan qiyoslash to‘g‘ri xulosalar keltirib chiqarmaydi: hamma birday buyuk, birdek kuchli bo‘la olmaydi, illo har kimning tarixda o‘z o‘rni bor.
Turkiston tarixnavisligida markazlashgan davlat qurgan, zafarli yurishlarni amalga oshirgan ko‘plab hukmdorlarga nisbatan “sohibqiron” sifati qo‘llanib kelingan. Jumladan, muarrixlar ko‘p hollarda Chingizxon, Amir Temur va Abdullohxonlarga nisbatan shu sifatni qo‘llashgan. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda Amir Temur omili alohida g‘oyaga aylangach, sohibqiron so‘zi faqat Amir Temurgagina qo‘llanilgan degan tushuncha xalqimiz ongiga singib, “Sohibqiron” deyilganda faqat Amir Temurgina tushuniladigan bo‘lib qoldi. Vaholanki, XVI–XIX asr manbalarida Amir Temur bilan bir qatorda Abdullohxonga ham “sohibqiron” sifati ishlatiladi. Hatto, Abdullohxon ismi o‘rniga sinonim sifatida ham “sohibqiron” so‘zi qo‘llanilgan.
Ma’lumki, Turkiston hududida yirik imperiya tuzib, markazlashgan va har tomonlama mustahkam davlat qurgan shaxslar sanoqli. Shu masala haqida gap ketganda, albatta, Amir Temur mazkur vazifani bajargan yirik davlat arbobi sifatida eslanadi. XVI–XIX asr manbalarida, keyinchalik, jadid namoyandalari asarlarida ham Amir Temur va Abdullohxon bir qatorda ta’riflangan, ular bir-birlariga qiyoslangan. Chunki Turkiston hududini yagona markaz atrofida birlashtirgan, bu hududda eng yirik imperiya tuzgan mahalliy davlat arboblarining ilk vakili Amir Temur bo‘lsa, eng so‘nggisi Abdullohxon edi. Manbalarda ba’zi qudratli davlat arboblari ayrim navbatchi iboralar bilan bir-birlariga qiyoslangan. Masalan, Amir Temur tarixiga bag‘ishlangan “Zafarnoma”lar, Abdullohxonga bag‘ishlangan “Abdullanoma”, “Musaxxir al-bilod” asarlarida har ikkala shaxsning davlati mustahkamligini, qonun-qoidalar qat’iy o‘rnatilganini izohlay turib, “agar kuppa-kunduzi yoppa-yolg‘iz bir jon, bir tan quyoshdek oltin tabaqni boshiga qo‘yib sharqdan g‘arbga qarab yo‘l yursa, hech kimsa unga ko‘zining qirini ham tashlay olmaydi” kabi iboralarni keltirishadi. Abdullohxon davriga oid manbalarning aksariyatida(“Abdullanoma”, “Musaxxir al-bilod”, “Ravzat ar-rizvon”) xonning mamlakatlarni egallash, elchilar va hokimlar tayinlash, qo‘shinni boshqarish bilan bog‘liq tadbirlari Amir Temurga qiyoslanadi. Shuningdek, milliy mustaqillikni orzu qilgan jadid adiblari(xususan, Behbudiy, Fitrat) ham o‘z asarlarida mavjud istibdoddan qutqaradigan Amir Temur va Abdullohxonlar tarix qa’ridan kelib, jamiyatni mustamlakachilik zulmidan ozod etishini “ilohiy qudratdan yolvorib” so‘raganlar. Albatta, bunday qiyoslar bejiz emas. Har ikkala davlat arbobining hayot yo‘li tahlil qilinsa, ko‘plab jabhalardagi faoliyatida mushtarakliklar mavjud.
Birinchidan, har ikkisining ham davlatchilikdagi faoliyatida ancha o‘xshashlik va yaqinliklar mavjud: Amir Temur ham, Abdullohxon ham hokimiyatni o‘z otasidan meros qilib olmagan va o‘zlari harbiy-siyosiy kurash yo‘li bilan davlat tepasiga kelgan. Amir Temur Movarounnahr hokimiyatini egallagach, Chig‘atoy xonlaridan ikki nafari – Suyurg‘atmishxon(1370–1388) va uning o‘g‘li Sulton Mahmudxon(1388–1402)larni birin-ketin “oliy hukmdor” sifatida taxtga chiqarib, amalda boshqaruv jilovini o‘z qo‘lida saqlagan edi. Abdullohxon ham 1557-yili Buxoro hokimiyatini egallagach, dastlab amakisi Pirmuhammadxon(1557–1561), keyin otasi Iskandarxon(1561–1583)ni taxtga chiqarib, amalda davlatni o‘zi boshqargan edi.
Keksa Abdullaxon. Boburiylar davri portreyti.
Ikkinchidan, har ikki shaxs siyosiy maydonga kelgan vaqtda mamlakat tanazzulga yuz tutgan, parokandalik avj olib, boshboshdoqlik kuchayib, qo‘shni davlatlarning bosqinchilik yurishlari, talon-torojlar ko‘paygan palla edi. Ular(Amir Temur va Abdullohxon) bu kurashda yengib chiqib(1370, 1557), qisqa davr ichida markazlashgan davlat bunyod eta oldilar. Shuningdek, har ikkisining vafotidan keyin(1405, 1598) ular tuzgan yirik imperiya o‘zaro toj-u taxt talashlar natijasida parchalana boshladi.
Uchinchidan, Amir Temurning uch shayxga nisbatan ixlosi juda baland edi. Bular Shamsiddin Kulol, Sayyid Baraka va Zayniddin Tayobodiylardir:
1. Shamsiddin Kulol(vafoti 1370, Kesh) Amir Temurning otasi Amir Tarag‘ay(vafoti 1360)ning piri edi. U Temurbekning o‘ziga ilk bor uning porloq kelajagi haqidagi bashoratni ham aytgan edi.
2. Mir Sayyid Baraka(vafoti 1404) bilan Amir Temur ilk bor 1370-yili Termiz yaqinida uchrashgan. Mir Sayyid Baraka birinchi uchrashuvdayoq Amir Temurga saltanat timsoli, zafar va g‘alabalar ramzi bo‘lgan nog‘ora va bayroq tuhfa qilgan edi.
3. Zayniddin Tayobodiy xurosonlik yirik shayx va shayx ul-islom bo‘lgan. Temurbek o‘zining Xurosonga qilingan
yurishlaridan biri chog‘ida(1381) shayx bilan uchrashgan va unga o‘z ehtiromini izhor etib, shu vaqtdan pir sifatida ulug‘lay boshlagan.
Abdullohxon ham o‘z faoliyatida uch din ulamosiga ixlos qilib, doimo ularning ma’naviy qo‘llab-quvvatlovi bilan mamlakatni mustahkamlashga harakat qilgan:
1. Xoja Islom Jo‘yboriy(1493–1563)ga dastlab Iskandarxon, keyin esa uning o‘g‘li Abdullohxon murid tutingan. 1557-yili Abdullohxon tomonidan Buxoroning uzil-kesil egallanishi ham shu ulamoning ko‘magida amalga oshgan edi.
2. Xoja Islom vafot etgach, Abdullohxon uning o‘g‘li Xoja Sa’d Jo‘yboriyni davlatning shayxulislomi darajasiga ko‘tarib, xoja vafot etgunga qadar(1589) uning ma’naviy ta’sirida bo‘lgan.
3. Abdullohxon karmanalik Qosim Shayx Azizon(vafoti 1581)ga ham qattiq ixlos qilgan va shayx xonning qo‘shni davlatlar(Xorazm, Qozoq xonligi) bilan sodir bo‘lgan ko‘pgina siyosiy nizolarining diplomatik yo‘l bilan bartaraf etilishida faol qatnashgan. Shuningdek, hukmdorlar davlat va jamiyat boshqaruvida doimo bu ulamolarning madadiga tayangan.
To‘rtinchidan, har ikki hukmdordan ham bitta manzilda, deyarli bir xil mazmundagi yodgorlik saqlanib qolgan. To‘g‘rirog‘i, bu masalada Abdullohxon Amir Temurga taqlid qilgan. Hozirgi Qozog‘iston Respublikasidagi Ulug‘tog‘ darasida(Jezqazg‘andan 100 km shimolda, Sarisu daryosi shimolida joylashgan tog‘) ikkala hukmdorning toshga o‘yib yozdirgan “zafarnoma”si topilgan (Rossiyaning Ermitaj muzeyida saqlanadi). 1391-yili Amir Temur To‘xtamishxonga qarshi yurishi chog‘ida Ulug‘tog‘ga yetib kelib, bir kun ichida uning tepasiga tug‘ o‘rnatib, qarorgoh qurdirgan va qo‘shinga atrofdan tosh to‘plab keltirishni hamda minorasimon inshoot qurishni buyurgan. Toshtaroshlar xarsangtoshga 2 tilda – arab va qadimgi uyg‘ur tilida bitik yozganlar. Bitik 11 satrdan iborat bo‘lib, 8 satri qadimgi uyg‘ur va 3 satri arab harfidadir. Turkiy yozuvda naqsh qilingan xotiraning matni quyidagicha: “Tarix yetti yuz to‘qson uchinda, qo‘y yili yoz(ko‘klam) oyi orasi Turonning sultoni Temurbek ikki yuz ming cherik bilan islom uchun Bulg‘or xoni To‘xtamishxonga qarshi yurdi. Bu yerga yetib, belgi bo‘lsin deb bu tepani qurdi. Tangri nusrat bergay, inshaalloh. Tangri el kishiga rahmat qilg‘ay, bizni duo bila yod qilg‘ay”.
Oradan 200 yil o‘tgach, Dashti Qipchoqqa, Bobo sultonga qarshi yurish qilgan Abdullohxon ham o‘tmishdoshidan o‘rnak olib, Amir Temur qurdirgan minora qarshisida, Ulug‘tog‘ safaridan yodgorlik sifatida masjid qurdirgan. Bu haqda Hofiz Tanish Buxoriy shunday yozadi: “O‘sha kuni(1582-yil 3-may) namozi peshingacha to‘xtab lashkarga buyurdiki, “Ko‘p tosh to‘plasinlar”. Buyruqni bajarib to‘plangan toshdan oliysha’n u makonda bir masjid bino qildilar. Shu bilan ro‘zg‘or sahifalarida u balandqadr shohdan bir yodgorlik qoldirdilar. Shunday ishni firdavsmakon, din-u dunyo qutbi shahriyor Amir Temur Ko‘ragon… ham qilgan edi”.
Beshinchidan, ma’lumki, Amir Temur o‘z faoliyati davrida nafaqat Movarounnahrda, balki davlat tarkibiga kirgan Xuroson, Eron, Yaqin Sharq va Kavkaz hududlarida ham ko‘plab inshootlar qurdirgan. Ayniqsa, Movarounnahr markaziy shaharlari – Samarqand va Kesh keng bunyodkorlik maydoniga aylangan, Sharqning ko‘plab usta-binokorlari masjid, madrasa, xonaqoh, maqbara, minora kabi inshootlar qurilishida ishtirok etgan. Abdullohxon davrida ham Movarounnahrda yuzlab inshootlar qurildiki, ularning balandligi va hashamatidagi ulug‘vorlik Amir Temur inshootlariga yetmasa-da, miqdor jihatidan butun temuriylar qurdirgan imoratlar sonidan ko‘p edi. Shu jihatdan ham, ularning me’morchilikka qo‘shgan hissasini baholagan akademik V.V.Bartold haqli ravishda Amir Temurni “O‘rta Osiyoning birinchi bunyodkori” degan bo‘lsa, Abdullohxonni “O‘rta Osiyoning ikkinchi bunyodkori” deb ta’riflaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, shayboniylar sulolasining XVI asr ikkinchi yarmida hukmronlik qilgan yirik vakili Abdullohxon mazkur asrning birinchi yarmida temuriylar sulolasi hukmronligiga barham bergan suloladoshi Muhammad Shayboniyxon bilan bir xil qaralib kelinmoqda. Muhammad Shayboniyxon haqida “o‘zga hududdan kelib, bizning ajdodlarimizni hokimiyatdan mahrum etgan” degan noxolis va noilmiy qarashlar hukm surib kelgan bo‘lsa, Abdullohxon shu sulola vakili sifatida shunchaki o‘z bahosini olmadi, ilmiy tadqiqotlar doirasiga kam tortildi.
Shuningdek, tarixshunoslikda Abdullohxon shaxsining Temur va temuriylar darajasidan ancha pastda ko‘rsatilishi manbashunoslik tadqiqi bilan bog‘liq. Chunki Abdullohxon tarixini yozgan muarrixlar Amir Temur tarixini yozganlarchalik yirik va bir necha sonli emas. Bundan tashqari, Abdullohxon vafotidan keyin uning tarixini yozadigan muarrixlik maktabi qolmadi. Temuriylar esa Amir Temurdan keyin yana yuz yil hukmronlik qildilar, ularning saroyi tarixchilari o‘z hukmdorlarining qudratini yuksak qilib ko‘rsatishi uchun ham sulola asoschisini bosh g‘oya sifatida ulug‘lab yozishlari tabiiy edi. Bundan tashqari, shaxslar tarixini mahorat bilan yoritish masalasi: Amir Temur va temuriylarning tarixchilari Eron va Turon tarixchilarining eng saralari, yirik dunyoviy imperiyalarga xizmat qilgan solnomachilar bo‘lsa, Abdullohxonning tarixchilari Movarounnahr tarixchilarining yetakchilari, ko‘proq mahalliy ahamiyatga ega muarrixlar sanalgan. Har ikkala sulolaning tarix ijodkorlari bir xil usulda matn tuzgan, yozuvchilik mahorati jihatidan bir-birlaridan ustun turmagan. Ammo tarix yozishda Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy, G‘iyosiddin Ali singari Amir Temur va temuriylar davri tarixchilari Hofiz Tanish, Hofiz Muqimiy, Muhammadyor ibn Arab Qatag‘an kabi Buxoro tarixchilariga qaraganda ko‘proq geografik hududlar, dunyoning turli yerlaridagi mamlakatlar va xalqlarga oid voqealar tafsilotini ko‘proq bayon qilgani bilan ajralib turadi. Fors-tojik tilida tarixni yozishdagi qofiyador saj usuli, voqealarni tasvirlashdagi badiiy tashbeh san’ati ko‘pgina tarixchilarning o‘ziga xos yozish mahorati bir-biriga yaqin bo‘lganligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, Amir Temur haqida ikkita “Zafarnoma” bo‘lib (Shomiy, Ali Yazdiy), ular bugungi kunga qadar bir nechta tillarga tarjima qilinib chop etilgan, yetarlicha ommalashtirilgan. Abdullohxon haqida ham ikkita “Zafarnoma” (Hofiz Muqimiy, Badriddin Kasmiriy) aniqlangan bo‘lib, ular hozirga qadar yetarlicha o‘rganilmagan, ilmiy muomalaga kiritilmagan. Shuningdek, Amir Temurga bag‘ishlangan “Zafarnoma”lar hajmi va mazmuni jihatidan yirik asarlar bo‘lsa, Abdullohxonga bag‘ishlangan “Zafarnoma”lar asosan nazmda yozilgan kichik hajmdagi asarlardir. Shu kabi omil ham tarixshunoslikda Abdullohxon shaxsiyatining biroz “kichraytirib” ko‘rsatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu sababli ham Abdullohxon o‘z davrining tarixchilari tomonidan Chingizxon va Amir Temurga qiyos qilingan hamda sohibqiron, ulug‘ xoqon laqablari bilan sifatlangan. Bugungi kun dunyoqarashi bilan qaralsa Abdullohxon faoliyatining salbiy va ijobiy jihatlari ham mavjud. Shu masalalardan kelib chiqib uning faoliyatini o‘rganishda xolislik, tarixiylik muhim mezon etib belgilanishi lozim.
Akbar ZAMONOV,
TKXU Tarix bo‘limi mudiri,
tarix fanlari doktori,
professor
Shu kecha va kunduzda
STRESS ASRIDA O‘SIB KELAYOTGAN AVLOD: bolalar, axborot va mental bosim
“Prezident sovg‘alari” karvoni
XATARLI GIRDOB
Ilgʻor pedagoglar hamda iqtidorli oʻquvchilarga dam olish maskanlariga bepul yoʻllanma beriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank