Ilm va ta’limga har qancha e’tibor oz!

Iqtidorli yoshlar – yurt kelajagi Ilm va ta’limga har qancha e’tibor oz!
84



Fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, O‘zbekis­ton bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarayotgan yoshlarimiz soni yildan yilga ortayotgani quvonarli holat. Xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida yoshlari­miz qo‘lga kiritgan medallar soni oxirgi yillarda 2,7 barobarga oshib, 45 tadan (2022-yil 3 ta oltin, 17 ta kumush, 25 ta bronza) 128 taga (2024-yil 15 ta oltin, 36 ta kumush, 77 ta bronza) yet­di. Bu raqamlar ta’lim sohasida yaratilayotgan imkoniyatlarning shirin mevasidir!


Bu borada jarayondagi ishlar, yutuqlar, kelgusidagi rejalar haqida Fan olimpiadalari markazi Xalqaro fan olimpiadalariga o‘quvchilarni saralash va tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Davron To‘xtayev bilan suhbatlashdik. 


Xalqaro fan olimpiadalariga o‘quvchilarni saralash tartibi

Saralashning birinchi bosqichi vazirlik tomonidan noyabr oyida tashkil qilinadi va ikkinchi bosqichga respublika miqyosida har bir fan bo‘yicha eng yuqori ballarni qo‘lga kiritgan dastlabki 25 nafar ishtirokchi saralab olinadi. Saralashning ikkinchi bosqichi doirasida o‘tkazilgan sinovlar natijalari bo‘yicha ballar ketma-ketligida eng yuqori natijaga erishgan:


•  biologiya fanidan – 12 nafar;
•  kimyo fanidan – 12 nafar;
•  informatika va axborot texnologiyalari fanidan – 12 nafar;
•  fizika fanidan – 15 nafar;
•  matematika fanidan – 18 nafar o‘quv­chi uchinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Vazirlik tomonidan saralashning ikkinchi bosqich natijalariga ko‘ra sara­lab olingan o‘quvchilar uchun tajribali o‘qituvchilar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va xorijiy mutaxassislar, shuningdek, xalqaro tanlov va olimpiadalar sovrindorlari bo‘lgan trenerlar ishtirokida mahorat darslari, kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

 

Natijalar – bizni quvontirmoqda

Joriy yilda yurtimiz oʻquvchilari eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda ko‘plab medallarga ega bo‘lishdi, xususan:


•  87 ta davlat (340 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 56-Xalqaro kimyo olimpiadasida – 1 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza;
•  110 ta davlat (600 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 65-Xalqaro matematika olimpiadasida – 2 ta kumush, 3 ta bronza; 
•  46 ta davlat (230 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 54-Xalqaro fizika olimpiadasida – 1 ta bronza;
•  91 ta davlat (362 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 36-Xalqaro informatika olimpiadasida – 1 ta bronza, shuningdek, mintaqaviy xalqaro olimpia­dalarda 61 ta (10 ta oltin, 15 ta kumush va 36 ta bronza) medalni qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari:
•  20-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida 5 ta (3 ta kumush va 2 ta bronza);
•  20-Xalqaro Jautikov olimpiadasida 14 ta (2 ta oltin, 3 ta kumush va 9 ta bronza);
•  9-Kavkaz xalqaro matematika olimpiadasida 4 ta (1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza);
•  58-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 5 ta (1 ta kumush va 4 ta bronza);
•  41-Bolqon matematika olimpiadasida 5 ta (2 ta kumush va 3 ta bronza); 
•  Osiyo-Tinch okeani mintaqasi informatika olimpiadasi(APIO)da 1 ta bronza;
•  Osiyo-Tinch okeani mintaqasi matematika olimpiadasi(APMO)da 7 ta bronza; 
•  Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida 12 ta (3 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza);
•  28-Oʻsmirlar oʻrtasidagi Bol­qon matematika olimpiadasi(JBMO)da 6 ta (3 ta kumush va 3 ta bronza);
•  Xalqaro matematika musobaqasi(IMC)da 18 ta (3 ta oltin, 4 ta kumush va 11 ta bronza);
•  Xalqaro nemis tili olimpiadasida 1 ta oltin;
•  Xalqaro iqtisod olimpiadasida 1 ta bronza;
•  Yevropa qizlar xalqaro IT olimpiadasi(EGOI)da 1 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi.


Rag‘bat va imtiyoz – taraqqiyot omili

Asosiy olimpiadaning uchinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan har bir o‘quv­chiga quyidagi miqdorda pul mukofotlari beriladi:


•  1-o‘rinni egallagan o‘quvchiga  bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari;
•  2-o‘rinni egallagan o‘quvchiga  bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari;
•  3-o‘rinni egallagan o‘quvchiga  bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari.
Asosiy olimpiadaning to‘rtinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan har bir o‘quvchiga quyidagi miqdorda pul mukofot­lari beriladi:
•  1-o‘rinni egallagan o‘quvchiga  bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravari;
•  2-o‘rinni egallagan o‘quvchiga  bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari;
•3-o‘rinni egallagan o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari.


Asosiy olimpiadaning to‘rtinchi bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga vazirlik tomonidan ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi diplom beriladi va uning alohida elektron reyestri yuritiladi.


Informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha mazkur sertifikatni olgan o‘quvchilarga ixtisoslik fani sifatida matematika fanidan davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqi beriladi.


Vazirlik tomonidan har yili asosiy olimpiadaning respublika bosqichi va respublika bosqichiga tenglashtirilgan mintaqaviy xalqaro olimpiadalar hamda nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘olib­lari ro‘yxati shakllantiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblarining o‘qituvchilari hamda ta’lim muassasalari direktorlari belgilangan tartibda rag‘batlantiriladi.


Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foiz miqdorida ustama haqi to‘lanadi. Bunda: 

– ustamalar nufuzli xalqaro olimpia­dalar va asosiy olimpiadalar o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha aynan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan fanidan dars berayotgan olimpiada g‘olibiga beriladi. 
– ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar va asosiy olimpia­dalar respublika bosqichi g‘oliblari tomonidan g‘oliblikni tasdiqlovchi hujjat yoki sertifikat taqdim qilinadi. 
– Ustama olishga da’vogar shaxsda bir paytda nufuzli xalqaro va asosiy olimpiada(respublika bosqichi) g‘olibi bo‘lganda unga eng yuqori natijasi bo‘yicha ustama tayinlanadi va to‘lov amalga oshiriladi.
– Olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilarini rag‘batlantirish xarajatlari vazirlikka O‘zbekiston Respublikasi­ning davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.


Fan olimpiadalariga tayyorgarlik jara­yoni mashaqqatli, mas’uliyatli, mehnati eng yuksak baho va rag‘batga munosib.

1. Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari bazaviy hisob­lash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin(oltin medal) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500, o‘qituvchisiga – 450 baravari;

2-o‘rin(kumush medal) uchun – 300, o‘qituvchisiga – 250 baravari;

3-o‘rin(bronza medal) uchun – 200, o‘qituvchisiga – 150 baravari.

2. Asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin uchun – 50 baravari;

2-o‘rin uchun – 35 baravari;

3-o‘rin uchun – 30 baravari.

3. Xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor (rag‘batlantirish) jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishlicha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi;

4. Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan: 

– xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz; 

– asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi;

5. Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan shakl­lantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi. 



Shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy xalqaro olimpiada sovrindorlari oliy taʼlim muassasalariga kirishda oʻz fanidan maksimal ballga ega boʻladi.


Bundan tashqari, oʻquvchini olimpiadalarga tayyorlagan oʻqituvchining malaka toifasi bir pogʻona koʻtariladi, shuningdek, mintaqaviy xalqaro olimpiada gʻoliblari hamda asosiy olimpiada­ning respublika bosqichi gʻoliblari keyin­chalik taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib gʻolib boʻlgan fanidan dars bergan taqdirda, har oy lavozim maoshiga 100 foiz ustama oladi.


Jarayon

Iqtidorli hamda fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan o‘quvchilarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iste’dodni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasa­lari agentligi huzurida Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi. Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida xalqaro va respublika miqyosida maktab fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan olimpiada, musobaqa va tanlovlarni tashkil qilish va muvofiqlashtirish, olimpiadalar o‘tkazish bo‘yicha xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish yo‘nalishlari belgilandi. 

Fan olimpiadalari markazi tomonidan 2026-yili Nufuzli xalqaro kimyo olimpiadasi(ICHO) hamda Nufuzli informatika olimpiadasi(IOI) o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Fan olimpiadalarida yoshlarimizga muvaffaqiyatlar tilaymiz. Maqsadlarni baland, qadamlarni dadil tashlang!


Fan olimpiadalari markazi

bilan hamkorlikda 

“Ma’rifat” muxbiri

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

tayyorladi.

Maqola muallifi

Dilafruz ABDIRAJABOVA

Dilafruz ABDIRAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish