JADID MUNAVVARLARI JAMIYATGA QARSHI ILLATLARGA QARSHI KURASHDA
Yangi O‘zbekiston sharoitida Turkistonda XIX asr oxiri – XX asr boshlarida kechgan jadidchilik va taraqqiyparvarlik harakatini qaytadan o‘rganish masalasi dolzarb qilib qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatida, bir qator nutq va ma’ruzalarida jadid ota-bobolarimiz hayot yo‘lini bugungi yosh avlod uchun ibrat-namuna maktabiga aylantirishga qayta-qayta murojaat qilib: “Jadidlar g‘oyasi – Yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohang”, deb aytib o‘tgan.
Jadidlar hayoti va faoliyatini o‘rganish hozirda eng muhim tadqiqot obyektlaridan biriga aylandi. Jadidlar “Tenglik!”, “Birlik!”, “Ozodlik!” kabi shiorlar bilan maydonga chiqdilar. Jadid ajdodlarimiz Turkiston mintaqasining jahon tamaddunidan ortda qolishi bilan bog‘liq sabab va omillarni tahlil qilar ekanlar, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlarga teran, xolislik bilan baho berdilar.
Mintaqada tuproq unumdorligi (tuprog‘imiz oltin), yer osti va yer usti boyliklari bisyorligi, fauna va flora turfa xilma-xilligi, rang-barang landshaft mavjudligi haqida yozar ekanlar, qoloqlik sababi nimada ekanligi jadidlar tomonidan teran tahlil etildi. Ular Yevropada texnika sohasida buyuk kashfiyotlar yuz berayotgan bir paytda Turkistonda eski asbob-uskunalar, o‘rta asr texnikasi hukmronligi tanqid ostiga olindi. Jadidlar dunyo bo‘ylab sayohatga chiqib, yangilik va kashfiyotlarni mintaqaga olib keldilar, xalqning ongini uyg‘otish sari dadil qadamlar qo‘ydilar. Ijtimoiy hayotdagi asrlar osha davom etib kelayotgan illatlar ular tomonidan tanqid tig‘i ostiga olindi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy (1874–1919) o‘zining “Zo‘raki boy”, “Hoy boykalar, boykalar, bizni g‘orat ayladi”, “Bizni kemiruvchi illatlar” nomli maqolalarida bir necha kunlik to‘y, hoyu havas deb turkistonliklar o‘z yerlarini har tanobini 2 ming so‘mdan suv tekinga sotayotganligi, yurtdoshlarimiz “Er kishi yer sotmaydi”, degan naqlni unutib qo‘yganliklariga e’tiborni qaratadi. Holbuki, deb qayd qilgandi Mahmudxo‘ja Behbudiy, Qrim va Kavkazda 1 tanob yer narxi 30 ming so‘mga ko‘tarilgandir. Bir qarichi oltinga arzigulik yer fondlarining kelgindilar qo‘liga o‘tib ketishi Behbudiyni tahlikaga solgandi.
Yoxud ta’ziya marosimlari uchun ming-minglab so‘m pullar havoga sovrilayotgani, behudaga pul sarflashga chek qo‘yilib, tejalgan pullarni bolalar ta’limi va ilm olishga sarflash zarurligi nasihat qilinadi. Boshqalar orqali bo‘lak puli berish shiori ostida rus sudxo‘rlari mahalliy dehqon hamda chorvadorlarni umrbod qarzdorga aylantirish tendensiyasi ham ajdodimiz tomonidan tanqid qilingandi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy dehqonlarning hosil ayni pishib yetilganda ko‘pkari (ko‘rbo‘ri) o‘yinlari tomoshasi uchun yugurib yurishlarini ham saviyasizlik oqibati ekanligiga e’tibor qaratadi. O‘sha davrlarda oddiy odamlar 1000 so‘m, o‘rta hollar 2–3 ming so‘m, boy-badavlatlar 3–5 ming so‘m (o‘sha vaqt puli bilan bu katta pul bo‘lib, 1 ta qo‘y 5–6 rubl bo‘lgan – R.N.) sarflashi, hatto, savdogarlar uch kunlab “meva to‘yi”, “savdogar to‘yi” qilishlarini ham mislsiz isrofgarchilik deb baholaydi. U o‘z uyini bo‘y qilganida 1,5–2 ming so‘m sarf qilgani uchun “og‘ziga zo‘ri yetmaydigan” ayrim kimsalar Behbudiyni “ziqnalik qildi”, “qaramlik qildi”, deb tanqid qilganlarini ham nazardan qochirmaydi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning maslakdoshi va sadoqatli shogirdi Hoji Muin (1883–1942) ustozi izidan borib, “To‘y”, “Mazluma xotin” maqola va pyesasini yaratdi. Hoji Muin to‘ylardagi isrofgarchiliklarni keskin tanqid qilib, to‘y o‘tkazish ortidan kishilar bir umr qarzdor bo‘lib qolishiga e’tiborni qaratdi. “Mazluma xotin” pyesasida jamiyatdagi qari xotin olish odatini tanqid qiladi. O‘shbu pyesa haqida Mahmudxo‘ja Behbudiy fikr yuritib: “Men ko‘p xotinlikka qarshiman, er hech qachon barcha xotinlariga bir xil adolat qila olmaydi”, degan edi.
Illatlardan qutulishning najot yo‘li – bu ilm, zamon talablari bilan hamqadam bo‘lish ekanligi jadidlar tomonidan bot-bot takrorlab kelindi.
Ra’no NORMURADOVA,
“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazining
Buxoro viloyati bo‘limi matbuot kotibi
Shu kecha va kunduzda
JADID MUNAVVARLARI JAMIYATGA QARSHI ILLATLARGA QARSHI KURASHDA
Ustoz bor joyda – ta’lim, taraqqiyot va yuksalish bor
MILLAT TAQDIRI VA UCHINCHI RENESSANS POYDEVORI: MUALLIMGA EHTIROM YUKSAK MARRADA
POLIGLOT MAKTABI YOSHLARGA LIDERLIK KO‘NIKMALARINI O‘RGATMOQDA
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank