Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va bugun

Ajdodlar merosi – bebaho xazina Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va bugun
51



O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida VI xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Mazkur konferensiya O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.



Konferensiya jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasida yashab ijod qilgan, dunyo tamadduni rivojiga bebaho hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlarning ilm-fanning turli yo‘nalishlaridagi tadqiqotlarini o‘rganish hamda targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazildi. Jarayon onlayn va offlayn formatda tashkillashtirildi.

Mazkur anjuman O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan amaliy hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qiladi, – deydi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov. – An’anaviy tarzda 6 yildan beri o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirish hamda mintaqa xalqlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Bugungi konferensiya ilmiy tajribalar, madaniy-tarixiy omillar va zamonaviy taraqqiyotda islom sivilizatsiyasining o‘rnini mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar yaratdi.

Xalqaro konferensiyada “Markaziy Osiyoning madaniy o‘ziga xosligi”, “Hakim Termiziy asarlarida ilm an-nafis masalasi”, “Ubaydulloh ibn Mas’ud Sadrushsharia asarlarining islom manbashunosligidagi ahamiyati”, “Movarounnahrlik muhaddisa va faqihalar faoliyati”, “Markaziy Osiyolik ayollarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi”, “Markaziy Osiyo mamlakatlarida xalq hunarmandchiligi va husnixat san’ati rivoji”, “AQSH kutubxonalarida Samarqand va Buxoro qo‘lyozmalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Markaziy Osiyo mintaqasida azaldan yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik, savdo iqtisodiy va ilmiy-madaniy aloqalar rivojlangan, – deydi Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy. – Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan muhim madaniyat o‘chog‘i sifatida xalqlar taraqqiyotida katta o‘rin tutgan.



Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan allomalar hadis, ilohiyot, geografiya, matematika, tibbiyot, umuman, barcha sohalarda islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan. Ularning hayot yo‘llari va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylangan.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida oltinchi marotaba an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya ham mintaqa xalqlari o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, targ‘ib va tadqiq etish maqsadlariga xizmat qilishiga ishonaman.

So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Bundan tashqari, mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Ikki yil avval yurtingizda qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniyga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaga qatnashish uchun kelgandim, – deydi Misr Arab Respublikasi Qohira universiteti Sharq tillari kafedrasi professori Jalol Said Hafnaviy. – Dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, olim-u fuzalolar yetishib chiqqan bu zaminga yana bir bor tashrif buyurganimdan, anjumanda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Konferensiya doirasida “Abu Rayhon Beruniyning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ma’ruza qildim. Ilmiy ishimning mavzusi ham Hindistonda boburiylar tomonidan ilm-ma’rifat, madaniyat, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan islohotlar haqida bo‘lgan. Bu bo‘yicha tadqiqot olib borib bildimki, boburiylarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi beqiyos. “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilganimdan g‘ururlanaman. Qohira universiteti “Sharq tillari” kafedrasiga esa birinchilardan bo‘lib o‘zbek tili mutaxassisligini olib kirganimizdan faxrlanamiz.

Bugun Misr va O‘zbekiston Prezidentlarining do‘stona va ijobiy aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Zero, bu o‘lka mutafakkirlari tarixan Misr bilan har jabhada do‘stlik, ilm-ma’rifat ulashishda peshqadam bo‘lgan. Jumladan, Ahmad Farg‘oniy Nil daryosidagi suv sathini o‘lchaydigan Miqyosi Nil inshootini qurishda boshchilik qilgan. Ushbu inshoot o‘sha davr uchun juda katta ilmiy yangilikka aylanib, ming yillar davomida xalqimiz uchun xizmat qilib keldi. Qohirada Ahmad Farg‘oniyga atab qurilgan haykal va bog‘ ham mavjud. Bu ham xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro mushtaraklik, ehtiromning yana bir amaliy ko‘rinishidir.





Anjuman davomida so‘nggi yillarda yurtimizda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi. Hamkor tashkilotlar bu boradagi kelgusi rejalar xususida fikr almashishdi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Tarix
  • #Vatan tuyg‘usi

Ulashish