O‘ZBEK LINGVISTIK SANOATI ISTIQBOLLARI

Mutaxassis minbari O‘ZBEK LINGVISTIK SANOATI ISTIQBOLLARI
520

Lingvistik mahsulot va lingvistik xizmat atamalari o‘zbek tili uchun yangi va juda muhim. Shuningdek, sanoat termini “korxonalardagi ishlab chiqarish, tovar va xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan iqtisodiyot va biznes sohasi” ma’nosini anglatadi. Biz lingvistik xizmat va mahsulot ishlab chiqarish sohasi deganda matn yaratish, matnlarni tahrirlash, tuzatish va tarjima qilish, chet tillarini o‘rgatish, milliy va mahalliy dasturiy ta’minotni yaratish hamda boshqa tegishli sohalarda lingvistik xizmatlar ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlarni nazarda tutamiz.  Biz ham mamlakatimizda lingvistik vosita va xizmat asosida tizimli ravishda mahsulot ishlab chiqarishimiz va sotishimiz mumkin. Ushbu faoliyat o‘ziga xos bozor tamoyillari va mijozlar bilan o‘zaro aloqa qilish usullariga ega.


Lingvistik mahsulot tilshunoslik sohasidagi ish natijalarini anglatadi. Lingvistik mahsulot, odatda, tabiiy til, uning tuzilishi, funksiya va xususiyatlari­ni o‘rganish va tahlil qilish yoki tarjima, til o‘rgatish va kompyuter uchun tilni qay­ta ishlash kabi til bilan bog‘liq sohalarda amaliy qo‘llash maqsadida yaratiladi. Masalan, lug‘at, grammatik ma’lumotnoma, sohaviy va umumiy ensiklopediya, til korpuslari, til atlaslari, ilmiy maqola va monografiya, audiokurs, qo‘llanma va darslik, lingvistik dastur va ilovalar, tilshunoslik bo‘yicha konferensiya va simpozium kabilar. Bu lingvistik mahsulot va xizmatning har biri tilni o‘rganish (o‘rgatish) hamda tadqiq qilishda o‘ziga xos xususiyat, maqsad va foydalanish usullariga ega. Mashhur lingvistik mahsulotlardan kundalik hayotimizda keng foydalanamiz. Lekin ular bizning tilimizda emas. Masalan, ingliz tilidagi zamonaviy mashhur lingvistik mahsulotlar sifatida matnni avtomatik tarjima qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanadigan Google Translate, Microsoft Translator va DeepL kabi kompyuter tarjima dasturlari, Oksford inglizcha lug‘ati, Merriam-Webster va Kembrij lug‘ati kabi turli lug‘at va elekt­ron resurslar, Apple kompaniyasining Siri, Google Assistant va Amazon Alexa kabi ovozli yordamchilari, Duolingo, Rosetta Stone va Babbel kabi ingliz tilini o‘rga­nish ilovalari, talabalarga videochat yoki audiodars orqali ona tilida so‘zlashuv­chilar bilan muloqot qilish imkoniyatini taqdim etuvchi iTalki va Verbling kabi interaktiv onlayn til o‘rganish platformalari, Facebook, Instagram va Twitter kabi ingliz tilida muloqot qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar, tadqiqotchi(tilshunos)larga matn va nutqni tahlil qilish hamda o‘rganishda yordam beruvchi lingvistik so‘rov va so‘zlarni hisoblash (LIWC) kabi lingvistik ilova va til tahlili dasturlari kabilarni qayd etish mumkin. Hozirgi vaqtda rus tili bo‘yicha ham turli lingvistik mahsulotlar yaratilmoqda. Matn korpuslari (masalan, Rossiya milliy korpusi, TextoBank, “Rus tilining akademik korpusi”, mualliflik korpuslari), elekt­ron lug‘at va lingvistik resurslar, tabiiy tilni qayta ishlash uchun avtomatik tizimlar (Natural Language Processing, NLP), rus tilini o‘rganish uchun kompyuter dastur va ilovalari – mobil qurilmalar uchun ilovalar, onlayn kurslar, grammatika ma’lumotnomalari, darslik va boshqalar shular jumlasidandir. Sintaksis, semantika, fonologiya va tilshunoslikning boshqa sohalaridagi tadqiqotlar rus tilining xususiyatlari hamda tuzilishini batafsil o‘rganishga yordam beradi. Shuningdek, sotsiolingvistik va etimologik tadqiqotlar rus tilining ijtimoiy jihatlarini, variantlari va evolyutsiyasini o‘rganishga qaratilgan. Boshqa tillarda bo‘lgani kabi zamonaviy lingvistik mahsulotlar bu tilni o‘rganishning turli jihatlariga bag‘ishlangan konferensiya, simpozium, jurnal va kitoblarni ham o‘z ichiga oladi. 


Lingvistik xizmat – lingvistik vazifa yoki xizmatga ixtisoslashgan kompaniya yoki tashkilotlar tomonidan taqdim etila­digan xizmat yoki vosita. Lingvistik xiz­mat turli funksiyani o‘z ichiga oladi. Masalan, avtomatik tarjima, tabiiy tilni qayta ishlash, nutqni aniqlash va sintez qilish, matn tahlili va boshqalar. Bu tilshunoslik, tarjima, so‘zlarni qayta ishlash va turli tilda muloqot qilish bilan bog‘liq loyihalar uchun juda foydali. Zamonaviy bozorda lingvistik xiz­matlarning tobora rivojlanib borayotganligi sababi ko‘p omillar bilan belgilanadi. Globallashuvning kuchayishi bilan dunyoda yangi tipdagi ishlab chiqarish kompaniyalari jadal taraqqiy etmoqda. Ular mahsulot va xizmatlarini turli tillarga tarjima qilishi va mahalliylashtirishi lozim. Bunda ular uchun lingvistik xizmatlar katta ahamiyat kasb etadi.


Internetning paydo bo‘lishi va texnologiyaning rivojlanishi bilan onlayn tarjima va lingvistik xizmatlar rivojlana­yotir. Ular matnlarni tez va samarali tarjima qilish hamda qayta ishlash imkonini beruvchi mashina tarjimasi, avtomatik mahalliylashtirish kabi shakllarda ommalashayotgan xizmatlar hisoblanadi. Bugungi kunda migratsiya jarayonlari har yili yuz minglab kishining boshqa mamlakatlarga ko‘chib o‘tishiga olib kelmoqda. Migrantlar yangi tilni o‘rganishi va mahalliy aholi bilan muloqot qilishi kerak bo‘ladi. Bunda til kurslari, til guruhlari va tarjimonlar kabi til xizmatlari ularga yangi muhitga moslashishga yordam beradi. Turizmning rivojlanishi ham lingvistik xizmatlarning rivojiga ta’sir qilmoq­da. Arzon aviakompaniyalar paydo bo‘lishi va turizmning kuchayishi bilan turli madaniyat hamda tillar o‘rtasidagi aloqa yanada ommalashdi. Til xizmatlari sayyohlarga mahalliy aholi bilan muloqot qilishda yordam beradi hamda hujjat, belgi va ko‘rsatmalarni boshqarish va tushunishni osonlashtiradi. Globallashuv madaniy almashinuv­larning kuchayishini ham keltirib chiqar­moqda. Xalqaro talabalar almashinuv dasturlari, madaniy festivallar, institut va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik – bularning barchasi turli tillarda o‘zaro muloqot qilish zaruratini yuzaga keltir­moqda. Lingvistik xizmatlar talabalar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarga ilmiy maqola, ma’ruza, xat kabilarni tarjima qilishda yordam beradi.

Ko‘rinadiki, lingvistik xizmatlar zamonaviy jamiyatning turli til va har xil madaniyat bilan muloqot qilish ehtiyojlari omillari bilan bog‘liq ravishda jadal rivoj­lanmoqda.


Lingvistik mahsulotga ehtiyoj ham zamonaviy bozorda globallashuv bilan bog‘liq turli omillar vositasida belgilanadi. Masalan, globallashuv va biznesning xalqarolashuvi fonida zamonaviy kompaniyalar dunyo miqyosida o‘z faoliyatini tobora kengaytirmoqda. Bu kengroq auditoriyani qamrab olish hamda yangi mijozlarni jalb qilish uchun kontentlarni turli tilga tarjima qilish va moslashtirishni taqozo etadi. Dunyoda juda ko‘p tillar mavjud va ularning har biri o‘z auditoriyasiga ega. Dasturiy ta’minot, ilova yoki veb-saytlar kabi ba’zi mahsulotlar barcha foydalanuvchilar uchun ochiq va foydalanish mumkin bo‘lishi uchun turli tilda mahalliylashtirishni talab qiladi. Yuqorida aytilganidek, migratsiya, madaniy xilma-xillikning kuchayishi tufayli turli madaniyat va til egalari o‘rtasida madaniyatlararo tushunish va muloqotni rivojlantirishga yordam beradigan lingvistik mahsulotlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Hozirgi dunyoda ko‘plar chet tillarini o‘rganmoqda va buning uchun ularga tilni o‘zlashtirishga yordam beradigan darslik, lug‘at, onlayn kurs kabi lingvistik mahsulotlar zarur. Turizm va sayohatning o‘sishi bilan ko‘proq odam turli mamlakatdagi mahalliy aholi bilan muloqot qilish va tushunish uchun har xil lingvistik mahsulotga ehtiyoj sezmoqda.


Kompyuter tilshunosligi va sun’iy intellekt texnologiyalari yil, oy sayin rivoj­lanib bormoqda, bu esa lingvistik mahsulotlarni yaratish va ulardan foydalanish, masalan, ovozli yordamchilar, mashina tarjimasi tizimlari va lingvistik jarayonlarni avtomatlashtirishning boshqa vositalarini yaratish hamda ulardan foydalanish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu omillar lingvistik mahsulotlarga bo‘lgan talabning o‘sishiga olib kelmoqda hamda ularni ishlab chiqarish, bozorni ta’minlash zaruriyatini yaratadi.


Lingvistik mahsulot ishlab chiqarish bozorini rivojlantirishning bir necha asosi mavjud. Ulardan eng muhimi – bozorni o‘rganish. Lingvistik mahsulotga bo‘lgan talab va taklifni tahlil qilish, maqsadli auditoriya ehtiyoji va ularning zamonaviy talablar bilan aloqasini o‘rganish lozim. Bu esa mahsulot ishlab chiqarish va mos­lashtirishning optimal strategiyalari­ni aniqlash imkonini beradi hamda texnologiyalarni rivojlantirish zaruratini kun tartibiga qo‘yadi. Zamonaviy talablar lingvistik mahsulotlarning sifati va funksionalligi uchun yuqori mezonlarni belgilaydi.  Rivojlanishning muhim yo‘nalish­lari qatoriga dasturiy ta’minotlarni yangilash hamda modernizatsiya qilish, sun’iy intellekt va mashinani o‘rganishni joriy etish, til ma’lumotlarini qayta ishlash va tahlil qilishning yangi algoritm hamda usullarini ishlab chiqish kiradi. Bu esa mahsulot assortimentini kengaytirishga olib keladi. Lug‘at, darslik kabi an’anaviy lingvistik mahsulotlardan tashqari, zamonaviy talablarga javob beradigan yangi mahsulotlar ham taklif eti­lishi lozim. Masalan, til o‘rganish uchun onlayn platformalar, tarjima va o‘qitish uchun mobil ilovalar, matn va nutqni avtomatik qayta ishlash va tahlil qilish tizimlari kabilarning ishlab chiqarilishini nazarda tutyapmiz.


Albatta, lingvistik sanoat marketing va reklama bilan chambarchas bog‘liq. Lingvistik mahsulotlar bozorini rivojlantirish faol marketing harakatlarini talab qiladi. Turli kanallar, jumladan, onlayn reklama, ijtimoiy tarmoqlar, tilga oid va ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish orqali mahsulotlarni maqsadli targ‘ib qilishni amalga oshirish zarur. Shuningdek, til o‘rganish bilan bog‘liq ta’lim muassasa­lari, korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish juda muhim. Shuningdek, uzluksiz rivojlanish va ta’lim taraqqiyoti sharoitida  lingvistik mahsulotlarni ishlab chiqarish bozorini muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun nafaqat zamonaviy talablarga rioya qilish, balki faol rivojlanish va bozor talablarini jiddiy o‘rganish zarur bo‘ladi. Eng yangi texnologiya va texnikalarni monitoring qilish, mahsulot va o‘quv dasturlarini doi­miy ravishda takomillashtirish va raqobatbardosh bo‘lib qolish hamda bozor ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi.


Bular lingvistik mahsulotlar ishlab chiqarish bozorini rivojlantirish va uni zamonaviy talablarga moslashtirish shartlaridandir. Sohadagi o‘zgarishlarni doimiy ravishda kuzatib borish va yangi sharoitlarga moslashishga tayyor bo‘lish – har qanday bozor turining muhim omili. Lingvistik xizmat darajasini oshirish bir qancha chora-tadbirni amalga oshi­rishni taqozo etadi. Avvalo, tilshunoslik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun yanada qulay, sifatli ta’lim dasturlari va kurslarini ochish maqsadga muvofiq. Bu universitetlarda til dasturlari va kurslarining keng doirasini taklif qiluvchi ixtisoslashtirilgan zamonaviy kafedra va fakultetlarni yaratishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, lingvistik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, fan va lingvistik xiz­matlarda zamonaviy uslub va yondashuv­larni rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun lingvistik tadqiqotlarga mablag‘ va resurslarni investitsiya qilish talab etiladi. Tarjimon va tilshunoslarning malakasi­ni oshirish – bu boradagi asosiy vazifalardan. Professional tarjimon va tilshunoslar zamonaviy talablarga javob beradigan bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish maqsadga muvofiq. Texnologik asbob-uskunalarni rivojlantirishga ko‘maklashish, xususan, avtomatlashtirilgan tarjima tizimlari va hisoblash tilshunosligi dasturlari kabi til xizmatlarining samaradorligi va sifatini oshirishga yordam beradigan zamonaviy texnologiyalar va uskunalarga sarmoya kiritish soha rivojida katta rol o‘ynaydi. Albatta, xorijiy sarmoyalarning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Yangi texnologiyalar, nou-xau va ilg‘or tajribalarni olib kirish uchun til xizmatlariga yo‘naltirilgan xorijiy sarmoyalarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi.


Aholining xabardorligi va ma’rifatini oshirish lingvistik industriya rivojida katta rol o‘ynaydi. Buning uchun til xiz­matlarining ahamiyati va faoliyatning turli sohalariga ta’siri haqida aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan axborot kompaniyalari va ta’lim dasturlarini yaratish talab qilinadi. Xalqaro aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, sohada bilim va ilg‘or tajriba almashishni ta’minlash uchun butun dunyo bo‘ylab lingvistik tashkilot va universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj juda katta. Shu asosda sifatli til xizmatlarini ta’minlaydigan, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan qoida va standartlarni ishlab chiqish hamda joriy etish zarur. Til xizmatlari sohasida tajriba va bilim almashishga, shuningdek, mutaxassislar bilan uchrashish va hamkorlik qilishga yordam beruvchi tadbirlar, forum va konferensiyalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim. 


Til xizmati tadbirkorligini tashkil etishga ko‘maklashish va rag‘batlan­tirish ham katta ahamiyatga ega. Masalan, sohada o‘sish va raqobatni rag‘batlantirish uchun til xizmatlarini rivojlantirish istagida bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish muammo yechimida g‘oyat ahamiyatli. Bu chora-tadbirlar mushtarakligi mamlakatimizda lingvistik xizmatlar ko‘rsatish darajasini oshirishga yordam beradi va sohani rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Lingvistik bozorda tilshunoslik va tilshunoslarning o‘rni katta. Lingvistik xizmatlarni takomillashtirish va lingvistik mahsulot ishlab chiqarish tizimida samarali yetakchilik qilish uchun tilshunoslar an’anaviy va samarasiz tadqiqotlardan zamonaviy yo‘nalishlarga o‘tishlari lozim. Tilshunoslar lingvistik xizmat va mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida faol ishtirok etishlari kerak. Ular bunday mahsulotlarning funksional­ligi va sifatini yaxshilash uchun o‘z g‘oya va bilimlarini taklif qilishi – bozor tilshunosligining talabi.


Tilshunoslar kuchli va zaif tomonlarini aniqlash uchun mavjud lingvistik xizmat va mahsulotlarni chuqur, tezkor tadqiq va tahlil qilishlari lozim bo‘ladi. Chunki tadqiqot natijalari islohga ehtiyoj­mand sohalarni aniqlashda muhim rol o‘ynaydi. Lingvistik xizmat va mahsulotlardan foydalanuvchilarning ehtiyojlari hamda istaklarini aniqlash katta ahamiyatga ega. Tilshunoslik bozor tadqiqotlarini o‘tkazishi hamda bunday xizmat va mahsulotlarda nimani ko‘rishni xohlashlarini tushu­nish uchun foydalanuvchilar bilan doimiy muloqot qilishlari lozim bo‘ladi. 

Lingvistik xizmat va mahsulotlarni ishlab chiquvchilarga nisbatan jamoatchilikning fikrini bilish juda muhim. Tilshunoslar o‘z tajribalariga asoslanib, takomillashtirish va tuzatishlarni taklif qilishlari mumkin. Shuningdek, ular yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammo va xatolarni aniqlash uchun mahsulotlarni sinovdan o‘tkazishda ishtirok etishlari katta ahamiyat kasb etadi.


Tilshunoslar lingvistik xizmat va mahsulotlar uchun standart va me’yorlarni yaratish va saqlashda hamkorlariga professional ko‘mak berishlari lozim. Bu sanoatni rivojlantirish va takomillashtirishga xizmat qiladigan yagona qoida va sifat mezonlarini belgilash imkonini beradi. Ta’lim va keng auditoriya bilan muloqot qilishning muhimligini ham unutmasligimiz kerak. Tilshunoslar bilim va tajriba almashish uchun ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishi, aniq amaliy maqsadli ilmiy maqolalar yozishi, konferensiya va vebinarlarda ma’ruza qilishlari lozim. Bu til hamjamiyatining rivojlanishiga, lingvistik xizmat va mahsulotlar darajasining yaxshilanishiga ko‘maklashadi.

Umuman olganda, ko‘p hollarda iste’molchilar bilan muloqot qilmaydigan tilshunoslikni lingvistik xizmat va mahsulotlarni takomillashtirishga samarali yo‘naltirish uning iste’molchilar bilan mustahkam hamkorligini talab qiladi. Tilshunoslar til sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lganligi bois xaridorbop mahsulot ishlab chiqaradigan amaliy tilshunoslik rivojida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.


Lingvistik sanoatni tashkil etish va mahsulotlar ishlab chiqarishni maqsadli rivojlantirish qator vazifalarni amalga

oshirish bilan bog‘liq. Avvalo, soha uchun tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish lozim bo‘ladi. Davlat standartlarini yaratish va lingvistik servis sohasini tartibga solish ko‘rsatilayotgan xizmatning sifati va ishonchliligini kafolatlaydi. Huquqiy hujjatlar til kompaniyalarining huquq va majburiyatlarini belgilashda, mijozlar manfaatlarini himoya qilishda juda muhim.


Tilshunoslik sohasida amaliy tilshunoslik ta’limini rivojlantirish, jumladan, ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlarini yaratish, o‘qituvchi va talabalarni tayyorlash, jihozlarni yangilash va hokazolar moliyalashtirilishi lozim. Bunday chora-tadbirlar soha uchun ishchi kuchini rivojlantirish va til xizmatlari sifatini oshirishga olib keladi. Tilshunoslik sohasidagi samarali amaliy ilmiy tadqiqotlar va yangi lingvistik texnologiyalarni ishlab chiqish uchun grant va subsidiyalarga ehtiyoj mavjud. Bunday chora-tadbirlar sohaning innovatsion rivojlanishida, yangi mahsulot va xizmatlarning yaratilishida muhim omil sanaladi. Albatta, soha rivojida soliq va moliyaviy to‘siqlarni kamaytirish bo‘yicha hukumat choralari lingvistik sanoat o‘sishini rag‘batlantiradigan muhim omillardan. Masalan, soliqlarni kamaytirish sanoat uchun investitsiyalarni jalb qilish yoki turli daromadli iste’molchilarga lingvistik xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.


Davlat sanoatda xalqaro hamkorlikni ta’minlashda va til mahsulotlarini jahon bozorida ilgari surishda muhim rol o‘ynaydi. Bu ko‘rgazma va konferensiyalar tashkil etish, tashqi savdo ofislarini tashkil etish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash kabilarni o‘z ichiga oladi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan va ko‘rsatiladigan bu kabi ko‘maklar lingvistik sanoatni rivojlantirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay muhit yaratishi, sarmoyalarni jalb etishi va ushbu sohadagi kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirishi tayin. Lingvistik sanoatda homiylik mahsulot ishlab chiqarish va sohani rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi. Masalan, homiylar til xizmatlari va mahsulotlarini rivojlantirish hamda yaxshilashni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashi mumkin. Bunga tadqiqot, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, yangi texnologiyalarni yaratish va hokazolarning xarajatlari kiradi. Yetarli mablag‘siz sanoat rivojlanishi imkonsiz. Ayniqsa, bozori shakllanmagan tilshunoslik kabi istiqbolli sohalar uchun bu juda muhim. Texnologiya kompaniyalari yoki tadqiqot markazlari kabi homiylar lingvistik mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur texnik tajriba va infratuzilmani ham taqdim etishi lozim. Bu yuqori sifatli til xizmatlarini yaratish uchun zarur algoritm va modellarni, tabiiy tillarni qayta ishlash va boshqa texnologiyalarni ishlab chiqishda yordam beradi.


Homiylar lingvistik mahsulotlarni bozorga targ‘ib qilish va tarqatishda ham yordam berishadi. Ular o‘zlarining mijoz va hamkorlari tarmog‘iga kirishni ta’minlashda, reklama kompaniyalari va bozor tadqiqotlarida katta rol o‘ynaydi. Bu foydalanuvchilarni lingvistik xizmat va mahsulotlar bilan tanishtirish hamda jalb qilish jarayonini sezilarli darajada tez­lashtiradi. Homiylar universitet va tadqiqot markazlari bilan til texnologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, yangi mahsulotlarni ishlab chiqish uchun hamkorlik qilishi lozim. Universitet va tadqiqot guruhlari o‘zlarining ilmiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘pincha moliyalashtirishga muhtoj va moliyachilar bu jarayonda muhim hamkor bo‘la oladi. Homiylar tilga xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va lingvistik mahsulotlar ishlab chiqarish, takomillashtirish, targ‘ib qilish va tadqiq etishda zarur resurs, ko‘mak berish bilan muhim o‘rin tutadi.

Lingvistik sanoat bo‘yicha tadqiqotlar lingvistik xizmatlar bozori va sanoatini rivojlantirish hamda iqtisodiyot va marketing sohasida kuchli amaliy ahamiyatga molik. Masalan, lingvistik xizmat va mahsulotga bo‘lgan talabni tahlil qilish, bunda muayyan til xizmatlari(tarjima, tahrirlash, mahalliylashtirish) va mahsulot(ko‘p tilli veb-sayt, marketing materiallari, reklama)ga bo‘lgan bozor ehtiyojlarini o‘rga­nish zarur. Bunday tadqiqotlar potensial mijozlar segmentlarini, lingvistik xizmat va mahsulotlarni samarali sotish usullarini aniqlashga xizmat qiladi. Raqobat muhitini tadqiq qilish ham muammo yechimida e’tiborga molik masa­lalardan. Lingvistik xizmat va mahsulotlar bozorini tahlil qilish, asosiy raqobatchilarni, ularning xatti-harakatlari, strategiya va kuchli tomonlarini aniqlash ushbu sohadagi kompaniyalarning afzalliklari va noyob takliflarini aniqlashda, shuningdek, sohadagi asosiy tendensiya hamda o‘zga­rishlarni tushunishda juda zarur.


Lingvistik xizmat va mahsulotlar sifatini o‘rganish, xizmat ko‘rsatish va mahsulotni ishlab chiqish jarayonini tahlil qilish, ona tilida so‘zlashuvchilar sifatini baholash, lingvistik ishlarning mijoz talablari va xalqaro sifat standartlariga muvofiqligini tekshirish  bo‘yicha tadqiqotlar ish jarayonini, taqdim etilayotgan xizmat va mahsulotlar sifatini yaxshilashga ko‘maklashadi.


Marketing strategiyalari samaradorligini o‘rganish esa marketing kanallari va mijozlarni jalb etish usullarini tahlil qilish, turli reklama va reklama tadbirlarining samaradorligini baholash asosidir. Bunday tadqiqotlar mijozlarni jalb qilish va saqlab qolish uchun eng muvaffaqiyatli marketing strategiyalarini aniqlash hamda ularga e’tibor qaratishga olib keladi.


Lingvistik sanoatning rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish lingvistik xizmat va lingvistik mahsulotlar ishlab chiqa­rish sohasidagi o‘zgarishlarni o‘rganish, masalan, yangi texnologiyalarni joriy etish(mashina tarjimasi, jarayonlarni avtomatlashtirish), mijoz va bozor talablarini o‘zgartirish, yangi strategiyalarni ishlab chiqish va yondashuvlardir. Bunday tadqiqot sanoatdagi o‘zgarishlarga moslashish va kelajakda kompaniyani rivojlantirish strategiyasini ishlab chi­qishda muhim.


Bundan tashqari, moliya, texnologiya, ommaviy axborot vositalari va boshqalar kabi lingvistik xizmat va mahsulotlar talab qilinadigan muayyan bozor hamda tarmoqlarni tahlil qilish uchun tadqiqotlar ham o‘tkazilishi zarur bo‘ladi. Bu tadqiqotlar natijasida ushbu tarmoqlardagi talab va taklif xususiyatini aniqlash, maxsus lingvistik mahsulot va xizmatlarni yaratish imkoniyati kengayadi.


Lingvistik sanoatda lingvistik madaniyat ham lingvistik sanoatda e’tiborga molik masalalardan. Lingvistik madaniyat tildan foydalanish, uning jamiyatdagi vazifa va xususiyatlarini tushunish bilan bog‘liq bilim, ko‘nikma va malakalar yig‘indisidir. Unga grammatika, lug‘at, uslubdan to‘g‘ri foydalanish, tilga doir qonun, me’yor va odob-axloq qoidalariga rioya qilish, shuningdek, turli ijtimoiy va madaniy sharoitlarga moslasha olish kabilar kiradi. Til madaniyatining lingvistik xizmat sohasini rivojlantirish va lingvistik mahsulot ishlab chiqarishdagi roli bir necha jihatdan iborat: birinchidan, til madaniyati sohada yuqori sifatli xizmat va mahsulotlarni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Lingvistik xizmatlarni ko‘rsatadigan kompaniyalarda chuqur til ko‘nikmalari, madaniy tushunish va mijozlar talablariga muvofiq ma’lumotlarni yetkazish qobiliyatiga ega yuqori malakali tilshunoslar bo‘lishi lozim; ikkinchidan, til madaniyati kompaniyalarga turli bozor va til jamoalariga mos­lashish imkonini beradi. Bu bizga eng mos lingvistik mahsulot va xizmatlar yaratish hamda taklif qilish uchun turli mamlakat va madaniyatdagi mijozlarning o‘ziga xos talablarini aniqlashda qo‘l keladi; uchinchidan, til madaniyati mijoz va kompaniyalar o‘rtasida, shuningdek, kompaniya xodimlarining o‘zlari o‘rtasida muvaffaqiyatli muloqotni ta’minlaydi. Bu tushunmovchiliklar, lingvistik xato va nizolarning oldini olishga ko‘maklashadi, o‘zaro samarali ta’sir qilish va maqsadga erishishda juda muhim; to‘rtinchidan, til madaniyati lingvistik xizmat va ishlab chiqarish sohasida yangi yondashuv va texnologiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.  Mashina tarjimasi, jarayonlarni avtomatlashtirish va matn tahlili kabi innovatsion lingvistik mahsulotlarni yaratish, kompaniyalarning bozordagi samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishda u, ayniqsa, ahamiyatli. Xullas, til madaniyati til xizmati sohasini rivojlantirish va lingvistik mahsulot ishlab chiqarish, sifatni ta’minlash, bozorga moslashish, muvaffaqiyatli muloqot va innovatsiyalarda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.


Baxtiyor MENGLIYEV,

filologiya fanlari doktori,

Toshkent amaliy fanlar universiteti

tadqiqotchi-professori

Maqola muallifi

Baxtiyor MENGLIYEV

Baxtiyor MENGLIYEV

Professor

Teglar

  • #Sport

Ulashish