O‘zbekistonda sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilma va dronlar hamda ularga qarshi kurash bo‘yicha yangi bo‘linmalar tuziladi

Qaror va ijro O‘zbekistonda sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilma va dronlar hamda ularga qarshi kurash bo‘yicha yangi bo‘linmalar tuziladi
73

O‘zbekiston qo‘shinlarida dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

   

O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.


Majlisda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qo‘mondonlari hamda joylardagi studiyalardan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shuningdek, mahalliy xokimiyat organlari mas’ullari ishtirok etdi.


Yig‘ilishda 2025-yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilandi.


Milliy armiyani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizlikka mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlandi.



Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qo‘llanmoqda. Shundan kelib chiqib, qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.


Prezident, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni tomonidan Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini ta’minlash, jangovar tayyorgarlik ko‘rsatkichlarini yanada takomillashtirish, sun’iy intellektga asoslangan qo‘shinlarni avtomatlashtirilgan yagona boshqarish tizimini yaratish, harbiy ta’lim va harbiy kadrlarni tayyorlashda dual ta’limdan foydalanish lozimligi ta’kidlandi.


“Bosh serjantlar korpusi” faoliyatini takomillashtirish, mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy sport sohasiga yo‘naltirish kabi vazifalar belgilandi.


Yig‘ilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qo‘mondonlari va boshqa ma’sullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Qaror

Ulashish