Qiyomatga qolmagan qarz yoxud qirq yilda qaytgan kitoblar
Toshni ko‘tarib ko‘rdim, temirni ko‘tarib ko‘rdim, ammo qarzdek og‘ir yukni ko‘rmadim.
Luqmoni Hakim
Ish bilan bo‘lib, ba’zida atrofimdagi odamlardan uzilib qolayotgandek bo‘laveraman. Bir necha kun oldin axborot-kutubxona markazi direktori menga xorazmlik qandaydir oila haqida gap ochgandi. To‘g‘risi, ish ko‘pligidan, o‘z tashvishim bilan bo‘lib e’tibor bermabman. Yumushlarimdan biroz qutulib, o‘sha gaplarni xayolimga keltirdim. Kutubxona xodimi Manzura opa Samiyevadan bor gapni so‘rab olarman deb qo‘ng‘iroq qildim. Opa u kishining faqat ismini va Xorazmdan kelganini bilar ekan, xolos. Telefon raqamini olib, unga qo‘ng‘iroq qildim va bo‘lgan gap-so‘zlarni aytib, oilasi, ota-onasi hamda bu yerga boshlab kelgan qarzdorlik yuki haqida so‘radim. Rahmonquli aka o‘z hayotiy hikoyasini biroz qisqa, ammo juda ta’sirli so‘zladi:
– Otamning ism-familiyasi Rahimboy Xudoyshukurov, onamniki Hanifa Yarashova edi. Otam rahmatli uzoq yillar neft va gaz qidiruv ekspeditsiyasida ishlagan. Xizmat vazifasi taqozosi bilan butun oilamiz otamizga ergashib turli viloyatlarga ko‘chib yurganmiz. Ayniqsa, Olot tumanida ko‘proq yashadik. O‘sha paytlari bu hudud Olot qishlog‘i deb atalardi. Adashmasam, 1960-yillarda hozirgi istirohat bog‘i o‘rnida garaj bo‘lib, uning yaqinida turli davlat tashkilotlari xodimlari uchun vaqtinchalik beriladigan uylar joylashgan. Shunday uylardan birida yashardik. Uyimizga yaqin joyda, ya’ni hozirgi ixtisoslashtirilgan maktab-internat hududida o‘sha davrlarda tuman madaniyat bo‘limiga tegishli kutubxona bo‘lgan ekan. Ota-onam o‘sha kutubxonadan turli kitoblar olib o‘qishgan.
Oradan 57 yil o‘tib, onam namoz o‘qishni boshladi, hozir 84 yoshda. Bir kuni meni yoniga chaqirib, shunday dedi:
– Bolam, men endi qarib qoldim, oxiratimni o‘ylab siqilaman. Biz bir zamonlar Buxoroning Olot tumanida yashaganmiz. U joylar endi o‘zgarib ham ketgandir, ammo men o‘sha yerdagi uyimizga yaqin bir kutubxonadan kitob olib o‘qib turardim. Oxirgi olgan ikki-uch dona kitobimni topshirib ulgurmay, ko‘chib ketganmiz. Mana, otangning ham rahmatli bo‘lib ketganiga ancha bo‘ldi. Ammo, bolam, men u qarzni qanday uzaman? Bu qarzni Olloh dilimga solyapti, bolam. Bir iloj qilib shu kitoblarni qaytarmasam, ertaga Uning oldida qanday javob beraman?
Onam bezovtalanayotgan edi, o‘ylanib qoldim. Rosti, bir necha imom, hojilardan maslahat oldik, ular onamga “Ko‘proq namoz o‘qib, qarzingizdan forig‘ qilishini Ollohdan so‘rang”, dedilar. Yana biri “Kitob do‘konlariga pul to‘lab qo‘ying, ana shu puli to‘langan kitoblarni kimlardir o‘qisa, balki bo‘yningizdagi qarz yengillashar” deb maslahat berdi.
Kecha-yu kunduz onamni bu yukdan forig‘ qilish uchun chora izladim va bir kuni telegramdan “Olot tumani” deb qidiruv bersam, “Olot yangiliklari” kanali chiqdi. Tavakkal deb shu kanaldagi bir notanish profil egasiga yozdim. Bo‘lgan voqealarni unga aytib berganimda, otasi tuman hokimligida ishlashini aytib, telefon raqamini berdi. Shu odamlarning yordami bilan Olot tumaniga keldim va tuman madaniyat bo‘limi rahbariga uchrashdim. U meni tuman axborot-kutubxona markazi rahbari Nilufar Azimova bilan tanishtirdi. Nilufar Azimova bilan uzoq suhbatlashdim, ota-onamning Olot tumanida yashagan davrlari, onamning qarzlari haqida ham aytdim. Aynan o‘sha kitoblarning nomi onamning esida yo‘q, bolalar yirtganmi yoki ko‘chib ketganimizda yo‘qolganmi, bilmaydi. Ammo men kutubxona xodimlariga shu kitoblarning o‘rniga boshqa yangi kitob olib berishimni, zora shu kitoblar egalariga yetib borsa, onam xotirjam bo‘lishini aytdim.
Nilufar Azimova bilan kitob sotadigan do‘konga bordik. Onam uchun ikki dona kitob olib berdim. Biroq “balki otam ham kitob olib o‘qigandir o‘sha paytlar, u ham kitoblarni qaytarishga ulgurmagandir” deb, otam uchun ham yana bir nechta kitob olib berdim. Endi sog‘-salomat uyimga qaytsam, onamga qarzlari
uzilganini aytsam bo‘ldi.
Men Olotni, uning odamlarini yaxshi ko‘raman. Keyinchalik otam ishini Turkmanistonda davom ettirdi, biz poyezdda Olotning usti bilan Turkmanistonga har o‘tganimizda, yuragim orziqib, o‘sha qadrdon damlarimiz, o‘sha yerda o‘tgan kunlarimizni bir esga olardim, – deya Rahmonquli aka so‘zini yakunladi. Bu insonning hikoyasini eshitib, ich-ichimdan “Dunyoda shunday odamlar ham bor ekan-da...” deya o‘yladim. Birinchi navbatda insoniylikning eng oliy ko‘rinishi edi bu, ikkinchidan esa, Rahmonquli akamizning haqiqiy farzandlik burchini ado etishi edi.
Ha, bu zamonda kitob o‘qiydigan odamlar kamayib ketayotgani kishining ko‘nglini og‘ritadi. Ammo mana shunday kitobni e’zozlaydigan, ikki dona kitobni qarz bilib, yurt oshib qarzini qaytarguvchi jannati insonlarning hali ham borligi qalbimni ravshan qildi.
Muborak hadisi sharifda: “Kimki qarzini uzishga qiynalgan odamga muhlat bersa yoki butunlay kechib yuborsa, oxiratda arsh soyasidan joy beriladi” deyilgan. Olloh barchamizni qarzlarimizni o‘z vaqtida ado etishga muvaffaq qilsin! Yurtimizda kitobsevarlar ko‘paysin, zero qarz yukini his etish uchun ham odam ma’rifatli bo‘lmog‘i lozim.
Dilobar JO‘RAYEVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Olot tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi
Shu kecha va kunduzda
KARIM BAHRIYEV: MATBUOTNING ULUG‘ XIZMATI ROSTINI YOZISHIDIR ASSALOMU ALAYKUM, MAHORAT BILAN BIRGA JASORATNI O‘RGANAYOTGAN JURNALIST DO‘STIM!
“Xalqaro bolalar kitobi kuni”
O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasi ishlab chiqildi
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank