SAVODXONLIK VA TA’LIM

Shapaloq SAVODXONLIK VA TA’LIM
256

Statistik ma’lumot­larga ko‘ra, dunyoda 50 milliondan ziyod  inson o‘zini o‘zbek deb hisoblaydi va shu tilda muloqot qiladi. Bu hazilakam raqam emas! O‘zbekistonda 2024-yil holatiga ko‘ra, 37 milliondan ortiq aholi yashayotgan bo‘lsa, uning 31 milliondan ziyodi o‘zbek, qolgani boshqa millat vakillari. Demak, O‘zbekistondan tashqarida 20 milliondan ziyod o‘zbeklar yashaydi. O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi, ijtimoiy o‘rni, unga bo‘lgan munosabat hozirgi kunda qay ahvolda, degan haqli savol tug‘iladi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqda o‘zbek tilidagi “cho‘t” so‘zi ruscha “schyot”dan kelib chiqqan, degan xabar paydo bo‘ldi. Tojikiston Respublikasida yashayotgan bir millatdoshimiz fikr xatoligini, ushbu so‘z ruslardan ilgari ham turkiy xalqlarda borligi, Tojikiston o‘zbeklari ham bu so‘zni azaldan ishlatib kelishganligini isbotlab berdi. Agar O‘zbekistondagi mahalliy o‘zbeklar o‘z ona tilini yaxshi bilmay, to‘g‘ri yoza olmasa, to‘g‘ri muloqot qila olmasa, eski, unutilayozgan o‘zbekcha so‘zlarning ma’nosini bilmasa, qanday qilib xorijiy davlatlarda yashayotgan o‘zbeklarga namuna, o‘rnak bo‘la olamiz? Qanday qilib “men o‘zbekman, O‘zbekistonda yashayman” deb ayta olamiz? 



Davlatimiz rahbari: “O‘zgarishlarni har kim o‘zidan boshlamog‘i kerak” degan shiorni ko‘p ta’kidlamoqda. Davlat tiliga amal qilish  oddiy ishchi-dehqondan tortib turli darajadagi  rahbarlarning mas’uliyatli vazifasiga aylanishi shart! Ayniqsa, bu o‘rinda korxona, tashkilot,  davlat muassasalari rahbarlarining mas’uliyati katta. Chunki oddiy xalq, ishchi-xodimlar rahbarlardan o‘rnak oladi. Bu o‘rinda gap o‘zbek tilida xatosiz, to‘g‘ri gapirish, imlo xatolarisiz yoza olish, kundalik muomalada xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zlarni aralashtirmasdan to‘g‘ri gapira olish kabi eng oddiy axloq qoidalariga rioya qilish to‘g‘risida ketmoqda. Bu borada xalq ta’limi tizimining o‘rni yetakchi, chunki ta’limning asosi maktabdan boshlanadi. Aholining eng katta ziyoli qismi ham – o‘qituvchilardir. Ayniqsa, xalq ta’limi tizimi xodimlarining o‘zbek tili mavqeyini saqlash va yuksaltirishda o‘rni katta. Demak, kundalik ish faoliyatimizda, ko‘cha-ko‘yda, xalq orasida yurganimizda  biz, o‘qituvchilar doim diqqat markazida bo‘lamiz. Ayniqsa, 2019-yildan boshlab sobiq Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimlarini tubdan isloh qilishga kirishildi. Ta’lim sifatini keskin ko‘tarish birinchi galdagi vazifa qilib qo‘yildi. Bu vazifani bajarish, avvalo, o‘qituvchining bilim saviyasi, malakasini oshirishni, shunga mutanosib ravishda mehnatini rag‘batlantirishni taqozo etadi. Hozirgi kunda o‘qituvchining o‘zbek tili bo‘yicha bilim va saviyasi qay darajada? Ta’lim tizimida mehnat qilayotgan o‘qituvchi-xodimlarning ona tili bo‘yicha savodxonlik darajasi, davlat tili qoidalariga amal qilishi, o‘zbek tilini  rivojlantirish uchun qilayotgan ishlarining ahvoli qanday? Afsuski, bu savollarning javoblari ijobiy emas! Agar xalq ta’limi xodimlarini jamiyatimizning ziyoli, ma’naviy yetakchi qatlami deb qarasak, o‘z ona tilini qay darajada o‘zlashtirganliklari, imlo xatolarisiz yozishlari, muomala madaniyatiga rioya etishlari, davlat tili qoidalariga mukammal amal qilishlarida nuqsonlar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu vazifalarni umumiy o‘rta ta’limdagi menejment bo‘g‘inlari misolida ko‘rib chiqsak: 

  •   Tizimning quyi bo‘g‘ini bo‘lgan tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining metodistlariga juda katta mas’uliyat tushadi. Tuman (shahar) MMTB rahbariyati va metodistlari butun res­publikamizdagi  ta’lim muassasalarining pedagog-xodim­lari  uchun ko‘zgudir. Chunki ular o‘qituvchi va murabbiylarni nazorat qiladi, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsa­tib, maslahat beradi, bunday insonlar, avvalo, o‘zi aqlli va o‘rnak bo‘la olishi lozim.


  •   Mas’uliyat maktab rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari zimmasida! Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufida 10 mingdan ziyod maktab(yangi qurilgan, qayta tashkil etilgan, qayta tiklanganlar hisobiga bu ko‘rsatkich ortmoqda), 200 ga yaqin nodavlat va davlat-xususiy sherikchilikdagi maktablar mavjud.

Respublika miqyosida maktablarda taxminan 50 000 nafar boshqaruv-yordamchi xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda.  O‘quvchi va sinflar soni ko‘p bo‘lgan maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha, o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosar, psixologlar 1,5 dan 2 gacha shtat lavozimida ishlaydi, demak amalda ular soni yanada ko‘p chiqadi. Bu katta kuch! Davlat tiliga amal qilinishi borasida maktablardagi rahbar va o‘rinbosar-yordamchi xodimlardan har birining mas’uliyatiga qisqacha izoh berib o‘tsak.

Maktabda barcha o‘rinbosarlar lavozim bo‘yicha direktorga bo‘ysunuvchi va undan keyingi shaxs­lar. Demak, direktor yetakchi hisoblanadi. Shunday ekan, u o‘z o‘rinbosarlaridan ham ma’naviy-axloqiy, ham savodxonlik darajasi bo‘yicha bir pog‘ona ustun bo‘lishi shart! Xo‘sh, bu talabga respublikamizdagi maktab direktorlari to‘liq javob bera oladimi, savoliga  “ha” deya javob bera olamizmi? Direktor “гороно”, “собрание”, “актовий зал”, “сообщение”, “завгороно”, “замхоким”, “задание”, “линейка”, “управление”, “министерство”, “парадний форма”, “актив”, “секретар”, “техничка”, “дежурний”, “смена”, “нулевой”, “группа”, “почерк” kabi ruscha va xorijdan kirib kelgan turli atamalarni kundalik muloqotda, yig‘ilishlarda qayta-qayta ishlatib tursa, o‘rinbosarlar ham xuddi shunday gapirishga harakat qilmaydimi? Albatta, rahbardan tepaga sakrash yaxshi emas, to‘g‘rimi? Aksar rahbarlar ruscha so‘zni qancha ko‘p ishlatsam, shuncha aqlli ko‘rinaman, deb o‘ylaydi shekilli...

Maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlarning  o‘z lavozimiga qay darajada loyiq ekanligi yillar davomida tahlil qilinmagan. Agar vakolatli betaraf tashkilot tomonidan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mansab lavozimiga loyiqligi  tahlil qilinsa, bu ko‘rsatkich ancha past chiqishi aniq… 

O‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari maktabdagi ta’lim jarayoniga javobgar bo‘lgan asosiy shaxs hisoblanadi. Agar o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ham direktorga taqlid qilib “собрание”, “звонок”, “расписание”, “класс”, “календарний план”, “подпис”, “кружок”, “отчет”, “каникул”, “маска”, “перчатка”, “мел” kabi so‘zlarni kunora ishlataversa, bu so‘zlar o‘qituvchilar tugul o‘quvchilarning ham qulog‘iga quyilib qoladi. Agar direktorlar sohasida  o‘rnak bo‘lolmas ekan, o‘rinbosarlarining bu sohada o‘sishi muammo bo‘laveradi!


Oxirgi 4 yil ichida kiritilgan yana bir direktor o‘rinbosari – harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari hisob­lanadi, lekin ularning mavqeyi 2021-yili aprel oyigacha mavhum bo‘lib keldi, chunki ular yo o‘qituvchidek oylik olishmadi, yoki boshqa direktor o‘rinbosarlariga tenglashtirilmadi. Amalda ular “Vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari” lavozimida bo‘lsa-da, ammo o‘rta ma’lumotli yoshlar yetakchisidan ham kam maosh bilan 3 yilgacha ishlab kelishdi. Lekin harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ularning o‘rni alohida, chunki bu lavozimga tajribali mudofaa, ichki ishlar sohasida ishlagan, oliy ma’lumot­li zaxiradagi harbiy ofitser erkaklar ishga kelishgan. Vaqti kelib maoshi oshishiga umid qilib sabr-qanoat bilan ishlashdi, bu vaqtda ularning sabri sinovdan o‘tkazildi. Va nihoyat hozirgi kunda ularning ham oylik maoshi boshqa pedagog xodimlarniki kabi oshirildi, malaka toifasi beriladigan bo‘ldi. Eng muhimi, bu lavozim hisobiga maktablarda erkak peda­goglar soni ko‘paydi. Faqat ayollardan ta’lim-tarbiya olayotgan o‘g‘il bolalarning fe’l-atvori qanday bo‘lishi borasida xulosa chiqara­vering! Harbiy pedagoglar o‘quvchi-yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ammo ba’zi maktablarda maktab direktorlari va o‘rinbosarlari ularni harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari timsolida o‘zlariga raqobatchi sifatida ko‘rgani tajribamizdan ma’lum, chunki direktor lavozimiga tayinlashda ularga ustunlik beriladi. 


Harbiy sohada asosan ruscha va xorijiy atamalar ko‘p qo‘llaniladi. Darslik va qo‘llanmalar, harbiy texnika va qurol-yarog‘larning o‘zbekcha tarjimasini topib, o‘zbek tilida tushunarli qilib o‘quvchilarga yetkazish harbiy ta’lim rahbarlari­ning dolzarb vazifasidir. Afsuski, shu kungacha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida, Respublika ta’lim markazida  bu fan bo‘yicha davlat tilini yaxshi o‘zlashtirgan layoqatli  mutaxassislar yo‘qligi  bor gap.

Hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida psixologlar ham faoliyat ko‘rsatishmoqda. Respublikamizdagi 10 mingdan ziyod maktabda psixolog shtati joriy etilishi bilan 1 yilga ham yetmasdan barcha maktablar psixologlar bilan ta’minlandi. Birpasda shuncha psixolog qayerdan paydo bo‘ldi? Bu real ko‘rsatkichmi yoki rejani bajarish uchun haybarakallachilik bilan amalga oshirilgan ommaviy tadbirmi, degan haqqoniy savol tug‘iladi. Gap shundaki, hozir maktablarda faoliyat yuritayotgan psixologlarning asosiy qismi nomutaxassis, hattoki qayta tayyorlashdan ham o‘tmagan. Ular tayyor psixologik testlarni o‘tkazishdan boshqasiga yaramasligi bor gap! Bu kiritilgan shtatlar ta’lim tizimiga qanchalik samara keltirdi, yoki davlatning milliardlab mablag‘i havoga sovurildimi – buning monitoringi ham, tahlili ham o‘tkazilgani yo‘q. Lekin samarasi past bo‘lganligi aniq. Hozirgi kunda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda maktablarga profilaktika inspektorlari kabi inspektor-psixolog lavozimi tashkil etilgan. Maktablar Milliy gvardiya tomonidan nazoratga olinganligi davomat barqarorligiga ta’sir o‘tkazdi. Bu ishlar navbatdagi samarasiz ommaviy tadbir bo‘lib qolmasligiga umid qilamiz. Psixologlar asosan psixo­logik testlar o‘tkazish bilan mashg‘ul, ammo barcha testlar rus va xorijiy tillardan andoza qilib olinganligi sababli xorijiy atamalar bisyor! Bu sohada ham davlat tilini to‘liq qo‘llashda kamchiliklar yetarli. 


Maktab direktorlarining sobiq kotibalari – hozirgi menejer ham davlat tilining to‘g‘ri qo‘llanilishi bo‘yicha mas’ul. Aksariyat maktablarda ular bor-yo‘g‘i kompyuterda yoza oladi, lekin o‘zbek tilida to‘g‘ri va xatosiz yozish, ish hujjatlarini rasmiylashtirish qo‘lidan kelmaydigan kotibalar ham bor.


Ko‘rsatib o‘tilganlardan keyingi javobgarligi yuqori bo‘lgan toifa – o‘zbek tili va adabiyoti fani, boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari. O‘zbek tili va adabiyoti, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ichida imlo xatolari bilan yozadiganlari bo‘lsa – bu butun ta’lim tizimi uchun salbiy holat, baxtga qarshi bunday  o‘qituv­chilar oramizda yo‘q deb umid qilardim. Afsuski, bu umidim ham puchga chiqdi! Sababi, 2021-yil iyul oyida viloyatimizning yirik shaharlaridan birida(qaysi viloyat va shahar ekanligini ayrim sabablarga ko‘ra yoritma­dim, lekin ma’lumot aniq) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari va xodimlar bilan ishlash menejerlari(sobiq direktor kotibalari)ning davlat tilida ish yuritish bo‘yicha savodxonlik darajalari sinovdan o‘tkazildi. Ahvol achinarli! Xodimlar bilan ishlash bo‘yicha menejerlar(sobiq kotibalar) turli yo‘llar bilan, hech qanday malaka talablarisiz ishga qabul qilinganligi ma’lum. Ammo o‘zbek tili va ada­biyoti o‘qituvchilarining o‘z ona tilida to‘g‘ri yozib, jumlani to‘g‘ri tuza olmasligi, davlat tilida ish yuri­tish qoidalarini bilmasligini qanday oqlash mumkin? Bu holatni oqlash mumkinmi o‘zi? Aslida bu o‘z tili­ga, millatiga, qolaversa, davlatiga xiyonatdan boshqa narsa emas! Ular muomalada umuman o‘zbek tilida tarjimasi yoki muqobili bo‘lgan xorijiy va rus tilidagi so‘zlarni aralash­tirib ishlatishdan yiroq bo‘lishi, imlo xatolarisiz yozib, barchaga namuna bo‘lishlari shart! Agar mutaxassisligi bo‘yicha shu eng oddiy talabni ham eplay olmasa, ularning o‘zbek tili va adabiyo­ti mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotni qanday yo‘l bilan olganliklari shubha ostida qolishi tabiiy. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuv­chilar uyushmasi, O‘zbekis­ton Jurnalistlar uyushmasining 2022-yil 20-apreldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorining qabul qilinganligi muhim o‘z­garish bo‘ldi. Targ‘ibotchi lavozimining joriy etilganligi maktablar­dagi ijodkor iste’dod egalarining “yarq” etib ko‘zga tashlanishiga turtki bo‘ldi. Chunki qaror asosida maktab­larga iste’dodli ijodkorlar biriktirilganligi umumiy o‘rta ta’lim tizimida qisqa fursatda ijodiy-ma’naviy, ma’rifiy muhitning shakllanishiga olib keldi. Bu lavozimning tugatilishi achinarli! 


Va nihoyat, maktabda o‘zbek tili sofligiga mas’ul bo‘lgan toifa – boshqa barcha fanlar o‘qituvchilari­dir. Fan o‘qituvchilarining xato yozishi, o‘zbek tilida muqobili bo‘lgan xorijiy so‘z va atamalarni ishlatishi kechirib bo‘lmaydigan holat. Chunki ulardan ta’lim olayotgan o‘quvchilar ham shunga o‘rganadi. Ko‘ribsizki, bu kasallik avloddan avlodga o‘taveradi! O‘zimiz pedagog bo‘laturib, o‘zbek tili, o‘z ona tilimizda to‘g‘ri gapira olmasak, muomalada to‘g‘ri talaffuz qilmasak, xatosiz yoza olmasak, biz ta’lim berayotgan o‘quvchilardan qanday natija kutishimiz mumkin? Arpa urug‘ini sepib, bug‘doydan umid qilamizmi? Har bir o‘qituvchi, rahbar va o‘rinbosarlari,  uslubchilar – har birimizda   nafaqat ish vaqti,  balki kundalik hayotda, yurish-turi­shimizda ham yuqoridagi savollar  doimiy dilimizda turishi shart! Chunki biz o‘qituvchi, ta’lim vakillari­miz, ziyolilarmiz, ma’rifat tarqatuvchilarmiz. Va hamisha elning e’tiboridamiz, demak, o‘zimizga nihoyatda e’tiborli bo‘lishimiz shart! E’tiborga loyiq bo‘lish uchun tinimsiz mehnat qilishimiz shart! Tilga e’tibor – elga e’tibor, deb bejiz aytilmagan. Shunday ekan, til madaniyati tarbiyasini har bir maktab o‘qituvchisi o‘zidan boshlamas ekan, o‘quvchini boshlay olmaydi. Eng birinchi ma’rifatparvar sifatida ta’lim va tarbiya jarayonida Ona tilimizga, millatimizga, davlatimizga xiyonat qilmaylik!

Qurdosh ODINAYEV

Maqola muallifi

Qurdosh ODINAYEV

Qurdosh ODINAYEV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili

Ulashish