SO‘Z ICHIDA SO‘Z yoxud “O‘zbekiston”dagi 250 “bahodir”

So‘z tarixi – o‘z tariximiz SO‘Z ICHIDA SO‘Z yoxud “O‘zbekiston”dagi 250 “bahodir”
557

Narsa va hodisalar uzluksiz rivojlanadi. Shuningdek, biz gaplashadigan o‘zbek tili ham evrilishlarga uchraydi,toabad boyib borishda davom etadi. Oddiy bir misol, o‘zbek tilini uch davrga ajratib:

I davr – Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlar davri;

 II davr – Abdulla Qodiriy, Fitrat va Cho‘lponlar davri;

 III davr – hozirgi o‘zbek adabiy tili davri – bir-biri bilan qiyoslasak, lug‘atlar tarkibida anchayin o‘zgarishlarni ko‘rishimiz turgan gap.


Tilning lug‘atlar(leksikasi)da bo‘ladigan bunday o‘zgarishlari, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hamda adabiy-badiiy sohalarga yangi so‘zlarning kirib kelishi yoki aksincha, ayrim so‘zlarning iste’moldan chiqib ketishi evaziga ro‘y beradi. Ya’ni jamiyat taraqqiyoti tilning ham o‘zgarishiga sabab bo‘lmasdan qolmaydi. Shuning uchun ham bugun o‘zbek tilidagi 50–60 foiz so‘zlargina turkiy qatlamga mansub, qolgani chetdan o‘zlashgan. 

Erkin Vohidov o‘zining “So‘z latofati” kitobida shunday yozadi: “O‘z tiling o‘z vataningdek aziz, o‘z onangdek tabarruk. Ona tili umummillat mulkidir. Demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak. Unutilgan so‘zlarni tiklash, borini boyi­tib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolg‘iz tilshunoslarning emas, millatning ishi”. Ustoz aytmoqchi, toki tilimizga barchamiz javobgar ekanmiz, yoshlarning o‘z ona tiliga muhabbat qo‘yishiga, til borasidagi savodxonligini oshirishga ham mas’ulmiz. Bundan chiqdi, davlat tilining jamiyatdagi maqomini oshiradigan tashab­buslarni “Bu kichik, arzimas” demay qo‘ldan kelgani qadar amalga oshirganimiz yaxshi. 


Shunday urinishlarning biri sifatida ona tili fani o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilar orasida o‘tkaziladigan “So‘z ichida so‘z” o‘yinini taklif qilmoqchiman. To‘g‘ri, bu oddiy bir o‘yin, lekin taraqqiy etib borayotgan tilimizning naqadar boy, serqirra ekani hamda qanday tarixiy o‘zgarishlarga uchraganini qiziqarli misol bilan yaqqol aks ettira oladi. O‘yinning olib borilish tarzini ko‘rsatib berish uchun “O‘zbekiston” so‘zini tanlab oldim. Va bu so‘zning ichidan (harflar tarkibida) 250 ga yaqin so‘z topdim – ular bamisoli bahodirlardek “mana men!” deb turibdi. E’tibor­lisi, ushbu 250 ga yaqin so‘zning qo‘shimchalarsiz, faqat asos(o‘zak) qismi olingan bo‘lib, agar so‘zlarni shakl yasovchi, so‘z o‘zgartiruvchi yoki egalik qo‘shimchalari bilan hisoblaganimda, balki minglab so‘zlar kelib chiqishi mumkin edi...

Marhamat, “O‘zbekiston” so‘zining ichidan topilgan 232 ta so‘z (va izohi) bilan tanishing:

1. O‘z – o‘zlik olmoshi.

2. O‘zbek – xalqning nomi (O‘zbek xalqi), millatga tegishli (O‘zbek tili).

3. O‘n – 10 raqami.

4. O‘tin – yoqish uchun ishlatiladigan yog‘och, taxta, poya, shox.

5. O‘ksiz – ota-onasiz, yetim. Baxtsiz, g‘amgin.

6. O‘t – olov, otash, cho‘g‘.


Unga shakldosh (omonim) so‘zlar 

7. O‘t – ishq o‘ti (ko‘chma ma’no).

8. O‘t – otish qurollaridan to‘xtovsiz uzilgan o‘qlar.

9. O‘t – elektr zaryadi. Mashinani o‘t oldirmoq.

10. O‘t – O‘simlik.

11. O‘t – o‘t pufagi.

12. O‘t – fe’l. buyruq harakat.

13. O‘ – undov. Birovga murojaat qilish.

14. O‘ – xursandlik, minnatdorlik yoki hayratlanish.

15. Zot – shaxs, mohiyat. Hurmatli kishi, odam. Biror tabaqa ahli.

16. Zeb – ziynat, husn.

17. Zebo – chiroyli, go‘zal.

18. Zino – bevafolik, fahsh. Gunoh, ayb. 

19. Zoni – zino qiluvchi, gunohkor.

20. Zobit – ofitser, mirshab.

21. Zenit – yo‘l, maqsad. Harbiy termin.

22. Zok – kuporoslarning umumiy nomi.

23. Beton – zich material.

24. Bet – odam boshining old qismi, aft, yuz. Tomon, sohil – suvning narigi beti.

25. Bit – parazit hashorat.

26. Bok – xavf, qo‘rqinch.

27. Bos – oyoq bilan bos.

28. Bot – ko‘p vaqt o‘tmay, tez.

29. Bois – shu sababdan.

30. Biz – kishilik olmoshi.

31. Botin – ichki, yashirin. Qalb, ko‘ngil.

32. Bino – qurilish, inshoot.

33. Beko‘z – ko‘zsiz, ko‘zi yo‘q.

34. Bosit – ism.

35. Bint – bog‘ich, bog‘.

36. Biznes – ish, tijorat.

37. Bentos – dengiz tubidagi o‘simlik va hayvonlar.

38. Binom – ikki algebraik ifodaning yig‘indisi, ikki had.

39. Bisot – mol-dunyo, boylik.

40. Bitko‘z – qisiq, cho‘ziq ko‘z.

41. Boksit – Fransiyadagi Bo degan joy. Tog‘ jinsi. Alyuminiyga boy ruda.


Shakldosh (omonim) so‘zlar

42. Bozi – o‘yin, ermak, hazil.

43. Bozi – bilak, qo‘l.

44. Bozi – yog‘och qismi.

45. Bez – moddalar ishlab chiqaradigan hujayrali a’zo.

46. Bez – ip, gazlama.

47. Bez – a’zoning shishgan holati.

48. Bez – gap ta’sir qilmaydigan odam.

49. Bek – turkiy xalqlarning faxriy unvoni.

50. Bek – sif. berk, yopiq.

51. Boks – musht urish.

52. Boks – quti, xona.

53. Boks – erkaklarning soch qo‘yish usullaridan biri.

54. Boz – qirg‘iy, lochin.

55. Boz – yana, tag‘in. 

56. Eks – lot. ex – kelib chiqish, manbani ifodalovchi qo‘shimcha. 

57. Etnos – yun.ethnos – qabila, xalq, umumiylik.

58. Etsiz – go‘shtsiz.

59. Ekin – hosil olish uchun ekilgan o‘simlik. 

60. Ensiz – eni uncha katta bo‘lmagan, tor.

61. Esiz – und. achinish, afsuslanish, attang (Esiz, shuncha mehnat).

62. Eski – yangiligi ketgan, yaroqsiz; eskicha.

63. Eston – Estoniya respublikasining aholisi. 

64. Eskiz – fr. esquisse – xomaki, qoralama nusxasi, chizmasi.  


Shakldosh (omonim) so‘zlar

65. E – und. ajablanish, taajjub (bunda cho‘ziq, takror holda qo‘llanishi mumkin).

66. E – endi eslaganlik ma’nosida.

67. E – chaqirish, murojaatni bildiradi. 

68. E – yukl. ba’zi so‘zlar bilan birikib, alohida ta’kid bildiradi. – Uyaling-e, oyi!

69. Eson – erkaklar ismi.

70. Eson – sog‘-omon.

71. En – narsalarning ko‘ndalang yo‘nalishdagi kattaligi, kengligi.

72. En – bir kiyimlik gazlama. 

73. En – belgi, tamg‘a (adashtirmaslik uchun qoramol yoki qo‘y qulog‘idagi kesik).

74. Es – shamolning mayin harakati.

75. Es – odamning bilish, fikr yuritish qobiliyati; aql, ong, miya.

76. Et – fe’l. qilmoqni ifodalovchi buyruq shakli.

77. Et – 1. ayn. go‘sht (mol go‘shti)yu 2. Odamning badani, mushaklar (Eti uvishmoq).

78. Ezik – kam qo‘l. Ezilgan, uvalangan, yanchilgan.  

79. Ezik – ko‘chma. Jabrlangan, abgor bo‘lgan; ezgin (Ezik qalb).

80. Etik – etikaga oid (Etik ta’limot). 

81. Etik – poyabzal.

82. Kes – kesmoq.

83. Kon – ma’dan qazib olinadigan yer.

84. Koni – turgan-bitgani, juda, g‘oyat (Koni foyda).

85. Ko‘z – tirik mavjudotning ko‘rish a’zosi.

86. Kit – dengiz maxluqi.

87. Kosib – hunarmand. 

88. Kino – harakatga keltiraman. Kinematografiya. 

89. Kitob – yozilgan, muqovalangan asar.

90. Kent – uy, xonadon. Shaharcha. 

91. Kin – kek, o‘ch, dushmanlik, gina.

92. Kotib – xat yozuvchi.


Shakldosh (omonim) so‘zlar

93. Ket – oldga qarama-qarshi tomon, orqa.

94. Ket – odam tanasining beldan pastki orqa qismi.

95. Ket – (3-sh. egalik shaklida) cho‘ziq, oxiri (Keti ko‘rinmaydigan mevali daraxtlar).

96. Kez – vaqtning ma’lum qismi (bahor kezlari).

97. Kez – sayr qilmoq, aylanib yurmoq.

98. Ko‘st – ozayish, kamayish (Kam-ko‘stingga ishlat).

99. Ko‘st – biror narsaning ortiqcha qismi (Ko‘stini qirqib tashla).

100. Iso – Iso alayhissalom.

101. Izen – o‘simlik.

102. Izo – azob, ranj, alam.

103. Ibo – qarshilik, uyalish.

104. In – uya, in.

105. It – uy hayvoni. Haqoratlanuvchi nisbat. Muchalning o‘n birinchi yil nomi.

106. Iz – oyoq izi.

107. Izn – ruxsat, ijozat.

108. Isbot – dalil, fakt.

109. Iks – “X” harfi. Noma’lum miqdor.

110. Ibn – o‘g‘il. Zoda (Ibn Sino).

111. Ion – atom zarracha.


Shakldosh (omonim) so‘zlar

112. Is – hid.

113. Is – ishora. 

114. Is – dud.

115. Is – devordagi ipsimon, ipir-ipir narsalar.

116. So‘z – tlsh. eng muhim til birligi; maqol, matal, ibora; nutq.

117. So‘zsiz – modal so‘z (agar sifat bo‘lsa ajratiladi: so‘z+siz).

118. Siz – ksh. olm. 2-sh. ko‘pl.

119. Sizot – yer ostidan sizib chiqadigan zax suv. 

120. Sokin – tinch, yuvosh, sukunat cho‘mgan, past, asta-sekin; osoyishta.

121. Sokit – jim, kamgap.

122. Stoik – stoisizm izdoshi, tarafdori. 

123. Set – tennis o‘yinida odatdagi uch partiyaning har biri. 

124. Sob – tamom bo‘lmoq, tugamoq, umidi uzilmoq.

125. Sonet – 14 misradan iborat she’riy janr. 

126. Sezon – ekish mavsumi. 

127. Senz – shaxsning biror huquqdan foydalanishini cheklovchi shart, to‘sqinlik.


Shakldosh (omonim) so‘zlar

128. Si – nota belgisi, yettinchi tovush.

129. Si – xalqaro birliklar tizimi – fizik atamaning qisqacha nomi. 

130. Sintez – birikish, qo‘shish. 

131. Sintez – kim. murakkab birikmalarni hosil qilish. 

132. Sintez – ko‘chma. biror faoliyatning yaxlitligi. 

133. Son – mat. narsalarning qanchaligi, adadi (kasr sonlar).

134. Son – odam va hayvon tanasining bir qismi.

135. Sekin – (ravish) ohista harakat, shoshilmasdan.

136. Sekin – past tovush, eshitilar-

eshitilmas.

137. Sen – kishilik olmoshi.

138. Sen – jonsiz narsalarga murojaat tarzida yoki ularning o‘rnida (Ajal, sen keldingmi?) 

139. Sen – (ko‘pl. shaklida) mensimaslik, bepisandlik (Senlarga jazo beray).

140. Sobit – mustahkam, barqaror, og‘ishmay. 

141. Sobit – erkaklar ismi.

142. Soz – rozilik, qulay.

143. Soz – o‘zaro yaxshi munosabat, muomala, ittifoqlik. 

144. Soz – tor, musiqa asbobi.

145. Soz – shv. qamish, qamishzor. 

146. Soz – buzuq emas. 

147. So‘k – so‘kmoқ.

148. So‘k – tozalangan tariq.

149. So‘k – chokni tarqatish.

150. Tekis – silliq, bir xil. Kelishgan, chiroyli.

151. Tek – jim (tek tur).

152. Tiz – suyuqlik otilib chiqayotgan tovushga taqlid. Tiz cho‘kmoq.

153. To‘kis – kamchiligi yo‘q, bekam-u ko‘st.

154. To‘z – chang, g‘ubor.

155. To‘zon – havoga ko‘tarilgan chang. 

156. Tez – o‘tkir, keskir. Zudlik bilan. Jadal.

157. Toki(to) – qaysi paytgacha (Toki bormen).

158. To‘kin – mo‘l-ko‘l, ma’mur.

159. To‘n – chopon. Ko‘chma: po‘st, qobiq (Qovunning to‘ni). 

160. Tekin – pulsiz, bepul.

161. Tobe – qaram, bo‘ysunuvchi. 

162. Ton – yun. tonos – taranglik, kuchlanish. Musiqa tovushi. Rangning sifati; farqli belgisi.

163. Tib – tabobat, davolash.

164. Tozi – chopag‘on ov iti; chopqir ot, tulpor. 

165. To‘sin – imoratning tomi, baquvvat yog‘och (Yog‘och to‘sin). 

166. Tezis – qoida, isbot, maqola, ma’ruza.

167. Tezob – erituvchi suyuqlik.


Shakldosh (omonim) so‘zlar 

168. Tik – tikka tushgan.

169. Tik – fe’l. buyruq chok hosil qilmoq.

170. Tik – vertikal qism.

171. Tik – bo‘yi baland.

172. Tik – to‘g‘ri.

173. Tik – perpendikulyar chiziq.

174. Tik – ro‘yi-rost (Betiga tik aytmoq).

175. Tik – uchish, pirpirash.

176. Tik – gazmol, mato.

177. Tob – kuch-quvvat, dard (Tobim yaxshi).

178. Tob – me’yoriga yetish, yetilganlik holati (Yerning tobi). 

179. Tob – xohish-istak (Ishga tobing bormi?)

180. Tob – chidam, toqat (Tob bermoq).

181. Tob – taft, dam (Quyosh taftiga tob bermoq).

182. Tob – xuddi, naq (Sen otangning tob o‘zisan).

183. Tob – aynib, qing‘ir-qiyshiq (Eshik tob tashladi). 

184. Tob – ko‘chma: loqayd, sust bo‘lib qolmoq (O‘zlaring tob tashlab qolgansizlar).

185. Tob – tobiga keltirish, shu tobda (Shu tobda qizning bag‘ri qon bo‘ldi.). 

186. Tos – ichi chuqur lagan, tog‘ora, jom;.

187. Tos – son suyagini tutib turadigan suyak.

188. Tos – birga o‘tirgan kishilar guruhi.

189. Tos – parcha, kimxob (Tos to‘n).

190. Tos – toz. 

191. Tok – uzum novdasi, daraxti.

192. Tok – oqim, elektr oqimi.

193. To‘s – qayin daraxtining po‘stlog‘i. 

194. To‘s – ko‘chma: qop-qora (To‘sdek qora qosh, to‘sdek mo‘ylovi).

195. Ost – narsaning tag qismi, tubi.

196. Otin – tar. o‘qimishli, obro‘li ayol; 

197. Ob – suv.

198. Obi – suvga aloqadorlik (Obidiy­da).

199. Obro‘(y) – obro‘ga ega bo‘lgan, nufuzli.

200. Os – osmoq.

201. O – (cho‘ziq. und.) zavqlanish va mamnunlik.

202. Ont – qat’iy va’da, qasam. 

203. Oniks – yun. onyx – tirnoq.

204. Osetin – osetin xalqi, tili.

205. Otiz – shv. bir marza yer (Ariq qazimasang, otizga chiqmas).


Shakldosh (omonim) so‘zlar

206. Ot – yakka tuyoqlilarga mansub o‘txo‘r hayvon.

207. Ot – muchal yili hisobidan yettinchi yil nomi. 

208. Ot – otning boshiga o‘xshatib yasalgan shaxmat donasi, asp.

209. Ot – kishining (hayvonlarning, narsalarning) shaxsiy ismi, nom. 

210. Ot – unvon, mansab, nom (Unga “kuyovlik” otini berishdi).

211. Ot – s.t. zot, urug‘ (Qiz oti qurib ketsin!).

212. Ot – shuhrat, dong (Yaxshidan ot qolar). 

213. Ot – mustaqil so‘z turkumi.

214. On – u, ular (On hazratlari).

215. On – vaqt, davr (Shu onda).

216. Oz – son yoki miqdor jihatdan kam. 

217. Oz – adashmoq, yo‘ldan ozmoq.

218. Oz – vazn tashlamoq.

219. Notekis – yuzi tekis emas, past-baland, g‘adir-budur. 

220. Noz – tannozlik, karashma, istig‘no, ishva; ko‘chma: mayinlik. (Gul­larda noz).

221. Nok – mevali daraxt turi.

222. Nos – tamakidan tayyorlanadigan va til tagiga tashlanadigan narsa.  

223. Neko‘z – Koson tumanidagi qishloq nomi (Abdulla Oripov tug‘ilgan qishloq).

224. Ne – so‘r. olm. Narsa-predmet haqida so‘roqni ifodalaydi; nima? Ma’no kuchaytirishda: ne balolarga giriftor bo‘ldim.

225. Nek – yaxshi, xayrli (Bu bola­ning qadami nek keldi).

226. Neki – nimaiki.

227. Neo – yun. neos – yangi, yangicha.

228. Nizo – bahs, tortishuv, janjal. 

229. Noib (noyib) – o‘rinbosar, yordamchi.


Shakldosh (omonim) so‘zlar

230. Nozik – ingichka, yengil; yupqa, harir; xipcha; nimjon; yoqimli; salga

sinadigan. ko‘chma: alohida mahorat, malaka; yaxshi biladigan; qaltis; izzattalab; injiq.

231. Nozik – ingichka, yengil, nafis munchoq.

232. Nozik – ism (Xotin-qizlar ismi).

Bundan tashqari “Bo” so‘zi ham 3-4 xil ma’nolarda keladi: bo – bilan, bo – yana, bo – birgalik, aloqadorlikni

ifodalovchi old ko‘makchi (kabutar bo kabutar).


Latif QAMBAROV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi

rahbari v.v.b.

Maqola muallifi

Latif QAMBAROV

Latif QAMBAROV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Olimpiada

Ulashish