SUN’IY INTELLEKT VA MUALLIFLIK HUQUQI: qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishlari

Sun’iy intellektni juda qiyin va xavfsiz qilish kerak, chunki uning rivoji insoniyatning kelajagi haqida qaror qabul qilishimizga ta’sir qiladi.
Ilon Mask
Sun’iy intellekt (SI) tomonidan yaratilgan intellektual mahsulotlar mualliflik huquqlari masalalariga alohida e’tibor qaratishni talab qiladi. Bu soha texnologik rivojlanishning yangi bosqichiga kirib, sun’iy intellekt orqali yaratilgan asarlar va mahsulotlar mualliflik huquqlari himoyasini ta’minlash zaruratini keltirib chiqarmoqda. Sun’iy intellekt yaratgan intellektual mahsulotlarning mualliflik huquqi kimga tegishli ekanligi, huquqiy asoslar, plagiarizm masalalari va intellektual mulk huquqlarining himoyasi kabi ko‘plab murakkab savollar yuzaga kelayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Mazkur maqola davomida ana shunday mahsulotlar mualliflik huquqlari masalalarini yoritish va huquqiy tartibga solish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.
Sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining jadal rivojlanishi insoniyatga bir vaqtning o‘zida ham yangi imkoniyatlar, ham qiyin huquqiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. SI tizimlari endi san’at asarlari, musiqa, adabiy matnlar, dizaynlar, hattoki ixtirolar yaratish qobiliyatiga ega. Biroq bunday mahsulotlarning mualliflik huquqi (copyright) himoyasi, ularning egasi kimligi va kelajakdagi qonuniy tartiblar haqidagi savollar hali ham jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu masala nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham ko‘p jihatli yechimlarni talab qiladi.
Avvalo, mualliflik huquqi – bu muallifning intellektual mahsuloti (san’at asari, adabiyot, musiqa, dasturiy ta’minot) ustidan huquqlarini himoya qiluvchi qonuniy tizimdir. Ushbu huquq muallifga asarni nashr qilish, tarqatish, o‘zgartirish va undan daromad olish imkoniyatini beradi va bu Mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi Boboqul Toshev aytganidek, fuqarolarning intellektual mulki qonun bilan himoya qilinadi. An’anaviy qonunchilikka ko‘ra esa mualliflik huquqi faqat inson tomonidan yaratilgan asarlarga nisbatan qo‘llaniladi. SI esa bu an’anaviy tushunchaga putur yetkazmoqda: Agar asarni to‘liq yoki qisman SI yaratgan bo‘lsa, muallif kim? Aslida, SI yaratgan asarlar mualliflik himoyasiga loyiqmi? Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida mualliflik huquqi qonunlari SI yaratgan asarlarga nisbatan noaniq yoki umuman qo‘llanilmaydi. Misol uchun, AQSHda mana shunday holat sodir bo‘lgan. AQSH Mualliflik huquqlari byurosi (USCO) 2023-yili “Zarya of the Dawn” nomli komiksni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortdi (2023.02.21 Zarya of the Dawn Letter (https://www.copyright.gov/docs/zarya-of-the-dawn.pdf )). Chunki undagi rasmlar SI dasturi (Midjourney) tomonidan yaratilgan edi. USCO qarorida ta’kidlanishicha, mualliflik huquqi faqat “insoniy qo‘l” tomonidan yaratilgan asarlarga beriladi. Yoki Yevropa qonunchiligida ham mualliflik huquqi inson ijodiga bag‘ishlangan. Masalan, 2021-yilda YI Adliya palatasi SI tomonidan yaratilgan asarni himoya qilishni rad etgan. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Agar SI inson tomonidan boshqarilgan jarayon natijasida asar yaratgan bo‘lsa, mualliflik huquqi insonga tegishli bo‘lishi mumkin. Misol uchun, rassom SI dasturi yordamida asar yaratganida, u asarning tuzilishi, ranglar tanlanishida faol rol o‘ynagan bo‘lsa, xalqaro qonunchilik bo‘yicha, mualliflik huquqi rassomga berilishi kerak. Demak, mualliflik huquqi mana shunday vaziyatlarda vujudga keladi. Uchinchisi, agar asar to‘liq SI tomonidan (inson aralashuvisiz) yaratilgan bo‘lsa, dunyo qonunchiligining aksariyat qismida u mualliflik huquqiga ega bo‘lmaydi. Bunday asarlar “ochiq manba” (public domain) hisoblanib, har kim tomonidan erkin foydalanilishi mumkin. Xulosa qilganda, Anton Ivanov aytganidek, sun’iy intellektni huquqiy subyekt sifatida tan olmasdan turib, muammoni hal qilish osonroq, uni alohida turdagi deb tan olish kifoya. Ushbu mulkning huquqiy rejimini batafsil tartibga solgan mulk huquqi va har qanday holatda ham egasi yoki robot egasining javobgarligini cheklab bo‘lmaydi.
Semyon Somenkov ham A.Ivanovning fikriga qo‘shiladi, biroq uning fikricha, “aqlli” robotlarni shaxs sifatida tan olish masalasini ko‘tarishga hali erta (Соменков С.А. Искусственный интеллект: от объекта к субъекту? // О.Э. Вестник университета им. Кутафина. 2019, выпуск 2 (54). Страницы 75–85).
Bu masala bo‘yicha xalqaro miqyosda turli yondashuvlar mavjud. 2021-yili Janubiy Afrika patent idorasi DABUS nomli SI tizimi tomonidan yaratilgan ixtironi patentga ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu ushbu masala yuzasidan dunyodagi birinchi holat bo‘lib, bu yerda SI ixtirochi sifatida tan olindi. Biroq AQSH va Yevropa Patent tashkiloti bu qarorni rad etdi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, sun’iy intellekt bilan bog‘liq mualliflik huquqi har bir davlatda alohida-alohida tartibga solinadi. Yaponiyada SI yaratgan asarlar mualliflik huquqini SI dasturini ishlab chiqqan kompaniyaga berish taklif qilingan. 2022-yili Avstraliya sudida esa SI yordamida yaratilgan musiqa asari mualliflik huquqi himoyasiga loyiq deb topildi. Chunki sud qarorida SIdan foydalangan bastakor asarni yaratishda muhim ijodiy qarorlar qabul qilgani ta’kidlanganligi yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi. Xitoyda ham xuddi shunday, dastavval, 2020-yili Xitoy sudi SI tomonidan yozilgan maqolani mualliflik huquqi himoyasiga loyiq deb topmadi. Biroq 2023-yilda Pekin sudi SI yordamida ishlab chiqilgan dizaynni mualliflik huquqi bilan himoyalashga ruxsat berdi, chunki inson dizayn parametrlarini belgilab bergan edi. Shu kabi SI yaratgan mahsulotlar muammosini hal qilish uchun xalqaro tashkilotlar va mamlakatlar yangi qonunlar va kelishuvlar ustida ish olib bormoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti WIPOda 2023-yili SI va intellektual mulk huquqlari bo‘yicha global muzokaralarni boshladi. Tashkilot SI yaratgan asarlar uchun yangi huquqiy kategoriyalar (masalan, “elektron muallif”) yaratishni taklif qildi (The WIPO Conversation on Intellectual Property and Artificial Intelligence (https://www.wipo.int/about-ip/en/artificial_intelligence/conversation.html)). Yevropa Ittifoqida 2024-yilda qabul qilingan “Sun’iy intellekt to‘g‘risida”gi qonunda SI tizimlari tomonidan yaratilgan kontentni tartibga solishga bag‘ishlangan bo‘limlar mavjud. Qonunga ko‘ra, SI yaratgan asarlar mualliflik huquqiga ega bo‘lmasa ham, ularni yaratishda foydalanilgan ma’lumotlarning manbalari aniq ko‘rsatilishi shart. AQSH Kongressida ham 2023-yilda “SI mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Loyihada SI yaratgan asarlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda SI dasturini ishlab chiqqan kompaniya yoki foydalanuvchining huquqlari belgilab berilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda ham bu masalaga ma’lum bir qonunchilik hujjatlari bo‘yicha qisman javob berib o‘tilgan. O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, mualliflik huquqi obyektlari hamda subyektlari keltirib o‘tilgan. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu qonun normalarida sun’iy intellekt bo‘yicha aniq band keltirilmagan, ya’ni sun’iy intellekt mulki mualliflik huquqi bo‘yicha hech qanday norma mavjud emas. Qonunda EHM (Elektron hisoblash mashinalari) haqida bir nechta band keltirilgan bo‘lishi mumkin, ammo sun’iy intellekt mutlaqo boshqa yo‘nalish hisoblanadi. Sun’iy intellekt o‘z nomi bilan intellektga ega.
Buni aniqlashtirish uchun boshqa bir qonunchilik hujjatiga yuzlanamiz. Prezidentimizning “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida ushbu savollarga javob berib o‘tilgan. Ushbu qarorning 3-bandida sun’iy intellektning asosi, ya’ni huquqiy baza shakllantirish masalasi o‘rtaga qo‘yilgan. Bundan tashqari, Prezidentning “Raqamli O‘zbekiston ‒ 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham bir nechta band keltirilgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, 2030-yilga qadar yurtimizda ushbu soha aniq huquqiy asosga ega bo‘ladi.
E’tibor beradigan bo‘lsak, ai.lex.uz sayti ishga tushirilgan. “Lex AI” platformasi – yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan berilgan huquqiy savollarga onlayn javob berish, turli darajadagi hujjatlarni huquqshunos ishtirokisiz, konstruktor asosida mustaqil tayyorlash, qonunchilik hujjatlari loyihalarini onlayn ravishda tayyorlash va ekspertiza (tavsiyaviy xarakterda) qilish, hujjatlar asosida huquqiy amaliyotni tahlil qilish asosida foydalanuvchilar tomonidan berilgan keyslarga javob berishga mo‘ljallangan yuridik xizmatlarning jamlangan tizimi hisoblanadi. Platforma Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan yuritiladi. U internet tarmog‘iga ulangan holda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi asosida, sun’iy intellekt yordamida ishlaydi. Mazkur platforma foydalanuvchilarning huquqiy masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni olishlariga ixtisoslashgan bo‘lib, ham jismoniy, ham yuridik shaxslar foydalanishlari uchun mo‘ljallangan (ta’kidlab o‘tish joiz, sun’iy intellekt tomonidan amalga oshiriladigan hujjatlar ekspertizasi 360 ming soatni tejar ekan). Eng muhimi, platforma tomonidan berilgan javoblar va ma’lumotlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslar uchun huquq va majburiyatlar keltirib chiqarmaydi. Javoblar tayyorlangan konstruktlar, qonunchilik hujjatlari loyihalari, huquqiy keyslarga yechimlardan foydalanish natijasida kelib chiqadigan oqibatlar uchun “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi yoki platformadan foydalanuvchi shaxslar javobgar hisoblanmaydi.
Albatta, keltirilgan mulohazalar kelajakdagi mavjud bo‘ladigan yoki ehtimoliy xavflarni to‘liq bartaraf etmaydi. Shuning uchun, yaqin kelajakda yuzlanishimiz mumkin bo‘lgan ba’zi bir masalalar haqida aytib o‘tsam. Demak, sun’iy intellekt nafaqat davlat miqyosida, balki davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga molik masala hisoblanadi. SI texnologiyalari esa chegaralarni buzgan holda ishlaydi. Shuning uchun mualliflik huquqi qonunlarini uyg‘unlashtirish va xalqaro standartlar yaratish zarur.
Ikkinchidan, SI hamda inson o‘rtasida muvozanatni topish lozim. Negaki, SI yaratgan asarlarni himoya qilish ijodkor insonlarning huquqlarini cheklamasligi kerak. Masalan, SI musiqani inson bastakori uslubida yaratsa, mualliflik da’volari paydo bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan, ba’zi mutaxassislar SI yaratgan asarlarni “ochiq manba” deb e’lon qilishni taklif etadi. Bu innovatsiyani rag‘batlantirishi, biroq kompaniyalar manfaatlari o‘rtasida ziddiyat tug‘dirishi ham mumkin.
To‘rtinchidan, SI yaratgan asarlarning huquqiy maqomini aniqlash lozim. Ya’ni SI tomonidan yaratilgan asarlar qanday huquqiy mezonlarga ko‘ra baholanadi? Ba’zi olimlar ularning huquqiy maqomini hayvonlarga tenglashtirishga harakat qilsa, ba’zilari esa ularning maqomi yuridik shaxslar bilan bir xil degan xitob bilan chiqmoqda.
Beshinchidan, agar sun’iy intellekt tartibga solinsa, mualliflik huquqlari buzilishining oldini olishni ham yaxshi o‘ylab chiqish talab etiladi. Misol uchun, SI yordamida plagiat yoki mualliflik huquqini buzuvchi kontent yaratishga qarshi mexanizmlar ishlab chiqish yoki SI tomonidan generatsiya qilingan materiallarning manbalarini aniqlash va tekshirish uchun maxsus texnologiyalar joriy etish kabi vazifalar mavjud. Shu va shu kabi ishlar sun’iy intellektda mualliflik huquqi muammolarini bartaraf etishda asosiy bo‘g‘in hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, intellektual mulk huquqi ta’sirida sun’iy intellektning hozirgi ahvoli ma’lum bir holatda muammoli hisoblanib turibdi, biroq bunda sun’iy intellekt tomonidan ishlab chiqarilgan intellektual mulk huquqi obyektlarini tan olish kelajak uchun ildam qadam hisoblanadi. Ammo uni amalga oshirish haqiqiy muammodir. Buni yaxshilash uchun quyidagilarni taklif qilish mumkin. Dastavval, sun’iy intellekt tan olinishiga erishish lozim. Jumladan, ba’zi mamlakatlar, Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya kabi davlatlarning qonunchilik tizimida hatto huquqiy asosi yaratilganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Ikkinchidan, sun’iy intellekt bugungi kunda har bir sohada insonga o‘xshash vazifalarni bajarmoqda. Kelajakda ular vazifalarni odamlarga qaraganda yaxshiroq bajarishi va qarorlarni o‘zlari qabul qilishi oddiy vaziyat hisoblanadi. Xuddi shu narsani kuzatib borish uchun sun’iy intellektni tartibga soluvchi sun’iy intellekt ma’lumotlarini himoya qilish to‘g‘risida qonun ishlab chiqilishi kerak. Ushbu qonunda mazkur texnologiya tomonidan insoniyatga nisbatan sodir etilgan barcha turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanishi mumkin. Uchinchidan, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan intellektual mulk huquqi obyektlariga mualliflik huquqini uni yaratgan shaxsga berish kerak. Bunda shaxsiy, nomulkiy huquqlar sun’iy intellektning o‘zida saqlab qolinadi, biroq mulkiy huquqlardan uning yaratuvchisi tomonidan yoki shartnoma asosida boshqa shaxslar tomonidan foydalanilishi mumkin bo‘ladi.
Madaminbek UMBAROV,
TDYU talabasi
Shu kecha va kunduzda
Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
Xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida 58 ta maktab quriladi
Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank