URUSH, NOMING O‘CHSIN JAHONDAN!

Xalqaro hayot URUSH, NOMING O‘CHSIN JAHONDAN!
276

Shu kunlarda XX asrning eng mash’um va qonli voqeasi – Ikkinchi jahon urushi boshlanganiga 85 yil to‘ldi. Shu yili tug‘ilgan insonlar bugun ulug‘ yoshlarga yetib, ko‘plari yorug‘ dunyoni tark etishdi. Ammo urush o‘lmadi, dunyoning hali u yeri, hali bu yerida qaytadan tug‘ilib, odamlarning tinchini, hayotini buzishda davom etmoqda. Urush keksaymadi, aksincha yosharib, kundan kunga navqironlashib bormoqda. Chunki u qadimiy afsonalardagi yovuz Zaxxok singari yosh yigit-qizlar, bolalar, keksalarning xazon bo‘layotgan hayoti evaziga tobora yosharib, kuchayib boryapti.

Biz va biz bilan birga butun dunyo xalqlari sobiq qizil imperiyaning ayrim joylarida bo‘lib o‘tgan mayda mojarolarni hisobga olmaganda, tinch-osoyishta tarqalib ketganiga rosa xursand bo‘lgan­dik. Jahon tarixiga nazar tashlasak, birorta imperiya tinch tarqalmagan. Qadimgi Rim imperiyasidan tortib sobiq Yugos­laviyaga qadar barcha saltanatlar o‘z umrini katta urush va to‘polonlar bilan yakunlagan.

 Afsuski, biz sal shoshilib xursand bo‘lganimizni vaqt ko‘rsatib qo‘ydi. Sobiq sho‘ro imperiyasining markazi bo‘lmish ikki qardosh respublika – Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida paydo bo‘lgan kichik kelishmovchiliklar vaqt o‘tishi bilan

oxir-oqibat katta urushga aylanib ketdi. 


TARIXNI  TEBRATGAN  PASHSHA


Har bir narsaning boshlanishi bo‘lganidek, rus-ukrain urushining ham debochasi bor. Sobiq SSSRni parchalanib ketishi arafasida saqlab qolish uchun ko‘p urinishlar bo‘lgandi. Ammo o‘sha payti Ukrainada bo‘lib o‘tgan referendumda ko‘pchilik xalq mustaqillik uchun ovoz bergan va respublika rahbarlari xalq irodasi bilan hisoblashib, yangi ittifoq shartnomasiga qo‘shilmasliklarini bildirishgan  edi. Alaloqibat, bu voqea SSSR tarqalib ketishidagi asosiy omillardan biri bo‘lgandi. Bu o‘sha paytda rus shovinist-imperialistlarini qattiq g‘azablantirgan bo‘lsa-da, biroq mamlakatda kechayotgan demokratik islohotlar tufayli dardlari ichlarida qolib ketgandi. Keyin­chalik Rossiyada qayta bosh ko‘targan buyuk millatchilik shovinizmi ta’sirida o‘sha alamli voqealar yana esga olindi va qaytadan kun tartibiga qo‘yila boshlandi.

Tarix tajribasi, biror voqea arzimas yo kichkina ko‘rinsa-da, vaqti kelib katta ahamiyat kasb etishini bir necha bor tasdiqlagan. Taniqli rus bolalar shoiri Samuil Marshakning qadimiy ingliz qo‘shig‘i asosida yozilgan “Mix bilan taqa” she’rida arzimagan bir nechta mix yetishmagani bois dushman mamlakatga bostirib kirib qat­liom qilgani haqida hikoya qilinadi:


Mix kam edi, 

Taqa tushdi. 

Tulpor oqsab, 

O‘qqa uchdi. 

Komandirning

Kuni bitdi, 

Askarlari

To‘zg‘ib ketdi. 

Mamlakatga

Yog‘iy kirdi, 

Ayamasdan

So‘ydi, qirdi. 

Sababi-chi, 

Oddiy juda: 

Mix kam edi, 

Taqachida! 

Jahon tarixiga hatto bitta mayda pashshaning ta’sir o‘tkaza olishi haqida atoqli qozoq shoiri O‘ljas Sulaymo­novning quyidagi ibratomuz hikoyasidan bilib olish mumkin: 

“1976-yili qozog‘istonlik ikki partiya xodimi mehnat ta’tilida dam olish uchun Kubaga yuboriladi. Ulardan biri Qozog‘iston Kommunistik partiyasining ikkinchi sekretari Valentin Mesyats va respublika oblastlaridan birining birinchi firqa kotibi edi. Ta’tilning oxirgi kunlari­dan birida Varaderodagi plyajda kul­gili bir voqea sodir bo‘ladi: viloyat firqa kotibinig nozik joyidan pashsha(komar) chaqib oladi. Uning shishi ichki kiyim ostidan yaqqol bo‘rtib turardi. Asta-sekin shish kattalashib, amaldorlar plyajidagi dam oluvchilarning e’tiboriga tushadi. U kishi ko‘zga ko‘rinmasdan ta’tilning qolgan oz qismini dam olish xonasida o‘tkazishi ham mumkin edi, ammo u qimmatli dam olish kunlari­ni bekorga o‘tkazgisi kelmaydi. Odamlar esa kotibga hazil qilar va bu uning asabini buza boshlaydi, ayniqsa, Mesyats muto­yibalari bilan rosa jig‘iga tegardi. 

Ular Qozog‘istonga qaytib, yana o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib ketishdi. Har birini Kunayev huzuriga qabul qilib, ta’til hisobotlarini tingladi. Qabulga ikkinchi bo‘lib kirgan viloyat partiya qo‘mitasi kotibidan so‘radi:

– Xo‘sh, qanday dam olding? 

– Yaxshi dam oldim, Dimash Axmetovich. Ob-havo juda yaxshi bo‘ldi, kubalik o‘rtoqlar bilan uchrashdik, romlaridan tatib ko‘rdik... 

– Sen nimanidir yashirib aytmayap­san-ov, nima gap bo‘ldi? – so‘radi Kunayev tabassum bilan. 

– Aytarli hech gap bo‘lgani yo‘q, Dimash Axmetovich.

– Aytaver, tortinmay! 

– Valentin Karpovich “Rahbarning ayoli erining ishlariga aralashmagani ma’qul” – dedi. Men unga: “Zuxra Shari­povna(Kunayevning xotini) haqida bunday deyish yaxshi emas”, – dedim.

– Qo‘yaver, bunga e’tibor berib o‘tirma, oftob issig‘ida romning kayfi bilan aytgan bo‘lsa bordir, o‘zi sal oshirib yuborgansizlar, borib ishingizni qila­vering, – dedi Kunayev yasama tabassum bilan. 

Bir necha hafta o‘tgach, V.K.Mesyats SSSR Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlanib, Qozog‘istondan Moskvaga jo‘nab ketdi. “Ikkinchi”ning ketishiga rozilik berar ekan, Kunayev xotini haqida viloyat partiya komiteti kotibi yetkaz­gan g‘iybat gapdan xafaligini Mesyatsga zinhor bildirmadi. Bu alam bir necha yil o‘tgach, KPSS Markaziy Komitetining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kotibi Kulakov vafot etganidan keyin yuzaga chiqdi. Bo‘shab qolgan o‘ringa birinchi nomzod V.K.Mesyats edi. Uning ustun tomoni RSFSR va keyinchalik SSSR qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida o‘z sohasini oyoq­qa qo‘yib, namunali vazirlikka aylantira bilgandi. U Brejnevning sevimli respublikasi Qozog‘istonda ikkinchi kotib bo‘lib ishlaganida ham partiya ishida katta tajriba orttirgan edi. Bu esa Mesyatsning kelajakda yuksak lavozimlarga erishuvi uchun keng yo‘l ochgandi. Brejnev unga nisbatan ijobiy fikrda bo‘lib, Qozog‘istonga o‘zi ishga jo‘natgandi. Shu tariqa Mesyats bilimli, tajribali, navqiron partiya xodimi sifatida yaxshi nom qozongandi. Siyosiy byuroning deyarli barcha a’zolari ham uni KPSS Markaziy Komiteti kotibligi lavozimiga loyiq nomzod deya rozilik bildirdi. Shunda Brejnev yaqin do‘sti Kunayevga qo‘ng‘iroq qilib, bu borada uning ham fikrini bilmoqchi bo‘ladi.

– Sen birga ishlagansan, o‘zi qanday odam? – deb so‘raydi. 

– Ajoyib mutaxassis, Leonid Il’ich.

– Demak, sen ham ma’qullaysan?

– To‘qson to‘qqiz foiz ma’qullayman, Leonid Il’ich.

Brejnev bir muddat jimib qoldi-da, yana so‘radi:

– Nega endi 99 foiz?

– Ba’zan “birinchi”ga qarshi boradigan odati bor. Ammo tarbiya qilinsa, undan o‘tadigan kadr yo‘q, Leonid Il’ich. 

Biroq Brejnevda uni tarbiyalashga na fursat, na xohish bor edi. Shunday qilib, pishib turgan osh atala bo‘lib, Mesyatsning nomzodi o‘tmay qoladi.

Nomzodlar ro‘yxatida esa ikkinchi bo‘lib KGB boshlig‘i Yuriy Andropov­ning odami – Krasnodar o‘lkasi partiya qo‘mitasi kotibi Mixail Sergeyevich Gorbach­yov nomzodi turardi...  Tabiatda “Kapalak effekti” deb atalmish qiziq bir hodisa bor. Unda aytilishicha, olis Amazonka o‘rmonlarida qanot qoqqan kapa­laklar vaqt o‘tishi bilan Indoneziyadagi iqlimga ta’sir o‘tkazar emish... 


IMPERIYALAR 

ZAVOLI


Real fikrlovchi shaxs sifatida qan­daydir mayda bir pashshaning dunyo xalqlari taqdiriga ta’sir o‘tkazishi haqidagi gaplarga unchalik ishonmayman. Chunki imperiyalarning parchalanib ketishiga sof siyosiy va iqtisoiy omillar sabab bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ularga, avvalo, markaz­dan putur ketadi. Siyosiy elita aynib, zamon talablariga javob bera olmay qoladi. Rim imperiyasining tanazzulida ham, o‘zimiz guvoh bo‘lganimiz SSSRning tarqalib ketishida ham aynan shu sabablar asosiy omil bo‘lgan edi. Bunda eng qizig‘i shuki, markazdan farqli o‘laroq, chekkadagi kuchlar imperiyani saqlab qolishga ko‘proq harakat qiladi. SSSRni saqlab qolish haqidagi referendumda ham Rossiyadan ko‘ra milliy respublikalar aholisi ittifoqni yoqlab ko‘proq ovoz berish­gan. Yoshi ulug‘ kishilar eslasa kerak, 1990-yili SSSR xalq deputatlari majlisida chechenistonlik deputat Saja Umalatova mamlakat tarqalish xavfi oldida ekanligi va shu bois prezident Mixayil Gorbachyov iste’foga chiqishi lozim ekanligini dadil aytgandi. Yangi Yevroosiyo ittifoqi shartnomasi tuzishni taklif qilgan akademik Andrey Saxarovga ham eng avvalo milliy respublikalar deputatlari qarshi chiqib uni minbardan tushirib yuborishgandi. O‘shandan keyingi voqealar  jadal  tus olib, bir yil nari-berisida “SSSR” deb atalmish yirik saltanat yo‘qlikka yuz tutdi. Bu o‘sha paytda rus shovinist-imperialistlarini qattiq g‘azablantirgan, biroq mamlakatda kechayotgan demokratik islohotlar tufayli dardlari ichida qolib ketgandi. Keyin­chalik Rossiyada qayta bosh ko‘targan buyuk millatchilik shovinizmi ta’sirida o‘sha alamli voqealar yana esga olindi va qaytadan kun tartibiga qo‘yila boshlandi. Millatchilarning bu kayfiyati mamlakat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Prezident Putin ham o‘z chiqishlaridan birida: “Respublikalar sho‘ro ittifoqiga qanday kirgan bo‘lsa, uni shu shaklda tark etishlari kerak”, degan bo‘lmag‘ur gapni aytganidan so‘ng, dastlabki amaliy qadamlar tashlandi. Avval Ukrainadan Qirim zo‘ravonlik yo‘li bilan tortib olindi. Keyin Donbass va Lugansk viloyatlariga “fiqarolar bosqini” usuli bilan yashirincha qo‘shin kiritildi. Tabiiyki, Ukraina rahbarlari mustaqil davlatlariga nisbatan uyushtirilgan bu buzg‘unchiliklarga tomoshabin bo‘lib qarab turolmasdi. O‘rtada harbiy mojaro chiqib, Ukraina­ning yigirma foizga yaqin hududi zabt etildi. Ikki qo‘shni mamlakatni muro­saga keltirishi lozim bo‘lgan Minsk muzokaralari biror natija bermasdan, 2022-yil 24-fevral kuni Rossiya Ukraina­ga katta hujum boshladi. Qisqa muddatga rejalashtirilgan ushbu maxsus harbiy amaliyot (MHA – ВСО) uchinchi yildirki, achchiq ichakdek cho‘zilib bormoqda. Qizig‘i shundaki, bu urushni Rossiyada “urush” deb tilga olish mutlaqo taqiqlab qo‘yilgan. Uni kim o‘z nomi bilan atasa, jinoiy javobgarlikka tortilib, hatto qamalib ketishi ham mumkin. Ukraina esa rus millatchilari nazarida sun’iy shakllantirilgan mayda bir davlatcha hisoblanadi. Uning bir qismi Lenin tomonidan, bir qismi Stalin tomonidan, yana bir qismi esa Xrush­­ch­yov tomonidan Kiyevga hadya qilin­gan yerlar emish. Ularning yana bir fikricha, ukrain degan millatning o‘zi mavjud emas, ukrain tili ham rus tilining bir shevasi emish. Bu gaplarning barchasi Rossiya targ‘ibotchilri tomonidan rus dunyosini kengaytirish maqsadida keng tashviq etilmoqda. Xalqaro ekspertlar­ning yakdil fikriga ko‘ra, bularning hammasidan maq­sad bitta – chok-chokidan so‘kilib borayotgan rus imperiyasini qayta tiklash va hech bo‘lmaganda, hozirgi shaklida saqlab qolishga urinishdan boshqa narsa emas. 


G‘ALATI  URUSH


Bu urushning yana bir g‘alatiligi shundaki, Rossiya tajovuziga javoban Ukraina ham qarshi hujumga o‘tdi va Kursk hamda Belgorod oblastlarining kattagina hududini egalladi. Bir so‘z bilan aytganda, urush Rossiyaga ham kirib bordi. Ukrainaning uchuvchisiz havo uchoqlari Rostov, Volgagrad, Engels, Voronej, Tver, Samara, Tula, va hatto, Moskva singari yirik shaharlariga hujum uyushtirmoqda. Garchand Rossiya harbiylari Donbassda olg‘a siljiyotgan bo‘lishsa-da, qolgan frontlarda mag‘lubiyatning achchiq ala­mini totimoqda. Oliy bosh qo‘mondon V.Putin tomonidan ko‘pi bilan uch kunga mo‘ljallangan maxsus harbiy amaliyot katta urushga aylanib, mana, qariyb ming kundirki, oxiri ko‘rinmayapti. Urush kundan kunga kuchayib, tobora ko‘p odamlar va moddiy ne’matlarni to‘ymas komiga tortib bormoqda. Endi bu urushning qan­doq va qachon yakunlanishini hech kim aniq aytib berolmayapti. “Bloomberg” xalqaro axborot agentligining Kreml va Mudofaa vazirligiga yaqin manbalarga tayanib xabar berishicha, Rossiyada 2024-yil oxirigacha yana bir harbiy safarbarlik e’lon qilinishi mumkin. Qayd etilishicha, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyoti rus armiyasida mudofaa kuchlari zaxiralarining yo‘qligini ko‘rsatib qo‘ydi. Hozir Rossiya qurolli kuchlari katta pul evaziga urushadigan yollanma askarlar hisobidan to‘ldirilmoqda, lekin bu yetarlicha bo‘lmayapti. Ushbu agentlik­ning keyingi xabarlariga qaraganda, safar­barlik shu yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkaziladi. Bu degani yana ming-minglab navqiron yigit-qizlar, bolalar va keksa­lar urush komiga tashlanadi. Eng alamli tomoni shundaki, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bu voqealarga tekin tomoshabin bo‘lib qarab o‘tirishibdi.

Jabrdiyda Ukraina xalqi bu urushda mustaqillik va ozodlik uchun kurashayotgan bo‘lsa, rossiyaliklar pul uchun, oilalari­ning moddiy ahvolini yaxshilash yoki turmadan qutulish maqsadida jang qilmoqda. “Baza” internet nashrining xabariga ko‘ra, davlat bandlik xizmati markazi ham ishsizlarni urushga da’vat etmoqda. Nashrning yozishicha, mehnat birjasi hisobida turgan ishsizlarga mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish taklif etilmoqda ekan. Dastlabki tarif bo‘yicha 200 ming rubl oylik to‘lash va’da qilin­gandi. Keyinchalik u ikki barobar ko‘paytirildi, hozir esa shartnoma tuzilib harbiy xizmatga yollangan kishilarga 800 ming rubl taklif etil­moqda. Rossiyadagi o‘rtacha maosh 40–50 ming rubl bo‘lib turgan sharoitda bu juda mo‘may daromad hisoblanadi. Yaqinda bir boshlang‘ich sinf o‘qituv­chisi Ukraina urushiga borib, moliyaviy muammolarini qanday hal qilganligi haqida You tubeda maqtanib hikoya qilib berdi. Aytishicha, u shu kunlarda dron operatori bo‘lib, katta pul evaziga ukrainaliklar ustiga ajal urug‘ini sochayotgan ekan. 

Ammo urushda qatnashayotgan barcha yollanma askarlarning ham omadi chopayotgani yo‘q. Ularning aksariyati halok bo‘lib, yoki mayib-majruh bo‘lmoq­da. Yaqinda “Nevzorov TV” telegram kanali orqali Rossiya harbiy gospitallaridan biridagi holat namoyish etildi. Bu tasvirlarni ko‘rishga inson bolasining asabi dosh bermaydi. Shu manzaralarni ko‘rar ekansan urushni boshlagan razil odamlarga la’natlar aytishdan o‘zingni tiyolmaysan. 

Bu urushning yana bir tarafi shuki, boshlovchilarning asosiy maqsad va manfaatlariga mutlaqo teskari bo‘lib qoldi. Undagi asosiy maqsadlardan biri Ukrainani qurolsizlantirib, zaif va qaram davlatga aylantirish edi. Holbuki, urush natijasida u bugun dunyodagi eng yaxshi qurollangan, jangovar armiyaga ega bo‘lgan, kuchli harbiy davlatlardan biriga aylandi. Uning ortida turgan G‘arb mamlakatlari ham qurolli kuchlarini modernizatsiya qilib, harbiy zavod va fabrikalarni qaytadan ishga tushirmoqda. NATO tashkiloti rahbarining aytishicha, ayni damda Yevropada 500 mingdan ortiq askarlar jangovar holatga keltirilgan. Hatto, asrlar davomida betaraf siyosat yuritib kelayotgan neytral Shveytsariya ham o‘z ichki va tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqmoqda. “Politiko” nashri­ning yozishicha, Shveytsariya Rossiya tomonidan paydo bo‘lgan tahdid tufayli 500 yillik neytralitetidan voz kechishi mumkin. Shveytsariya Xavfsizlik komissiyasi mamlakat 1515-yildan beri saqlab kelayotgan betaraflik siyosatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. Maqolada qayd etilishicha, Shveytsariya allaqachon gib­rid urush – dezinformatsiya, josuslik va kiberhujumlar nisho­niga aylanib ulgurgan. Mutaxassislar ehtimoliy mojaroga nafaqat armiyani, balki butun jamiyatni tayyorlashni tavsiya qilmoqda. Rossiya tomonidan tahdid kuchayib borishi fonida mamlakatda, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATO bilan aloqalarni mustahkamlash, harbiy xarajatlarni oshirish hamda hamkorlikni kengaytirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, komissiya avvalroq Ukraina ittifoqchilari bilan munosabatlarni murakkablashtirgan qurollarni qayta eks­port qilish taqiqini bekor qilishni talab etmoqda. Ushbu xulosalar allaqachon Shveytsariya mudofaa vaziri Viola Am­xerdga taqdim etilgan va mamlakatning 2025-yilga mo‘ljallangan yangi xavfsizlik strategiyasining asosini tashkil etadi. 

Ko‘rinib turibdiki, ushbu voqealar dunyoning siyosiy qiyofasini batamom o‘zgartirdi. Ayniqsa, ukrainaliklarning qarshi hujumga o‘tib, Rossiya sarhadlariga kirib borishi vaziyatni umuman chalkashtirib yubordi. Agar mabodo, kelajakda Rossiya po‘pisa qilayotgandek, chorasizlikdan yadro qurolini qo‘llagudek bo‘lsa, butun dunyo xalqlarini o‘ziga qarshi qilib qo‘yadi va bu tanazzul chohidan chiqa olmay,  davlat sifatida jahon xaritasidan o‘chib ketish ehtimoli kuchayadi. 

Urishayotgan har ikki tomon o‘zaro manfaatlar asosida bir qarorga kelib, muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishlari kerak. Zero, har bir urush oxir-oqibat tinchlik shartnomasini imzolash bilan tugaydi. 

Xudoyberdi  KOMILOV, 

siyosiy sharhlovchi

Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Maktab

Ulashish