Ustoz bor joyda – ta’lim, taraqqiyot va yuksalish bor

Daxldorlik Ustoz bor joyda – ta’lim, taraqqiyot va yuksalish bor
27



Har bir kasbning o‘z ustozi, har bir yutuqning ortida esa uning mehnati bor. Ayniqsa, Vatan mudofaasi uchun mas’uliyatni zimmasiga oladigan, el-yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdek sharafli vazifaga tayyorlanadigan kadrlar tarbiyasida ustozning o‘rni beqiyos.



Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir ana shu haqiqatni yana bir bor namoyon etdi. Tadbirda universitet rahbariyati, Mudofaa vazirligi faxriylari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, kursantlar va askarlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida universitet boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari general-mayor Farhodjon Shermatov so‘zga chiqib, harbiy kadrlarni tayyorlash, ularning kasbiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan universitet jamoasini samimiy muborakbod etdi.



Zero, bugun harbiy ta’lim oldiga qo‘yilayotgan talablar kechagidan tubdan farq qiladi. Zamonaviy armiya uchun nafaqat chuqur bilimli, balki mustaqil fikrlaydigan, tezkor qaror qabul qiladigan, raqamli texnologiyalarni egallagan, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ofiserlar zarur.

Bunday kadrni esa, avvalo, zamon bilan hamnafas ustoz tarbiyalaydi. Ayni jarayonlarda ustozning vazifasi ham o‘zgarmoqda. U endi faqat bilim beruvchi emas, balki kursantni mustaqil fikrlashga, bilimni amaliyot bilan bog‘lashga, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga yo‘naltiruvchi murabbiydir. Shu ma’noda, harbiy ta’limdagi har bir yangilanishning markazida inson – ustoz va uning shogirdi turibdi.



Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari Ichki ishlar vazirligi ansambllari hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining taniqli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.


Alisher AGZAMOV,
podpolkovnik, 
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti
Axborot xizmati

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish