“MA’RIFAT” – HAR BIR USTOZNING MEHNATIDA YASHAYDI

Ehtirom “MA’RIFAT” – HAR BIR USTOZNING MEHNATIDA YASHAYDI
45



Fevral. Qishloqda o‘tgan kezlarim, onamning qiyinchiliklari, xullas ichimdan o‘tgan barcha kechinmalarimni qog‘ozga tushirdim-u, tahririyat tomon yugurdim. Maqolamni topshirishga topshirdim, lekin chiqishidan umidim yo‘q edi. “Boshlang‘ich ta’lim” jurnalida musahhih bo‘lib endigina ish boshlagan paytlarim edi. Bir kuni “Ma’rifat”  gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov kelib, “Yaxshi maqola yozibsiz, shu sonda chiqdi” deb qo‘limni siqib tabriklab ketishi oddiy talaba uchun katta e’tirof va bu sohaga chuqurroq kirishimga turtki bo‘lgandi. 


“Boshlang‘ich ta’lim” jurnaliga ishga kirishimda ham jurnal bosh muharriri Halim Saidovning bildirgan ishonchi kuch bergandi. “Ma’rifat” gazetasiga Husan Nisho­novdan avval Abdusamad Rahimov, Halim Saidov, undan oldin 1992–1996-yillari Sa’dulla Hakimov, 1988–1992-yillari Ahmadjon Dolimov, 1964–1986-yillari esa Shahob Maqsudov bosh muharrirlik qilgan. Gazetaning yildan yilga rivoj topishi, hozirgi davrgacha faoliyat yuritib kelayotganida har bir bosh muharrirning hissasi, roli katta. Jumladan, Shahob Maqsudovning ham.


Shahob Maqsudov 1930-yil 12-dekabrda Qibray tumanidagi O‘nqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Shu qish­loqdagi 30-maktabni 1947-yili tamomlaydi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olish bilan birga, Respublika radioeshittirish qo‘mitasida diktorlik qildi. Institutni bitirgandan so‘ng, avval qishlog‘idagi 33-, keyinchalik 44-maktablarda ish faoliyatini davom ettirdi. Asli pedagog Shahob Maqsudov 1954-yildan boshlab “O‘qituvchilar gazetasi” tahririyatida adabiy xodim bo‘lib ish boshlaydi va bosh muharrirlik lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi. 


– Dadam hayoti va ijodini gazeta va o‘qituvchilar foydasi uchun bag‘ishladi va men bundan faxrlanaman, – deydi qizi Arofat Maqsudova.  ̶  Bir gazetada 33 yil ishlash butun umrini shu gazetaga bag‘ishlash degani. Dadamning gazetada ishlagan yillari siyosiy qiyin davrlarga tog‘ri keldi. 80-yillarga kelib unga nisbatan turli fitnalar uyushtirishga uringanlar ham bo‘ldi. Muharrirligining so‘nggi yillari bir qator gazeta muharrirlarini Moskvaga yig‘ilishga chaqirishdi. Majlisda qatnashgan jurnalistlarning aytishicha, o‘sha kuni boshqa nashrlar bilan bir qatorda “O‘qituvchilar gazetasi” ham qattiq tanqid ostiga olingan. Hayotining mazmuniga aylangan gazetani arzimagan narsalarni ro‘kach qilib, keraksiz qog‘ozga chiqarishganini ko‘tarolmadi. Moskvadan qaytib kelganining ertasi kuni qattiq yurak xuruji o‘tkazib, shu bilan qayta oyoqqa turmadi. Ko‘p o‘tmay olamdan o‘tdi. Shukurki, men, singillarim Latofat, Fazilat, Ziyoda va ukam Muhiddin ham o‘qituv­chilik kasbini tanlab, ta’lim-tarbiya sohasida faoliyat yuritib kelmoqdamiz. 


Ustoz haqida gap ketar ekan, zamondoshlari uning muharrirlik yillarida gazetaning mavzu ko‘lami boyib, mushtariylarning e’tibori oshganini eslashadi. Unda xalq ta’limining dolzarb masalalari ko‘tarilgani, pedagog, tarbiyachi, maktab o‘qituvchilarining ilg‘or ish tajribalari izchil yoritilganini ta’kidlashadi. 

Pedagog-jurnalist Jafar Ma’rupov o‘zining “Sadoqat” sarlavhali maqolasida Shahob Maqsudovni shunday eslaydi: 

“U davrda men muharririyatning yirik sohasi – maktablar bo‘limini boshqarardim, tahrir hay’ati a’zosi edim. Ma’muriyat diktor yigitchani mening qo‘limga topshirdi. Gazetada birga xizmat qilgan yillar, jamoada yuz bergan qiyinchiliklar, muvaffaqiyatlarga erishilgan ijodiy hayot Shahob Maqsudov faoliyatiga qanchalik naf keltirganligi sir emas. Menga uning ma’qul tushganligi tabiatan yumshoqligi, maktab va pedagogik hayotni teran idrok etishi, muhimi, jurnalistlikka moyilligi bo‘ldi. Ana shu fazilat, o‘z ustida muttasil ishlash tufayli gazetaning bo‘lim mudirligi, keyin esa mas’ul kotibi lavozimlariga ko‘tarildi… 
…Uning gazetaga bosh muharrir o‘rinbosari, ko‘p o‘tmay bosh muharrir etib tayinlanishi ana shundan. Shahob Maqsudov “O‘qituvchilar gazetasi”da 33 yil mehnat qildi…”.


“Ma’rifat” – taqdir, “Ma’rifat” – saodat, degim keladi. Bu dargohga kelib, kimlar ishlamadi, kimlar o‘z taqdir yo‘lini yaratmadi. Kimdir bir yil, kimdir o‘n yil, yana birov o‘n bir oy. Buyurgani, nasib qilgani. Katta tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan muqaddas tahririyatning har bir ijodkorga bag‘ri ochiq. Gazeta ishiga kamtar, bosiq, bilimdon, sinchkov, hayotning past-balandini bosib o‘tgan kishilar rahbarlik qilgan”, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Hulkar To‘ymanova “Ma’rifat” gazetasining 90 yilligiga bag‘ishlab nashr qilingan “Mehr va mahorat maktabi” kitobidagi maqolasida.


1960–1980-yillari ta’lim sohasi jamiyat hayotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, bu matbuot sahifalarida ham yaqqol aks etgan. Gazeta va jurnallarda maktab, o‘qituvchi va o‘quvchi obrazi doimo siyosiy e’tibor markazida bo‘lgani uchun o‘qituvchi obrazi matbuotda alohida ehtirom bilan tasvirlangan. U fidoyi, kamtar, jamiyat ravnaqi uchun bor kuchini sarflayotgan insonlar timsoli, o‘quvchilar esa kelajakda jamiyatni boshqaradigan, mehnatkash va ongli avlod sifatida e’tiborda bo‘lgan. Biroq u paytda ta’lim tizimidagi muammolarni ochiqdan ochiq yozish oson bo‘lmagan. Lekin Shahob Maqsudov o‘qituvchi bo‘lgani, ta’lim tizimini yaxshi tushungani uchun ham maktablarda sinfxonalar yetishmasligi, o‘qituv­chilar mehnat sharoiti, darsliklar sifati kabi masalalarni mushkul bo‘lsa-da kosa tagida nimkosa yo‘sinida yoritgan.


– Ilk maqolam 1979-yil 18-fevral sonida “Nuqtali vergul signallari” sarlavhasi ostida chiqqan, – deydi faxriy o‘qituv­chi Mahmuda Valiyeva. – U vaqtda gazeta “O‘qituvchilar gazetasi” nomi bilan nashr qilinar edi. Shahob Maqsudov bosh muharrirlik qilgan davrlarda men talaba bo‘lganman. Ilk maqolam chiqqanda xursandchiligim ichimga sig‘may jurnalistikaga mehrim yanada oshgan. Tahririyatga maktabdagi ustozim Jafar Ma’rupov orqali maqolalarimni yuborib turardim, xato va kamchiliklarim ustida birga ishlardik. Keyinchalik “Ma’rifat” gazetasida muxbir bo‘lib ishlash ham nasib etdi, ko‘plab maqola, xabar, dars ishlanma, test, suhbatlarim ham chop etildi. Bemalol ayta olamanki, Shahob aka Maqsudov meni “Ma’rifat”ga yaqinlash­tirgan ilk inson. Hamon “Ma’rifat” bilanman. Har bir sonini qo‘ymay o‘qib chiqaman. Juda ko‘p muvaffaqiyatlarimda ham uning hissasi katta.


MAKTAB HAM BIR TARIX

Arofat opa bilan Shahob Maqsudov ta’lim olgan Qibray tumanidagi 30-maktabga borganimizda maktab darvozasidan kirishdanoq o‘sha davr nafasini his qilgandek bo‘ldik.


Maktabning tashkil topishi XX asr boshlariga borib taqaladi. 1923-yili hozirgi 30-maktabning pastki korpusi  o‘rnida 3 xonali bino qad ko‘tarib, butun qishloqqa “Maktab ochilar ekan!” degan gap tarqalgan. Shunday qilib O‘nqo‘rg‘onda 88-maktab tashkil topib, unga Nasim Mahmudov mudir etib tayinlangan. 20 ta parta va 40 nafar o‘quvchi bilan ilk darsga qo‘ng‘iroq chalindi. 


“Bobom Nasim Mahmudov 1923-yili Toshkentning Sebzor dahasidan О‘nqо‘rg‘onga qatnab, hashar yо‘li bilan hozirgi 30-maktabga asos solgan,  – deydi O‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor Hilol Nasimov “Gulxan” jurnaliga bergan intervyusida. – Mak­tabga rahbarlik qilish barobarida geografiya, matematika, ona tili va adabiyotdan dars bergan. Sababi, u paytlarda ziyolilar kam bо‘lgan. Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan munosabatlari iliqligi bois shoir vafotidan keyin maktabga uning nomi berilgan”. 


Maktab har sohada ilg‘or, hatto Moskvada chiqadigan “Сельская жизнь” gazetasining 1982-yil 3-noyabrdagi 253-sonida maktab haqida “Строит новую жизнь” nomli maqola chiqqan. Unda maktab tarixi va olib borilayotgan ishlar ham bayon qilingan.  


– Hozir maktabda katta bir muzey tashkil qilganmiz. Unda jamlangan eksponat va yodgorliklar bir asrlik davrni o‘zida jamlagan, – deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xolida Rasulova. – O‘quvchilarda  vatanga  muhabbat,  o‘tganlarga  hurmat  hissini  shakllantirishda maktabda  tashkil  etilgan “Maktab tarixi va o‘lkashunoslik” muzeyi o‘z o‘rniga ega. Muzey maktab tarixi va o‘lkashunoslik bo‘limlaridan iborat bo‘lib, uni tashkil  etishda maktabning  tajribali nuroniy o‘qituv­chisi Muxtor Rustamov va maktab rahbari Ubaydulla A’zamovning hissasi katta bo‘lgan. 


Maktab muzeyida barcha maktab direktorlari, maktabni oltin medal bilan bitirgan o‘quvchilar va boshqa bir qancha shu maktabdan chiqqan fan arboblari va ziyolilari­ning ro‘yxati tuzib chiqilgan. Shahob Maqsudov uchun esa alohida burchak tashkil qilingan. Chunki uning xalq ta’limi va ayniqsa pedagoglar uchun jon kuydirib katta muam­molarni ommaga olib chiqishining o‘zi bir jasorat va mana shu maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun o‘zgacha bir iftixor tuyg‘usini beradi.


– Shahob Maqsudov maktabda dars berib yurgan yillari men endigina ishga kirgandim, – deydi Ubaydulla G‘ulomov. – 33-maktabda 26 yil direktorlik qildim. Hozir 93 yoshdaman. Bilasizmi, Shahob aka bilan bizni mana shu maktab, ta’lim va kasbga mehrimiz yaqinlashtirgan. To‘g‘ri, uzoq ishlamaganmiz, lekin ustoz maktab haqida ko‘p va xo‘p yozar, pedagoglar ishlarini yuzaga chiqarish, sifatli ta’limga erishish uchun harakat qilardi. U tabiatan shinavanda va halim edi. Bo‘yi uncha baland bo‘lmasa-da, tiniq ovozi, fikrini aniq ayta olishi bilan ajralib turardi. Radioda diktor bo‘lib ishlab yurgan kezlari ham maktabga kelib dars berib ketar, maktabni hech ko‘zi qiymasdi.  


Bu maktabda fidoyilik, sadoqat va mas’uliyat bilan yashalgan umrlar izi bor. Shahob Maqsudov timsolida biz nafaqat mohir muharrir, balki ta’lim va matbuotni bir butun deb bilgan, ustozlik va jurnalistlik mas’uliyatini yura­gida ko‘targan insonni ko‘ramiz. Qibraydagi 30-maktab esa nafaqat bilim beradigan maskan, balki katta insonlarni yetishtiradigan, tarix yaratiladigan muqaddas dargoh ekanini yillar davomida isbotlab kelmoqda. Bu maskanda mehr ustuvor, xotira qadrlanadi, ustoz sha’ni e’zozlanadi.


“Ma’rifat” gazetasi o‘zining 95 yillik bosib o‘tgan yo‘li davomida avlodlar o‘rtasidagi ko‘prikka aylandi. Unda ishlagan, undan ilhom olgan va u bilan ulg‘aygan ijodkorlar uchun bu nashr shunchaki kasb maydoni emas – taqdirga aylangan. Bugun ham bu tarix o‘tmishda qolib ketgani yo‘q, u tirik: har bir sahifada, har bir xotirada, har bir ustozning mehnatida yashab kelmoqda.

Fayoza AVLAYEVA,

“Ma’rifat” muxbiri

Burhon RIZOQULOV olgan surat.


Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish