HASSAMIZNI YANA BIR MARTA YO‘QOTMAYLIK

Og‘riq HASSAMIZNI YANA BIR MARTA YO‘QOTMAYLIK
221

Ommaviy axborot vositalarida maktabgacha va maktab ta’limi o‘quvchilarini kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimini joriy etish taklif qilinayotganligi haqida o‘qidim. Maktab bitiruvchilarini hayotga tayyorlash, jumladan, ularga kasbiy ta’lim berish hamisha dolzarb muammo bo‘lgan.


Yangilangan ta’lim vazirligining bu muammoni hal etish borasidagi harakatlarini ma’qullayman,  ayni paytda avval yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslik uchun ogohlantirishni burchim deb bildim.


1. 1961-1962-o‘quv yilida tajriba tariqasida ayrim maktablarda, 1962-1963-yildan barcha maktablarda 10 yillik ta’lim 11 yilga uzaytirilib, 9-sinfdan “Umumiy politexnik ta’lim” tizimi joriy qilindi. Unga muvofiq har bir sinf bitta kasbga yo‘naltirilgan edi. Men o‘sha davrda o‘qiganman. 40 o‘quvchi 20 nafardan ikki sinfga bo‘lindi va biri mexanizatorlik, ikkinchisi “pioner vojatiyligi”  kasbiga yo‘naltirildi.  Hech bir istiholasiz g‘irt ahmoqona islohot bo‘lgan edi, deya olaman. Bu fikrni o‘sha davrda o‘qiganlarning 99 foizi tasdiqlashiga ishonchim komil. Chunki maktabimizning biror bitiruvchisi na mexa­nizator bo‘ldi, na pioner yetakchisi. Sababi, bo‘lg‘usi mexanizatorlarga pedagogikadan mutlaqo xabari yo‘q injenerlar kelib dars berar, bolalar dars payti xohlaganini qilib o‘tirar, hatto bemalol chekishar edi, uch yil davomida atigi bir marta traktor ruliga o‘tirgan, shunda ham yonida o‘sha injener domla rulni birga ushlab o‘tirgan 20 o‘quvchi bir soatgina  amaliy praktika o‘tib, mutaxassis hujjatini olgan edi.  Ikkinchi sinfdan esa vojatiylikka yaraydiganlarning hammasi oliy o‘quv yurtiga kirib ketdi, bunga yaramaganlar vojatiy emas, aksilvojatiy  bo‘ladigan tabiatli edi. Men bilgan boshqa maktablarda “hunar egalla­ganlar”ning ahvoli ham bundan katta farq qilmagan. 


2. 1998-yili mamlakatimizda ta’lim islohoti o‘tkazilib, 12 yillik ta’lim tizimi joriy qilindi  va akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari (KHK) tashkil etildi.  Islohot hatto UNESCO tomonidan maqtaldi.  Islohot uchun yuz milliardlab mablag‘ ajratildi. Ammo hammasi zoye ketdi. Kamina bir yil  islohotga mutasaddi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaganman. Davlat dasturiga muvofiq har bir qishloq tumanida o‘nlab kasb-hunar kolleji ochilishi lozim edi.  Misol uchun, kommunal xo‘jalik kasb-hunar kolleji. Unda tikuvchi (qizlar uchun), payvandchi kabi kasb­larga o‘rgatilishi kerak. “Hoy, baraka topkurlar, bitta tumanga har yili 25 tadan tikuvchi, 25 tadan avtochilangar, 25 tadan payvandchi, hatto 25 tadan fotograf,  25 tadan kranchi va hokazo kimga kerak?” degan savol javobsiz osilib qolgan. Yana muammoga qo‘l urilar ekan, mazkur savolga javob berish lozim bo‘ladi. 


4. Tahlil quruq bo‘lmasin. O‘shanda qilgan taklifimni qaytaraman. Nafi tegsa, ajabmas (Taklif mas’ul davlat maslahatchisiga ko‘rsatilgan, ammo u Prezidentga olib kirmagan: och qornim, tinch qulog‘im, degan). 


Ming yillar davomida  odamlar hunar o‘rganib keladi. Ta’kidlayman: o‘rgatib emas, birinchi navbatda o‘rganib. Zotan, to o‘rganishga rag‘bat bo‘lmas ekan, o‘rgatishdan naf kam.  Butun sinf(boringki, sinfning yarmi)ni bitta kasbga yo‘naltirish bema’nilik. Boshqa tomondan, bir sinfdagi 30 o‘quvchining har 2-3 nafariga alohida kasb o‘rgata olmaysiz-ku.  Qolaversa, qaysi kasbga qancha ehtiyoj – aniqlab rejalashtirib bo‘lmaydi.  Bolaning moyilligi va iqtidoriga qarab kasb o‘rgatish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Masalan, sinfning yarmi artist bo‘laman desa, nima qilasiz? “Iste’doding yo‘q”, deyolmaysiz,  “Yo‘q, artist emas, santexnik bo‘lasan” deysizmi? Qaysi o‘zbek ota-ona bolasini santexniklikka yo farroshlikka o‘qitgisi keladi?  (Bu juda zarur, hatto savob kasblar, ammo...).


5. Muammoning yechimi “ustoz-shogird” tizimini joriy qilishda. Qaysi o‘quvchi qaysi kasbni egallashni istaydi – o‘zi ota-onasi bilan maslahatlashib hal qiladi, o‘zi ustoz tanlaydi. O‘quvchi tanlagan ustoziga o‘quv rejasiga muvofiq qatnaydi. Ustozga har bir shogird uchun soatbay maosh belgilanadi, ammo maoshning faqat yarmi oyma-oy to‘lanadi, yarmi esa bankda maxsus hisobraqamida yig‘ib boriladi. Maktabni bitirgach, tayyorlagan shogirdlaridan nechtasi shu kasbni davom ettira olishiga qarab, maoshning bankda yig‘ilgan qismi ulgurji qilib beriladi.


6.  Albatta, o‘quvchi chindan kasb o‘rganyaptimi – nazoratga muhtoj.  Avvalambor, buning uchun ota-ona mas’ul, chunki ular farzandiga kasb va ustoz tayinlashda ishtirok etadi. 


7. Tabiiy, yirik korxonalar qoshida hamda talabgir kasblarga o‘rga­tadigan ta’lim muassasalari bo‘lishi kerak, lekin bu yumushni maktablarga yuklash maqsadga muvofiq emas. Umumiy ta’lim maktabining bosh vazifasi – ta’lim va tarbiya. Bugungi kunda tarbiya va ta’lim tartibida ta’kidlash to‘g‘riroq bo‘lsa ham kerak (Bu ishtibohga taajjub qiladiganlarni, ayniqsa ta’lim va ma’naviyat sohalarining mutasaddilariga bir hafsala qilib, metroda yurib, bozorlarni aylanib, yoshlarning odob va xulqini kuzatishni tavsiya  qilaman).  


Ta’lim muassasasiga kasb-hunar o‘rgatish yuklatilsa, ta’lim ham, tarbiya ham, kasb-hunar o‘rgatish ham chala bo‘ladi.  


8. Bolalarni kasb-hunarga ota-ona o‘rgatib olishi uchun maxsus polislar(vaucherlar)ni tajriba qilib ko‘rish kerak. Undagi mablag‘ farzandini kasb-korga o‘rgatish xarajatlarini qoplashga, jumladan, ustozning mehnat haqiga sarflanadi.


9. 1998-yilgi islohotning yana bir kamchiligi – hamma kasbga bir xil miqdordagi o‘quv soatlari ajratilgani bo‘lgan. Holbuki, hisobchilikni 6 oyda, pazandalikni 3 oyda o‘rgatish mumkin, boshqa birini bir yilda, yana birini ikki yilda.  Hatto bir oyda o‘rgansa bo‘ladigan kasblar ham oz emas. San’at (tasviriy san’at, musiqa, balet raqqosi (raqqosasi), sport sohalarida ta’limni quyiroq sinflardan boshlamasa kech bo‘ladi. Benkov, Uspenskiy nomidagi muassasalarda ta’limni quyi sinflardan boshlash ayni muddao. 


10.  Eng muhimi, ta’lim sohasidagi har qanday islohot tajribadan boshlanishi lozim. Islohotchilarga tekkan dard: tajriba eng yaxshi ta’lim muassasalarida, eng yaxshi o‘qituvchilarni tanlab o‘tkaziladi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri, rahbariyatni ham,  o‘zini ham, xalqni ham aldash, hatto ko‘zbo‘yamachilik. Tajriba uchun bitta yaxshi maktab tanlansa, 10 ta o‘rtacha, 20 ta  past saviyadagi maktab va o‘qituvchi tanlanishi kerak. So‘ng halol xulosa chiqarish shart.  


Vallohu a’lam bis-savob.

Abdulla A’ZAM,

Akademik

Maqola muallifi

Abdulla A’ZAM

Abdulla A’ZAM

Akademik

Teglar

  • #Sport

Ulashish