KIBERJINOYATLARDAN OGOH BO‘LING!

Daxldorlik KIBERJINOYATLARDAN OGOH BO‘LING!
51

Bugungi kunda internet hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. U ishda, o‘qishda va hordiq chiqarishda katta qulayliklar yaratishi bilan birga, turli xavf-xatarlarni ham yuzaga keltirmoqda. Xususan, internet tarmog‘ida sodir etilayotgan firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani barchamizni hushyor bo‘lishga undaydi.


Ta’kidlash joizki, internet firibgarligi yangilik emas. Biroq ushbu jinoyat turi to‘xtamay, turli ko‘rinish va usullarda odamlarning moddiy hamda ma’naviy zarar ko‘rishiga sabab bo‘lmoqda. Firibgarlar zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda turli aldov yo‘llari orqali fuqarolarning mablag‘lari va shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinmoqda.


Eng ko‘p uchrayotgan usullar qatoriga fishing, vishing va soxta e’lonlar kiradi.

Fishing – banklar yoki ijtimoiy tarmoqlar nomidan yuborilgan qalbaki xat va saytlar orqali login, parol yoki tasdiqlash kodlarini so‘rashdir.

Vishing – firibgarlarning o‘zini bank yoki davlat tashkiloti xodimi sifatida tanishtirib, telefon orqali plastik karta ma’lumotlari yoki kodlarni olishga urinishidir.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda arzon narxlarda taklif etilayotgan, aslida mavjud bo‘lmagan tovarlar orqali ham fuqarolar aldab kelinmoqda. Mablag‘ o‘tkazilgach, firibgarlar barcha yozishmalarni o‘chirib, aloqani uzib yuboradi.


Ko‘plab fuqarolar shunday holatlarga duch kelganini tan olishmoqda. Jumladan, “Plastik kartangizdan ruxsatsiz foydalanishga urinish bo‘lyapti, oldini olish uchun karta raqamini yuboring”, yoki “Mablag‘ingizni himoyalash uchun shaxsiy ma’lumotlaringiz kerak” kabi psixologik bosim ostida ma’lumotlar qo‘lga kiritilmoqda. Ayrim holatlarda esa sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, jabrlanuvchining ovozi qayta ishlanib, uning nomidan kredit olish holatlari ham aniqlangan.


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bank xodimlari hech qachon mijozlardan telefon orqali karta raqami, parol yoki tasdiqlash kodlarini so‘ramaydi. Shu bois har bir fuqaro kiberxavfsizlik qoidalaridan xabardor bo‘lishi, shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga mas’uliyat bilan yondashishi zarur.


Internet firibgarlaridan himoyalanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
👉Begona raqamlardan kelgan qo‘ng‘iroq va xabarlarga ishonmang.
👉Bank kartangizga oid ma’lumotlarni hech kimga bermang.
👉Internetda notanish shaxslarga ishonmang.
👉Onlayn savdoda oldindan to‘lovni shubhali shaxslarga o‘tkazmang.
👉Murakkab va ishonchli parollardan foydalaning.
👉Ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaringizga ikki bosqichli himoyani yoqing.



Unutmang, internetdagi eng kuchli himoya – bu sizning ogohligingizdir. O‘zingizni va yaqinlaringizni kiberjinoyatlardan asrang!


Farhod ABDUVALIYEV,

Yunusobod tumani IIO FMB

Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish