Kishini yig‘latgan, hushyor torttirgan va o‘zgartirgan kitoblar

Mutolaa Kishini yig‘latgan, hushyor torttirgan va o‘zgartirgan kitoblar
59

Ba’zi kitoblar shunchaki o‘qilmaydi. Ayniqsa, hayotini jurnalistika bilan bog‘lagan inson uchun adabiyot insoniy taqdirlar, ijtimoiy adolat va zamon nafasi aks etadigan tirik hujjatdir. Media ta’lim markazi direktori, media trener Beruniy Alimov o‘qigan kitoblar aynan shunday, kishini ham o‘ylantirib, ham yig‘latadigan, ba’zan hushyor torttiradigan, kezi kelsa insonni o‘zi bilan yuzlashtiradigan asarlardir. U hayotiga ta’sir qilgan, yuragida chuqur  iz qoldirgan va fikrini charxlashga ko‘maklashgan kitoblar haqida samimiy mushohada yuritadi.


Meni yig‘latgan kitob


Hayotim qariyb 35 yildan beri jurna­listika bilan bog‘liqligi sabab kitoblar­dagi to‘qima qahramonlar bilan uncha chiqisholmayman. O‘qiyotgan kitob­larimda hech bo‘lmasa meni ishonti­radigan faktlar yoki asar qahramon­larining hayotdagi prototipi bo‘lishi kerak. Eng hayratlanarlisi, hozir tilga olmoqchi bo‘lgan kitobni gullagan o‘rik tagida o‘tirib o‘qir ekanman, nafaqat jimgina, balki hayotning bu qadar ado­latsizligan baqirib yig‘laganman. Mahoratli va betakror yozuvchi Xolid Husayniyning uchta asosiy romani “The Kite Runner”, “A Thousand Splendid Suns” va “And the Mountains Echoed” global bestsellerga aylangan. Ularning umumiy sotuv hajmi 55 milliondan oshgan va 70 dan ortiq tillarga, shu jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan. 


Ta’kidlash kerakki, uning “The Kite Runner” asari Afg‘onistondagi taqiqlangan asarlar ro‘yxatiga kiradi. Roman oddiy o‘smirlar do‘stligi haqida bo‘lsa-da, undagi keskin ijtimoiy-siyosiy mavzular sabab ayrim mamlakatlarda hanuz taqiq ostida. Shunga qaramay, kitob Afg‘oniston masalalarini dunyo jamoatchiligiga tanishtirgan eng kuchli adabiy asarlardan biri. Shuningdek, “A Thousand Splendid Suns” ayollar taqdiriga bag‘ishlangan kuchli ijtimoiy roman.


Bu asar ikki afg‘onistonlik ayol­ning murakkab hayot yo‘lini tasvirlar ekan, urush va insoniylik mavzulari­ni keskin ko‘taradi. Ko‘pchilik tanqidchilar uni XXI asrning eng muhim ada­biy asarlaridan biri deb baholaydi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Husayniy yozuvchi bo‘lishdan avval ichki kasalliklar bo‘yicha shifokor sifatida Amerika kasalxonalaridan birida faoliyat yuritgan. Adabiyotga “kech kirgan bo‘lsa-da”, birinchi romani uni tezlikda jahon sahnasiga olib chiqqan. Keyinchalik u BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi elchisi sifatida insonparvarlik ishlariga katta hissa qo‘shgan.


Illyuziyalarni yoqtirmayman


Umrning katta qismini illyuziyalar bilan o‘tkazamiz. Vladimir Poznerning “Illyuziyalar bilan xayrlashuv” asari insonning o‘zi, zamon va Vatani oldi­dagi eng og‘ir savollarga rostgo‘y javob

berishga urinishidir. Bu oddiy memuar asar emas.


Asarda yasama pafos yoki bezakli gaplar yo‘q. Faqat tajriba, dard va aql bilan aytilgan haqiqat bor. Kitobni o‘qir ekanmiz, har birimiz o‘z hayotimizda qaysi illyuziyalar bilan yashab kelganimiz haqida o‘ylab qolamiz.


Pozner ushbu asarda Rossiya, Ame­rika va Yevropaga nisbatan muhabbat, tanqid va shubhani bir vaqtda olib yuradi. U hech kimni oqlab yoki qoralamaydi, aksincha o‘quvchini fikrlashga maj­bur qiladi.  Muallifning asosiy kuchi ham aynan shunda: u o‘quvchini tayyor xulosalar bilan emas, balki og‘ir, ammo zarur savollar bilan yuzma-yuz qoldiradi. Bu kitob fikrlashni yaxshi ko‘radiganlar uchun.


“Illyuziyalar bilan xayrlashuv” og‘riqli jarayon, ammo o‘sish aynan shu nuqtadan boshlanadi. Asarni o‘qib bo‘lgach, inson nafaqat Poznerni, balki o‘zini ham yaxshiroq taniy boshlaydi. Shu sababli bu kitob o‘qiladi va xotirada qoladi.


Aslida illyuziyalar bilan xayrlasha olish hammaga ham nasib etmaydi. Ayniqsa, tug‘ma optimistlar buni hech qachon eplay olmaydi. Chunki ular uchun ichi po‘kka bo‘lsa-da, go‘zal

illyuziyalar hayotning asl mazmun-mohiyatini belgilaydi. Hatto shunday­larni bilamanki, o‘zi uchun biron-bir afsonani to‘qib, uzoq yillar davomida ana shu yolg‘onlarga o‘zlari ishonib yuraverishadi.


Do‘stimdan sovg‘a


Ba’zi kitoblar shunchaki o‘qilmaydi, ular kundalik hayotingizga sekin kirib keladi-da, siz bilan bir umr qolib ketadi.  “A Poem a Day” aynan shunday kitoblardan. “Har kuningiz uchun bittadan she’r” xuddiki, fikrni charxlaydigan, ruhni tinchlantiradigan kundalik adabiy “trenirovka”ga o‘xshaydi. 


Kitobni varaqlagan sari shoshib o‘tayotgan soniya, daqiqa, soat va kunlar orasida she’riyatga to‘xtalib o‘tish qanchalik muhimligini yana bir bor his qilasiz. Bu kitob kamina uchun yana bir sabab bilan qadrli: uni menga yaqin do‘stim Maria sovg‘a qilgan. Undagi dastxat oddiy yozuv emas, balki cho­rak asrlik tarixga ega bebaho xotiradir. Sir emas, ba’zan sovg‘aning o‘zi emas, uni kim va qanday niyat bilan bergani ahamiyatli.


Bundan 25 yil oldin Atlantadagi CNN telekanaliga amaliyotga borganimda yozilgan bu so‘zlar kitobni yanada jonli qilgan:

“Do‘stlik ham aslida she’rga o‘xshaydi: u balandparvoz bo‘lishi shart emas, ammo samimiy, chin dildan bo‘lsa kifoya”. 






Ko‘rinmas odam – fantastika niqobidagi haqiqat

Ba’zan ko‘rinmaslik kuchsizlanish emas, balki jamiyat oynasiga qo‘yilgan eng keskin savolingizdir. “Ko‘rinmas odam” shuni eslatadiki, inson tanasi yo‘qolishi mumkin, ammo yurak, vijdon, mas’uliyat va oqibatlar hech qachon g‘oyib bo‘lmaydi. Ko‘rinmas bo‘lish nazoratdan chiqish emas, aksincha, nazoratning eng xavfli sinovidir. Chunki sizni hech kim ko‘rmaganida, kim ekaningizni aynan o‘zingiz hal qilib olasiz. Bu qissa voqealari ilm va axloq o‘rtasidagi nozik chiziqlarda ko‘rinadi. Bilim qudratga aylanganida, u kimning qo‘lida ekanini anglatadi: qudrat esa o‘z navbatida har kimdan javobgarlikni talab qiladi. 


Agar ilm maqsadni yamlab, yutib yuborsa, inson o‘zini ham yo‘qotadi. Uells bu yerda bir savolni jiddiy qo‘yadi: “Hamma narsa mumkin bo‘lib qolsa, hammasi joiz bo‘ladimi?”. Javoblar esa sukutdan ko‘ra, oqibatlarda yashiringan. “Ko‘rinmas odam” aslida fantastika libosidagi haqiqat.  Bugun ham oramizda ko‘rinmaslar ko‘p: algoritmlar ortida, mansab pardasi ortida, ekran soyasida. Kitob kishini ko‘rinmay turgan joyida ham inson bo‘lib qolish jasoratini topish kerakligiga chaqiradi. Chunki oxir-oqibat, bizni odam qiladigan narsa ko‘rini­shimiz emas, tanlovlarimizdir.


Ha, adabiyotning eng katta kuchi insonni o‘zgartira olishida. Xolid Husayniy romanlari orqali urush va insoniylik fojialarini his qilamiz, Pozner bilan illyuziyalarimizdan voz kechamiz, she’riyat orqali ruhimizni tinchlanti­ramiz, Uells esa ilm va vijdon o‘rtasidagi nozik chiziqlarni eslatadi.


Sahifani Fayoza AVLAYEVA

tayyorladi.


Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Maktab

Ulashish