Sifatsiz maktablar soni kamaymayapti…

Munosabat Sifatsiz maktablar soni kamaymayapti…
54


Tarbiya masalasiga ko‘pincha yetarli e’tibor bermaymiz. Aslida insonning butun hayotiy yo‘nalishi, ma’naviyati, odobi, mas’uliyati aynan tarbiya orqali shakllanadi. Yosh avlodni vatanparvar, ma’naviy yetuk, yuksak axloqiy fazilatlarga ega etib voyaga yetkazish – nafaqat oila, balki  maktab, jamiyat, OAV va raqamli makonda faoliyat yuritayotgan har birimizning burchimizdir. Ayniqsa, internet olamida eshiklar ochiq bo‘lgan bugungi sharoitda yoshlarni axborot xurujlaridan himoya qilish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish nihoyatda muhim.


So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda:

maktablar modernizatsiya qilinmoqda;
o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilmoqda;
pedagoglar malakasi oshirilmoqda;
raqamli ta’lim vositalari joriy etilmoqda.


Biroq har qanday islohotning haqiqiy samarasi uni amalda to‘g‘ri qo‘llashga bog‘liq. Agar bugun bolalar qalbiga bilimga muhabbat, mehnatga hurmat, Vatanga sadoqat, insonparvarlik va mas’uliyat kabi fazilatlarni singdira olsak, ertaga jamiyatimiz yanada ravnaq topgan, ma’naviy yetuk, taraqqiy­parvar avlod bilan boyiydi.


O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025-yili e’lon qilingan yangi ro‘yxatga ko‘ra, respublikada jami 460 ta maktab “ta’lim sifati past” maktablar ro‘y­xatiga kiritilgan. Bu ko‘rsatkichlar shuni anglatadiki, ta’limda “rivojlanish” deb berilayotgan ma’lumotlarga qaramay, minglab o‘quvchilar sifatli ta’limdan mahrum bo‘lmoqda. Shuningdek, ta’lim muassasalari soni ham oshayapti: 2024-2025-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 taga yetdi ─ bu 1990-1991-yildagi 8 333 taga nisbatan sezilarli o‘sishdir. Ammo maktablar soni ko‘payganiga qaramay, sifatsiz maktablar ro‘yxati kamaymayapti. Birida isitish tizimi muammo bo‘lsa, boshqasida sovitish…


Agar bugun ta’lim sifati past maktablarni qayta ko‘rib chiqib, ularni modernizatsiya qilmasak, barcha hududlarda ─ shahardan tortib chekka viloyatgacha ta’lim va tarbiyada teng imkoniyat yaratmasak, jamiyatning mustahkam poydevorini qo‘yib bo‘lmaydi. Buning uchun so‘zlar emas, amaliy rejalar, real investitsiyalar va qat’iy nazorat kerak. Jamiyat kelajagi bugun to‘g‘ri ta’lim va qat’iy tarbiyaga qo‘yilayotgan yuksak e’tibordan boshlanadi.

Ma’suma MO‘MINOVA,

Shahrisabz davlat pedagogika

instituti dotsenti v.b., 

filologiya fanlari bo‘yicha 

falsafa fanlari doktori (PhD)


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish