Xalqaro hamkorlik

Xalqaro hayot Xalqaro hamkorlik
68

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Koreya ta’lim markazi hamkorligida Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi maktablarda faoliyat yuritayotgan koreys tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish o‘quv kurslarining ochilishi bo‘lib o‘tdi.


O‘quv kurslari koreys tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

O‘quv mashg‘ulotlari joriy yilning 7-avgustiga qadar davom etadi. Dastur doirasida Toshkent shahri va Buxoro viloyatidan jami 189 nafar koreys tili o‘qituvchisining ishtirok etishi rejalashtirilgan. Mashg‘ulotlar xalqaro tajribaga ega malakali xorijiy mutaxassislar tomonidan olib borilib, nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlarga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Mahorat darslari davomida ishtirokchilar:

• koreys tilida og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish;
• xorijiy tillarni o‘qitishning zamonaviy metodika va pedagogik yondashuvlarini o‘zlashtirish;
• ta’lim jarayonida interaktiv metodlar, innovatsion texnologiyalar hamda raqamli ta’lim vositalaridan samarali foydalanish;
• koreys tili va madaniyatini o‘qitish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar bilan yaqindan tanishish yo‘nalishlarida o‘z bilim va malakalarini yanada mustahkamlaydilar.

Shuningdek, o‘quv dasturi doirasida ishtirokchilar mavzular yuzasidan taqdimotlar tayyorlab, amaliy topshiriqlarni guruhlarda bajaradi, dars ishlanmalarini ishlab chiqib, o‘zaro tajriba almashish orqali samarali pedagogik yondashuvlarni muhokama qiladi. Bu esa o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, dars sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur o‘quv kurslari O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, koreys tili ta’limini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda o‘quvchilarga sifatli va zamonaviy ta’lim berishda o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish