Jamoat transporti jamoatchilikka munosib xizmat qilmoqdami?

Yurtimizda aholi soni ortib, shaharlashuvning oshib borayotgani va yangi uy-joylar qurilayotgani bois transport vositalariga talab ham tobora ortib bormoqda.
Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida zarur joylarga piyodalar o‘tish yo‘li, svetofor va qo‘shimcha yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda. Ahamiyatli jihatlaridan biri, maktab va bog‘cha hududlariga yaqin joylarda joylashgan avtomobil yo‘l qismlarida sun’iy notekisliklar tashkil etilmoqda. Bundan maqsad avtomobil tezligini oshirmaslik, yo‘llar qor va sirpanchiq vaqtlari ro‘y berishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida bo‘layotgan avtohalokatlar sonini kamaytirish va ular xavfsizligini ta’minlashdir.
Aslida jamoat transportlari tirbandliklarning oldini oladigan hamda ekologik jihatdan zararsiz, yonilg‘i kam sarflaydigan transport turidir. Shaharlashuvning jadal rivojlanishi ortidan shaxsiy transportlar viloyatlar va poytaxtda tez-tez tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda. Betartib joylashtirilgan avtomobillar, avtoturargohsiz hududlarda kichik baxtsiz hodisalar, tirbandliklar ham ro‘y bermoqda. Eng achinarlisi, ekologiyaga katta zarar yetkazilmoqda. Buning oldini olish uchun ham bizga jamoat transportlari kerak bo‘ladi.
Mamlakatimizda o‘tgan yillarga nisbatan jamoat transportlaridan foydalanish hajmi sezilarli darajada ko‘tarilgan. Masalan, yo‘lovchi tashish 63 % ga, kunlik qatnovlar soni esa 60 % gacha oshgan. Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bir qator samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkent shahrida ikki yuz dona 18 metrli va besh yuzta 12 metrli elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Avtobuslar berilgan yo‘nalishdagi manzillarga qulay yo‘l xaritasi va belgilangan tizimli vaqt bilan harakatlanadi. Toshkent shahrida avtomobil yo‘llarining o‘ng tomoni avtobuslar harakati uchun belgilab qo‘yildi. Shuningdek, yo‘lovchilar o‘zlariga kerakli bo‘lgan jamoat transportining qachon kelishi, orasidagi masofa qancha vaqtligini ko‘rishlari uchun maxsus ilova ishga tushirildi.
Yana bir yaxshi jihati 2021-yil yanvar oyidan boshlab yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida chegirmali narxda avtobus va metrolardan foydalanish uchun yagona imtiyozli to‘lov kartasi joriy qilindi. Bu tizim asosan o‘quvchilar, talabalar va nafaqa oluvchi shaxslar uchun mo‘ljallangan. Ular bir oylik to‘lov orqali qoidalarga bo‘ysungan holda jamoat transportlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Ammo bu sohada ham bir qator kamchiliklar yo‘q emas. Jumladan, aholi uchun mo‘ljallangan ayrim transport vositalari yaroqsiz holatga kelib qolgan. Ba’zilarida isitish tizimi ishlamasligi ham, qish kunlari aholi tomonidan noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa jamoat transportidan foydalanish kamayishiga olib keladi. Shu sababli son bilan birga, sifatga ham e’tibor qaratish lozim. Qolaversa, ayrim haydovchilarda muomala madaniyatining pastligi, transportni boshqarish vaqti uzoq vaqt qo‘l telefonidan foydalanish holatlari ko‘p uchramoqda.
Ta’kidlash joizki, jamoat transportlari bevosita turizm sohasi bilan bog‘liq. Lekin bizda turizm va sayohat uchun mo‘ljallangan jamoat transportlari soni juda ham kam. Sayyohlarning dam olish joylariga qiynalmasdan, tez va oson yetib borishi, yuklarini oson tashishni ta’minlash lozim.
Aholi fikrini o‘rganish vaqtida qishloq va tumanlarda jamoat transportlari harakatini samarali tashkil etish borasida takliflar berildi. Asosan bozor hududidan o‘sha hududga tegishli qishloqlar yo‘nalishi uchun maxsus kichik avtoulovlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Muhim masalalardan yana biri, bu O‘zbekistonning aholi ko‘proq yashaydigan chekka hududlariga borib kelish uchun avtobuslar qatnovini tashkil etishdir. To‘g‘ri, poyezd yoki samolyotlar mavjud. Ammo ularning chipta narxini ko‘pchilikning cho‘ntagi ko‘tarmaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, muammolar talaygina. Unga faqatgina samarali yechim izlab topishimiz lozim. Har tomonlama qulay, ham haydovchi, ham yo‘lovchi foydasiga o‘ylangan strategik rejalar tuzilishi va amalda qo‘llanilishi yurtimizning rivojlangan mamlakatlar qatoriga chiqishida muhim rol o‘ynaydi.
Sevara QAYIMOVA,
O‘zDJTU talabasi
Shu kecha va kunduzda
OTMlarda jinoyatchilik statistikasi eʼlon qilindi
Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
Xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida 58 ta maktab quriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank